Asosiy materiallarga o‘tish

Kiyinish tarzingiz Xudoni sharaflayaptimi?

Kiyinish tarzingiz Xudoni sharaflayaptimi?

Hamma narsani Xudoni sharaflash uchun qilinglar. 1 KOR. 10:31

QO‘SHIQLAR: 34, 29

1, 2. Nega Yahovaning Shohidlari kiyinish masalasida yuqori me’yorlarga amal qilishadi? (Ochqich oyatning yuqorisidagi rasmga qarang.)

 RUHONIYLAR o‘zlarining bir yig‘ilishida qanday kiyinishgani to‘g‘risida golland gazetasi quyidagicha xabar bergandi: «Ularning ko‘pi, ayniqsa issiq bo‘lganda, erkin kiyinadi». Biroq o‘sha gazetada aytilishicha, Yahova Shohidlarining anjumanida bunday holat kuzatilmaydi, zeroki, u yerda o‘g‘il-bolalar hamda erkaklar kostyum va galstukda yurishadi, qizlar bilan ayollar esa zamonaviy, ammo shu asnoda odob-axloq doirasida bo‘lgan uzunlikda yubkalar kiyishadi. Ha, Yahovaning Shohidlari o‘zlarini «pokiza kiyim, or-nomus va fahm-farosat bilan, xudotars [kishilarga] munosib ravishda» bezashayotganlari uchun tez-tez maqtov so‘zlarini eshitishadi. (1 Tim. 2:9, 10) Garchi havoriy Pavlus bu oyatda ayollar haqida gapirgan bo‘lsa ham, ushbu me’yor masihiy erkaklarga ham tegishlidir.

2 Yahovaga topinayotgan ekanmiz, kiyinish qoidalari ham o‘zimiz, ham U uchun muhimdir. (Ibt. 3:21) Muqaddas Yozuvlardan Sarvari Olam O‘zining sodiq xizmatchilari uchun kiyinish va pardoz-andoz borasida oqilona me’yorlarni bergani aniq ko‘rinib turibdi. Shuning uchun, kiyim-kechak va pardoz masalasida chiqargan qarorimiz faqatgina o‘z xohishlarimizga asoslanmasligi kerak. Bunday qarorlarimizda Sarvari Olam Yahovaning nuqtai nazari ham aks etishi lozim.

3. Isroil xalqiga berilgan Xudoning Qonunidan nimani o‘rganishimiz mumkin?

3 Tavrotda Isroil xalqini o‘ta axloqsiz hayot tarzini kechirgan qo‘shni xalqlardan himoya qilgan qonun-qoidalar qayd etilgandi. Masalan, ushbu Qonunda erkak va ayol o‘rtasidagi farqni aniq ko‘rsatmaydigan kiyinish tarzidan Yahova jirkanishi haqida aytilgandi. Taassufki, hozirgi kunda ham odamlar shunday kiyinishadi. (Qonunlar 22:5 ni o‘qing.) Ushbu amrdan ko‘rinyaptiki, erkaklar ayollarga, ayollar esa erkaklarga o‘xshab yoki ikki jins orasidagi farq deyarli ko‘rinmaydigan tarzda kiyinishlarini Xudo yoqtirmaydi.

4. Masihiylarga kiyinish masalasida dono qarorlar chiqarishda nima yordam berishi mumkin?

4 Allohning Kalomida masihiylarga kiyinish masalasida dono qarorlar chiqarishga yordam beradigan prinsiplar yozilgan. Masihiylar qayerda hamda qanday iqlim sharoitlarida yashashidan va qaysi madaniyatga mansubligidan qat’i nazar, bu prinsiplar o‘z kuchini yo‘qotmaydi. Biz qaysi kiyinish uslubi ma’qul, qaysi biri esa noma’qul ekanini ko‘rsatuvchi batafsil ro‘yxatga muhtoj emasmiz, chunki Muqaddas Yozuvlardagi prinsiplarga rioya qilamiz. Ular bizga didimizga mos ravishda kiyinishga imkon beradi. Keling, kiyimni tanlash masalasida bizga «Tangrining yaxshi, maqbul, komil irodasi nimada ekanini aniqlashga» yordam beradigan Muqaddas Kitobdagi ba’zi prinsiplarni ko‘rib chiqaylik. (Rim. 12:1, 2)

«O‘ZIMIZNI ALLOHNING XIZMATCHILARI SIFATIDA TAVSIYA ETYAPMIZ»

5, 6. Kiyinish tarzimiz boshqalarga qanday ta’sir qilishi kerak?

5 Havoriy Pavlus 2 Korinfliklarga 6:4 dagi (o‘qing) muhim bir prinsipni yozishga ilhomlantirilgan edi. Tashqi ko‘rinishimiz biz haqimizda ko‘p narsani ayon qiladi. Aksariyat odamlar «tashqi ko‘rinishimizga» qarab baho berishadi. (1 Shoh. 16:7) Demak, Xudoning xizmatchilari ekanmiz, kiyinish — bu shunchaki o‘zimiz yoqtirgan yoki bizga qulay bo‘lgan narsani kiyishdan ko‘proq narsani o‘z ichiga oladigan masala ekanini tushunamiz. Allohning Kalomidan bilib olgan prinsiplar bizni yopishib turadigan, ochiq-sochiq yoki shahvoniy hislarni qo‘zg‘atuvchi kiyimlarni kiymaslikka undashi darkor. Kiygan kiyimimiz tufayli odamlar bizga boshqacha qarashlariga yoki o‘zlarini noqulay his etishlariga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak.

6 Agar orastalik, pokizalik va odob bilan kiyinib, o‘zimizni yaxshi parvarishlasak, odamlar bizni Sarvari Olam Yahovaning xizmatchilari sifatida ko‘proq hurmat qilishlari ehtimoldan yiroq emas. Shu yo‘sin biz ularni Yahovaga jalb qila olamiz. Buning ustiga, munosib tarzda kiyinsak, tashkilotimiz haqida yaxshi taassurot qoldirgan bo‘lamiz. Natijada, odamlar biz va’z qilayotgan najotbaxsh xushxabarni eshitishga moyilroq bo‘lishadi.

7, 8. Ayniqsa qaysi paytda munosib tarzda kiyinishimiz kerak?

7 Yahovaga sharaf keltiradigan va xushxabarning ahamiyatini oshiradigan kiyimlarni kiyish — muqaddas Allohimiz, imondoshlarimiz va hududimizdagi odamlar oldidagi burchimizdir. (Rim. 13:8–10) Bunday tarzda kiyinish, ayniqsa, ma’naviy ishlar bilan band bo‘lganimizda, jumladan, yig‘ilishlarga borganimizda yoki va’zgo‘ylikda qatnashayotganimizda muhimdir. Biz «xudotars [kishilarga] munosib ravishda» kiyinishimiz lozim. (1 Tim. 2:10) To‘g‘ri, bir hududda o‘rinli hisoblanadigan kiyimlar boshqa hududda o‘rinsiz bo‘lishi mumkin. Shuning uchun, dunyo bo‘ylab Yahovaning Shohidlari boshqalarni qoqintirmaslik uchun mahalliy urf-odatlarni inobatga olib kiyinishadi.

Kiyinish uslubingizda Allohga bo‘lgan hurmat aks etyaptimi? (7-, 8- xatboshilariga qarang.)

8 1 Korinfliklarga 10:31 ni o‘qing. Anjumanlarga borganimizda, dunyoda keng tarqalgan o‘zgacha kiyinish uslublariga taqlid qilmasdan, munosib ravishda va odob bilan kiyinishimiz zarur. Mehmonxonada ro‘yxatdan o‘tganimizda yo ro‘yxatdan chiqqanimizda, anjuman dasturidan oldin va keyin dam olganimizda, o‘ta erkin hamda pala-partish kiyinishdan qochamiz. Shunda o‘zimizni Yahovaning Shohidlari sifatida tanishtirishdan faxrlanamiz va qulay fursat tug‘ilganda shohidlik berishdan tortinmaymiz.

9, 10. Nega Filippiliklarga 2:4 dagi so‘zlar kiyinish tarzimizga ta’sir qilishi kerak?

9 Filippiliklarga 2:4 ni o‘qing. Nima uchun masihiylar ularning kiyinish tarzi imondoshlarga qanday ta’sir qilayotganini inobatga olishlari kerak? Buning bir sababi shundaki, Allohning xalqi Muqaddas Kitobdagi: «Shuning uchun, yerga xos tana a’zolaringizdagi zino, harom-harishlik, shahvat... kabi ehtiroslarni o‘ldiringlar»,— degan maslahatga astoydil rioya etib kelyapti. (Kolos. 3:2, 5) Biz imondoshlarimizga bu maslahatga amal qilishda qiyinchilik tug‘dirmoqchi emasmiz. Boisi, axloqsiz hayot tarzi bilan xayrlashgan birodar-u opa-singillarimiz hali-hanuz gunohli moyilliklari bilan kurashib kelayotgan bo‘lishlari mumkin. (1 Kor. 6:9, 10) Biz ularning bu kurashini og‘irlashtirishni istamaymiz, shunday emasmi?

10 Imondoshlarimiz orasida bo‘lganimizda, kiyinish tarzimiz jamoatimizni axloqiy poklik go‘shasiga aylantirishga yordam berishi lozim. Bu, jamoat uchrashuvlarida yoki norasmiy vaziyatlarda birga yig‘ilganimizda ham shunday bo‘lishi kerak. Biz kiyinish masalasida iroda erkinligiga egamiz. Lekin shunday bo‘lsa ham, har birimizda boshqalarga pok qolishga hamda o‘y-fikrda, so‘zda va amalda Xudoning muqaddas me’yorlariga rioya qilishga yordam beradigan kiyimlarni kiyish kabi mas’uliyatimiz bor. (1 Butr. 1:15, 16) Axir haqiqiy sevgi «odobsizlik qilmaydi, o‘z manfaatini ko‘zlamaydi». (1 Kor. 13:4, 5)

JOYNI VA PAYTNI BILIB, O‘RINLI KIYINISH

11, 12. Kiyayotgan kiyimimiz haqida o‘ylaganimizda, nimani e’tiborga olishimiz zarur?

11 Kiyinish masalasida qaror chiqarganda Xudoning xizmatchilari «har bir narsaning, har bir ishning vaqti» borligini e’tiborga olishadi. (Voiz 3:1, 17) Turli iqlimlar, fasllar almashuvi, o‘zgargan vaziyatimiz va yashash sharoitlarimiz nimalarni kiyishimizga ta’sir qilishi turgan gap. Yahovaning me’yorlari esa ob-havoga qarab o‘zgarmaydi. (Mal. 3:6, 7)

12 Ayniqsa issiq iqlimlarda kiyimimiz odob-axloq me’yorlariga to‘g‘ri kelayotganiga, qulay bo‘lganiga va fahm-farosat ila tanlanganiga amin bo‘lish qiyin kechishi mumkin. Shuning uchun ham, juda tor yoki juda keng bo‘lgani uchun ochiq-sochiq ko‘ringan kiyimlarni kiymasak, imondoshlarimiz buni qadrlashadi. (Ayub 31:1) Qolaversa, plyajga yoki basseynga borganimizda ham, cho‘milish kostyumimiz odob-axloq me’yorlariga to‘g‘ri kelishi kerak. (Hik. 11:2, 20) Dunyodagilarning ko‘pi ochiq-sochiq cho‘milish kostyumlarini kiysa ham, bizning tanlovimiz muqaddas Allohimiz Yahovani sharaflayotganiga amin bo‘lishimiz muhim.

13. Nima uchun 1 Korinfliklarga 10:32, 33 dagi maslahat kiyinish borasidagi tanlovimizga ta’sir qilishi lozim?

13 Bizga munosib kiyimni tanlashga ko‘maklashadigan boshqa bir muhim prinsip bor. Bu, imondoshlarimizning ham, imondoshimiz bo‘lmagan kishilarning ham vijdoni haqida o‘ylashdir. (1 Korinfliklarga 10:32, 33 ni o‘qing.) Biz boshqalarni qoqintirishi mumkin bo‘lgan kiyimlarni kiymaslik borasidagi mas’uliyatimizga jiddiy qarashimiz darkor. Zotan, havoriy Pavlus: «Har birimiz o‘z yaqinimizning foydasini ko‘zlab, uning mustahkamlanishi uchun ko‘nglini topaylik»,— deb yozgandi va buning sababini keltirib, quyidagicha degandi: «Axir Masih ham o‘ziga ma’qul bo‘lgan ishlarni qilmagan». (Rim. 15:2, 3) Ha, Iso boshqalarga yordam berishni shaxsiy qulayliklaridan ustun qo‘ygan va u uchun odamlarga ko‘maklashish Xudoning irodasini bajarishda muhim bo‘lgan. Shu sababli, biz o‘zimizga yoqadigan, ammo insonlar xushxabarni eshitishiga xalaqit beradigan kiyinish uslublaridan voz kechamiz.

14. Qay yo‘sin ota-onalar farzandlariga kiyinish tarzi bilan Allohni sharaflashni o‘rgatishlari mumkin?

14 Masihiy ota-onalar farzandlariga Alloh Kalomidagi prinsiplarni qo‘llashni o‘rgatishga mas’ullar. Shunday ekan, ular o‘zlari va farzandlari odob bilan kiyinayotganlari bilan Xudoning qalbini quvontirishayotganiga amin bo‘lishlari lozim. (Hik. 22:6; 27:11) Ota-onalar farzandlariga yaxshi o‘rnak ko‘rsatib va sevgi ila nasihatlar berib, muqaddas Xudoni hurmat qilishga yordam bera olishadi. Ota-onalar bolalariga qayerdan va qanday qilib munosib kiyimlarni topish mumkinligini o‘rgatishlari naqadar yaxshi-ya! Bu degani, bolalar nafaqat o‘zlariga yoqqan kiyimlarni, balki Alloh Yahovani boshqalarga tanitish vazifasini bajarishlariga imkon beradigan kiyimlarni tanlashlari lozim.

IRODA ERKINLIGIDAN OQILONA FOYDALANING

15. Kiyim tanlayotganimizda nimani inobatga olishimiz kerak?

15 Muqaddas Kitobda Xudoni sharaflaydigan dono qarorlar chiqarishimizga yordam beradigan amaliy yo‘l-yo‘riqlar mavjud. Albatta, kiyimimizda o‘zimizga xos didimiz aks etadi. Zero, moddiy sharoitlarimiz kabi, didlarimiz ham turfadir. Ammo shunday bo‘lsa-da, kiyimimiz hamisha orasta, pokiza, odob-axloq me’yorlariga to‘g‘ri keladigan bo‘lishi, vaziyatga va mahalliy urf-odatlarga mos kelishi zarur.

16. Nega munosib tarzda kiyinish uchun harakat qilish arziydi?

16 Shuni tan olishimiz kerakki, doim ham barcha omillarni inobatga olgan holda dono qarorlar chiqarish oson emas. Ko‘plab do‘konlarda modada urf bo‘lgan kiyimlar sotiladi. Shu bois, odob-axloq me’yorlariga to‘g‘ri keladigan juda tor bo‘lmagan yubka, ko‘ylak, koftalarni yoki kostyum va shimlarni topish uchun ko‘proq vaqt hamda harakat talab qilinishi mumkin. Ammo chiroyli va munosib kiyimni topish uchun qilgan sa’y-harakatlarimiz imondoshlarimizning nazaridan chetda qolmaydi. Ehtimol, Xudoni ulug‘laydigan tarzda kiyinish uchun ba’zi qurbonliklarga borishga to‘g‘ri kelishi mumkin. Lekin Samoviy Otamizni sharaflashdan topgan mamnuniyatimiz oldida bu hech narsa emasdir.

17. Birodarning soqol qo‘yishiga qaysi omillar ta’sir qilishi mumkin?

17 Birodarlar soqol qo‘yishlari-chi, o‘rinlimi? Tavrotga ko‘ra, erkaklar soqol qo‘yishlari kerak edi. Lekin masihiylar bu Qonun ostida emaslar va ulardan unga amal qilish talab etilmaydi. (Lev. 19:27; 21:5; Galat. 3:24, 25) Ayrim madaniyatlarda yaxshilab tarashlangan kalta soqol o‘rinsiz va odob-axloqqa zid hisoblanmaydi hamda odamlarni Shohlik xushxabaridan umuman chalg‘itmaydi. Garchand ba’zi tayinlangan birodarlar soqol qo‘yishsa ham, boshqalari soqol qo‘ymaslikka qaror qilishlari mumkin. (1 Kor. 8:9, 13; 10:32) Ammo boshqa madaniyatlarda yoki hududlarda soqol qo‘yish urfga kirmagan va Yahovaning Shohidlariga to‘g‘ri kelmaydi, deb hisoblanadi. Ha, soqol qo‘yish birodarga kiyimi va pardoz-andozi bilan Xudovandga sharaf keltirishiga hamda qusursiz bo‘lishiga xalaqit berishi ham mumkin. (Rim. 15:1–3; 1 Tim. 3:2, 7)

18, 19. Kiyinish tarzimiz bilan Xudoga ma’qul kelishga intilar ekanmiz, bunda bizga Mixo 6:8 qanday yordam bera oladi?

18 Yahova kiyinish va pardoz-andoz masalasida bizni uzun qoidalar ro‘yxati bilan chegaralab qo‘ymaganidan naqadar minnatdormiz! U bizga iroda erkinligimizni ishga solib, Muqaddas Yozuvlardagi prinsiplarga asoslangan shaxsiy dono qarorlar chiqarishga yo‘l qo‘yib beryapti. Shuning uchun, hatto kiyinish va pardoz-andoz masalasida «kamtar bo‘lib, Xudoning yo‘lidan yurmoqchi» ekanimizni namoyon eta olamiz. (Mixo 6:8)

19 Yahovaning pokligi-yu muqaddasligini yodda tutib, o‘zimizga to‘g‘ri baho berib hamda Yahovaning yo‘l-yo‘riqlariga muhtoj ekanimizni tan olib, bunday kamtarlikni namoyon etamiz. Qolaversa, kamtarligimiz boshqalarning his-tuyg‘ulariga va nuqtai nazariga hurmat ko‘rsatganimizda ham bilinadi. Shunday ekan, Allohning yuqori me’yorlari bo‘yicha yashasak va o‘zgalarning his-tuyg‘ulariyu nuqtai nazariga hurmat ko‘rsatsak, «kamtar bo‘lib, Xudoning yo‘lidan yuramiz».

20. Kiyimimiz va pardozimiz boshqalarga qanday ta’sir ko‘rsatishi darkor?

20 Kiyinish tarzimizdan Yahovaning Shohidlari ekanimiz hamda adolatli Xudoni o‘rinli tarzda tanitayotganimiz imondoshlarimiz va boshqalarga yaqqol ko‘rinib turishi lozim. Yahovaning me’yorlari yuksakdir va biz ularga amal qilayotganimizdan baxtlimiz. Imondoshlarimiz o‘zlarining tashqi ko‘rinishi va yaxshi xulq-atvori bilan samimiy insonlarni Muqaddas Kitobdagi najotbaxsh xushxabarga jalb qilib, Yahovaga sharaf hamda quvonch keltirishayotgani maqtovga sazovordir. Kiyinish masalasida dono qarorlar chiqarish, «shuhrat-u ulug‘vorlikka burkangan» Allohimizga shon-sharaf keltirishi turgan gap. (Zab. 104:1, 2)