Asosiy materiallarga o‘tish

Yahovaning va’dalariga ishonchni namoyon eting

Yahovaning va’dalariga ishonchni namoyon eting

Imon — bu umid qilayotgan narsalar... ko‘rinmaydigan bo‘lsa ham, bu narsalar chin ekaniga amin bo‘lishdir. IBRON. 11:1

QO‘SHIQLAR: 136, 43

1. Imonga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishimiz lozim?

 IMON — nodir fazilatdir. Hamma odamlar ham unga ega emas. (2 Salon. 3:2) Lekin Yahova har bir xizmatchisiga «imon» bergan. (Rim. 12:3; Galat. 5:22) Shunday ekan, imon sohiblarining barchasi bu uchun chuqur minnatdorchilik bildirishlari kerak.

2, 3. a) Imon sohiblarida qanday barakalar mavjud? b) Hozir qaysi savollar borasida so‘z yuritamiz?

2 Iso Masih samoviy Otasi odamlarni u orqali O‘ziga jalb qilishini aytgandi. (Yuhan. 6:44, 65) Isoga ishonish orqali odamning gunohlari kechiriladi. Bu, o‘z o‘rnida, Yahova bilan do‘st bo‘lish va abadiy yashash imkoniyatini ochib beradi. (Rim. 6:23) Bunday ajoyib barakaga muyassar bo‘lish uchun nima qildik? Gunohkor inson sifatida biz loyiq bo‘lgan yagona narsa — bu o‘limdir. (Zab. 103:10) Ammo Yahova biz yaxshilik qilishga qodir ekanimizni ko‘rdi. U O‘zining mehr-inoyati orqali qalbimizni haqiqatga moyil qildi. Shu yo‘sin, Isoga ishonch hosil qilib, uning ortidan ergashishni boshlaganimizda, bizda abadiy yashash imkoni paydo bo‘ldi. (1 Yuhanno 4:9, 10 ni o‘qing.)

3 Biroq aslida imon nima degani? Bu, Xudo biz uchun tayyorlab qo‘ygan barakalar haqida shunchaki bilimga ega bo‘lishmi? Va eng asosiysi, qay yo‘sin imonimizni namoyon etishimiz lozim?

«CHIN QALBDAN ISHONING»

4. Imonga ega bo‘lsak, u bizga qanday ta’sir qiladi?

4 Imon, Allohning niyati to‘g‘risida shunchaki tushunchaga ega bo‘lishdan ko‘proq narsani o‘z ichiga oladi. U shunday kuchki, insonni Xudoning irodasiga muvofiq yo‘l tutishga undaydi. Xudo taqdim etgan to‘lovga ishonish xudojo‘y kishini boshqalar bilan xushxabarni bo‘lishishga chorlaydi. Havoriy Pavlus quyidagicha tushuntirgandi: «“Og‘zingda bo‘lgan kalomni”, ya’ni Iso — bu Hazrat ekanini ochiqdan-ochiq e’lon qilayotgan bo‘lsang va Alloh uni tiriltirganiga chin qalbdan ishonsang, qutqarilasan. Sababi, chin qalbdan ishongan kishi odillikka erishadi, ushbu imon haqida ochiqdan-ochiq e’lon qilgan kishi esa najot topadi». (Rim. 10:9, 10; 2 Kor. 4:13)

5. Nega imon shu qadar muhim va qay yo‘sin uni mustahkam saqlay olamiz? Misol keltiring.

5 Aniq-ravshanki, Xudoning yangi dunyosida abadiy yashab, zavq olmoqchi bo‘lsak, imonga ega bo‘lishimiz va uni mustahkam saqlashimiz darkor. Imonimizni sog‘lom saqlashga bo‘lgan zaruratni o‘simlikning suvga bo‘lgan ehtiyoji bilan solishtirsa bo‘ladi. Sun’iy o‘simlikdan farqli o‘laroq tirik o‘simlik o‘zgaradi. Tirik o‘simlik suv yetishmasligi dastidan qurib qolishi mumkin, namlik yetarlicha bo‘lganda esa gurkirab o‘sadi. Suv kamlik qilganda, hattoki qachondir sog‘lom bo‘lgan o‘simlik nobud bo‘ladi. Imonimiz bilan ham xuddi shunday: agar unga bee’tibor bo‘lsak, u so‘nib, yo‘q bo‘lishi muqarrar. (Luqo 22:32; Ibron. 3:12) Ammo imonimizga yetarlicha diqqat qaratsak, u tirik bo‘ladi va «mustahkamlanib» boraveradi. (2 Salon. 1:3; Titus. 2:2)

MUQADDAS KITOBDAGI IMON TUSHUNCHASI

6. Ibroniylarga 11:1 ga ko‘ra, imonga qaysi ikki toifadagi narsalar kiradi?

6 Muqaddas Kitobda Ibroniylarga 11:1 da (o‘qing) imon nimani o‘z ichiga olishi tasvirlangan. Imonga bizga ko‘rinmaydigan ikki toifadagi narsalar kiradi: 1) «umid qilayotgan narsalar» — bu hali yuz bermagan, ammo va’da qilingan kelajakdagi voqealar, masalan, barcha yovuzlikning yo‘q qilinishi va yangi dunyoning kelishidir; 2) «ko‘rinmaydigan... narsalarga» esa ko‘rinmaydigan haqiqatlar, jumladan, Alloh Yahova, Iso Masih, farishtalar borligiga va Samoviy Shohlik faoliyat olib borayotganiga amin bo‘lish kiradi. (Ibron. 11:3) Xo‘sh, umidimiz tirik ekanini va Allohning Kalomida tilga olingan ko‘rinmas narsalarga ishonayotganimizni qanday isbotlaymiz? So‘zlarimiz va ishlarimiz orqali, zeroki, ularsiz imonimiz butun bo‘lmaydi!

7. Qanday qilib Nuhning misoli imonli bo‘lish nimani anglatishini tushunishga yordam beradi? (Ochqich oyatning yuqorisidagi rasmga qarang.)

7 Ibroniylarga 11:7 da «hali ko‘rinmaydigan narsalar to‘g‘risida Tangri tomonidan ogohlantirilgach, xudotars ekanini ko‘rsatib, uyidagilarni qutqarish uchun kema qurgan» Nuh payg‘ambarning imoni haqida gap boradi. Nuh ulkan kema qurish orqali imonini namoyon etgan. Mubolag‘asiz aytish mumkinki, qo‘ni-qo‘shnilari Nuhdan nega shunday bahaybat inshootni qurayotgani borasida so‘rashgan. O‘shanda u indamay yurganmi yoki ularga: «Ishinglar bo‘lmasin»,— deb aytganmi? Zinhor! Nuhning imoni uni jasorat ila shohidlik berishga va zamondoshlarini Xudoning yaqinlashib kelayotgan hukmi haqida ogohlantirishga undagan. Aftidan, Nuh o‘sha odamlarga Yahovaning quyidagi so‘zlarini takrorlaganga o‘xshaydi: «Men butun yer yuzidagi insonlarni qirib tashlashga qaror qildim. Chunki yer yuzi ularning dastidan zo‘ravonlikka to‘lib-toshdi. [...] Men yer yuzini to‘fonga bostirib, har qanday tirik jonzotni qirib tashlayman. Yer yuzidagi hamma narsa nobud bo‘ladi». Shuningdek, Nuh Allohning «kema ichiga kirish» amrini takrorlab, odamlarga qutqarilishning yagona yo‘lini tushuntirgani shubhasiz. Shu yo‘sin, Nuh «adolat yo‘lini xabarlab yurish» orqali ham imonini namoyon etgan. (Ibt. 6:13, 17, 18; 2 Butr. 2:5)

8. Yoqub imon borasida qanday fikr bildirgan?

8 Yoqub o‘z maktubini havoriy Pavlus imon haqidagi tushunchani yozganidan, chamasi, sal vaqt o‘tib yozgan. Pavlusga o‘xshab Yoqub ham haqiqiy imon shunchaki ishonchni emas, balki xatti-harakatlarni o‘z ichiga olishini tushuntirib o‘tgan. U shunday deb yozgandi: «Sen menga ishlarsiz imoningni ko‘rsat, men esa senga o‘z imonimni amalda ko‘rsataman». (Yoqb. 2:18) U davom etib, shunchaki ishonish va imonni namoyon etish orasidagi aniq farqni ko‘rsatdi. Mana masalan, jinlar ham Xudo borligiga ishonishadi, lekin ularda haqiqiy imon yo‘q va ular Xudoning niyatlari bajarilishiga qarshi chiqishadi. (Yoqb. 2:19, 20) Keyin esa Yoqub qadimda yashagan imonli bir kishiga ishora qilib, shunday degan: «Axir bobokalonimiz Ibrohim, o‘g‘li Is’hoqni qurbongoh ustiga qo‘yganida, qilgan ishi uchun odil deb tan olingan emasmidi? Ko‘rib turganingdek, uning imoni ishlariga hamohang edi va ishlari orqali imoni kamol topgan». Bundan so‘ng Yoqub imon ishlarda namoyon bo‘lishini ta’kidlash maqsadida shunday deb qo‘shib qo‘ydi: «Ruhsiz tana o‘lik bo‘lganidek, ishlarsiz imon ham o‘likdir». (Yoqb. 2:21–23, 26)

9, 10. Qay yo‘sin havoriy Yuhannoning so‘zlari bizga imonni namoyon etish muhim ekanini tushunishga ko‘maklashyapti?

9 O‘ttiz yildan ziyod vaqt o‘tib, havoriy Yuhanno o‘z bayonotini va uchta maktubni yozgan. Yuhanno Alloh Kalomining boshqa yozuvchilari haqiqiy imon qanchalik chuqur ma’noga ega ekani borasida yozgan ilohiy so‘zlarni tushunganmi? U o‘zining bayonotlarida ba’zida «ishonish» yoki «imonni namoyon etish» deb tarjima qilinadigan yunoncha fe’lni Muqaddas Kitobning boshqa yozuvchilariga qaraganda ko‘proq ishlatgan.

10 Misol uchun, Yuhanno shunday deb aytgan: «O‘g‘ilga ishongan kishi abadiy hayotga egadir. O‘g‘ilga itoat qilmagan kishiga esa hayot nasib etmaydi, aksincha, u Xudoning g‘azabiga yo‘liqadi». (Yuhan. 3:36) Demak, haqiqiy imonga Isoning amrlariga itoat etish ham kiradi. Qolaversa, Yuhanno ko‘pincha Isoning so‘zlariga ishora qilib, imonni namoyon etish uzluksiz jarayon ekanini ko‘rsatgan. (Yuhan. 3:16; 6:29, 40; 11:25, 26; 14:1, 12)

11. Haqiqatni bilganimiz uchun minnatdor ekanimizni qanday ko‘rsata olamiz?

11 Yahova muqaddas ruhi orqali bizga haqiqatni ochib berganidan va bizni xushxabarga ishonishga moyil qilganidan naqadar minnatdor bo‘lishimiz kerak! (Luqo 10:21 ni o‘qing.) Yahova «imonimizning Rahbari va uni kamolotga yetkazuvchi Iso» orqali bizni O‘ziga jalb qilgani uchun Unga har qancha rahmat aytsak ham kam. (Ibron. 12:2) Yahovaning mehr-inoyati uchun minnatdorchilik bildirishni istasak, ibodat va Uning Kalomini tadqiq qilish orqali imonimizni mustahkamlab turishimiz lozim. (Efes. 6:18; 1 Butr. 2:2)

Har fursatda xushxabarni baham ko‘rib, imonni namoyon eting (12- xatboshiga qarang.)

12. Qay tariqa imonimizni namoyon eta olamiz?

12 Biz Yahovaning va’dalariga bo‘lgan ishonchni ko‘rsatishda to‘xtamasligimiz darkor. Buni biz boshqalarga yaqqol ko‘rinadigan tarzda qilishimiz kerak. Masalan, biz Xudoning Shohligi to‘g‘risida va’z qilishda va shogird tayyorlash ishida qatnashishda davom etyapmiz. Shuningdek, biz «hammaga, ayniqsa imondoshlarimizga yaxshilik qilib» kelyapmiz. (Galat. 6:10) Bundan tashqari, «eski o‘zligingizni ishlari bilan yechib tashlang» degan maslahatga rioya qilgan holda bizni ma’nan susaytirishi mumkin bo‘lgan har qanday ishdan o‘zimizni himoyalash uchun jon-jahdimiz bilan kurashyapmiz. (Kolos. 3:5, 8–10)

IMON — POYDEVORIMIZNING QISMIDIR

13. a) Imon qanchalik muhim? b) Uni nimaga o‘xshatsa bo‘ladi va nega?

13 Allohning Kalomida quyidagicha yozilgan: «Imon bo‘lmasa, Allohning roziligini olish imkonsizdir. Zero Tangriga yaqinlashayotgan kishi Uning bor ekanligiga va Uni astoydil izlayotganlarni mukofotlashiga ishonishi lozim». (Ibron. 11:6) Muqaddas Kitobda «Allohga ishonish» masihiy yo‘liga qadam bosib, unda qolish uchun kerak bo‘lgan «poydevor»ning qismi sifatida tilga olingan. (Ibron. 6:1) Lekin masihiylar o‘zlarini «Xudoning mehr-muhabbatida saqlash» uchun imonlarini boshqa muhim fazilatlar bilan ham «to‘ldirishlari» kerak. (2 Butrus 1:5–7 ni o‘qing; Yahd. 20, 21)

14, 15. Nega sevgiga ega bo‘lish shunchaki imonga ega bo‘lishdan muhimroqdir?

14 Injil yozuvchilari imonga yuzlab marotaba ishora qilib, shu yo‘sin uning muhimligini ko‘rsatmoqchi bo‘lishgan. Hech bir masihiylarga xos fazilat shunchalik ko‘p marta tilga olinmagan. Bu, masihiylar uchun imon eng muhim fazilat ekanini anglatadimi?

15 Havoriy Pavlus imonni sevgi bilan solishtirib: «Tog‘larni ko‘chira oladigan imonim bo‘lsa-yu, lekin sevgim bo‘lmasa, men hech kim emasman»,— deb aytgandi. (1 Kor. 13:2) «Tavrotning qaysi amri eng muhim?» — degan savolga javoban Iso Allohga bo‘lgan sevgi qanchalik muhim fazilat ekanini ta’kidlagan. (Mat. 22:35–40) Sevgi Xudoga ma’qul bo‘lgan anchagina muhim fazilatlarni, jumladan, imonni ham o‘z ichiga qamrab oladi. Muqaddas Kitobda: «Sevgi... hamma narsaga ishonadi»,— deya qalamga olingan. (1 Kor. 13:4, 7)

16, 17. Qay tarzda imon hamda sevgi Muqaddas Yozuvlarda birgalikda ishlatilgan, lekin ulardan qaysi biri a’loroqdir va nega?

16 Imon va sevgi muhim bo‘lgani uchun Injil yozuvchilari ushbu fazilatlarni birgalikda ko‘plab marotaba, odatda hatto bir gapda yoki bitta iborada ishlatishgan. Misol uchun, havoriy Pavlus birodarlarini «imon va muhabbat sovutini kiyishga» undagan. (1 Salon. 5:8) Butrus esa shunday deb yozgan: «Masihni hech qachon ko‘rmagan bo‘lsangiz-da, uni sevasizlar. Hozir ham ko‘rmayotganingizga qaramay, unga ishonyapsizlar». (1 Butr. 1:8) Yoqub moylangan birodarlaridan quyidagicha so‘ragan: «Axir Alloh bu dunyoda kambag‘al hisoblanganlarni tanlab, imonda boyitmadimi? O‘zini sevganlarga va’da qilganidek, ularni shohlikning merosxo‘rlari qilmadimi?» (Yoqb. 2:5) Yuhanno esa: «[Allohning] amri quyidagichadir: O‘g‘li Iso Masih nomiga ishonch hosil qilib,.. bir-birimizni sevishimiz lozim»,— deb yozgandi. (1 Yuhan. 3:23)

17 Garchand imon muhim bo‘lsa-da, kelajakda Allohning yangi dunyo borasidagi va’dalariga ishonch hosil qilishimizga hojat qolmaydi, zotan ular amalga oshgan bo‘ladi. Biroq Allohga va yaqinimizga nisbatan sevgini doim namoyon etishimiz kerak bo‘ladi. Shuning uchun ham havoriy Pavlus: «Ushbu uch narsa qoladi: imon, umid va sevgi. Biroq sevgi eng a’losidir»,— deb bejizga aytmagan. (1 Kor. 13:13)

IMONNING YAQQOL IFODASI

18, 19. Xudoning xalqi imonga ega bo‘lganining natijasi qanday va bu uchun kim maqtovga sazovor?

18 Bugungi kunda Yahovaning xalqi Xudoning o‘rnatilgan Shohligiga bo‘lgan ishonchni namoyon etib kelyapti. Buning natijasida 8 milliondan oshiq odamlardan iborat bo‘lgan umumjahon ma’naviy jannat yuzaga keldi. Bu — muqaddas ruhning samarasiga to‘lib-toshgan go‘sha va masihiylarga xos imon hamda sevgining yaqqol ifodasidir! (Galat. 5:22, 23)

19 Hech bir inson: «Buni men qildim»,— deb ayta olmaydi. Sababi, buni Xudoyimiz Yahova qilgan. Bu ajoyib ish «[Yahovaga] sharaf bo‘ladi. Tuganmas, abadiy nishona bo‘lib qoladi». (Ishayo 55:13) Ha, «imon orqali qutqarilishimiz» — «Xudoning tuhfasidir». (Efes. 2:8) Ma’naviy jannatimiz mukammal, adolatli va baxtli odamlar bilan to‘lmaguncha, Yahovaning ismiga mangu shon-sharaf keltirib, o‘sib borishda va gullab-yashnashda davom etadi. Keling, Yahovaning va’dalariga bo‘lgan ishonchni namoyon etishdan to‘xtamaylik!