Asosiy materiallarga o‘tish

MUQADDAS KITOB MAVZULARI ASOSIDA SUHBAT

Nega Xudo azob-uqubatlarga yo‘l qo‘ymoqda?

Nega Xudo azob-uqubatlarga yo‘l qo‘ymoqda?

Quyida Yahova Shohidining bir inson bilan Muqaddas Kitob asosida qurgan suhbati keltirilgan. Mohira ismli Yahovaning Shohidi Sarvinoz ismli ayolnikiga kelganini tasavvur qilaylik.

AZOB CHEKKANIMIZDA, XUDO NIMALARNI HIS QILADI?

Mohira: Assalomu alaykum, Sarvinoz. Uyda ekaningizdan xursandman.

Sarvinoz: Men ham sizni ko‘rganimdan xursandman.

Mohira: O‘tgan safar siz bilan insonlar azob chekkanida, Xudo nimalarni his qilishi haqida gaplashgandik. Oyingiz avtohalokatga uchraganidan keyin bu savol sizni ko‘proq tashvishlantirayotganini aytgandingiz. Darvoqe, oyingiz o‘zini qanday his qilyaptilar?

Sarvinoz: Bir kun undoq, bir kun bundoq. Masalan, bugun o‘zlarini yaxshi his qilyaptilar.

Mohira: Xursandman. Bunday vaziyatda doim yaxshi kayfiyatda bo‘lish osonmasdir-a?

Sarvinoz: Ha shunday. Ba’zida onam yana qachongacha azob chekadilar, deb o‘ylab qolaman.

Mohira: Ha sizni tushunsa bo‘ladi. Esingizda bo‘lsa, o‘tgan safar nega Xudo azob-uqubatlarga chek qo‘ya olsa ham, ularga yo‘l qo‘yadi degan savolga javob berishni va’da qilgandim.

Sarvinoz: Ha, esimda.

Mohira: Muqaddas Kitobda bu savolning javobi bor. Avval keling, o‘tgan safargi suhbatimizdagi ayrim fikrlarni eslaylik.

Sarvinoz: Mayli.

Mohira: Birinchidan, hatto o‘tmishdagi xudojo‘y bir inson ham, Xudo nega azob-uqubatlarga yo‘l qo‘yadi, deb qiziqqanini bilib oldik. Lekin Xudo uni bu savoli uchun hukm qilmagan va senga imon yetishmaydi, deb aytmagan.

Sarvinoz: Ha, bu men uchun yangi fikr bo‘lgandi.

Mohira: Qolaversa, Tangri Yahovaga azob-uqubatlarimizni ko‘rish og‘riq keltirishini bilib oldik. Masalan, Muqaddas Kitobda Xudo haqida xalqi azob chekkanida, U ham azob chekdi,— deb yozilgan. Azob chekkanimizda Xudo bizga hamdard ekanini bilish tasalli baxsh etadi, shunday emasmi?!

Sarvinoz: Ha to‘g‘ri.

Mohira: Oxirida esa Parvardigorimiz ulkan qudratga ega bo‘lgani uchun istagan paytda aralashib, bor azob-uqubatlarga chek qo‘yishi mumkinligini bilib oldik.

Sarvinoz: Mana shuni tushunmayapman-da. Xudo shunchalik qudratli ekan, nega yomon ishlar bo‘lishiga jim qarab turibdi?

KIM HAQIQATNI AYTAYOTGANDI?

Mohira: Savolingizga javob olish uchun, Muqaddas Yozuvlarning birinchi kitobi Ibtidoga yuzlanaylik. Odamato bilan Momohavo va man etilgan meva haqidagi hikoyani bilasizmi?

Sarvinoz: Ha, bu hikoyani bilaman. Xudo ularga bir daraxtning mevasidan yemaslikni aytgandi, ular bo‘lsa quloq solmay yeyishgan.

Mohira: To‘g‘ri, lekin Odamato bilan Momohavo gunoh qilishiga nima sabab bo‘lganini ko‘rib chiqaylik. Bu savolning javobi nega insonlar azob chekayotganini tushunishimizga yordam beradi. Ibtido 3- bob 1–5- gacha oyatlarni o‘qib bera olasizmi?

Sarvinoz: Mayli. «Xudovand Yahova yaratgan barcha yovvoyi jonivorlar ichida eng ehtiyotkori ilon edi. U ayoldan: «Xudo bog‘dagi hech bir daraxtning mevasidan yemanglar, deb aytgani rostmi?» — deya so‘radi. Bunga javoban ayol ilonga dedi: «Bog‘dagi daraxtlarning mevasidan yeyishimiz mumkin. Lekin Xudo bog‘ning o‘rtasidagi daraxtning mevasi haqida: “Undan yemanglar, unga tegmanglar. Aks holda, o‘lasizlar”,— deb aytgan». Ilon ayolga: «Aslo o‘lmaysizlar. Xudo biladiki, undan yegan kuniyoq ko‘zlaringiz ochiladi va sizlar Xudo kabi nima yaxshi va nima yomon ekanini biladigan bo‘lasizlar»,— dedi.

Mohira: Rahmat. Keling, bu oyatlar ustida biroz fikr yuritaylik. Birinchidan, ilon ayol, ya’ni Momohavo bilan gaplashganiga e’tibor bering. Muqaddas Kitobning boshqa kitobidan esa ilon orqali ayol bilan Shayton Iblis gaplashganini bilib olyapmiz a. Shayton Momohavoga Xudoning bir daraxtga doir amri haqida savol beradi. E’tibor berdingizmi, Xudo Odamato bilan Momohavoga bu daraxtdan yeyishsa, qanday jazoga yo‘liqishlari haqida aytgan.

Sarvinoz: Ularni o‘lim kutayotgandi.

Mohira: To‘g‘ri. Keyin Shayton navbatdagi so‘zlari bilan Xudoga qarshi jiddiy ayblov qo‘yadi. U: «Aslo o‘lmaysizlar»,— deb aytgan. Shayton Xudoni yolg‘onchiga chiqargan.

Sarvinoz: Hikoyaning bu tafsilotlarini oldin hech qachon eshitmagan ekanman.

Mohira: Shayton Xudoni yolg‘onchiga chiqarib, bir masalani ko‘targan va bu masala hal bo‘lishi uchun vaqt talab qilinardi. Bilasizmi nega?

Sarvinoz: Hm, yo‘q, unchalik tushunmayapman.

Mohira: Xo‘sh, buni shunday tushuntirsa bo‘ladi. Tasavvur qiling, bir kuni oldingizga kelib, men sizdan jismonan kuchliroqman, deb aytdim. Men nohaq ekanimni qanday isbotlagan bo‘lardingiz?

Sarvinoz: Menimcha, buni sinash kerak bo‘ladi.

Mohira: Ha, to‘g‘ri. Masalan, biron-bir og‘ir buyumni olib, ikkalamizdan qay birimiz uni ko‘tara olishini tekshirsa bo‘ladi. Aslini olganda kim kuchli yoki kuchsiz ekanini aniqlash unchalik qiyin emas.

Sarvinoz: Ha, endi tushunyapman.

Mohira: Lekin oldingizga kelib, sizdan kuchliman deyishning o‘rniga, sizga qaraganda rostgo‘yman deganimda-chi? Bu umuman boshqa masala shunday emasmi?

Sarvinoz: Menimcha ham shunday.

Mohira: Chindan ham rostgo‘ylikni, xuddi kuchni sinaganday, bellashuv uyushtirib tekshirib bo‘lmaydi.

Sarvinoz: To‘g‘ri.

Mohira: Masalaning yagona yechimi bor, ya’ni boshqalar bizni kuzatib, qay birimiz rostgo‘y ekanimizni aniqlashlari lozim.

Sarvinoz: Bu mantiqan to‘g‘ri.

Mohira: Endi Ibtido kitobida nima deyilganiga yana e’tibor qarataylik. Shayton: «Xudodan kuchliman»,— deb aytganmidi?

Sarvinoz: Yo‘q.

Mohira: Xudo bu noto‘g‘ri ekanini darhol isbotlashi mumkin edi. Lekin Shayton o‘zini Xudoga qaraganda rostgo‘y qilib ko‘rsatgan. U go‘yoki Momohavoga shunday deganday bo‘lgan: «Xudo sizlarni aldayapti. Men esa sizlarga haqiqatni aytyapman».

Sarvinoz: Qiziq.

Mohira: Xudo donodir va U masalani hal qilish uchun vaqt kerakligini yaxshi tushungan. Natijada, kim haq, kim nohaq ekani ayon bo‘lardi.

MUNOZARALI MASALA

Sarvinoz: Momohavo o‘lgani, Xudo rost gapirganini isbotlamaganmi?

Mohira: Qaysidir ma’noda ha. Lekin Shayton faqatgina buni shubha ostiga qo‘ymagandi. Beshinchi oyatga yana bir marta qarang-da, Shayton Momohavoga nima deganiga e’tibor berdingizmi?

Sarvinoz: Shayton agar u mevadan yesa ko‘zlari ochilishini aytgandi.

Mohira: Ha. Qolaversa, u «Xudo kabi nima yaxshi va nima yomon ekanini biladigan bo‘lasizlar»,— deb aytgan. Bu bilan Shayton Xudo odamlardan biron-bir yaxshi narsani yashiryapti, deb aytmoqchi bo‘lgan.

Sarvinoz: Tushunarli.

Mohira: Bu bilan Shayton munozarali masalani ko‘targan.

Sarvinoz: Nima demoqchisiz?

Mohira: Shayton bu so‘zlari bilan Momohavoga, umuman olganda, barcha insonlarga ular Xudoning boshqaruvisiz baxtli bo‘lishlarini aytmoqchi bo‘lgan. Yahova bu masalani hal qilishning eng a’lo yo‘li Shaytonga o‘z da’vosini isbotlashga vaqt berish ekanini tushungan. Shuning uchun ham Xudo Shaytonga dunyo ustidan vaqtinchalik boshqarish huquqini bergan. Aynan shu sababli, dunyo azob-uqubatlarga to‘lib-toshgan. Chunki bu dunyoni Xudo emas, Shayton boshqarmoqda b. Lekin, Sarvinoz, bir xushxabar bor.

Sarvinoz: Qanday xushxabar?

Mohira: Muqaddas Kitob bizga Xudo haqidagi ikkita muhim haqiqatni ochib bermoqda. Birinchidan, azob chekkanimizda, Yahova doim yonimizda bo‘ladi. Bu shoh Dovudning Zabur 31:7 dagi so‘zlaridan ko‘rinyapti. Dovud hayoti davomida ko‘p azob chekkan. Lekin Xudoga ibodat qilganida, nima deganiga e’tibor bering. Bu oyatni o‘qib bera olasizmi?

Sarvinoz: Mayli. «Sening mehr-sadoqating ila behad quvonaman, chunki Sen azob-uqubatimni ko‘rding, qattiq qayg‘u chekayotganimdan xabardorsan».

Mohira: Dovud azob chekkanida, Xudo uning barcha musibatlarini ko‘rib turganini bilish unga dalda bergan. Hatto odamlar oxirigacha tushunmasa ham, Xudo barcha kechinmalarimizni tushunishini bilish tasalli baxsh etadi, shunday emasmi?!

Sarvinoz: To‘g‘ri aytasiz.

Mohira: Ikkinchi muhim haqiqat shundan iboratki, Xudo abadiy azob chekishimizga yo‘l qo‘ymaydi. Muqaddas Kitobdan ko‘rinyaptiki, U yaqinda Shaytonning yovuz boshqaruvini yo‘q qiladi. U barcha musibatlar-u baxtsizliklarning oqibatlarini bartaraf qiladi, shu jumladan, siz va oyingiz duch kelayotgan azob-uqubatlarni ham. Keyingi safar yana kelib, nega Xudo bu barcha azob-uqubatlarga chek qo‘yishiga amin ekanimizni tushuntirib bersam maylimi?

Sarvinoz: Mayli, kelavering.

Sizni Muqaddas Kitob asosidagi qandaydir savol qiziqtiradimi? Yahova Shohidlarining ta’limotlari va faoliyati haqida bilishni istaysizmi? Unday bo‘lsa, Yahovaning Shohidlariga murojaat qilishdan tortinmang. Ular siz bilan bu mavzular borasida bajonidil suhbatlashishadi.