Asosiy materiallarga o‘tish

MUQADDAS KITOB HAYOTNI O‘ZGARTIRA OLADI

Endi boshqalarga yordam bera olaman

Endi boshqalarga yordam bera olaman
  • TUG‘ILGAN YILI: 1981

  • MAMLAKATI: GVATEMALA

  • O‘TMISHDA: FOJIALI BOLALIK

TARJIMAI HOLIM

Men Gvatemalaning tog‘li hududida joylashgan Akul nomli shaharchada tug‘ilganman. Oilamiz mayyalar avlodi bo‘lmish ishil millatiga mansub. Ispanchadan tashqari milliy tilimizda ham gaplasha olaman. Bolaligimning ilk chog‘lari Gvatemalada 36-yil davom etgan shiddatli fuqarolar urushi yillariga to‘g‘ri keldi. O‘sha vaqtlarda ko‘pgina millatdoshlarim halok bo‘ldi.

To‘rt yoshimda yetti yashar akam qo‘l granatasini o‘ynayotganida u to‘satdan portlab ketdi. Oqibatda men ko‘r bo‘lib qoldim, akam esa, afsuski vafot etdi. Shundan keyin bolalik davrim Gvatemala shahridagi ko‘zi ojiz bolalar internatida o‘tdi va u yerda Brayl shriftini o‘qishni o‘rgandim. Negadir o‘qituvchilar menga boshqa bolalar bilan muloqot qilishga ruxsat berishmasdi, shu sababli hamma mendan o‘zini olib qochardi. O‘zimni shunchalik yolg‘iz his qilar edimki, har yili ikki oy davomida uyimda onam bilan birga o‘tkazadigan vaqtni orziqib kutardim. Onam mehribon edi, u doim meni tushunardi. Ming afsuski, o‘n yasharligimda onam vafot etdi. Bu men uchun qattiq zarba bo‘ldi, chunki bu dunyoda u meni yaxshi ko‘radigan yagona inson edi.

11 yoshimda ona shahrimga qaytdim va o‘gay akamning oilasi bilan birga yashay boshladim. U yerda qornim to‘q, ustim but edi, lekin mehr yetishmasdi. Ba’zi vaqtlari: «Nega onam vafot etdi? Nega ko‘r bo‘lib qoldim?» — deb Xudoga nola qilardim. Odamlar, bu Xudoning irodasi, deyishardi. Shunda men, Xudo shafqatsiz va adolatsiz ekan, deb xulosa qildim. Faqat imkoniyatim bo‘lmagani uchungina o‘z jonimga qasd qilmadim.

Ko‘r bo‘lganim uchun jismonan va hissan zaif edim. Bolaligimda bir necha marta nomusimga tegishdi. Bu haqda hech kimga aytmadim — baribir meni tushunishmaydi, deb o‘ylardim. Odamlar men bilan kamdan-kam gaplashgani uchun men ham birov bilan gaplashgim kelmasdi. Men odamovi, g‘amgin bo‘lib qolgandim va hech kimga ishonmasdim.

MUQADDAS KITOB HAYOTIMNI O‘ZGARTIRDI

13 yoshimda maktabda tanaffus paytida yonimga Yahovaning Shohidlari bo‘lgan bir juftlik (er-xotin) keldi. O‘qituvchilarimdan birining menga rahmi kelardi, shu sababli u o‘sha juftlikdan meni yo‘qlab kelishni iltimos qilgan ekan. Ular menga Muqaddas Kitobdan o‘lganlarning tirilishi va ko‘rlarning ko‘zlari ochilishi haqidagi va’dalarni o‘qib berishdi. (Ishayo 35:5; Yuhanno 5:28, 29) Ulardan eshitganlarim menga juda yoqardi, lekin odamlar bilan muloqot qilmaslikka odatlanib qolganim uchun, ular bilan gaplashishga qiynalardim. Odamovi bo‘lganimga qaramay ular Muqaddas Kitobdagi haqiqatlarni o‘rgatish uchun yonimga kelaverishardi. Bu juftlik tog‘lar osha qariyb 10 kilometr yo‘l bosib kelardi.

O‘gay akamning aytishicha, ular yaxshi kiyingan, lekin uncha boy emasdi. Ammo ular doim menga samimiy qiziqish ko‘rsatib, hatto kichik sovg‘alar berib turishardi. Shunda men faqat haqiqiy masihiylar bunday beg‘araz bo‘lishi mumkin, degan fikrga keldim.

Men Brayl shriftida chop etilgan adabiyotlar yordamida Muqaddas Kitobni tadqiq qilardim. Ongim bilan o‘rganganlarimni tushunsam-da, qalbim bilan ayrim narsalarni qabul qilish qiyin edi. Masalan, Xudo menga befarq emasligiga va boshqalar ham meni U kabi yaxshi ko‘rishi mumkinligiga ishongim kelmasdi. Nega Xudo vaqtincha yovuzlikka yo‘l qo‘yayotganini tushunardim, lekin Uni sevuvchi Ota sifatida qabul qilish mushkul edi *.

Asta-sekin Muqaddas Kitobdan bilib olganlarim hayotga bo‘lgan nuqtai nazarimni o‘zgartirdi. Masalan, azob chekayotgan insonlarga Xudoning rahmi kelishini bilib oldim. Qo‘pol muomalaga duch kelgan xizmatchilari haqida Xudo shunday degan: «Xalqimning chekayotgan azob-uqubatini ko‘rib,.. qanchalik azob tortayotganini yaxshi bilaman». (Chiqish 3:7) Yahovaning nozik tuyg‘ularini anglab yetgach hayotimni Unga bag‘ishlagim keldi. 1998-yili suvga cho‘mib Yahovaning Shohidi bo‘ldim.

Meni o‘z oilasiga qabul qilgan birodar bilan birga turibman

Suvga cho‘mganimdan keyin bir yil o‘tar-o‘tmas Eskuintla shahri yaqinida ko‘zi ojizlarga atalgan maxsus kurslarda tahsil oldim. Mahalliy oqsoqollardan biri yig‘ilishlarga ona shahrimdan turib qatnash men uchun qanchalik qiyin ekanidan xabar topdi. Gap shundaki, eng yaqin jamoat, men bilan Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazgan Shohidlar yashagan tog‘lar ortida joylashgan va ko‘zi ojiz kishiga bunday masofani bosib o‘tish nihoyatda qiyin edi. Mahalliy oqsoqol menga yordam berish maqsadida Eskuintla shahrida meni o‘z oilasiga qabul qilishga va yig‘ilishlarga qatnashimga yordam berishga tayyor bo‘lgan Shohidlarni topdi. Shu kungacha ular menga o‘z oila a’zosidek g‘amxo‘rlik qilib kelishyapti.

Imondoshlar menga samimiy sevgini qanday namoyon etishgani haqida yana ko‘p misollar keltirishim mumkin. Bu misollarni jamlab, men haqiqiy masihiylar orasidaman deb ishonch bilan ayta olaman. (Yuhanno 13:34, 35)

HAYOTIM QANDAY YAXSHILANDI?

Endi o‘zimni keraksiz va umidsiz his qilmayapman. Hozir hayotim mazmunga to‘la. Yahova Shohidlarining to‘la vaqtli xizmatchisi sifatida men Muqaddas Kitobga asoslangan ma’rifat ishida qatnashyapman va o‘z zaifliklarimga emas, balki Muqaddas Kitobdagi bebaho haqiqatlarni boshqalarga o‘rgatishga ko‘proq e’tibor beryapman. Bundan tashqari, mahalliy jamoatda oqsoqol bo‘lib xizmat qilish va omma oldida Muqaddas Kitobga asoslangan nutqlar bilan chiqish sharafiga egaman. Men hatto hududiy anjumanlarda, minglab kishilar oldida nutqlar so‘zlaganman.

Brayl shriftida chop etilgan Muqaddas Kitob yordamida nutq so‘zlayapman

2010-yili men Salvador shahrida o‘tkazilgan Xizmat malakasini oshirish maktabida (hozir Shohlik xabarchilari maktabi deb nomlanadi) tahsil oldim. Bu maktab meni jamoatdagi mas’uliyatlarimni yaxshiroq bajarishga tayyorladi. Bunday ta’lim olganim tufayli Yahova meni nihoyatda qadrlashini va yaxshi ko‘rishini his qildim. Shuningdek, O‘z ishini bajarish uchun U har qanday insonni yaroqli qila olishini tushundim.

Iso: «Olishdan ko‘ra berishning baxtiyorligi katta»,— degan edi. (Havoriylar 20:35) Bugungi kunda men chinakamiga baxtliman deb ayta olaman va ilgari bu imkonsiz bo‘lib ko‘ringan bo‘lsa ham, endi boshqalarga yordam bera olaman.

^ Nega Xudo yovuzlikka yo‘l qo‘yayotganini bilish uchun Yahovaning Shohidlari tomonidan chop etilgan «Muqaddas Kitob haqiqatlari» nomli kitobning 11- bobiga qarang.