Solnomalar ikkinchi kitob 1:1-17

  • Sulaymon donolik so‘raydi (1-12)

  • Sulaymonning boyligi (13-17)

1  Dovud o‘g‘li Sulaymonning shohligi mustahkamlanib borardi. Xudosi Yahova u bilan birga bo‘lib, uni g‘oyat yuksaltirdi+.  Sulaymon butun Isroilni — mingboshilar, yuzboshilar, hakamlar va Isroilning hamma yo‘lboshchilarini-yu xonadonlar boshlarini birga yig‘di.  Keyin Sulaymon va butun jamoat Givondagi+ tepalikka borishdi, chunki u yerda Yahovaning xizmatchisi Muso sahroda yasagan chodir, ya’ni Allohning uchrashuv chodiri joylashgan edi.  Haq Tangrining ahd sandig‘ini esa Dovud Xirat-Yorimdan+ olib, Quddusda u uchun atayin tayyorlagan chodirga qo‘ygan edi+.  Xurning nevarasi Uri o‘g‘li Bazalil+ yasagan mis qurbongohni+ Yahovaning muqaddas chodiri oldiga o‘rnatishdi. Sulaymon va butun jamoat uning oldida turib ibodat qilardi.  Sulaymon Yahovaning huzurida, uchrashuv chodiri oldida turgan mis qurbongohda 1 000 bosh molni kuydiriladigan qurbonlik sifatida keltirdi+.  O‘sha kechasi Xudo Sulaymonga zohir bo‘lib: «Tila tilagingni»+,— dedi.  Sulaymon Allohga shunday deb aytdi: «Otam Dovudga cheksiz mehr-sadoqat ko‘rsatding+. Undan keyin esa meni shoh etib tayinlading+.  Ey, Xudovand Yahova, otam Dovudga bergan va’dangni amalga oshir+. Sababi, Sen meni yer yuzidagi qumday behisob bo‘lgan xalq ustidan shoh qilib qo‘yding+. 10  Bu xalqni boshqarish uchun menga donolik va bilim ber+. Aks holda, ushbu buyuk xalqingga kim ham hakamlik qila oladi?!»+ 11  So‘ng Xudo Sulaymonga shunday dedi: «Bu sening qalb istaging bo‘lib, o‘zingga mol-mulk, boylik va shon-sharaf so‘ramading. Sendan nafratlanganlarning o‘limini ham, o‘zing uchun uzoq umr ham tilamading. Aksincha, seni shoh etib tayinlagan xalqimga hakamlik qilish uchun donolik va bilim so‘rading+. 12  Shu bois, senga donolig-u bilim ato etaman. Bundan tashqari, sendan avvalgi shohlarda bo‘lmagan va sendan keyingi shohlarda bo‘lmaydigan mol-mulk, boylik hamda shon-sharaf beraman»+. 13  Shundan so‘ng, Sulaymon Givondagi+ tepalikdan, uchrashuv chodiri oldidan Quddusga qaytib, Isroil ustidan hukmronlik qildi. 14  Sulaymon aravalar va otlarni* tobora orttirib bordi. Uning 1 400 ta aravasi va 12 000 ta oti bor edi+. Ular aravalar uchun ajratilgan shaharlarda+ va shohga yaqin joyda, Quddusda turardi+. 15  Shoh Quddusda kumush va oltinni toshlarday+, kedr daraxtini ham Shefeladagi anjir daraxtlaridek ko‘paytirdi+. 16  Sulaymonga otlarni Misrdan yuborishardi+ va shohning savdogarlari otlarni poda-podasi bilan sotib olishardi*+. 17  Ular Misrdan har bir aravani 600, har bir otni 150 shekel kumushga sotib olib, yuborishardi. Shohning savdogarlari ularni xetiylarning shohlari va Suriya shohlariga ham olib kelishardi.

Izohlar

Yoki «otliqlarni».
Boshqa variant «Misr bilan Quvaydan keltirishardi. Shoh savdogarlari ularni Quvaydan sotib olardi». Quvay Kilikiyaga ishora qilayotgan bo‘lishi mumkin.