Solnomalar ikkinchi kitob 18:1-34

  • Yohushafat Axab bilan quda bo‘ladi (1-11)

  • Mixiyo mag‘lubiyat haqida bashorat qiladi (12-27)

  • Axab Ramo‘t-Giladda o‘ldiriladi (28-34)

18  Yohushafat boy-badavlat bo‘lib, shuhrat qozondi+. Ammo u Axab+ bilan quda bo‘ldi.  Yillar o‘tgach, u Samariyaga Axabning yoniga bordi+. Axab shoh Yohushafat va u bilan birga kelgan kishilarga atab qurbonlikka son-sanoqsiz qo‘y va qoramol so‘ydi. U Yohushafatni o‘zi bilan birga Ramo‘t-Giladga+ qarshi jang qilishga ko‘ndirmoqchi edi.  Isroil shohi Axab Yahudo shohi Yohushafatdan: «Men bilan birga Ramo‘t-Giladga borasizmi?» — deb so‘radi. U: «Ikkovimiz birmiz. Mening xalqim — sizning xalqingiz, jangda sizni qo‘llab-quvvatlaymiz»,— deya javob berdi.  Yohushafat Isroil shohiga: «Yahova nima der ekan? Avval Undan so‘rab ko‘ring-chi»+,— dedi.  Shunda Isroil shohi 400 ta payg‘ambarni chaqirtirib, ulardan: «Ramo‘t-Giladga qarshi jang qilgani boraylikmi yoki yo‘qmi?» — deb so‘radi. Ular: «Boring, haq Tangri uni shohimizning qo‘liga topshiradi»,— deyishdi.  Yohushafat bo‘lsa: «Bu yerda Yahovaning yana boshqa payg‘ambari bormi?+ U orqali ham so‘rab ko‘raylik»+,— dedi.  Isroil shohi Yohushafatga: «Yahovaga murojaat qilsa bo‘ladigan yana bir payg‘ambar bor+. U Yimlo o‘g‘li Mixiyo. Biroq men uni yomon ko‘raman. Chunki u men haqimda yaxshi emas, nuqul yomon bashorat aytadi»+,— dedi. Lekin Yohushafat: «Bunday demang, shoh hazratlari»,— deb aytdi.  Isroil shohi saroy amaldorlaridan birini chaqirib: «Tezda Yimlo o‘g‘li Mixiyoni olib kel»+,— deb buyurdi.  Isroil shohi va Yahudo shohi Yohushafat shohona liboslarini kiyib, Samariya darvozasi yonidagi xirmonda o‘z taxtlarida o‘tirishgan edi. Barcha payg‘ambarlar esa ularning oldida bashorat qilayotgan edi. 10  Bir payt Xanano o‘g‘li Zidqiyo temir muguzlar yasab, dedi: «Yahova: “Suriyaliklarni shu muguzlar bilan suzib, butunlay yo‘q qilasan”,— deyapti». 11  Boshqa payg‘ambarlar ham: «Ramo‘t-Giladga boring, g‘alabaga erishasiz+. Yahova uni shohimizning qo‘liga topshiradi»,— deya bashorat qilishardi. 12  Mixiyoni chaqirgani borgan xabarchi unga: «Hamma payg‘ambarlar bir ovozdan shohga yaxshilikni bashorat qilishdi. Siz ham ular singari+ yaxshilikni karomat qiling»+,— dedi. 13  Mixiyo bo‘lsa: «Barhayot Tangri Yahova haqqi qasam ichib aytamanki, Xudoyim nima desa shuni gapiraman»+,— deb aytdi. 14  U shohning huzuriga kelgach, shoh undan: «Mixiyo, Ramo‘t-Giladga qarshi jang qilgani boraylikmi yoki yo‘qmi?» — deb so‘radi. Mixiyo shohga: «Boring, g‘alabaga erishasiz. Ular sizning qo‘lingizga topshiriladi»,— dedi. 15  Shoh undan: «Menga faqat to‘g‘risini aytishing uchun, Yahova ismi haqqi senga necha marta qasam ichdirishim kerak?» — deb so‘radi. 16  Shunda Mixiyo javoban dedi: «Barcha isroilliklar cho‘ponsiz qo‘ylarday+ tog‘larda har tomonga tarqab ketganini ko‘ryapman. Yahova: “Ularning xo‘jayini yo‘q. Bari eson-omon uy-uylariga qaytsin”,— demoqda». 17  Isroil shohi Yohushafatga: «Men sizga: “U men haqimda yaxshi emas, nuqul yomon bashorat aytadi”,— degandim-ku!»+ — dedi. 18  So‘ng Mixiyo quyidagilarni aytdi: «Endi Yahovaning so‘zlarini tinglang. Men Yahovaning taxtda o‘tirganini+, butun samoviy qo‘shin+ Uning o‘ng va chap tomonida turganini ko‘rdim+. 19  Yahova ulardan: “Isroil shohi Axab Ramo‘t-Giladga borib, o‘sha yerda o‘lishi uchun kim uni alday oladi?” — deb so‘radi. Shunda farishtalardan biri unday, boshqasi bunday dedi. 20  Oxiri bir farishta*+ o‘rtaga chiqib, Yahovaga: “Uni men aldayman”,— deb aytdi. Yahova undan: “Qanday qilib?” — deya so‘radi. 21  U: “Men borib, uning barcha payg‘ambarlarini yolg‘on gapirtiraman*”,— deb javob berdi. Xudo unga: “Sen uni aldaysan, buni uddalaysan. Borib, shunday qil”,— deb aytdi. 22  Shu tariqa, o‘sha farishta payg‘ambarlarni yolg‘on gapirtirishiga Yahova yo‘l qo‘ydi+. Lekin Yahova boshingizga falokat keltirishga qaror qilgan». 23  Xanano o‘g‘li Zidqiyo+ Mixiyoning+ yoniga borib, chakkasiga bir urdi-da+: «Yahovaning ruhi meni tark etib, sen bilan gaplashyapti deb o‘ylayapsanmi?»+ — dedi. 24  Mixiyo esa: «Ichkari xonaga kirib yashiringan kuning bunga amin bo‘lasan!» — deya javob qaytardi. 25  Isroil shohi quyidagicha dedi: «Mixiyoni shahar hokimi Omon bilan shoh o‘g‘li Yo‘shning oldiga olib boringlar-da, 26  ularga shunday denglar: “Shohimiz: “Bu odamni zindonga qamab+, men eson-omon qaytmagunimcha, unga oz-moz non bilan suv berib turinglar”,— deb buyurdi”». 27  Mixiyo bo‘lsa: «Agar eson-omon qaytsangiz, Yahova men bilan gaplashmagan bo‘lib chiqadi»+,— dedi va oxiri: «Ey xaloyiq, buni hammangiz eshitdingiz»,— deya qo‘shib qo‘ydi. 28  So‘ng Isroil shohi bilan Yahudo shohi Yohushafat Ramo‘t-Giladga+ jo‘nashdi. 29  Isroil shohi Yohushafatga: «Men ust-boshimni o‘zgartirib, jangga kiraman. Siz esa shohona libosingizni kiying»,— dedi. Shu tariqa, Isroil shohi ust-boshini o‘zgartirib, jangga kirdi. 30  Suriya shohi jang aravalarining qo‘mondonlariga: «Kichigi bilan ham, kattasi bilan ham jang qilmay, faqat Isroil shohining o‘zi bilan jang qilinglar»,— deb buyurdi. 31  Qo‘mondonlar Yohushafatni ko‘rishlari bilanoq: «Bu, Isroilning shohi»,— deb o‘ylab, unga qarshi jang qilish uchun u tomonga burilishdi. Yohushafat bo‘lsa yordam so‘rab baqira boshladi+. Yahova unga ko‘maklashib, ularni boshqa tomonga burib yubordi. 32  Qo‘mondonlar u Isroil shohi emasligini tushunib, uni ta’qib qilmay darrov orqaga burilishdi. 33  Bir kishi nishonga olmay kamondan o‘q otgan edi, u Isroil shohiga borib tegdi. O‘q sovutning tangachalari biriktirilgan joydan kirgan edi. Shoh aravakashiga: «Men qattiq yaralandim. Orqaga burilib, meni jang maydonidan olib chiq»+,— deb buyurdi. 34  O‘sha kuni jang avj olib, Isroil shohi suriyaliklar qarshisida o‘z aravasida kechgacha tik turishiga to‘g‘ri keldi. U kun botayotgan paytda jon berdi+.

Izohlar

So‘zma-so‘z «ruh».
So‘zma-so‘z «uning barcha payg‘ambarlari og‘zida yolg‘onchi ruh bo‘laman».