Solnomalar ikkinchi kitob 31:1-21

  • Hizqiyo butparastlikni yo‘q qiladi (1)

  • Ruhoniylar va levilar ta’minlanadi (2-21)

31  Bayramdan so‘ng, u yerdagi barcha isroilliklar Yahudo shaharlariga yo‘l olishdi. Ular Yahudo va Benyamin hamda Efrayim va Manashe+ yerlaridagi muqaddas toshlarni sindirishdi+, muqaddas ustunlarni kesib tashlab+, tepaliklarni-yu+ qurbongohlarni yakson qilishdi+. Ularni butunlay yo‘q qilgach, barcha isroilliklar o‘z shaharlariga, har biri o‘z uyiga qaytib ketdi.  Hizqiyo ruhoniylarni va levilarni o‘z guruhlariga+ tayinlab, har bir ruhoniy va har bir leviga o‘z vazifasini topshirdi+. Ular kuydiriladigan qurbonliklarni hamda tinchlik qurbonliklarini keltirishlari, xizmatlarini bajarishlari, Yahova ma’badining hovlilaridagi darvozalar oldida Allohga madhlar va shukronalar aytishlari kerak edi+.  Yahovaning Qonunida yozilganiga binoan, shoh o‘z mol-mulkidan kuydiriladigan qurbonliklar+ — ertalab va kechqurun keltiriladigan qurbonliklar+, shu bilan birga Shabbat kunlari+, yangi oy+ chiqqanda hamda bayramlarda+ kuydiriladigan qurbonliklar uchun ulush berdi.  Bundan tashqari, ruhoniylar va levilar+ Yahovaning Qonuniga qat’iy amal qilishlari* uchun, shoh Quddus aholisiga ularga tegishli ulush berishni amr etdi.  Farmon chiqishi bilanoq, isroilliklar hamma narsaning birinchi hosilidan — don, yangi sharob, yog‘+, asal hamda dalada yetishtirilgan hosillaridan ko‘p miqdorda olib kelishdi+. Ular nihoyatda ko‘p narsalardan o‘ndan bir qismini keltirishdi+.  Yahudo shaharlarida yashaydigan isroilliklar bilan yahudoliklar ham qoramol va qo‘ylaridan o‘ndan bir qismini, Xudosi Yahovaga bag‘ishlangan muqaddas narsalardan o‘ndan bir qismini olib kelishdi+. Shunday qilib, ular ko‘pgina xayr-ehsonlar keltirishdi.  Uchinchi oyda+, olib kelingan xayr-ehsonlarni bir joyga yig‘ishni boshlab, yettinchi oyda+ tugatishdi.  Hizqiyo va beklar nihoyatda ko‘p xayr-ehsonlar yig‘ilganini ko‘rib, Yahovaga hamd-u sanolar aytishdi va Isroil xalqini duo qilishdi.  Hizqiyo ruhoniylar va levilardan xalq olib kelgan xayr-ehsonlar borasida so‘radi. 10  Zodo‘x xonadonidan bo‘lgan bosh ruhoniy Ozariyo unga javoban dedi: «Yahovaning uyiga xayr-ehsonlar olib kelina boshlagandan beri+ xalq to‘yguncha yeyapti, hatto ortib ham qolyapti. Chunki Yahova O‘z xalqiga barakasini yog‘diryapti. Qarang, yana qancha ko‘p ortib qoldi»+. 11  Shunda Hizqiyo ularga Yahovaning uyidagi omborxonalarni*+ hozirlashni buyurdi va ular aytilganiday qilishdi. 12  Ular xayr-ehson, ushr*+ hamda muqaddas narsalarni vijdonan olib kela boshlashdi. Bu ishni nazorat qilish levi Xonaniyoga topshirildi, undan keyin ukasi Shimey turardi. 13  Shoh Hizqiyoning buyrug‘iga ko‘ra Xonaniyo bilan ukasi Shimeyga Yoxiyol, Ozaziyo, Naxat, Osoyil, Yarimo‘t, Yo‘zabad, Eliel, Yismaxiyo, Maxat va Binayo yordamchi etib tayinlanishdi. Ozariyo esa haq Tangrining uyida nazoratchi edi. 14  Levi Yimnaxning o‘g‘li — sharq tomondagi+ darvoza darvozaboni Kori Allohga atalgan ixtiyoriy nazrlarga+ javobgar edi. U Yahovaga atalgan xayr-ehsonlarni+ va eng muqaddas narsalarni+ tarqatardi. 15  Eden, Minyomin, Yeshuva, Shamayo, Emoriyo va Shaxaniyo uning boshchiligi ostida edi. Ularga ruhoniylar shaharlarida+, guruhlardagi+ aka-ukalariga, katta-yu kichikka birday ulush berish topshirilgan edi. 16  Bundan tashqari, nasabnomada qayd etilgan barchaga, ya’ni Yahovaning uyida har kuni xizmat qilishga, o‘z guruhlarida vazifalarini bajarishga keladiganlarga hamda ularning uch va undan yuqori yoshdagi o‘g‘illariga ham ulush berilardi. 17  Ruhoniylar hamda 20 va undan yuqori yoshdagi levilar+, guruhlarida+ bajaradigan vazifalari hamda o‘z xonadonlari bo‘yicha+ nasabnomaga kiritildi. 18  Nasabnomaga levilar va ularning xonadonidagilar — bolalari, xotinlari, o‘g‘il-qizlari kiritildi. Chunki ularga ishonib topshirilgan xizmat uchun doimo o‘zlarini poklab yurishardi. 19  Shuningdek, Horunning avlodlari, ya’ni o‘z shaharlari tashqarisida+ yashaydigan ruhoniylar ham nasabnomaga kiritilgan edi. Levilar nasabnomasiga kiritilgan barchaga hamda ruhoniylar xonadonidan bo‘lgan har bir erkak zotiga ulush berish uchun hamma shaharlarda erkaklar tayinlandi. 20  Hizqiyo butun Yahudoda ham shunday yo‘l tutdi. U yaxshi va to‘g‘ri ishlar qilishda davom etib, Xudosi Yahovaning oldida sadoqatli bo‘ldi. 21  Hizqiyo Tangrisini izlash uchun qanday ishga kirishmasin, xoh Allohning uyidagi xizmat+ bilan, xoh Qonun va amrlar bilan bog‘liq bo‘lsin, u buni sidqidildan bajarib, muvaffaqiyat qozondi.

Izohlar

Yoki «o‘zlarini butunlay bag‘ishlashlari».
Yoki «oshxonalarni».
Yoki «o‘ndan bir qismi».