Solnomalar ikkinchi kitob 35:1-27

  • Yo‘shiyo Fisih bayramini uyushtiradi (1-19)

  • Yo‘shiyo Misr shohi Nexoni o‘ldiradi (20-27)

35  Yo‘shiyo Quddusda Yahovaga atab Fisih bayramini+ nishonladi. Birinchi oyning 14- kuni+ ular Fisih qurbonligini so‘yishdi+.  Shoh ruhoniylarni o‘z vazifalariga tayinlab, Yahovaning uyida xizmatlarini o‘tashga undadi+.  Keyin u Yahovaning nazarida muqaddas bo‘lgan va butun Isroilga ta’lim beradigan levilarga+ dedi: «Muqaddas sandiqni Isroil shohi Dovudning o‘g‘li Sulaymon bunyod etgan uyga qo‘yinglar+. Bundan buyon uni yelkangizda ko‘tarib yurishingizga hojat yo‘q+. Endi Xudoyingiz Yahovaga va Uning xalqi Isroilga xizmat qilinglar.  Isroil shohi Dovud va o‘g‘li Sulaymon bergan yo‘l-yo‘riqga ko‘ra+, xonadonlaringiz va guruhlaringiz+ bo‘yicha xizmat qilishga tayyorlaninglar.  Xalqning — birodarlaringizning xonadonlari* soni bo‘yicha guruhlarga bo‘linib, muqaddas joydagi o‘z o‘rningizga kelib turinglar. Xalqning har bir xonadoniga levilar xonadonlarining bitta guruhi to‘g‘ri kelishi lozim.  Fisih qurbonligini so‘yib+, o‘zingizni poklanglar* va birodarlaringizga xizmat qilishga tayyor bo‘linglar. Shunda Yahovaning Muso orqali bergan amrini bajara olasizlar».  Yo‘shiyo Fisih bayramida xalq uchun 30 000 qo‘y-echki, ya’ni erkak qo‘zilar-u yosh takalar, shuningdek, 3 000 qoramolni qurbon qildi. Shoh ularni o‘z mol-mulkidan berdi+.  Yo‘shiyoning beklari xalq, ruhoniylar va levilar uchun ixtiyoriy nazrlar keltirishdi. Haq Xudo uyining boshqaruvchilari Xilqiyo+, Zakariyo va Yoxiyol ruhoniylarga Fisih bayramida qurbonlikka keltirish uchun 2 600 ta qo‘y-echki va 300 ta qoramol berishdi.  Levilar boshliqlari Xonaniyo, uning aka-ukalari Shamayo bilan Natanil hamda Xashaviyo, Yaviyol va Yo‘zabad levilarga Fisih bayramida qurbonlikka keltirish uchun 5 000 ta qo‘y-echki va 500 ta qoramolni ehson qilishdi. 10  Bayramga hozirlik ko‘rib bo‘lingach, shoh buyurganiday, ruhoniylar o‘z o‘rinlarini, levilar ham guruhlari bo‘yicha+ o‘z o‘rinlarini egallashdi. 11  So‘ng ular Fisih qurbonliklarini so‘ya boshlashdi+. Ruhoniylar levilar olib kelgan qonni qurbongohga sachratishdi+. Bu orada, levilar mollarning terisini shilib turishdi+. 12  Keyin ular, Musoning Tavrot kitobiga ko‘ra, xonadonlari bo‘yicha guruhlarga bo‘lingan xalq Yahovaga tortiq etishi uchun kuydiriladigan qurbonliklarni tayyorlashdi. Qoramol bilan ham shunday qilishdi. 13  Ular Fisih qurbonligini odat bo‘yicha olovda pishirishdi*+. Muqaddas nazrlarni katta-kichik qozonlar va tovalarda pishirib, tezda xalqga tarqatishdi. 14  Keyin levilar o‘zlari va ruhoniylar uchun Fisih qurbonligini tayyorlashdi, chunki Horunning avlodlari bo‘lmish ruhoniylar kuydiriladigan qurbonliklar va yog‘larni kuydirish bilan kechgacha band bo‘lishdi. Shu bois, levilar o‘zlari hamda Horunning avlodlari bo‘lmish ruhoniylar uchun taom tayyorlashdi. 15  Dovud+, Osif+, Xaman, shuningdek, shohga vahiylar aytib beruvchi Yodutunning+ buyrug‘iga binoan, Osif+ avlodidan bo‘lgan qo‘shiqchilar o‘z o‘rinlarini egallashdi. Darvozabonlar ham turli darvozalar oldida turishdi+. Ular o‘z vazifalarini to‘xtatib turishlariga hojat bo‘lmadi, chunki levi birodarlari ular uchun Fisih taomini tayyorlashdi. 16  Shu tariqa, o‘sha kuni shoh Yo‘shiyoning amriga ko‘ra+, Fisih bayramini nishonlash+ va Yahovaning qurbongohida kuydiriladigan qurbonliklar keltirish uchun Yahova talab qilgan barcha narsa hozirlandi. 17  Bu yerda yig‘ilgan isroilliklar o‘sha vaqtda Fisih bayramini nishonlashdi, keyin esa yetti kun Xamirturushsiz non bayramini o‘tkazishdi+. 18  Shomuil payg‘ambar davridan beri Isroilda bunday Fisih bayrami o‘tkazilmagan edi. Isroil shohlarining hech biri Yo‘shiyo, ruhoniylar, levilar, u yerda yig‘ilgan yahudiylar-u isroilliklar va Quddus aholisi singari Fisih bayramini nishonlamagan edi+. 19  Ushbu Fisih bayrami Yo‘shiyo hukmronligining 18- yili o‘tkazildi. 20  Bu voqealardan so‘ng Yo‘shiyo ma’badni ta’mirlab bo‘lgach, Misr shohi Nexo+ jang qilish uchun Furot bo‘yida joylashgan Karxemishga keldi. Yo‘shiyo unga qarshi otlandi+. 21  Nexo uning oldiga xabarchilar yuborib: «Ey, Yahudo shohi, nega menga qarshi chiqyapsan? Men bugun sen bilan emas, boshqa xalq bilan jang qilmoqchiman. Xudoning O‘zi menga shoshilishni buyurdi. O‘z foydangni o‘ylab, men tomonda bo‘lgan Xudoga qarshi chiqma. Aks holda, U seni nobud qiladi»,— dedi. 22  Ammo Yo‘shiyo orqaga chekinmay, unga qarshi chiqish niyatida ust-boshini o‘zgartirdi+. U, Allohning Nexo orqali aytgan so‘ziga quloq solmay, jang qilish uchun Maxido‘+ tekisligiga keldi. 23  O‘sha yerda shoh Yo‘shiyoga kamonchilar o‘qi tegdi va u xizmatkorlariga: «Qattiq yaralandim. Meni bu yerdan olib chiqinglar»,— deb aytdi. 24  Xizmatkorlari Yo‘shiyoni aravasidan tushirib, boshqa jang aravasiga solishdi-da, Quddusga olib kelishdi. Shu yerda u hayotdan ko‘z yumib, ota-bobolari xilxonasiga dafn etildi+. Butun Yahudo va Quddus aholisi shoh uchun aza tutdi. 25  Yeremiyo+ payg‘ambar Yo‘shiyoga atab marsiya aytdi. Erkag-u ayol qo‘shiqchilar+ shu kunga qadar marsiyalarida Yo‘shiyo haqida kuylashadi. Bunday marsiyalarni kuylash Isroilda odat bo‘lib qoldi. Bular marsiyalar to‘plamiga kiritilgan. 26  Yo‘shiyoning hayoti va Yahovaning Qonuniga rioya etib, mehr-sadoqat ila qilgan xizmati-yu 27  barcha ishlari Isroil va Yahudo shohlari haqidagi kitobda boshdan oxirigacha bayon etilgan+.

Izohlar

So‘zma-so‘z «ota xonadonlarining», ya’ni ota tomondagi oilalar nazarda tutilgan.
Yoki «muqaddas qilinglar».
Boshqa variant «qovurishdi».