Asosiy materiallarga o‘tish

Ruanda imo-ishora tili tarjimonlari o‘z tarjima ofisida video yozishmoqda

2019-YIL 10-YANVAR
RUANDA

Ruanda filiali ruanda imo-ishora tiliga tarjima qila boshladi

Ruanda filiali ruanda imo-ishora tiliga tarjima qila boshladi

2018-yili sentyabr oxirida Ruandadagi Yahovaning Shohidlari Muqaddas Kitob xabarini ularning filiali hududida tarqalgan tillarda yoyish yo‘lida ulkan yutuqlarga erishishdi. Chunonchi, ruanda imo-ishora tiliga (RIT) tarjima qilish ishi yo‘lga qo‘yildi. Mazkur sa’y-harakatlar Ruandada yashovchi 113 nafar imondoshimiz uchun katta foyda keltirib, va’zgo‘ylarni mamlakatdagi qariyb 30 000 dan ziyod kar va qulog‘i og‘ir kishilarga shohidlik berish uchun yanada yaxshiroq tayyorlaydi.

RIT tarjima guruhi «Xudoga quloq solib abadiy yashang» risolasini, «Nega Muqaddas Kitobni tadqiq qilish kerak?» nomli videolavhani va «Ta’lim berish “qutimizdagi” asboblar»dagi aksariyat buklamalarni tarjima qilgan. Kelgusi haftalarda ushbu adabiyotlar rasmiy veb-saytimizga joylashtiriladi.

RIT tarjima guruhi Ruandaning Kigali shahridagi filialidan piyoda yurganda atigi besh daqiqali yo‘l masofasida joylashgan binoda xizmat qiladi. Bu guruh ikkita birodardan (ulardan birisi kar) va ikkita opamizdan tashkil topgan. Tarjima guruhining barcha a’zolari imo-ishora tilini yaxshi o‘zlashtirishgan va tarjima sir-asrorlarini o‘rganish uchun to‘rt haftalik ta’lim kurslarini bitirishgan.

Ruanda filialining yaqinida joylashgan Ruanda imo-ishora tili tarjima ofisi

RIT tarjimonlaridan biri Ruakibibi Jan Per imo-ishora tiliga tarjima qilish nega alifboga ega tilga tarjima qilishdan farq qilishini shunday tushuntirdi: «Kar insonlar o‘z fikrini qo‘llar va yuz ifodasi yordamida yetkazishadi, shu sababdan imo-ishora tili tarjimonlari o‘zgacha usul yordamida matndan video yaratishadi. Ular inglizcha matnni markerli oq doskada rasmlar orqali aks ettirishadi. Bu rasmlar asl matndagi fikrlarni imo-ishora tilida yetkazishga yordam beradi. Tarjimaning oxirgi varianti tushunarli va aniq chiqqaniga amin bo‘lish uchun, tashqaridan eshitmaydigan va’zgo‘ylar chaqiriladi va ular tarjima qilingan ishlarni ko‘rib chiqib, o‘z takliflarini bildirishadi.

Karlar milliy uyushmasining raisi — janob Augustin Munyangeo

Ruandalik karlarning haq-huquqlarini himoyalovchi milliy nodavlat notijorat tashkilot bo‘lmish Karlar milliy uyushmasining raisi — janob Augustin Munyangeo Yahovaning Shohidlari RIT da olib borayotgan tarjima faoliyati haqida quyidagilarni aytdi: «Ruanda imo-ishora tilida Muqaddas Kitob hamda videolardan foydalanib diniy ta’lim berishayotgani uchun Yahovaning Shohidlaridan g‘oyat minnatdormiz».

Bugungi kunda Yahovaning Shohidlari dunyo bo‘ylab 90 dan ziyod imo-ishora tiliga tarjima qilishmoqda. Ular «JW Library Sign Language»® nomli bepul ilovani ishlab chiqarishdi. Bu ilovaning foydalanuvchilari Muqaddas Kitobga asoslangan adabiyotlarni 90 dan ko‘proq imo-ishora tilida tomosha qilishlari mumkin. Imo-ishora tillarida mavjud bo‘lgan ko‘plab adabiyotlar butun dunyodagi imondoshlarimizga xushxabarni «har bir millat, qabila, til va xalqqa» e’lon qilishga yordam bermoqda. (Vahiy 14:6)