Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Nima uchun umidga muhtojmiz?

Nima uchun umidga muhtojmiz?

Nima uchun umidga muhtojmiz?

O‘TGAN maqolaning boshida keltirilgan, saratonga chalingan yosh Deniel umidini mustahkam saqlaganida nima bo‘lardi? U saratonni yengib chiqa olarmidi? U hozir tirik bo‘larmidi? Hatto umid shifobaxsh kuchga ega, deydiganlar ham bu fikrga qo‘shilmasa kerak. Bu bejizga emas. Umidning kuchiga ortiqcha baho berib bo‘lmaydi. U panatseya, ya’ni barcha narsaning davosi emas.

CBS News teleradiokompaniyasida bo‘lib o‘tgan intervyuda doktor Natan Cherni og‘ir kasallikka chalingan bemorlarga duch kelganda umidning shifobaxsh kuchiga haddan ortiq ishonishning xavfi borasida quyidagicha ogohlantirdi: «Erlar xotinlari yetarlicha mulohaza yuritmagani yoki ijobiy fikrlamagani uchun ularni koyib berganiga guvoh bo‘lganmiz. Bunday fikrlash tarzi odam saratonning rivojlanishini nazorat qilishi mumkin, degan noto‘g‘ri tasavvurga olib keldi. Kishining sog‘ligi yomonlashganida, ba’zilar ular o‘simtani nazorat qilish uchun yetarlicha e’tibor qaratishmadi va bu noto‘g‘ri, deb o‘ylaydi».

Aslida, bedavo kasallikka chalinganlar sillani quritadigan va anchagina harakat talab qiladigan kurashda qatnashadi. Bunday insonlarning yaqinlari ularning shundoq ham og‘ir bu yukiga aybdorlik hissini qo‘shishni istamaydi. Demak, umid hech qanday ahamiyatga ega emas, deb xulosa qilishimiz kerakmi?

Yo‘q. Masalan, yuqorida tilga olingan doktor palliativ davolash turi bo‘yicha mutaxassisdir. Bu davolash turi kasallik bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kurashish yoki hayotni uzaytirish emas, balki bemor kurashayotganda unga yengillik baxsh etuvchi va hayotini osonlashtiruvchi terapiya hisoblanadi. Bunday davolash turini qo‘llaydigan shifokorlar — hatto og‘ir kasallikka chalinganlarga — ijobiy fikrlashga yordam beradigan davolash turlarining foydasi borligiga qat’iyan ishonadi. Umid ijobiy fikrlashga yordam berishining va bundan ham ko‘proq foyda keltirishining ishonchli dalillari bor.

Umidning ahamiyati

Tibbiyot sohasi bo‘yicha jurnalist Gifford-Jons quyidagicha dedi: «Umid kuchli davolovchi vositadir». U bedavo kasalliklarga chalingan bemorlarga hissiy yordam ko‘rsatish qanchalik foyda keltirishini aniqlash borasidagi izlanishlarni tahlil qilgan. Bu kabi yordam odamlarga umidsizlikka tushmaslikka va ijobiy nuqtai nazarda bo‘lishga ko‘maklashishi taxmin qilinyapti. 1989-yilgi tadqiqotga ko‘ra, hissiy yordamni olgan bemorlar uzoqroq yashagan. Lekin so‘nggi tadqiqot bu borada boshqacha fikrga olib keldi. Ammo tadqiqotlar shuni tasdiqladiki, hissiy yordam ko‘rsatilgan bemorlar bunday yordamni olmaganlarga qaraganda, kamroq tushkunlikka tushadi va og‘riqni kamroq his qiladi.

Yurakning ishemik kasalligiga kelganda, optimizm va pessimizmning ahamiyati borasida o‘tkazilgan boshqa bir tadqiqotga e’tibor bering. 1 300 dan oshiq erkak hayotga optimizm yoki pessimizm ruhida qarash-qaramasligi sinovdan o‘tkazildi. O‘n yil o‘tgach, yana bir tadqiqot o‘tkazildi va o‘sha erkaklarning 12 foizdan oshig‘i yurakning ishemik kasalligining biron turiga chalingan edi. Ularning orasida pessimistlar soni optimistlardan deyarli ikki barobar ko‘p chiqdi. Sog‘lik va ijtimoiy xulq-atvor bo‘yicha Garvard universitetidagi yordamchi professor Laura Kubzanskiy shunday dedi: «“Ijobiy fikrlash” sog‘lig‘ingiz uchun foydali ekani borasidagi g‘oyaga tegishli aksariyat isbotlar ilmiy jihatdan tasdiqlanmagan edi. Yurak kasalliklari asosida o‘tkazilgan mazkur tadqiqot esa bu g‘oyani ilk bor ilmiy jihatdan tasdiqladi».

Ayrim izlanishlar shuni ko‘rsatyaptiki, sog‘ligini juda yaxshi deb bilganlarga qaraganda, uni zaif deb baholaganlar operatsiyadan so‘ng sekinroq oyoqqa turadi va hatto uzoq umr ko‘rish optimizm bilan bog‘liq ekan. Bir tadqiqotda keksalar qarish jarayoniga ijobiy yoki salbiy qarashi ularga qanday ta’sir qilishi tahlil qilindi. Keksalar inson qarigani sayin donoroq va tajribaliroq bo‘lishi haqidagi xabarlarga tez-tez duch kelganida, ularda yurish uchun kuch va ishtiyoq paydo bo‘lgan. Darvoqe, bunday yaxshilanish 12 hafta mobaynida qilinadigan jismoniy mashqlar natijasiga teng edi!

Qiziq, nima uchun umid, optimizm va ijobiy nuqtai nazar kabilar sog‘likka foyda keltirishi mumkin? Ehtimol, olimlar va doktorlar inson onginiyu tanasini hozircha to‘la-to‘kis tushunmagani uchun bunga aniq javob berolmaydi. Bunga qaramay, mazkur sohani o‘rganadigan mutaxassislar tajribasi, bilimi yoki olgan ma’lumoti asosida taxminlar keltirishi mumkin. Misol uchun, nevrologiya sohasidagi bitta professor quyidagicha fikr bildirdi: «Inson suyunganida va umid qilganida o‘zini yaxshi his etadi. Bu stressni ancha kamaytiradigan yoqimli holat va butun tana bundan yayraydi. Odamlar sog‘ligiga g‘amxo‘rlik qilishga harakat qilar ekan, bu ham foyda keltiradi».

Ayrim doktor, psixolog va olimlar uchun bu yangi fikrday tuyulishi mumkin, ammo Muqaddas Kitobni tadqiq qiluvchilar uchun bu yangilik emas. Deyarli 3 000-yil avval dono shoh Sulaymon mazkur fikrni quyidagicha ifodalagan: «Shod yurak shifobaxsh malhamdaydir, ezilgan ruh esa suyaklarni quritadi». (Hikmatlar 17:22) Bu so‘zlarda muvozanat aks etganiga e’tibor bering. Oyatda shod yurak har qanday kasallikning davosi emas, balki oddiy qilib «shifobaxsh malhamdaydir» deb aytilgan.

Aks holda, quyidagi savol tug‘ilishi o‘rinli bo‘lardi: «Agar umid davo bo‘lsa, qaysi shifokor uni tavsiya etmasdi?» Bundan tashqari, umid nafaqat sog‘likka, balki boshqa ko‘p jihatdan foyda keltiradi.

Optimizm, pessimizm va hayotingiz

Tadqiqotchilar shuni aniqlashdiki, ijobiy nuqtai nazarda bo‘lish optimistlarga ko‘p jihatdan foyda keltiradi. Ular maktabda, ishda va hatto sport sohasida muvaffaqiyatliroq bo‘la oladi. Masalan, yengil atletika bilan shug‘ullanadigan ayollar jamoasida tadqiqot o‘tkazildi. Murabbiylar atletika bilan shug‘ullanadigan har bir ayolning qobiliyatini atroflicha baholadi. Shu bilan birga, o‘sha ayollar ham so‘roq qilindi va ularning umid darajasi baholandi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, ayollarning umid darajasi murabbiylari bergan statistik ma’lumotdan ancha farq qilib, ayollar oldindan taxmin qilgani aniqroq bo‘lib chiqdi. Xo‘sh, nega umid shunchalik kuchli ta’sirga ega?

Tadqiqotlar yordamida optimizmning aksi pessimizm borasida ham ko‘p narsa o‘rganildi. Hayvonlarning xulq-atvori borasida o‘tkazilgan tajribalar natijasida 1960-yillarda kutilmagan kashfiyot qilindi. Tadqiqotchilar buni «o‘rganilgan ojizlik», deb atadi. Qolaversa, ular shuni aniqladiki, odamlar ham bu sindromning biron turidan azob chekishi mumkin. Masalan, tadqiqotda ishtirok etgan odamlarga yoqimsiz shovqin qo‘yib berildi va tugmachalarni ketma-ketlikda bosish orqali uni o‘chirishni o‘rganishlari mumkinligi aytildi. Ular bemalol shovqinni o‘chira oldi.

Ikkinchi guruhdagi odamlarga ham xuddi shu narsa aytildi, biroq tugmachalarni bosish shovqinni to‘xtatmadi. Bu guruhdagi ko‘plar o‘zini ojiz his eta boshlaganini tushungandirsiz. O‘tkazilgan keyingi sinovlar davomida ular harakatlanishga ikkilandi. Ular qilgan harakatlari befoyda ekaniga amin edi. Ammo hatto bu guruhdagi optimistlar ojizlik ularga ta’sir qilishiga yo‘l qo‘ymadi.

Yuqoridagi ilk tadqiqotlarni tayyorlashda yordam bergan doktor Martin Seligman optimizm va pessimizmni o‘rganishni asosiy sohasi qilib oldi. U o‘zini ojiz deb o‘ylashga moyil bo‘lgan odamlarning fikrlash tarzini atroflicha tahlil qildi. Uning xulosasiga ko‘ra, bu kabi pessimizm ruhiga ega bo‘lganlar hayotda ko‘pgina qiziqarli narsalarni amalga oshirishga qiynaladi yoki umuman faoliyatsiz bo‘lib qoladi. Seligman pessimizm va uning ta’siri borasida quyidagicha xulosa yasadi: «Yigirma besh yillik tadqiqot natijasida shunga amin bo‘ldimki, pessimist kabi menda hech qachon hech narsa o‘xshamaydi, deb o‘ylashga odatlansak, bu barcha ishimizga ta’sir qiladi, muvaffaqiyatsizlikka uchraymiz. Aksincha o‘ylaganimizda esa, ehtimol, bunday bo‘lmas».

Yuqorida aytib o‘tilganiday, bu kabi xulosalar bugungi kunda ba’zilar uchun yangi fikrday ko‘rinishi mumkin. Ammo Muqaddas Kitobni tadqiq qiluvchilar uchun bunday emas. Quyidagi hikmatli so‘zlarga e’tibor bering: «Og‘ir kunda ruhing tushsa, kuching ham zaiflashadi». (Hikmatlar 24:10) Darhaqiqat, tushkunlik va unga xos bo‘lgan salbiy fikrlar harakat qilish kuchingizdan qoldirishi Muqaddas Kitobda aniq tushuntirilgan. Unday bo‘lsa, pessimizmni yengib, ko‘proq optimizm ruhiga va umidga ega bo‘lish uchun nima qilsangiz bo‘ladi?

[4, 5- sahifalardagi rasm]

Umid anchagina foyda keltirishi mumkin