Asosiy materiallarga o‘tish

MUQOVADAGI MAVZU

Vaqtdan unumli foydalaning

Vaqtdan unumli foydalaning

«Qaniydi, ko‘proq vaqtim bo‘lganida edi!» Tez-tez shunday deysizmi? Qaysidir ma’noda hammada — hokimiyatga ega va boy insonlarda ham, kambag‘al va oddiy insonlarda ham — bir xil vaqt bor. Ustiga-ustak boylar ham, kambag‘allar ham vaqtni yig‘a olishmaydi. Ketgan vaqtni ortga qaytarishning iloji yo‘q. Dono odam vaqtdan unumli foydalanadi. Qanday qilib? Ko‘p odamlarga vaqtdan unumli foydalanishga yordam bergan to‘rtta maslahatni ko‘rib chiqaylik.

1- maslahat. Tartib-intizomli bo‘ling

Ustuvor narsalarni belgilab oling. Muqaddas Kitobda «qaysi narsalar muhimroq ekanini farqlang», deb maslahat berilgan. (Filippiliklarga 1:10) Muhim va shoshilinch ishlarning ro‘yxatini tuzing. Ammo shuni yodda tutingki, muhim ishlar, masalan tushlik uchun oziq-ovqat sotib olish doim ham shoshilinch bo‘lmasligi mumkin. Shoshilinch bo‘lib ko‘ringan ishlar esa, masalan sevimli teledasturni tomosha qilish muhim bo‘lmasligi mumkin.

Oldindan rejalashtiring. Voiz 10:10 da shunday deyilgan: «Agar boltaning tig‘i o‘tkirlanmasa, ko‘p kuch sarflashga to‘g‘ri keladi. Donolik esa muvaffaqiyatga erishtiradi». Bundan qanday xulosa chiqarish mumkin? Ramziy ma’noda temir asbobingizni o‘tkirlang, ya’ni ishlarni oldindan rejalashtiring, shunda vaqtdan unumli foydalana olasiz. Vaqt va kuchingizni olayotgan muhim bo‘lmagan ishlarni keyinga qoldiring yoki umuman boshlamang. Ishingizni vaqtidan oldin bitirib, bo‘sh vaqtingiz qolgan bo‘lsa, keyinga rejalashtirilgan ishni qilishga nima deysiz? Shunda asboblarini o‘z vaqtida o‘tkirlab turadigan dono ishchi kabi yo‘l tutib, ishingizning samaradorligini oshirasiz.

Hayotingizni soddalashtiring. Nuqul vaqtingizni olayotgan muhim bo‘lmagan narsalarga «yo‘q» deyishni o‘rganing. Haddan tashqari ko‘p ish va uchrashuvlar belgilash odamni stressga tushirib, quvonchdan mahrum qilishi mumkin.

2- maslahat. Vaqtni o‘g‘irlaydigan ishlardan qoching

Keyinga qoldirish va ikkilanish. «Shamolga qaragan urug‘ ekmaydi, bulutlarga qaragan esa hosilni yig‘ib olmaydi». (Voiz 11:4) Bundan qanday xulosa chiqarish mumkin? Keyinga qoldirish odati vaqtni o‘g‘irlab, ishning samaradorligini tushiradi. Mukammal ob-havoni kutgan dehqon hech qachon urug‘ ham ekmaydi, hosil ham yig‘a olmaydi. Hayot noaniqliklarga to‘la va bu bizni ikkilantirib qo‘yishi hech gap emas. Yoki barcha zarur ma’lumotlarni yig‘ib olmaguncha qaror chiqarishni keyinga qoldirishimiz mumkin. Muhim qarorlarni chiqarishdan oldin obdan o‘ylash kerakligi shubhasiz. Hikmatlar 14:15 da aytilganidek, «zakovatli esa har bir qadamini o‘ylab bosadi». Ammo ko‘p qarorlar chiqarganimizda, ular qanday natija keltirishini oldindan bilmasligimiz mumkin. (Voiz 11:6)

Maksimalizm. Yoqub 3:17 da shunday deyilgan: «Yuqoridan tushgan donolik... mulohazali». Ishni a’lo darajada bajarishga intilish maqtovga loyiq! Biroq, haddan tashqari talabchan bo‘lish muvaffaqiyatsizlikka va hatto ko‘ngil qolishiga olib kelishi mumkin. Masalan, o‘zga tilni o‘rganayotgan inson xatolar qilib turishini tan olishi kerak, chunki xatolar orqali u o‘rgana oladi. Maksimalist bo‘lgan inson biror narsani noto‘g‘ri aytib qo‘yishdan qo‘rqadi. Ammo bunday munosabat muvaffaqiyatga erishishga xalaqit beradi. Ha, inson o‘ziga nisbatan kamtar bo‘lsa qanday yaxshi! Hikmatlar 11:2 da: «Kamtarlarga esa donolik xosdir»,— deyilgan. Axir kamtar inson o‘ziga haddan ortiq jiddiy qaramaydi va hatto o‘z ustidan kulishi mumkin.

«Aslini olganda biz pul bilan emas, vaqt bilan to‘layapmiz» («What to Do Between Birth and Death»)

3- maslahat. Muvozanatli va realist bo‘ling

Ish va dam olishga nisbatan muvozanatli bo‘ling. «Ikki hovuch zahmat va shamol ortidan quvishdan ko‘ra, bir hovuch orom yaxshiroqdir». (Voiz 4:6) Ishga mukkasidan ketadigan insonlar ko‘pincha o‘zlarini «ikki hovuch zahmat»ning samarasidan mahrum etishadi. Ularda bu uchun kuch ham, vaqt ham qolmaydi. Ishyoqmaslar esa «ikki hovuch» orom olaman deb, qimmatbaho vaqtlarini bekorga sarflashadi. Muqaddas Kitob bizni muvozanatli bo‘lishga — tirishib mehnat qilishga va mehnatimizning samarasidan quvonch topishga undaydi. Axir bunday quvonch «Xudoning in’omidir». (Voiz 5:19)

Uyquni qurbon qilmang. «Men yotaman-da, tinchgina uxlayman»,— deydi sano bastakori. (Zabur 4:8) Voyaga yetgan insonlarning ko‘pi jismoniy, hissiy va aqliy kuchlarini tiklab olishi uchun kuniga sakkiz soat uxlasa yetarli. Uyquni tejash maqsadga muvofiq emas, chunki u xotirani yaxshilab, diqqatni jamlashga yordam beradi va aqliy faoliyati rag‘batlantiradi. Uyqu tanqisligi esa, aksincha, aqliy faoliyatni sekinlashtiradi, bu esa asabiylashishga, xatolar qilishga va baxtsiz hodisalarga sabab bo‘ladi.

Erisha oladigan maqsadlar qo‘ying. «Xomxayol bo‘lgandan ko‘ra, ko‘z oldida turgan narsalardan quvongan yaxshiroq». (Voiz 6:9) Bu nima degani? Aql-idrokli inson ayniqsa ushalmaydigan yoki erishib bo‘lmaydigan orzu-havaslarga berilmaydi. Shu sababli u reklamaga aldanib, oson yo‘l bilan kredit olishga uchmaydi. U erisha olmaydigan maqsadlarga intilmaydi, aksincha «ko‘z oldida turgan narsalar» bilan qanoat qiladi.

4- maslahat. Haqiqiy qadriyatlar sari intiling

Qadriyatlaringiz ustida mulohaza qilib ko‘ring. Haqiqiy qadriyatlar nima yaxshi, muhim va foydali ekanini aniqlashga yordam beradi. Agar hayotni o‘q bilan solishtirsak, qadriyatlaringiz unga yo‘nalish berib turadi. Shunday ekan, haqiqiy qadriyatlar hayotda muhimroq bo‘lgan narsalarni birinchi o‘ringa qo‘yishga va kundan-kunga, har soatda vaqtdan unumli foydalanishga yordam beradi. Bunday qadriyatlarni qayerdan topish mumkin? Ko‘p odamlar Muqaddas Kitobni cheksiz donolik manbai deb hisoblab, unga murojaat qiladi. (Hikmatlar 2:6, 7)

Sevgi hayotingizda muhim ahamiyat kasb etsin. Kolosaliklarga 3:14 da aytilishicha, sevgi «insonlarni yetuk darajada birlashtiradi». Ayniqsa oilada sevgi bo‘lmasa biz chinakamiga baxtiyor bo‘la olmaymiz. Bu omilga beparvo bo‘lib, boyib ketishga yoki amal pillapoyasidan ko‘tarilishga ruju qo‘ygan insonlar oqibatda baxt va quvonchdan mahrum bo‘lishmoqda. Ha, Muqaddas Kitobda sevgiga katta ahamiyat berilgani va yuz martalab tilga olingani bejiz emas. (1 Korinfliklarga 13:1–3; 1 Yuhanno 4:8)

Ma’naviy narsalarga vaqt ajrating. Jeff ismli kishining yaxshi oilasi — sevuvchi rafiqasi va ikkita farzandi bor edi. Bundan tashqari, uning sodiq do‘stlari va qoniqarli ishi bor edi — u feldsher bo‘lib ishlardi. Ammo ish yuzasidan Jeff tez-tez o‘lim va azob-uqubatlarni ko‘rardi. «Nahotki hayotning bori shu bo‘lsa?» deb o‘ylardi u. Bir kuni Jeff Yahovaning Shohidlari tomonidan nashr etilgan, Muqaddas Kitobga asoslangan adabiyotni o‘qib, savollariga qoniqarli javob topdi.

Jeff bilib olganlarini rafiqasi va farzandlariga so‘zlab berganida, ular ham qiziqish ko‘rsatishdi. Shunday qilib, uning oila a’zolari Muqaddas Kitobni tadqiq qila boshladi va hayotlari mazmunga ega bo‘lib, vaqtdan unumli foydalanishni o‘rganishdi. Muqaddas Kitobni tadqiq qilish tufayli ular behuda hayotdan va azob-uqubatlardan xoli dunyoda abadiy yashash kabi ajoyib umidga ega bo‘lishdi. (Vahiy 21:3, 4)

Jeffning misoli Iso Masihning: «Ma’naviy narsalarga chanqoq bo‘lganlar baxtlidir»,— degan so‘zlarini eslatadi. (Matto 5:3). Siz ham ma’naviy narsalarga vaqt ajratishga tayyormisiz? Faqat shu yo‘l bilangina hayotingizning bir kunini ham bekorga sarflamaslikka ko‘maklasha oladigan donolikka ega bo‘lasiz.