Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Kelajak to‘g‘risidagi haqiqat

Kelajak to‘g‘risidagi haqiqat

Kelajakda bizni nima kutyapti deb hech qiziqqanmisiz? Muqaddas Kitobdan bizni oldinda olamshumul voqealar kutayotgani va bu butun dunyodagi insonlarning kelajagiga ta’sir qilishini bilib olsak bo‘ladi.

Iso «Xudoning Shohligi yaqin ekanini» qaysi belgilardan bilishimiz mumkinligini tushuntirib bergan. (Luqo 21:31) U boshqa voqealar bilan bir qatorda keng miqyosdagi urushlar, kuchli zilzilalar, oziq-ovqat yetishmovchiligi hamda o‘latlar bo‘lishi haqida bashorat qilgan. Bugun biz bu voqealarning guvohi bo‘lyapmiz. (Luqo 21:10–17)

Muqaddas Kitobdan ko‘rinyaptiki, insoniyat hukmronligining «oxirgi kunlari» kelganini odamlarning xulq-atvoridan, aniqrog‘i, yomon xulq-atvoridan bilsa bo‘ladi. Bu haqida 2 Timo‘tiyga 3:1–5 oyatlardan o‘qisangiz bo‘ladi a. Hozir bunday munosabat va xulq-atvorni kuzatar ekansiz, shubhasizki, Muqaddas Kitobdagi bashoratlar bizning kunda amalga oshayotganiga qo‘shilasiz.

Bu nimani anglatadi? Yaqinda Xudo Shohligining hukmronligi ostida butun yer yuzida keskin o‘zgarishlar yuz berib, hayotimiz yaxshilanadi. (Luqo 21:36) Muqaddas Kitobda Xudoning yer va unda yashaydigan insonlar uchun ezgu niyati borligi haqida yozilgan. Quyida bir nechta misollar keltirilgan.

YAXSHI BOSHQARUV

«[Isoga] barcha xalqlar, millatlar va turli tilda gapiradiganlar xizmat qilishi uchun, unga hukmdorlik, shon-sharaf hamda saltanat berildi. Uning hukmdorligi abadiy bo‘lib, unga aslo chek qo‘yilmaydi, shohligi yo‘q qilinmaydi». (DONIYOR 7:14)

Bu nimani anglatadi? Siz Xudo tomonidan o‘rnatilgan umumjahon oliy hukumat boshqaruvi ostida baxtli yashay olasiz. Bu hukumatning Shohi sifati Xudo O‘z O‘g‘lini tayinlagan.

YAXSHI SOG‘LIQ

«Hech kim: “Men kasalman”,— demaydi». (ISHAYO 33:24)

Bu nimani anglatadi? Hech qachon kasal va zaif bo‘lmaysiz, o‘lim nimaligini bilmay yashaysiz.

DUNYO BO‘YLAB TINCHLIK

«U yer yuzi bo‘ylab janglarga barham beradi». (ZABUR 46:9)

Bu nimani anglatadi? Urush va u keltirayotgan barcha azob-uqubatlarga chek qo‘yiladi.

YER YUZI BO‘YLAB YAXSHI INSONLAR YASHAYDI

«Yana bir ozdan so‘ng yovuzlar yo‘q bo‘ladi... Kamtar kishilar esa yer yuziga egalik qiladi». (ZABUR 37:10, 11)

Bu nimani anglatadi? Yovuzlar boshqa bo‘lmaydi, odamlar Xudoga jon-jahdi bilan itoat etishga intiladi.

BUTUN YER YUZI JANNATGA AYLANADI

«Ular uylar qurib, bu uylarda yashaydi, uzumzorlar barpo etib, hosilidan yeydi». (ISHAYO 65:21, 22)

Bu nimani anglatadi? Butun yer yuzi go‘zal bog‘ga aylanadi. Xudo «yerda ham» Uning irodasi bajo bo‘lsin degan ibodatlarimizni amalga oshiradi. (Matto 6:10)

a Muqaddas Kitobni www.pr418.com saytimizda onlayn o‘qishingiz mumkin.