Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Xudo va Iso Masih to‘g‘risida haqiqat

Xudo va Iso Masih to‘g‘risida haqiqat

Odamlar ko‘plab xudolarga sig‘inishsa-da, faqatgina bitta haq Xudo bor. (Yuhanno 17:3) U «Xudoyi Taolo», butun borliqning Yaratuvchisi va hayot Manbaidir. Tanho U topinishimizga loyiq. (Doniyor 7:18; Vahiy 4:11)

Xudo aslida qanaqa?

CHAMASI 7 000 MARTA Xudoning ismi asl matnda uchraydi

YAHOVA Xudoning ismi

RABB, XUDO, OTA Yahovaning ayrim unvonlari

Xudoning ismi bormi? Uning O‘zi shunday deb aytgan: «Men Yahovaman. Bu — Mening ismim». (Ishayo 42:8) Xudoning shaxsiy ismi Muqaddas Kitobda taxminan 7 000 marta uchraydi. Biroq Muqaddas Kitobning ko‘plab tarjimonlari noo‘rin tarzda bu ismni «Rabb» kabi unvonlar bilan almashtirib qo‘yishgan. Alloh siz Uning do‘sti bo‘lishingizni istaydi. Shu bois sizni «Uning ismini aytib chaqirishga» undayapti. (Zabur 105:1)

Yahovaning unvonlari. Muqaddas Kitobda Yahovaning «Xudo», «Qodir Tangri», «Yaratuvchi», «Ota», «Rabb» va «Oliy Hukmdor» kabi unvonlari uchraydi. Muqaddas Kitobda insonlar Yahovaga ibodat qilayotib, ham Uning unvonlari, ham shaxsiy ismini tilga olishgani haqida ko‘pgina misollar bor. (Doniyor 9:4)

Xudoning qiyofasi. Xudo ko‘zga ko‘rinmas ruhiy Shaxsdir. (Yuhanno 4:24) Muqaddas Kitobda: «Hech kim hech qachon Xudoni ko‘rmagan»,— deb ta’kidlangan. (Yuhanno 1:18) Muqaddas Kitobda Uning his-tuyg‘ulari haqida ham yozilgan. Odamlar Uni xafa qilishi yoki qalbini quvontirishi mumkin. (Hikmatlar 27:11; Zabur 78:40, 41)

Xudoning ajoyib fazilatlari. Alloh millati va kelib chiqishi turlicha bo‘lgan odamlarga yuzxotirchilik qilmaydi. (Havoriylar 10:34, 35) U «shafqatli va rahmdil, sabr-toqatli, mehr-sadoqat va haqiqatga boy Xudo». (Chiqish 34:6, 7) Ammo Xudoning to‘rtta fazilati ayniqsa diqqatimizga sazovor.

Kuch. U «Qodir Tangri» bo‘lgani bois, bergan barcha va’dalarini bajarish uchun cheksiz qudratga ega. (Ibtido 17:1)

Donolik. Xudoning donoligi barcha insonlarning donoligidan ustun turadi. Aynan shu ma’noda Muqaddas Kitobda U haqida: «Donolikka ega bo‘lgan yagona Alloh»,— deb aytilgan. (Rimliklarga 16:27)

Adolat. Xudo doim to‘g‘ri yo‘l tutadi. Uning ishlari «mukammal» va U «aslo nohaqlik qilmaydi». (Qonunlar 32:4)

Sevgi. Muqaddas Kitobda: «Allohning O‘zi sevgidir»,— deyilgan. (1 Yuhanno 4:8) U nafaqat sevgini namoyon etadi, balki sevgining timsolidir. Uning oliy sevgisi barcha ishlariga ta’sir qiladi va bizga ko‘p jihatdan foyda keltiradi.

Xudoning insonlar bilan do‘stligi. Xudo bizni sevadigan samoviy Otamizdir. (Matto 6:9) Agar Unga ishonsak, Uning do‘sti bo‘la olamiz. (Zabur 25:14) Ha, U sizni ibodatlar orqali Unga yaqinlashishga va «barcha g‘am-tashvishlaringizni Unga tashlashga» taklif qilyapti, chunki U sizga g‘amxo‘rlik qiladi. (1 Butrus 5:7; Yoqub 4:8)

Xudo bilan Iso Masih o‘rtasida qanday farq bor?

Iso Xudo emas. Isoni Xudo yaratgan. U Xudoga teng degan fikrni aqlga sig‘dirib bo‘lmaydi. Biroq Iso o‘zgacha, chunki u Xudoning O‘zi yaratgan yagona shaxs. Shuning uchun Muqaddas Kitobda Iso «Xudoning O‘g‘li» deb atalgan. (Yuhanno 20:31) a Isoni yaratgach, Yahova butun borliqni va tirik mavjudotni yaratishda undan «mohir ishchi» sifatida foydalangan. (Hikmatlar 8:30, 31; Kolosaliklarga 1:15, 16)

Iso Masih hech qachon Xudo bo‘lishga da’vo qilmagan. Aksincha, uning o‘zi «Xudoning vakili sifatida kelganini» aytgan. (Yuhanno 16:27) Shogirdlaridan biri bilan suhbatlashayotib, u Yahovani «o‘z Otam va sizlarning Otangiz, mening Tangrim va sizlarning Tangringiz» deb atagan. (Yuhanno 20:17) Iso o‘lgach, Yahova uni samoviy hayotga tiriltirgan va O‘zining o‘ng tomoniga o‘tqazib, unga ulkan hokimiyat bergan. (Matto 28:18; Havoriylar 2:32, 33)

Iso Masih Xudoga yaqinlashishingizga yordam beradi

Iso bizga Otasi haqida ta’lim berish uchun yer yuziga kelgan. Yahovaning O‘zi Iso haqida: «Bu Mening sevikli O‘g‘limdir. Unga quloq solinglar»,— deb aytgan. (Mark 9:7) Iso Xudoni hammadan ham yaxshiroq biladi. U quyidagilarni aytgan: «Otani O‘g‘ildan va O‘g‘il kimga ochib berishni xohlasa, o‘sha kishidan bo‘lak hech kim bilmaydi». (Luqo 10:22)

Iso Xudoning fazilatlarini mukammal tarzda aks ettirgan. Iso Otasining fazilatlariga shunchalik aniq taqlid qilganki: «Meni ko‘rgan, Otamni ham ko‘rgan bo‘ladi»,— deb ayta olgan. (Yuhanno 14:9) Iso so‘zlari-yu ishlarida Otasining sevgisini aks ettirib, odamlarni Unga jalb qilgan. U quyidagicha degan: «Men yo‘l, haqiqat va hayotdirman. Mensiz hech kim Otamning oldiga kela olmaydi». (Yuhanno 14:6) Iso yana shularni ham aytgan: «Haqiqiy topinuvchilar Otaga ruh va haqiqat bilan topinishadi va bunday payt keldi ham. Aynan shunday topinuvchilarni Ota O‘ziga izlaydi». (Yuhanno 4:23) Bir tasavvur qiling, Yahova U haqida haqiqatni bilishni istaydigan siz kabi insonlarni izlayapti!

a Ko‘proq ma’lumot olish uchun jw.org saytiga kirib, MUQADDAS KITOB TA’LIMOTLARI > MUQADDAS KITOBGA ASOSLANGAN JAVOBLAR sarlavhasi ostidagi «Nega Iso Xudoning O‘g‘li deb ataladi?» nomli maqolaga qarang.