Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Nega nafrat shunchalik ko‘p?

Nega nafrat shunchalik ko‘p?

Nima uchun dunyo nafratga to‘lib ketgan? Buning sababini bilishni istasak, nafrat nima ekanini, nega odamlarda nafrat paydo bo‘lishini va u qanday tarqalishini tushunishimiz kerak.

Nafrat bu nima?

Biron-bir shaxs yoki shaxslarga nisbatan kuchli dushmanlik va jirkanish tuyg‘usi. Bu kimdandir vaqtinchalik g‘azablanishdan ko‘ra ko‘proq narsani o‘z ichiga oladi.

NEGA ODAMLARDA NAFRAT PAYDO BO‘LADI?

Buning sababi turlicha bo‘lishi mumkin. Odamlar odatda boshqalardan ularning ishlari tufayli emas, balki muayyan guruhga mansub bo‘lgani uchun nafratlanishadi. Ularning fikricha, o‘sha guruhdagi hamma insonlar yomon, xavfli, yaxshi tomonga o‘zgarmaydi, hech narsaga arzimaydi va muammolar keltirib chiqaradi. O‘zgalardan nafratlanadigan kishilar adolatsizlikka, zo‘ravonlikka yoki qalbida dushmanlik tuyg‘usi ildiz otishiga olib kelgan boshqa vaziyatlarga uchragan bo‘lishi mumkin.

NAFRAT QANDAY TARQALADI?

Odam o‘zi shaxsan suhbatlashmagan kishilardan ham nafratlanishi mumkin. Misol uchun, kishi o‘ziga yaqin tutgan va hurmat qilgan insonlarning noxolis fikrlarini o‘zlashtirishga moyil. Nafrat bilan ham xuddi shunday. Kimdir boshqalardan nafratlansa, uning yaqinlari ham o‘sha odamlardan nafratlanishi hech gap emas.

Nafrat qanchalik tez tarqalishini tushunsak, nega shuncha ko‘p odamlar bir-biridan nafratlanishini anglay olamiz. Lekin biz yashayotgan dunyoni o‘rab turgan nafrat zanjirini uzish uchun nafrat qanday paydo bo‘lganini bilib olishimiz kerak. Bu haqda Muqaddas Kitobda aytilgan.

MUQADDAS KITOBDA NAFRAT QANDAY PAYDO BO‘LGANI OCHIB BERILGAN

ILK NAFRAT INSONLARDAN BOSHLANMAGAN. Bu illat Shayton Iblis deb atalgan farishta Xudoga qarshi isyon ko‘targanida paydo bo‘lgan. Iblis «boshidanoq qotil edi». «U yolg‘onchi va yolg‘onning otasi» bo‘lgani uchun nafrat va zo‘ravonlikni haligacha olg‘a surib kelmoqda. (Yuhanno 8:44; 1 Yuhanno 3:11, 12) Muqaddas Kitobda Shayton yovuz, darg‘azab va zo‘ravon shaxs sifatida ta’riflangan. (Ayub 2:7; Vahiy 12:9, 12, 17)

NOMUKAMMAL INSONLAR NAFRATLANISHGA MOYIL. Ilk inson Odamato Shaytonga ergashib gunoh qildi. Natijada barcha odamlarga gunoh va nomukammallik meros bo‘lib o‘tdi. (Rimliklarga 5:12) Odamatoning birinchi o‘g‘li Qobil ukasi Hobildan nafratlangani uchun uni o‘ldirdi. (1 Yuhanno 3:12) Ko‘pchilik sevgi va hamdardlikni ko‘rsatadi. Lekin meros bo‘lib o‘tgan gunoh tufayli aksariyat odamlar nafratni keltirib chiqaradigan xudbinlik, hasad va mag‘rurlik kabi illatlarni namoyon etishga moyil. (2 Timo‘tiyga 3:1–5)

O‘ZIDAN FARQ QILADIGANLARNI YOQTIRMAYDIGAN KISHI NAFRATGA OSONROQ BERILISHI MUMKIN. Biz yashayotgan dunyo nafrat bilan to‘lib-toshgan. Sababi odamlar shafqatsizlik hamda salbiy munosabat-u yomon xulq-atvorni olg‘a surishyapti. «Butun dunyo... Shaytonning hukmida» bo‘lgani uchun, o‘zidan farq qiladigan odamlarga nisbatan chidamsizlik, yuzxotirchilik, haqorat qilish, bezorilik va buzg‘unchilik avj olmoqda. (1 Yuhanno 5:19)

Biroq Muqaddas Kitobda nafaqat nafrat qanday paydo bo‘lgani, balki uni qanday bartaraf etish mumkinligi haqida ham yozilgan.