NAFRAT ZANJIRINI QANDAY UZISH MUMKIN?
3 | Nafratni ongingizdan sug‘urib tashlang
Muqaddas Kitob ta’limoti:
«Tangrining yaxshi, maqbul, komil irodasi nimada ekanini aniqlash uchun ongingizni yangilab, o‘zingizni o‘zgartiringlar». (RIMLIKLARGA 12:2)
Bu nimani anglatadi?
O‘y-fikrlarimiz Xudo uchun muhim ahamiyatga ega. (Yeremiyo 17:10) Nafrat bilan aytiladigan so‘zlar va qilinadigan ishlardan qochishning o‘zi yetarli emas. Nafrat zanjirining ilk halqalari insonning ongi-yu qalbida paydo bo‘ladi. Shu bois zarracha bo‘lsa ham nafratni uyg‘otadigan narsalar haqida o‘ylashni darhol to‘xtatishimiz kerak. O‘shandagina biz o‘zimizni chinakamiga «o‘zgartirib», nafrat zanjirini uza olamiz.
Nima qilishingiz mumkin?
O‘zgalar, ayniqsa, boshqa irq yoki millatdan bo‘lgan insonlar haqida qanday fikrda ekaningizni va ularga nisbatan nimalarni his qilayotganingizni xolisona tekshiring. O‘zingizdan shunday so‘rang: «Ular to‘g‘risida qanday fikrdaman? Nuqtai nazarim men ular haqida shaxsan bilgan ma’lumotlarga asoslanganmi yoki yuzxotirchilikkami?» Shuningdek, nafrat va zo‘ravonlikni olg‘a suruvchi ijtimoiy tarmoqlar, filmlar yoki o‘yin-kulgilardan qoching.
Allohning Kalomi qalbimiz-u ongimizdagi nafratni sug‘urib tashlashga yordam bera oladi
Fikrlarimiz va his-tuyg‘ularimizga to‘g‘ri baho berish doim ham oson emas. Lekin Allohning Kalomi bizga «yurakdagi niyat-u fikrlarni aniqlashga» yordam berishi mumkin. (Ibroniylarga 4:12) Shuning uchun Muqaddas Kitobni o‘rganishda davom eting. U yerdagi ta’limotlarni o‘z fikrlaringiz bilan solishtiring va Xudoning nazarida ma’qul bo‘lgan fikrlash tarzini o‘zlashtirishga jon kuydiring. Allohning Kalomi qalbimiz-u ongimizda «mustahkam» o‘rnashib olgan nafratni sug‘urib tashlashga yordam bera oladi. (2 Korinfliklarga 10:4, 5)