Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Hozirdan Xudoning Shohligini qo‘llab-quvvatlang!

Hozirdan Xudoning Shohligini qo‘llab-quvvatlang!

Tasavvur qiling, siz yashayotgan hududda kuchli zilzila bo‘lishi kutilmoqda. Davlat xodimlari bu haqda shoshilinch ravishda ogohlantirib: «HOZIROQ TASHQARIGA CHIQINGLAR! XAVFSIZ JOYGA QOCHINGLAR!» — deya e’lon qilishmoqda. Shunda qanday yo‘l tutgan bo‘lardingiz? Albattaki, bexatar joyga qochardingiz.

Bugungi kunda barchamiz Iso «buyuk musibat» deb atagan majoziy kuchli zilzila arafasida yashayapmiz. (Matto 24:21) To‘g‘ri, bu musibatdan shunchaki qochib qutula olmaymiz. Ammo o‘zimizni himoyalash uchun muayyan harakatlar qila olamiz. Qiziq, qanday harakatlar?

Iso alayhissalom Tog‘dagi va’zida shunday maslahat bergandi: «Xudoning Shohligi va Uning adolati hayotingizda hamisha birinchi o‘rinda bo‘lsin». (Matto 6:33) Xo‘sh, bunga qanday amal qilsak bo‘ladi?

Xudoning Shohligi hayotingizda birinchi o‘rinda bo‘lsin. Bu so‘zlar Xudoning Shohligi hayotimizda eng muhim o‘rinda turishi kerakligini anglatadi. (Matto 6:25, 32, 33) Nega bu Shohlikka nisbatan shunday munosabatda bo‘lishimiz darkor? Sababi insonlar odamzodning muammolarini hal qilishga qodir emas. Faqatgina Xudoning Shohligi ushbu murakkab ishni amalga oshira oladi.

Xudoning adolati hayotingizda birinchi o‘rinda bo‘lsin. Allohning adolatli qonunlari va prinsiplari bo‘yicha yashash uchun jon kuydirishimiz kerak. Nega? Chunki nima to‘g‘ri-yu nima noto‘g‘ri ekani borasida o‘zboshimcha qaror chiqarsak, bu ayanchli oqibatlarga olib keladi. (Hikmatlar 16:25) Agar Xudoning me’yorlariga muvofiq yashasak, nafaqat Allohni mamnun qilamiz, balki o‘zimiz ham baxtliroq hayot kechiramiz. (Ishayo 48:17, 18)

Xudoning Shohligi va Uning adolati hayotingizda hamisha birinchi o‘rinda bo‘lsin. Iso payg‘ambar ogohlantirganidek, ayrimlar «qancha ko‘p pul topsam, shuncha xavfsiz yashayman», deb o‘ylagani uchun chalg‘ib qolishi mumkin. Boshqalar esa hayot tashvishlariga ko‘milib ketganidan Alloh Shohligini birinchi o‘ringa qo‘yishga vaqt topa olishmaydi. (Matto 6:19–21, 25–32)

Lekin Hazrati Iso Xudoning Shohligini qo‘llab-quvvatlayotgan insonlar hozirgi paytda muhtoj bo‘lgan narsalarga, kelajakda esa bitmas-tuganmas barakalarga ega bo‘lishlarini va’da beryapti. (Matto 6:33)

Garchi Iso alayhissalomning shogirdlari Xudoning Shohligi va Uning adolati hayotlarida hamisha birinchi o‘rinda turishiga intilgan bo‘lishsa ham, ular yashagan paytda barcha og‘riq va azob-uqubatlar bartaraf qilinganini ko‘rishmagan. Ammo ular himoya ostida bo‘lishgan. Qanaqasiga?

Ular Xudoning adolatli me’yorlari bo‘yicha yashashgan va bu ularni Xudoning aytganlarini mensimaydigan insonlar duch keladigan qiyinchiliklardan himoya qilgan. Ularning Shohlik kelishiga bo‘lgan kuchli ishonchi hatto eng shiddatli muammolar qarshisida ham bardoshli bo‘lib qolishlariga yordam bergan. Muammolarni yenga olishlari uchun Xudo ularga «insonlarnikidan ustun turgan kuch»ni bergan. (2 Korinfliklarga 4:7–9)

XUDONING SHOHLIGINI BIRINCHI O‘RINGA QO‘YA OLASIZMI?

Birinchi asrda yashagan xudojo‘y kishilar Xudoning Shohligi hayotlarida birinchi o‘rinda bo‘lishi kerakligi haqidagi Iso payg‘ambarning amriga bo‘ysunishgan. Ular Shohlik to‘g‘risidagi xushxabarni o‘sha paytdagi dunyo bo‘ylab va’z qilishgan. (Kolosaliklarga 1:23) Bugungi kunda-chi, bu ishni kimdir bajaryaptimi?

Ha, Yahovaning Shohidlari. Ular Xudoning Shohligi bu dunyoga chek qo‘yadigan paytga vaqt oz qolganini tushunishyapti. Shu sababli ular Iso alayhissalomning: «Shohlik haqidagi xushxabar hamma xalqlarga shahodat berilishi uchun butun dunyo bo‘ylab va’z qilinadi. Ana o‘shandagina oxirat bo‘ladi»,— degan so‘zlariga muvofiq yashash uchun jon kuydirishyapti. (Matto 24:14)

Xudoning Shohligi haqidagi xushxabarga qanday munosabat ko‘rsatasiz? Sizni birinchi asrda Makedoniyaning Veriya shahrida yashagan kishilarning misoliga taqlid qilishga undab qolamiz. Ular Xudoning xizmatchisi Pavlusdan Shohlik haqidagi xushxabarni eshitishganida, uni «katta ishtiyoq bilan qabul qilishgan». So‘ngra eshitganlari to‘g‘ri ekaniga amin bo‘lish uchun «Muqaddas Yozuvlarni... sinchkovlik bilan o‘rganishgan» va bilib olganlariga yarasha yo‘l tutishgan. (Havoriylar 17:11, 12)

Siz ham ularga taqlid qilsangiz bo‘ladi. Xudoning Shohligini va Uning adolatini hayotingizda birinchi o‘ringa qo‘ysangiz, hozirning o‘zida panoh va himoyaga, kelajakda esa abadiy tinchlik va xavfsizlikka ega bo‘lasiz.