Yangi dunyo yaqindir!
Alloh yerni odil insonlar unda abadiy yashashi uchun yaratgan. (Zabur 37:29) Xudo ilk juftlikni, ya’ni Odamato va Momohavoni go‘zal Adan bog‘iga joylashtirgan hamda ularga va avlodlariga yerga ishlov berib, parvarish qilish vazifasini topshirgan. (Ibtido 1:28; 2:15)
Bugungi dunyo Xudo niyat qilgan jannatdan keskin farq qiladi. Biroq Alloh O‘z niyatini o‘zgartirmagan. Unda qay yo‘sin Xudo yer yuzini jannatga aylantiradi? Oldingi maqolalar shuni ko‘rsatdiki, Tangri yerni yo‘q qilmaydi, aksincha, sadoqatli insonlar unda yashashiga imkon beradi. Xudo O‘z va’dalarini bajarganida, yer yuzida sharoitlar qanday bo‘ladi?
Umumjahon hukumat
Yaqinda Xudoning yangi samoviy hukumati butun insoniyat ustidan boshqarganda, yer yuzi yaxshi va mamnuniyat bag‘ishlaydigan ishlar bilan band, ahil hamda baxtiyor insonlar yashaydigan joyga aylanadi. Alloh yer yuzi ustidan boshqarish uchun Iso Masihni tayinlagan. Hozir boshqarayotgan aksariyat hukmdorlardan farqli ravishda, Iso qo‘li ostidagi odamlarning manfaati uchun chin dildan qayg‘uradi. Uning boshqaruvi sevgiga asoslanadi hamda u mehribon, rahmdil va adolatli Shoh bo‘ladi. (Ishayo 11:4)
Xalqaro birlik
Yer yuzidagi yangi jamiyatda millat yoki irq tufayli bo‘linishlar bo‘lmaydi. Insoniyat bitta yakdil xalqqa aylanadi. (Vahiy 7:9, 10) O‘shanda yer yuzida yashovchi barcha insonlar Xudoni hamda yaqinini sevadi. Ular tinchlikda yashab, Allohning ilk niyatiga ko‘ra, uylari bo‘lmish yer yuziga g‘amxo‘rlik qilish ishida hamkorlik qilishadi. (Zabur 115:16)
Tabiat bilan uyg‘unlikda yashash
Xudoning Shohligi yer yuzi ustidan boshqarganda, Alloh iqlimni to‘liq nazorat qiladi va uni bir maromda saqlaydi. (Zabur 24:1, 2) Yer yuzida bo‘lganida Iso Masih bo‘ronni osongina tinchlantirib, Xudo unga bergan qudrat yordamida nimalar qila olishini ko‘rsatgan. (Mark 4:39, 41) Masihning boshqaruvi ostida hech kim tabiiy ofatlardan qo‘rqib yashamaydi. Shuningdek, Xudoning Shohligi tabiat va insonlar orasidagi uyg‘unlikni tiklaydi. (Ho‘sheya 2:18)
Mukammal sog‘liq va mo‘l-ko‘l oziq-ovqat
Barcha odamlar mukammal sog‘liqqa ega bo‘ladi. Hech kim kasal bo‘lmaydi, qarimaydi va o‘lmaydi. (Ishayo 35:5, 6) Odamato bilan Momohavo Adan bog‘ida zavqlanib yashaganidek, insonlar ham chiroyli va toza atrof muhitdan bahramand bo‘lib hayot kechirishadi. Adan bog‘ida bo‘lgani kabi, yangi dunyo kelganida ham yer mo‘l-ko‘l hosil beradi va unda yashovchilarning bari to‘kin-sochin hayot kechiradi. (Ibtido 2:9) Xudoning qadimda yashagan Isroil xalqi singari jannatda har kim to‘ygunicha «non» yeydi. (Levilar 26:4, 5)
Chinakam tinchlik va xavfsizlik
Xudoning umumjahon hukumati ostida barcha insonlar tinchlikda yashab, bir-biriga mehr va adolat ila muomala qilishadi. O‘shanda urushlar hamda o‘z hokimiyatini suiiste’mol qiladigan odamlar bo‘lmaydi va hammaning ehtiyojlari qondiriladi. Muqaddas Kitobda quyidagi va’da yozilgan: «Ularning har biri o‘zining toki va anjir daraxti tagida o‘tiradi. Ularni hech kim dahshatga solmaydi». (Mixo 4:3, 4)
Shinam uy va qoniqarli ish
Har bir oila o‘z uyiga ega bo‘lib, undan ayrilish qo‘rquvi bilan yashamaydi. Bundan tashqari, barchamiz mehnatimizning rohatini ko‘ramiz. Muqaddas Yozuvlarda aytilganidek, yangi dunyoda yashaydiganlar «behudaga mehnat qilmaydi». (Ishayo 65:21–23)
Eng a’lo ta’lim
Muqaddas Kitobda «yer yuzi... Yahova haqidagi bilimga to‘ladi» degan va’da bor. (Ishayo 11:9) Xudoning Shohligi ostida yashaydigan insonlar Yaratuvchisi Yahovaning cheksiz donoligi va Uning go‘zal ijodlari haqida bilim olishadi. Ular bilimidan qurollar yasash yoki boshqa odamlarga zarar keltirish uchun foydalanmaydi. (Ishayo 2:4) Aksincha, ular o‘zaro tinchlikda yashashni va yer yuziga g‘amxo‘rlik qilishni o‘rganishadi. (Zabur 37:11)
Abadiy hayot
Biz har kuni hayotdan zavqlanib yashashimiz uchun, Alloh yer yuzida kerakli barcha sharoitni muhayyo qilgan. U odamlar yer yuzida abadiy yashashini istagan. (Zabur 37:29; Ishayo 45:18) Xudo ilk niyatini amalga oshirish uchun o‘limni «toabad yo‘q qiladi». (Ishayo 25:8) Muqaddas Kitobda «o‘lim, motam, faryod va og‘riq boshqa bo‘lmaydi», deya va’da berilgan. (Vahiy 21:4) Tangri yovuz dunyoni yo‘q qilganida sadoqatli kishilarga najot berib hamda yangi dunyoda son-sanoqsiz odamlarni tiriltirib, ularning barchasiga abadiy yashash imkonini taqdim etadi. (Yuhanno 5:28, 29; Havoriylar 24:15)
Qanday qilib oxiratda omon qolish va yaqinlashib kelayotgan yangi dunyoda yashash mumkinligi haqida ko‘proq bilib oling. Istasangiz, Yahova Shohidlarining biridan siz bilan «Hayotdan toabad zavqlaning» kitobi yordamida Muqaddas Yozuvlar asosida jonli suhbatlar qurishni so’rashingiz mumkin. Bu suhbatlar bepul.