Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Bugungi kunda ham baxtli hayot kechirish mumkin

Bugungi kunda ham baxtli hayot kechirish mumkin

KASALLIKLARNING og‘riqli oqibatlaridan, qarilik va o‘limdan xoli hayotni bir tasavvur qiling! Siz ham shunday ajoyib kelajakka ega bo‘lishingiz mumkin. Biroq hozir hayot ko‘plab muammolar va qiyinchiliklarga to‘la. Shunga qaramay, baxtli hayot kechirishingizga nima yordam beradi? Muqaddas Kitobda baxtli va mamnuniyat baxsh etadigan hayot kechirishga ko‘maklashadigan yo‘l-yo‘riqlar bor. Keling, ayrim qiyinchiliklarni va qay yo‘sin Muqaddas Kitob ularni yengishga yordam berishini ko‘rib chiqaylik.

BORIGA QANOAT QILIB YASHASH

Muqaddas Kitobdagi maslahat: «Pulparastlikdan xoli kun kechiringlar. Boriga shukur qilinglar». (Ibroniylarga 13:5)

Bugungi kunda dunyo bizni son-sanoqsiz narsalarga ega bo‘lishga va turli xizmatlardan foydalanishga undaydi. Biroq Muqaddas Kitobda: «Boriga shukur qilinglar»,— deb aytilgan. Buni qanday qilishimiz mumkin?

«Pulparastlikdan» qoching. Odamlar «pulparastlikni» deb sog‘lig‘i, oilasi, do‘stlari, axloqiy qadriyatlari va hatto o‘z qadrini qurbon qilishyapti. (1 Timo‘tiyga 6:10) Bu ularga juda qimmatga tushyapti! Baribir «boylikni sevgan mol-dunyoga aslo to‘ymaydi». (Voiz 5:10)

Moddiy narsalarni emas, odamlarni qadrlang. To‘g‘ri, moddiy narsalarning hayotimizda o‘z o‘rni bor. Ammo faqat odamlar bizni sevib qadrlashi mumkin, buyumlar emas. «Chin do‘stga» ega bo‘lish hayotdan mamnuniyat topishimizga hissa qo‘shadi. (Hikmatlar 17:17)

MUQADDAS KITOBDAGI YO‘L-YO‘RIQLARGA AMAL QILIB, BUGUNGI KUNDA HAM BAXTLI HAYOT KECHIRISHIMIZ MUMKIN

KASALLIK BILAN KURASHISH

Muqaddas Kitobdagi maslahat: «Shod yurak shifobaxsh malhamdaydir». (Hikmatlar 17:22)

Quvonch «shifobaxsh malham» kabi kasallik bilan kurashishimizga yordam beradi. Ammo kasallikdan azob chekayotgan bo‘lsak, qanday qilib quvonch topishimiz mumkin?

Minnatdor bo‘ling. Agar faqat o‘z muammolarimiz haqida o‘ylasak, kunlarimiz qayg‘uli o‘tadi. (Hikmatlar 15:15) Muqaddas Kitob esa: «Minnatdor ekaningizni ko‘rsatinglar»,— deb undamoqda. (Kolosaliklarga 3:15) Hayotdagi hatto kichik narsalar uchun minnatdor bo‘lishni o‘rganing. Quyoshning botishi, mayin shabada, sevgan insonlarimizning tabassumi — bularning bari hayotimizni boyitadi.

Boshqalar uchun nimadir qiling. Sog‘lig‘imiz uncha yaxshi bo‘lmasa-da, «olishdan ko‘ra berishning baxtiyorligi katta» ekanini his etishimiz mumkin. (Havoriylar 20:35) Boshqalar qilgan harakatlarimiz uchun minnatdorchilik bildirishganida chuqur mamnuniyat his qilishimiz va muammolardan chalg‘ishimiz mumkin. O‘zgalarning hayotini yaxshi tomonga o‘zgartirishga yordam berib, o‘z hayotimizni ham qiziqarliroq qilamiz.

NIKOH RISHTALARINI MUSTAHKAMLASH

Muqaddas Kitobdagi maslahat: «Qaysi narsalar muhimroq ekanini farqlanglar». (Filippiliklarga 1:10)

Birga kam vaqt o‘tkazadigan juftliklar bir-biridan uzoqlashib ketishi hech gap emas. Nikohiga hayotida muhim o‘rinni ajratadigan er-xotinlar esa donolik bilan yo‘l tutgan bo‘lishadi.

Birgalikda nimadir qiling. Shaxsiy qiziqishlaringiz bilan band bo‘lishning o‘rniga, birgalashib nimadir qilishni rejalashtiring. Muqaddas Kitobda: «Yolg‘iz bo‘lgandan ko‘ra ikki kishi bo‘lgan yaxshiroq»,— degan so‘zlar bor. (Voiz 4:9) Sizlar birgalikda taom tayyorlashingiz, sayr qilishingiz, bir piyola choy ustida suhbatlashishingiz yoki boshqa sevimli mashg‘ulotingiz bilan shug‘ullanishingiz mumkin.

Sevgingizni izhor qiling. Muqaddas Kitob er-xotinlarni bir-birini sevib hurmat qilishga undamoqda. (Efesliklarga 5:28, 33) Iliq tabassum, mehr ila quchoqlash yoki kichik sovg‘alar berish nikohingizni yanada mustahkamlaydi. Jinsiy munosabatlar ham er-xotin bir-biriga sevgi izhor qilishining bir yo‘li va bu faqat ularning o‘rtasida bo‘lishi lozim. (Ibroniylarga 13:4)