Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Biz abadiy yashash uchun yaratilganmiz

Biz abadiy yashash uchun yaratilganmiz

KIM ham uzoq va baxtli yashashni istamaydi deysiz?! Sog‘lom va baxtiyor bo‘lib, abadiy hayot kechirsak qanday zo‘r bo‘lardi-ya! O‘shanda yaqin insonlarimiz bilan birga ko‘proq vaqt o‘tkazardik, dunyo kezardik, yangi hunarlarni o‘rganardik, yanada dono bo‘lardik hamda bizni qiziqtirgan barcha narsani chuqur o‘zlashtirardik.

Bunday istak g‘ayritabiiymi? Aslo! Muqaddas Yozuvlardan Xudo bu istakni qalbimizga solib qo‘ygani haqida bilib olamiz. (Voiz 3:11) Shuningdek, unda: «Allohning O‘zi sevgidir»,— deb aytilgan. (1 Yuhanno 4:8) Mehribon Xudoyimiz abadiy yashash istagini qalbimizga solib, keyin uni erishib bo‘lmaydigan qilib qo‘yarmidi?

Shunisi aniqki, o‘lim bizga do‘st emas. Muqaddas Kitobda u ashaddiy «dushman» sifatida tasvirlangan. (1 Korinfliklarga 15:26) Ertami-kechmi bu barchamizning boshimizga tushadi. Ko‘p insonlar o‘lim haqida o‘ylashni istamaydi, hatto qo‘rquvga tushadi. Bu dushman qachondir mag‘lub qilinadimi? Chindan ham buning iloji bormi?

UMID UCHQUNI

Insonlarning o‘lishi hech qachon Xudoning niyatiga kirmaganini bilib, hayron qolsangiz kerak. Muqaddas Yozuvlarning Ibtido kitobida yozilishicha, Xudo odamlarni yer yuzida abadiy yashash uchun yaratgan. Xudovand Yahova * insonlar baxtli yashashi uchun yer yuzida kerakli barcha sharoitni muhayyo qilgan. So‘ngra U birinchi inson Odamatoni yaratgan va uni Jannatga, ya’ni Adan bog‘iga joylashtirgan. Keyin «Xudo O‘zi yaratgan barcha narsaga nazar tashladi va ularning juda yaxshi ekanini ko‘rdi». (Ibtido 1:26, 31)

Xudo Odamatoni mukammal qilib yaratgan. (Qonunlar 32:4) Odamatoning xotini Momohavo ham hech qanday nuqsonsiz, aqlan va jismonan mukammal qilib yaratilgan edi. Yahova ularga shunday degan: «Serfarzand bo‘lib, ko‘payinglar va yer yuzini to‘ldirib, tobe qilinglar. Dengizdagi baliqlar, osmonda uchib yuruvchi qanotli jonivorlar va yer yuzidagi barcha jonzotlar ustidan hokimlik qilinglar». (Ibtido 1:28)

Ular yer yuzini avlodlari bilan to‘ldirishi uchun vaqt talab qilinardi. Xudoning niyatiga ko‘ra, butun yer yuzi insonlar bilan to‘lmaguncha Momohavo farzandlar ko‘rishi, uning farzandlari ham bolalar ko‘rishi kerak edi. (Ishayo 45:18) Odamato bilan Momohavo shunchaki ikkita yoki uchta avlodi tug‘ilishini ko‘rib, ammo Yahovaning niyati qanday natija keltirishini ko‘rmasdan o‘lib ketishi kerak bo‘lsa, Xudo ularga shunday umidni berarmidi?

Hayvonlar ustidan hokimlik qilish vazifasi haqida o‘ylab ko‘ring. Odamato hayvonlarga ism berishi kerak edi, bunga esa vaqt talab qilingan. (Ibtido 2:19) Hayvonlar ustidan hokimlik qilish ularni o‘rganish va ularga qanday g‘amxo‘rlik qilish kerakligini bilishni o‘z ichiga olardi. Bunga ancha ko‘proq vaqt zarur edi.

Demak, Xudo insonlarga yer yuzini to‘ldirish va hayvonlar ustidan hokimlik qilish vazifasini bergani ilk juftlik uzoq vaqt davomida yashash uchun yaratilganini isbotlayapti. Darhaqiqat, Odamato uzoq umr ko‘rgan.

XUDONING NIYATIGA KO‘RA, INSONLAR YER YUZIDA, JANNATDA ABADIY YASHASHLARI LOZIM

ULAR JUDA UZOQ UMR KO‘RGAN

Odamato, 930 yil

Matushaloh, 969 yil

Nuh, 950 yil

Zamonaviy kishi, 70–80 yil

Muqaddas Kitobdan qadimda yashagan insonlar bugungidan ko‘ra ko‘proq yashagani haqida bilib olamiz. Unda shunday deyilgan: «Odam hammasi bo‘lib 930 yil umr ko‘rdi». Bayonotning davomida 900 yildan ortiq yashagan yana oltita kishi tilga olingan. Bu kishilarning ismlari quyidagicha: Shis, Eno‘sh, Xenan, Yored, Matushaloh va Nuh. Ularning hammasi Nuhning davridagi To‘fondan oldin yashagan. Nuh To‘fon kelishidan oldin 600 yil umr ko‘rgan. (Ibtido 5:5–27; 7:6; 9:29) Qanday qilib bu insonlar shuncha uzoq umr kechirishgan?

Ularning barchasi insonlar mukammal bo‘lgan paytga yaqin davrda yashagan. Aftidan ular uzoq umr ko‘rganining asosiy sababi mana shunda. Lekin mukammallikning uzoq umr kechirish bilan qanday bog‘liqligi bor? O‘lim qay yo‘sin mag‘lub qilinadi? Bu savollarga javob topish uchun, avval keksalik va o‘limning sababini bilib olishimiz lozim.

^ 6- x.b. Muqaddas Kitobga binoan, Xudoning ismi Yahova.