Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Dushmanimiz o‘lim qanday mag‘lub qilinadi?

Dushmanimiz o‘lim qanday mag‘lub qilinadi?

GARCHI ilk ota-onamiz Odamato bilan Momohavo Xudoga itoatsizlik qilib, gunoh va o‘limni butun insoniyatga meros qilib qoldirgan bo‘lishsa-da, Xudoning odamzodga nisbatan niyati o‘zgargani yo‘q. Alloh O‘z Kalomi bo‘lmish Muqaddas Kitobda niyatidan voz kechmaganini qayta-qayta ta’kidlab o‘tgan.

  • «Odil kishilar yer yuziga egalik qiladi, ular yerda abadiy yashaydi». (Zabur 37:29)

  • «O‘limni U toabad yo‘q qiladi, Oliy Hukmdor Yahova barchaning ko‘z yoshini artib qo‘yadi». (Ishayo 25:8)

  • «O‘shanda eng oxirgi dushman — o‘lim yo‘q qilinadi». (1 Korinfliklarga 15:26)

  • «O‘lim, motam, faryod va og‘riq boshqa bo‘lmaydi». (Vahiy 21:4)

Qanday qilib Xudo dushmanimiz o‘limni «yo‘q qiladi»? Ahamiyat bersangiz Muqaddas Kitobda: «Odil kishilar... abadiy yashaydi»,— deb aniq aytilgan. Ammo bu kitobda: «Yer yuzida doimo yaxshilik qilib, hech qachon gunoh qilmaydigan insonning o‘zi yo‘qdir»,— deyilgani ham bor. (Voiz 7:20) Bu so‘zlar Xudo o‘limga barham berish uchun O‘z talablariga zid yo‘l tutishini anglatadimi? Aslo! «Yolg‘ondan xoli» bo‘lgani uchun U hech qachon bunday yo‘l tutmaydi. (Titusga 1:2) Unda Xudo insonlarga nisbatan ajoyib niyatini qanday amalga oshiradi?

XUDO O‘LIMNI «TOABAD YO‘Q QILADI». (ISHAYO 25:8)

TO‘LOV ORQALI O‘LIMGA BARHAM BERILADI

Tangri Yahova insoniyatni o‘limdan ozod etish uchun sevgi ila to‘lovni taqdim etdi. Muqaddas Kitobda to‘lov haqida so‘z yuritilganida, bu yetkazilgan zararni to‘liq qoplash uchun to‘lanadigan haqni yoki adolat talablarini qondirishni anglatadi. Butun insoniyat gunohkor bo‘lib, o‘limga mahkum etilgani uchun Muqaddas Kitobda ochiqchasiga shunday deyilgan: «Hech biri hatto birodarini qutqara olmaydi, u uchun Xudoga to‘lov bera olmaydi. (Inson hayoti uchun beriladigan to‘lov bahosi shu qadar qimmatki, uni to‘lash aslo imkonsizdir)». (Zabur 49:7, 8)

Nomukammal inson o‘lganida, faqatgina o‘z gunohlari uchun haq to‘lagan bo‘ladi, lekin nomukammallikdan o‘zini ozod eta olmaydi. Demak, u na birovning gunohi uchun haq to‘lay oladi, na ularni o‘limdan qutqara oladi. (Rimliklarga 6:7) Shuning uchun mukammal hamda gunohdan xoli inson o‘zining emas, balki bizning gunohlarimiz uchun hayotini qurbon qilishiga muhtojmiz. (Ibroniylarga 10:1–4)

Xudo aynan shunday tadbirni uyushtirdi. U O‘z azizi bo‘lmish Isoni yer yuziga yuborib, mukammal hamda gunohsiz inson bo‘lib tug‘ilishiga g‘amxo‘rlik qildi. (1 Butrus 2:22) Isoning o‘zi «ko‘plar uchun jonini to‘lov sifatida berishga» kelgani haqida aytgan edi. (Mark 10:45) U gunohlarimiz uchun to‘lov berish va bizni o‘limdan ozod etish uchun o‘z jonini fido qildi, shu yo‘sin bizga hayot baxsh etdi. (Yuhanno 3:16)

QACHON O‘LIM MAG‘LUB ETILADI?

Bugun biz Muqaddas Kitob bashorati amalga oshayotgan «nihoyatda og‘ir vaqtlar»da, ya’ni oxirzamonda yashayapmiz. (2 Timo‘tiyga 3:1) «Xudosiz insonlarni halok qiladigan hukm» kuni boshlanganida, oxirzamon o‘z avj nuqtasiga yetadi. (2 Butrus 3:3, 7) Ammo Xudoni sevgan insonlar bu halokatdan omon qolib, «mangu hayot» bilan taqdirlanadi. (Matto 25:46)

Iso «ko‘plar uchun jonini to‘lov sifatida bergani kelgan». (Mark 10:45)

Millionlab o‘lgan insonlar tirilganida, ularda abadiy yashash imkoniyati paydo bo‘ladi. Iso Nain shahriga borganida, bir yigitni tiriltirgan edi. Bu yigit beva ayolning yakka-yu yagona o‘g‘li edi. Iso «ayolga rahmi kelganidan» uning o‘g‘lini hayotga qaytargan. (Luqo 7:11–15) Havoriy Pavlus shunday degan: «Men... adolatli va adolatsiz odamlarning tirilishiga ishonib, Xudoga umid bog‘layman». Bunday ajoyib umid Xudoning insoniyatga bo‘lgan o‘zgacha sevgisidan dalolatdir. (Havoriylar 24:15)

Milliardlab insonlar abadiy yashashni intiqib kutishmoqda. Muqaddas Kitobda: «Odil kishilar yer yuziga egalik qiladi, ular yerda abadiy yashaydi»,— deb aytilgan. (Zabur 37:29) O‘shanda har bir kishi havoriy Pavlusning 2 000 yil muqaddam aytgan tasalli beruvchi quyidagi so‘zlarini o‘zida his qiladi: «Ey o‘lim, g‘alabang qayerda? Ey o‘lim, nishing qayerda?» (1 Korinfliklarga 15:55) Insoniyatning ashaddiy dushmani o‘lim butunlay mag‘lubiyatga uchraydi!