Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Uzoq umr kechirishning siri inson genlariga ta’sir o‘tkazishdami?

Uzoq umr sari intilib

Uzoq umr sari intilib

«Xudo inson o‘g‘illariga mashg‘ul bo‘lsin deya bergan ishlarni ko‘rdim. U o‘z vaqtida hamma narsani go‘zal qilib yaratdi. U hatto inson qalbiga abadiylik tuyg‘usini soldi». (Voiz 3:10, 11)

QADIMDA yashagan dono shoh Sulaymonning mazkur so‘zlari insonlarning hayot to‘g‘risidagi tuyg‘ularini aniq tasvirlab bergan. Umr qisqa va o‘limdan qochib qutulishning iloji bo‘lmagani uchun odamlar asrlar davomida uzoqroq yashashga intilib kelishgan. Insonlar uzoq umr ko‘rish sirlarini bilishga uringani haqida tarixda juda ko‘p hikoya va afsonalar bor.

Misol tariqasida shumerlar shohi Gilgameshni olaylik. Uning hayoti haqida ko‘pgina afsonalar aytilgan. Gilgamesh haqidagi epik dostonda yozilishicha, u o‘limdan qochib qutulishning yo‘llarini bilish uchun xavfli safarga chiqqan ekan. Ammo uning bunday urinishlari zoye ketgan ekan.

O‘rta asrda yashagan kimyogar o‘z laboratoriyasida

Mil. avv. IV-asrda xitoylik kimyogarlar hayotni uzaytiruvchi eliksirni yaratmoqchi bo‘lishgan. Ular simob va margimush elementlarini qo‘shib eliksir tayyorlashgan. Lekin bu eliksir bir nechta Xitoy imperatorining hayotiga zomin bo‘lgan. O‘rta asrlarda Yevropada ba’zi kimyogarlar oltinni inson ichib hazm qila oladigan holatga keltirishga urinishgan. Ular oltinning korroziyaga chidamlilik xususiyati inson hayotini uzaytira olishiga ishonishgan.

Bugungi kunda ba’zi biologlar va genetiklar nima sababli inson qarishini bilishga urinishmoqda. Olimlarning bunday harakatlari odamlar hali-hanuz qarimaslik va o‘lmaslik yo‘lini qidirib topishga mushtoq ekanini ko‘rsatmoqda. Lekin bu kabi izlanishlar qanday natija keltirdi?

XUDO «INSON QALBIGA ABADIYLIK TUYG‘USINI SOLDI». (VOIZ 3:10, 11)

QARILIK SABABLARINI QIDIRIB

Inson hujayralarini o‘rganuvchi olimlar nima sababdan biz qarib o‘lishimiz borasida 300 dan oshiq nazariyani olg‘a surishmoqda. Oxirgi yillarda molekulyar biologlar laboratoriya sharoitida genlar va oqsillarga ta’sir o‘tkazish orqali hayvon hamda inson hujayralarida qarish jarayonini sekinlashtirishga muvaffaq bo‘lishdi. Bunday yutuqlar ba’zi badavlat kishilarni o‘limning sababini topish yo‘lidagi izlanishlar uchun mablag‘ ajratishga undamoqda. Xo‘sh, olimlar nimalar qilishdi?

Inson hayotini uzaytirishga intilish. Ba’zi biologlar qarishning asosiy sababi xromosomalarimizning oxirida joylashgan telomerlarga bog‘liq deb o‘ylashadi. Telomerlar hujayralarimiz bo‘linganida ulardagi genetik ma’lumotni himoya qiladi. Ammo har safar hujayralar bo‘linganida telomerlar qisqarib boradi. Vaqt o‘tib hujayralar bo‘linishdan to‘xtaydi va shunda qarish jarayoni boshlanadi.

2009-yilgi Nobel mukofoti laureati Elizabet Blekbyorn va uning hamkasblari telomerlarning qisqarishini va hujayralarning qarishini sekinlashtiruvchi fermentni topishdi. Biroq ular shuni tan olishdiki, telomerlar inson hayotini uzaytira olmaydi.

Hujayralarni qayta dasturlash qarishning yomon oqibatlari bilan kurashishning yana bir usulidir. Hujayralar qarib bo‘linishdan to‘xtaganida, ular yonidagi immun hujayralariga noto‘g‘ri signal yuboradi. Oqibatda bu yallig‘lanish, surunkali og‘riqlar hamda kasalliklarga olib keladi. Yaqinda Fransiyadagi olimlar 100 yoshdan oshgan odamlarning hujayralarini olib, ularni qayta dasturlashga muvaffaq bo‘lishdi. Tadqiq olib borgan guruh rahbari, professor Jan-Mark Lemetrning aytishicha, tadqiqotlar hujayralarning bo‘linishini qayta tiklashning iloji borligini ko‘rsatdi.

ILM-FAN HAYOTIMIZNI UZAYTIRA OLADIMI?

Aksariyat olimlarning aytishicha, qarishga qarshi muolajalar ko‘p bo‘lsa-da, odamlar umr ko‘rish davomiyligini hozirgidan ortiq uzaytira olmaydi. Chindan ham, inson hayotining davomiyligi 19-asrdan beri uzayib bormoqda. Ammo bu holat asosan gigiyena qoidalariga amal qilinishi, yuqumli kasalliklarga qarshi choralar ko‘rilishi, antibiotik hamda vaksinalarning qo‘llanishi tufayli sodir bo‘lmoqda. Ayrim genetiklarning fikricha, odam umrining davomiyligi o‘zining tabiiy chegarasiga yetgan.

Bundan taxminan 3 500 yil oldin Muqaddas Kitob yozuvchisi Muso shunday deb aytgan: «Umrimiz yetmish yil, agar bardamroq bo‘lsak sakson yil ekan. Ammo ular ham g‘am-tashvishga to‘ladir. Kunlarimiz tezda o‘tadi va biz yo‘q bo‘lib ketamiz». (Zabur 90:10) Inson umrini uzaytirishga qancha harakat qilmasin, uning davomiyligi Muso aytganday bo‘lib qolyapti.

Boshqa tomondan ba’zi toshbaqalar 150 yildan ziyod, dengiz qizil tipratikani 200 yildan oshiqroq, ayrim daraxtlar esa, masalan, chinor daraxti 2000 yildan ko‘proq yashaydi. Hayotimiz davomiyligini bunday mavjudotlar bilan solishtirganda bizda: «Umrimiz 70 yoki 80 yil, xolosmi?» — degan savol tug‘ilishi tabiiy.