Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

«Zamin o‘z hosilini beradi, Xudo, bizning Xudoyimiz bizni barakali qiladi». (ZABUR 67:6)

Parvardigorimizning barakalaridan mangu bahramand bo‘ling

Parvardigorimizning barakalaridan mangu bahramand bo‘ling

Alloh Taolo Ibrohim payg‘ambarga uning avlodidan kelib chiqadigan bir kishi «yer yuzidagi barcha xalqlarga» barakalar olib kelishini va’da qilgandi. (Ibtido 22:18) Xo‘sh, va’da qilingan zot kim bo‘lib chiqdi?

Qariyb 2 000 yil avval Xudo Ibrohim payg‘ambarning avlodidan bo‘lgan Hazrati Isoga buyuk mo‘jizalar yaratish qudratini bergandi. Ushbu mo‘jizalardan Ibrohim payg‘ambarga xalqlar baraka topishi haqida berilgan va’da Iso alayhissalom orqali amalga oshishi ayon bo‘lgandi. (Galatiyaliklarga 3:14)

Iso payg‘ambar ko‘rsatgan mo‘jizalardan Xudo odamzodga barakalar yog‘dirish uchun aynan Isoni tanlagani va qay yo‘sin u orqali insoniyatga abadiy barakalar berishi namoyon bo‘lgandi. Keling, Hazrati Isoning mo‘jizalarida uning ba’zi ajoyib fazilatlari qanday aks etganiga diqqat qarataylik.

Rahmdillik: Iso alayhissalom kasallarni sog‘aytirgan.

Bir kuni moxov kishi Iso payg‘ambardan uni sog‘aytirishini so‘rab, shunday yolvorgan: «Siz meni pok qila olasiz, faqat istasangiz bas». Shunda u o‘sha kishiga qo‘lini tekkizib: «Albatta istayman!» — deb javob qaytargan va moxov kishi shu zahotiyoq dardidan forig‘ bo‘lgan. (Mark 1:40–42)

Saxiylik: Iso alayhissalom ochlarni to‘ydirgan.

Bir necha marotaba Hazrati Iso oldiga kelgan minglab odamlarni och holda jo‘natishni istamay, atigi bir nechta non va kichkina baliqlarni ko‘paytirib, mo‘jizaviy ravishda ularni to‘ydirgan. (Matto 14:17–21; 15:32–38) O‘shanda hamma yeb to‘ygan va yegulik hatto ortib ham qolgan.

Hamdardlik: Iso alayhissalom o‘lganlarni tiriltirgan.

Iso payg‘ambarning bir beva «ayolga rahmi kelib», uning o‘g‘lini hayotga qaytargandi. Chunki bu ayol unga g‘amxo‘rlik qilgan yolg‘iz o‘g‘lidan judo bo‘lib, qayg‘u chekayotgandi. (Luqo 7:12–15)