Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Kelajagingizni aslida nima belgilaydi?

Kelajagingizni aslida nima belgilaydi?

Aksariyat odamlar ko‘rinmas kuchlar ularning kelajagiga ta’sir o‘tkazishiga ishonadi. Shunga ular kelajagini yaxshilash maqsadida turli udumlarga amal qilishadi.

KO‘PCHILIK NIMAGA ISHONADI?

MUNAJJIMLIK. Ayrimlar inson tug‘ilganida yulduzlar joylashuvi qanday bo‘lgani uning kelajagini belgilaydi, deb ishonadi. Shu bois, ular kelajagini bilish va to‘g‘ri qaror chiqarish uchun munajjimlar bashoratiga murojaat qilishadi.

FOLBINLIK. Boshqalar muayyan narsalar nega ular bilan yuz berayotganini va qanday yo‘l tutish kerakligini aniqlash uchun folbinlar bilan maslahatlashadi. Buning sababini aniqlash ularga boshiga tushishi mumkin bo‘lgan qiyinchiliklardan qochishga, muammolarning yechimini topishga va muvaffaqiyatga erishishga yordam beradi, deb o‘ylashadi.

AJDODLARGA SIG‘INISH. Yana kimdir o‘lgan ajdodlarning yoki turli xudolarning himoyasi va barakasiga ega bo‘lish uchun ularga ma’qul kelish kerak, degan fikrda. Vetnamda yashovchi Van * ismli ayol shunday dedi: «Men va farzandlarim hozir yaxshi hayot kechirishimiz hamda kelajagimiz porloq bo‘lishi uchun ota-bobolarimizning ruhini shod etishimiz kerakligiga ishonardim».

REINKARNATSIYA. Ko‘pchilik odam o‘lganidan so‘ng qayta tug‘ilishiga va bu jarayon u bilan takror-takror sodir bo‘lishiga ishonadi. Ular inson hozir hayotida boshdan kechirayotgan yaxshi va yomon hodisalar u oldingi hayotida qilgan ishlarning oqibati, deb hisoblashadi.

Aksariyat insonlar yuqoridagi narsalarga ishonmasligini aytishsa-da, baribir munajjimlar bashoratini o‘qishadi, kartalar, qahva quyqasi yo kaftdagi chiziqlar orqali fol ochishadi yoki shu kabilar bilan shug‘ullanishadi. Chunki bu ularga kelajagini aniqlashga yordam berishi mumkin, deb o‘ylashadi.

BUNING FOYDASI BORMI?

Yuqorida tilga olinganlarga ishongan va amal qilgan insonlarning hayoti yaxshilandimi?

Keling, Vetnamda yashovchi Xaoning misolini ko‘rib chiqaylik. U bir paytlar munajjimlik va fen-shuyga ishongan hamda otabobolarining ruhini shod etishga intilgan. Bu unga muvaffaqiyat keltirganmi? Xao quyidagicha dedi: «Biznesim kasodga uchradi, qarzga botdim, oilamda kelishmovchiliklar yuzaga keldi va qattiq tushkunlikka tushdim».

Tayvanlik Choming ham munajjimlik, reinkarnatsiya, taqdir va fen-shuyga ishongan hamda ajdodlariga sig‘ingan. Bu ta’limotlarni va udumlarni yaxshilab tadqiq qilib, u shunday dedi: «Ushbu aqidalar bir-biriga zid va chalkash ekanini angladim. Qolaversa, munajjimlarning bashoratlari ko‘p hollarda noto‘g‘ri bo‘lib chiqishini ko‘rdim. Reinkarnatsiyani oladigan bo‘lsak, agar inson oldingi hayotini eslay olmasa, qanday qilib u kelgusi hayotida o‘zini o‘zgartirib, muvaffaqiyatga erisha oladi?!»

«Ushbu aqidalar bir-biriga zid va chalkash ekanini angladim». (CHOMING, TAYVAN)

Xao, Choming va ko‘plab boshqa odamlar kelajagimiz taqdirga, yulduzlarga, o‘lgan ajdodlarimizga yoki qayta tug‘ilishga bog‘liq emasligini tushunishdi. Bu biz kelajagimizga umuman ta’sir qila olmasligimizni anglatadimi?

Aksariyat insonlar oliy ma’lumotli va boy bo‘lishni porloq kelajak garovi deb hisoblaydi. Bunday tanlov qilganlar istaganiga erishdimi?

^ 6- x.b. Bu va keyingi maqolalarda ba’zi ismlar o‘zgartirilgan.

^ 16- x.b. Bu so‘zlar Muqaddas Kitob tarkibiga kirgan Galatiyaliklarga yo‘llangan maktubning 6- bobi, 7- oyatidan olingan. Shunga o‘xshash fikr «Arpa ekkan arpa olar, bug‘doy ekkan bug‘doy olar» degan maqolda ham aks etgan.