Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

1-TADQIQ MAQOLASI

«Dahshatga tushma, Men sening Xudoyingman»

«Dahshatga tushma, Men sening Xudoyingman»

Hech qo‘rqma, Men sen bilanman. Dahshatga tushma, Men sening Xudoyingman. Senga kuch ato etaman, yordam beraman. ISHAYO 41:10

7-QO‘SHIQ Yahova kuch-qudratimizdir

BU MAQOLADA *

1–2. a) Ishayo 41:10 da yozilgan so‘zlar Yoshikoga qanday ta’sir qildi? b) Yahovaning Ishayo 41:10 dagi so‘zlaridan kimlar foyda olishi mumkin?

YOSHIKO ismli sadoqatli imondoshimiz yomon xabar oladi. Shifokori unga atigi bir necha oylik umri qolganini aytadi. Xo‘sh, uning munosabati qanday bo‘ladi? Yoshiko Muqaddas Kitobdagi yoqtirgan oyatini, Ishayo 41:10 ni (o‘qing) eslaydi. U xotirjamlik ila shifokoriga qo‘rqmayotganini, chunki Yahova uning qo‘lidan ushlab turganini aytadi *. Mazkur oyatdagi daldali so‘zlar aziz opamizga Yahovaga butunlayin ishonishiga yordam berdi. Aynan shu oyat bizga ham og‘ir qiyinchiliklarga duch kelganimizda xotirjamlikni saqlashga ko‘maklashadi. Buning sababini tushunish uchun, keling, avvalo Xudo nega Ishayoga bu so‘zlarni aytganini ko‘rib chiqaylik.

2 Boshida, Tangri Yahova Bobilga surgun qilinadigan yahudiylarga tasalli berish maqsadida mazkur so‘zlarni Ishayo orqali aytgan. Lekin Yahova bu so‘zlar nafaqat surgun qilingan yahudiylarga, balki Uning to hozirgi kungacha bo‘lgan barcha xizmatchilariga foyda keltirishini bilgan. (Ishayo 40:8; Rim. 15:4) Hozir biz «nihoyatda og‘ir vaqtlar»da yashayapmiz va Ishayo payg‘ambarning kitobida yozilgan daldaga har qachongidan ham ko‘proq muhtojmiz. (2 Tim. 3:1)

3. a) 2019-yil uchun tanlangan Ishayo 41:10-oyatdan qanday va’dalar haqida bilib olyapmiz? b) Nega bunday va’dalarga muhtojmiz?

3 Ushbu maqolada Yahova imonimizni mustahkamlash uchun Ishayo 41:10 da aytgan uchta va’daga diqqat qaratamiz: 1) Yahova biz bilan bo‘ladi, 2) U Xudoyimiz va 3) bizga yordam beradi. Biz bunday va’dalarga * muhtojmiz. Boisi, Yoshiko singari, hayotda turli qiyinchiliklarni boshdan kechiramiz. Ustiga-ustak, yovuz dunyoning bosimi bilan kurashamiz. Ba’zilarimiz hatto qudratli hukumatlar tomonidan quvg‘unlarga duch kelyapmiz. Keling, ushbu uchta va’dani ko‘rib chiqamiz.

«MEN SEN BILANMAN»

4. a) Qaysi birinchi va’dani ko‘rib chiqamiz? (Izohga ham qarang.) b) Yahova bizga nisbatan tuyg‘ularini qay yo‘sin ko‘rsatmoqda? d) Yahovaning so‘zlaridan nimani his qilyapsiz?

4 Yahova birinchi bo‘lib: «Hech qo‘rqma, Men sen bilanman»,— deb bizga va’da bermoqda *. Yahova bizga diqqat qaratib va sevgi namoyon etib, biz bilan ekanini ko‘rsatmoqda. U bizga nisbatan iliq va chuqur tuyg‘ularini qanday ifoda etganiga e’tibor bering. Yahova quyidagicha degan: «Sen Men uchun qadrlisan, seni hurmatga loyiq topdim, seni sevdim». (Ishayo 43:4) Koinotdagi hech qanday kuch Yahovaning xizmatchilariga bo‘lgan sevgisini so‘ndira olmaydi; Uning sadoqati tebranmasdir. (Ishayo 54:10) Uning sevgisi-yu do‘stligi bizga jasorat baxsh etadi. U do‘sti Ibromni (Ibrohim) himoya qilgani singari, bugungi kunda bizni ham himoya qiladi. Yahova unga: «Qo‘rqma, Ibrom. Men senga qalqon bo‘laman»,— deb aytgan. (Ibt. 15:1)

Yahovaning yordami bilan daryo va alanga kabi bo‘lgan har qanday qiyinchilikni yenga olamiz (5–6-xatboshilariga qarang.) *

5–6. a) Yahova qiyinchiliklarimizda bizga yordam berishni istayotganini qayerdan bilamiz? b) Yoshikoning misolidan nimani o‘rganyapmiz?

5 Bilamizki, shaxsiy qiyinchiliklarimiz bilan kurashishimiz uchun Yahova bizga yordam berishni istaydi. Zero, U xizmatchilariga quyidagi va’dani bermoqda: «Suvlardan o‘tsang, Men sen bilan bo‘laman, daryolardan o‘tsang, suv ostida qolmaysan. Olovdan o‘tsang-da, yonmaysan, alanga seni kuydirmaydi». (Ishayo 43:2) Mazkur so‘zlar nimani anglatadi?

6 Yahova qiyinchiliklarimizni yo‘q qilishni va’da bermayapti. Lekin «daryo» kabi muammolar bizni oqizib ketishiga yoki «alanga» singari qiyinchiliklar bizga qattiq zarar yetkazishiga yo‘l qo‘ymasligini aytmoqda. U tashvishlar girdobidan «o‘tganimizda», bizga yordamlashib, biz bilan bo‘lishini kafolatlamoqda. Xo‘sh, Yahova nima qiladi? Hatto o‘lim yoqasida bo‘lsak ham, Unga bo‘lgan benuqsonligimizni saqlab qolishimiz uchun qo‘rquvlarimizdan xalos bo‘lishga ko‘maklashadi. (Ishayo 41:13) Yuqorida tilga olingan Yoshiko bu so‘zlar haq ekaniga amin bo‘lgan. Uning qizi shunday deb bo‘lishdi: «Oyimning xotirjamligini ko‘rib hayron qolardik. Yahova unga ichki xotirjamlikni saqlashga yordam berayotganini ko‘rardik. Oyim so‘nggi nafasigacha hamshiralarga va bemorlarga Yahova hamda Uning va’dalari haqida va’z qilgan». Yoshikoning misolidan nimani o‘rganyapmiz? Biz ham Xudoning: «Men sen bilanman»,— degan va’dasiga ishonsak, qiyinchiliklarni sabr-bardosh bilan yengishda jasoratli va kuchli bo‘lamiz.

«MEN SENING XUDOYINGMAN»

7–8. a) Qaysi ikkinchi va’dani ko‘rib chiqamiz va u nimani anglatadi? b) Nega Yahova surgunda bo‘lgan yahudiylarga «dahshatga tushmaslikni» aytgan? d) Ishayo 46:3, 4 dagi qaysi so‘zlar Yahovaning xizmatchilariga xotirjamlik baxsh etgan?

7 Ishayo qalamga olgan ikkinchi va’daga e’tibor bering: «Dahshatga tushma, Men sening Xudoyingman». Dahshatga tushmaslik borasidagi bu so‘zlar nimani anglatadi? Ushbu oyatdagi «dahshatga tushmoq» iborasi asl matnda «noaniq xavf dastidan doim orqaga qarash» yoki «xavfli vaziyatda qolgan inson singari sarosimaga tushish» degan ma’noni anglatadi.

8 Nega Yahova Bobilga surgun qilinadigan yahudiylarga «dahshatga tushmaslikni» aytgan? Chunki Tangri o‘sha yurtdagi aholi qo‘rquvga berilishini bilgan. Bunga nima sabab bo‘lgan? Yahudiylarning 70 yillik surguni davomida, Midiya va Fors imperiyasining qudratli qo‘shinlari Bobilga hujum qilishi kerak edi. Yahova ularning qo‘shinidan foydalanib, xalqini Bobildan ozod qiladi. (Ishayo 41:2–4) O‘shanda bobilliklar va boshqa xalq vakillari dushman hujum qilayotganini bilardi va jasoratli bo‘lish uchun bir-biriga: «Mahkam bo‘l!» — deb aytadi. Shuningdek, ular butlar himoyalashiga umid qilib, ularni ko‘proq yasashadi. (Ishayo 41:5–7) Bu paytda Yahova surgunda bo‘lgan yahudiylarning qalbiga tinchlik baxsh etib: «Sen esa, ey Isroil, [boshqalardan farqli o‘laroq] Mening xizmatkorimsan. [...] Dahshatga tushma, Men sening Xudoyingman»,— deydi. (Ishayo 41:8–10) Yahova: «Men sening Xudoyingman»,— deb aytganiga e’tibor bering. Bu so‘zlar bilan Yahova sadoqatli xizmatchilarini unutmaganini ko‘rsatdi — U hali ham ularning Xudosi va ular hali ham Uning xalqi edi. Yahova ularga: «Sizlarni ko‘tarib yuraman va qutqaraman»,— degan. Shubhasizki, bu va’da surgunda bo‘lgan yahudiylarga kuch baxsh etgan. (Ishayo 46:3, 4 ni o‘qing.)

9–10. Nima uchun qo‘rqishimizga hojat yo‘q? Misol keltiring.

9 Hozirgi paytda atrofimizdagi odamlar dunyodagi ahvol yovuzlashib borayotganidan har qachongidan ham ko‘proq xavotirlanmoqda. Albatta, bunday muammolar bizga ta’sir qilmay qolmaydi. Biroq qo‘rqishimizga hojat yo‘q. Zero, Yahova bizga: «Men sening Xudoyingman»,— demoqda. Nega bu so‘zlar xotirjamlikni saqlab qolish uchun asosli sabab bo‘la oladi?

10 Quyidagi misol borasida fikr yuritib ko‘ring: Jamshid bilan Bobur samolyotda uchib ketayotganda, u kuchli shamoldan silkinadi. Samolyot tebranar ekan, uchuvchi baland ovozda e’lon qiladi: «Kamarlarni mahkamlang. Samolyot bir oz vaqt tebranib uchadi». Jamshid qattiq xavotirga tushadi. Shunda uchuvchi: «Siz bilan uchuvchi gaplashyapti. Dahshatga tushmang»,— deydi. Jamshid boshini chayqab: «Bu qanday so‘zlar bo‘ldi?» — deb aytadi. U Bobur umuman qo‘rqmayotganini payqab: «Nega shunchalik xotirjamsan?» — deb so‘raydi. Bobur javoban jilmayib: «Chunki bu uchuvchini yaxshi bilaman. U mening dadam!» — deydi. U gapida davom etib: «Kel, senga dadam haqida aytib beraman. Uni va u nimaga qodir ekanini yaxshiroq bilib olsang, sen ham xotirjamlikni saqlay olasan»,— deb aytadi.

11. Ikkita passajir borasidagi misoldan nimani o‘rganyapmiz?

11 Mazkur misoldan qanday saboq olyapmiz? Biz ham Bobur singari xotirjammiz, boisi, samoviy Otamiz Yahovani juda yaxshi bilamiz. Ma’lumki, ushbu zamonaning so‘ngida bo‘ron kabi bo‘lgan muammolarga duch kelganimizda, Yahova xavfsizlik ila bizni boshqaradi. (Ishayo 35:4) Ushbu dunyo qo‘rquv ichida ekan, biz Alloh Yahovaga tayanib, xotirjamlikni saqlay olamiz. (Ishayo 30:15) Bundan tashqari, biz ham Bobur singari nega Xudoga ishonishimiz borasida yaqinlarimiz bilan bo‘lishamiz. Shunda ular ham qanday qiyinchiliklar bo‘lishidan qat’i nazar, Yahova ularni qo‘llab-quvvatlashiga amin bo‘ladi.

«SENGA KUCH ATO ETAMAN, YORDAM BERAMAN»

12. a) Qaysi uchinchi va’dani ko‘rib chiqamiz? b) Yahovaning «qo‘li» bizga nimani eslatadi?

12 Ishayo yozgan quyidagi uchinchi va’dani ko‘rib chiqaylik: «Senga kuch ato etaman, yordam beraman». Ishayo payg‘ambar Yahova qay yo‘sin xizmatchilariga kuch ato etishini yoki ularni mustahkam qilishini aytib o‘tgan: «Yahova qudrat ila keladi, kuchli qo‘li bilan hukm suradi». (Ishayo 40:10) Muqaddas Kitobda ko‘pincha «qo‘l» iborasi ramziy ma’noda kuchni anglatadi. Shunday ekan, Yahova «kuchli qo‘li bilan hukm suradi» degan so‘zlar, U qudratli Shoh ekanini eslatadi. Yahova yengilmas kuchi yordamida qadimgi xizmatchilarini qo‘llab-quvvatlagan va himoya qilgan. Bugungi kunda ham Yahova Unga tayanayotgan kishilarga kuch ato etib, ularni himoyalashda davom etmoqda. (Qonun. 1:30, 31; Ishayo 43:10)

Yahovaning kuchli qo‘li ostida ekanmiz, bizga qarshi yasalgan hech bir qurol g‘alaba qozona olmaydi (12–16-xatboshilariga qarang.) *

13. a) Ayniqsa qachon Yahova bizga kuch ato etish borasidagi va’dasini bajaradi? b) Nima bizga kuch va ishonch baxsh etmoqda?

13 Ayniqsa, dushmanlar bizni ta’qib qilganda, Yahova: «Senga kuch ato etaman»,— degan va’dasini bajaradi. Bu dunyoning ba’zi joylarida bizga qarshi chiqqanlar va’zgo‘ylik ishini to‘xtatish yoki tashkilotimiz faoliyatini man etish uchun zo‘r berib harakat qilmoqda. Ammo shunda ham, bunday hujumlar dastidan haddan ortiq xavotirga berilmaymiz. Yahova bizga kuch va ishonch berishini kafolatlamoqda. U shunday deb va’da bermoqda: «Senga qarshi yasalgan hech bir qurol g‘alaba qozonmaydi». (Ishayo 54:17) Mazkur so‘zlar bizga uchta muhim omilni eslatyapti.

14. Xudoning dushmanlari bizga hujum qilayotganidan nega hayron qolmaymiz?

14 Birinchidan, Masihning izdoshlari ekanmiz, bizdan nafratlanishlari tabiiydir. (Mat. 10:22) Iso uning shogirdlari oxirgi kunlarda shiddatli ta’qiblarga duch kelishini aytgan. (Mat. 24:9; Yuhan. 15:20) Ikkinchidan, Ishayo payg‘ambarning bashoratiga ko‘ra, dushmanlarimiz bizdan shunchaki nafratlanmaydi, balki bizga qarshi turli qurollardan foydalanadi. Ular shirin yolg‘onlar aytishi, bizga tuhmat qilishi va qahr bilan quvg‘un qilishi mumkin. (Mat. 5:11) Bunday qurollardan foydalanib, bizga qarshi chiqishlaridan Yahova ularni to‘xtatmaydi. (Efes. 6:12; Vah. 12:17) Ammo qo‘rqishga hech qanday sabab yo‘q. Nega deysizmi?

15–16. a) Yodimizda saqlash kerak bo‘lgan uchinchi omil qanday va Ishayo 25:4, 5 dagi so‘zlar buni qanday tasdiqlamoqda? b) Bizga qarshi chiqqanlarni qanday oqibat kutayotgani borasida Ishayo 41:11, 12 da nima deyilgan?

15 Yodimizda saqlash kerak bo‘lgan uchinchi omilni ko‘rib chiqaylik. Yahova bizga qarshi ishlatilgan «hech bir qurol g‘alaba qozonmasligini» aytgan. Devor bizni shiddatli jaladan himoya qilgani kabi, Yahova bizni «zolimlar nafasi»dan asraydi. (Ishayo 25:4, 5 ni o‘qing.) Bizga qarshi chiqqanlar bizga abadiy zarar yetkaza olmaydi. (Ishayo 65:17)

16 Shuningdek, Yahova bizdan «g‘azablanganlarning bari»ni nima kutayotganini aytib, Unga bo‘lgan ishonchimizni yanada mustahkam qilgan. (Ishayo 41:11, 12 ni o‘qing.) Dushmanlar bizga qarshi qanchalik ko‘p harakat qilmasin yoki urushlar olib bormasin, ularning barchasini bir xil oqibat kutmoqda. Zero, Allohning xizmatchilariga qarshi bo‘lganlar «yo‘qqa chiqib, nobud bo‘ladi».

YAHOVAGA BO‘LGAN ISHONCHIMIZNI QAY YO‘SIN MUSTAHKAMLAY OLAMIZ?

Muqaddas Kitobdan Yahova haqida muntazam o‘qib, Unga bo‘lgan ishonchimizni mustahkamlay olamiz (17–18-xatboshilariga qarang.) *

17–18. a) Muqaddas Kitobni o‘qish Xudoga bo‘lgan ishonchimizni qay yo‘sin mustahkamlaydi? Misol keltiring. b) 2019-yil uchun tanlangan oyat ustida mulohaza yuritish bizga qanday yordam beradi?

17 Yahova haqida ko‘proq bilim olib, Unga bo‘lgan ishonchimizni mustahkamlashimiz mumkin. U haqida chinakamiga bilib olishning birdan-bir usuli Muqaddas Kitobni sinchkovlik ila o‘qish va o‘qiganlarimiz ustida mulohaza yuritishdir. Yahova qadimda xalqini qanday himoya qilgani borasida Muqaddas Kitobda ishonchli ma’lumot yozilgan. Bu bizga Tangri hozir ham biz haqimizda g‘amxo‘rlik qilayotganiga ishonch baxsh etadi.

18 Yahova bizni himoya qilishi borasida Ishayo qanday ajoyib misol keltirganiga e’tibor bering. U Yahovani cho‘pon, xizmatchilarini esa qo‘zilar bilan solishtirgan. Ishayo Yahova to‘g‘risida: «Qo‘li bilan qo‘zilarini bir joyga to‘plab, ularni qo‘ynida olib boradi»,— degan. (Ishayo 40:11) Yahovaning kuchli qo‘llari bizni yetaklayotganini his etganimizda, himoya va xotirjamlik hissini tuyamiz. Duch kelayotgan qiyinchiliklarimizga qaramay, xotirjam qolishga yordamlashish maqsadida, ishonchli va aqlli xizmatkor 2019-yil uchun Ishayo 41:10 dagi: «Dahshatga tushma, Men sening Xudoyingman»,— degan so‘zlarni tanladi. Ushbu dalda baxsh etuvchi so‘zlar ustida mulohaza yuriting. Ular kelajakdagi qiyinchiliklarda sizga kuch ato etadi.

38-QO‘SHIQ U sizni mustahkamlaydi

^ 5- x.b. Dunyoda yoki shaxsiy hayotimizda qandaydir voqealar ro‘y berganda, 2019-yil uchun tanlangan oyatda xotirjamlikni saqlashimizga ko‘maklashadigan uchta sabab keltirilgan. Ushbu maqolada mazkur sabablar haqida gap boradi va bu bizga kamroq tashvishlanib, Yahovaga ko‘proq ishonishimizga yordam beradi. 2019-yil uchun tanlangan oyat ustida mulohaza yuriting. Iloji bo‘lsa, uni yodlab oling. Bu kelajakda duch kelishingiz mumkin bo‘lgan qiyinchiliklarda sizga kuch baxsh etadi.

^ 1- x.b. «Qo‘riqchi minorasi»ning 2016-yil iyul sonining 18-sahifasiga qarang.

^ 3- x.b. IBORA MA’NOSI. Va’da — biron nima albatta amalga oshishini ta’kidlovchi ishonchli so‘zlar. Yahovaning va’dalari duch kelishimiz mumkin bo‘lgan muammolar borasida kamroq xavotirlanishga yordam beradi.

^ 4- x.b. IZOH. «Qo‘rqma» iborasi Ishayo 41:10, 13 va 14 da uch marotaba keltirilgan. Qolaversa, bu oyatlarda «Men» so‘zi (Yahovaga ishora qiladi) tez-tez uchraydi. Nima uchun Yahova Ishayoni bir necha bor «Men» deb yozishga ilhomlantirgan? Muhim bir omilni ta’kidlash uchun, ya’ni faqatgina Yahovaga ishonib, qo‘rquvlarimizni yengishimiz mumkin.

^ 52- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Oila a’zolari ishda, sog‘lik borasida, xizmatda va maktabda qiyinchiliklarga duch keladi.

^ 54- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Yahovaning Shohidlari uyda yig‘ilish o‘tkazayotganda, polisiya xodimlari bostirib kiradi, lekin imondoshlarimiz sarosimaga tushmaydi.

^ 56- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Oilaviy topinishni muntazam o‘tkazish sabr-bardoshli bo‘lishimizga yordam beradi.