Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

3-TADQIQ MAQOLASI

Qay yo‘sin qalbingizni asray olasiz?

Qay yo‘sin qalbingizni asray olasiz?

Har narsadan ko‘ra qalbingni asra. HIK. 4:23

36-QO‘SHIQ Qalbingizni asrang

BU MAQOLADA *

1–3. a) Nega Yahova Sulaymonni yaxshi ko‘rgan va u qanday barakalar olgan? b) Ushbu maqolada qanday savollarga javob topamiz?

SULAYMON Isroilning shohi bo‘lib tayinlanganida juda yosh edi. U endigina hukmronlik qilishni boshlaganida, Yahova unga kechasi zohir bo‘lib: «Tila tilagingni»,— deb aytadi. Shunda Sulaymon javob berib: «Men hali yosh va tajribasizman. [...] Xalqingga hakamlik qilib, yaxshini yomondan ajrata olishim uchun menga itoatkor qalb ato et»,— deydi. (3 Shoh. 3:5–10) «Itoatkor qalb» so‘rab, u imkoniyatlari chegaralanganini tushunishini ko‘rsatdi. Yahova nima uchun Sulaymonni yaxshi ko‘rganini tushunishimiz mumkin. (2 Shoh. 12:24) Xudoyimiz bu yosh shohning javobidan shunchalik mamnun bo‘ldiki, unga «donolik va aql-idrok» ato etdi. (3 Shoh. 3:12)

2 Sulaymon sadoqatli bo‘lganida mo‘l-ko‘l barakalar oldi. Masalan, u «Isroil Xudosi Yahovaning ismiga atab» ma’bad qurish sharafiga ega bo‘ldi. (3 Shoh. 8:20) Alloh unga donolik ato etgani tufayli u mashhur bo‘lib ketdi. Shuningdek, Xudo uni ilhomlantirganida aytgan so‘zlari Muqaddas Yozuvlarning uchta kitobida yozib qoldirildi. Ulardan biri Hikmatlar kitobi.

3 Hikmatlar kitobida «qalb» yoki «yurak» so‘zi deyarli yuz marta uchraydi. Misol uchun, Hikmatlar 4:23 da: «Har narsadan ko‘ra qalbingni asra»,— degan so‘zlarni o‘qiymiz. Ushbu oyatdagi «qalb» so‘zi nimaga ishora qilmoqda? Bu maqolada mazkur savolning javobini bilib olamiz. Qolaversa, yana ikkita savolga javob topamiz: qanday qilib Shayton qalbimizni zaharlamoqchi? Qalbimizni asrash uchun nima qila olamiz? Allohga sodiq qolish uchun ushbu muhim savollarning javobini bilishimiz zarur.

«QALBING» — BU NIMA DEGANI?

4–5. a) Muqaddas Kitobda ishlatilgan «qalb» so‘zi nimaga ishora qiladi? b) Qay yo‘sin jismoniy sog‘lik misolida ichki holatimiz muhimligini ko‘ryapmiz?

4 Hikmatlar 4:23 da ishlatilgan «qalb» so‘zi insonning ichki fikrlari, tuyg‘ulari, niyatlari va istaklariga ishora qiladi. Bu tashqi ko‘rinishimizdan emas, balki ich-ichimizdan qanday ekanimizni bildiradi.

5 Jismoniy sog‘ligimiz misolida ichki holatimiz qanchalik muhim ahamiyatga ega ekani borasida fikr yuritib ko‘ring. Birinchidan, tanamizni yaxshi holatda saqlash uchun foydali oziq-ovqatni iste’mol qilamiz va jismoniy mashqlar bilan muntazam shug‘ullanamiz. Shunga o‘xshab, ma’naviy sog‘ligimizni yaxshi holatda saqlash uchun foydali ma’naviy ozuqani iste’mol qilishimiz va Yahovaga bo‘lgan imonimizni doim namoyon etishimiz lozim. Imonni namoyon etish bilib olganlarimizga amal qilishni va u haqida boshqalarga aytishni o‘z ichiga oladi. (Rim. 10:8–10; Yoqb. 2:26) Ikkinchidan, tashqi ko‘rinishimizga qarab, garchi kasal bo‘lsak-da, o‘zimizni sog‘lom deb o‘ylashimiz mumkin. Shu singari, ma’naviy ishlar bilan band ekanimizga asoslanib, imonimizni mustahkam deb hisoblarmiz, lekin yomon istaklar qalbimizda ildiz yoyishi hech gap emas. (1 Kor. 10:12; Yoqb. 1:14, 15) Shuni unutmasligimiz kerakki, Shayton fikrlash tarzimizni zaharlashni istaydi. Xo‘sh, u buni aynan qay yo‘sin amalga oshirmoqchi? O‘zimizni qanday himoyalay olamiz?

QANDAY QILIB SHAYTON QALBIMIZNI ZAHARLAMOQCHI?

6. Shaytonning maqsadi nima va u bunga erishish uchun nimalar qilyapti?

6 Shayton unga o‘xshashimizni, ya’ni Yahovaning me’yorlarini mensimaydigan isyonkor bo‘lishimizni va xudbinlarcha yo‘l tutishimizni istaydi. Albatta, Shayton bizni u kabi fikr yuritishga va harakat qilishga majburlay olmaydi. Shu bois, u bu maqsadiga boshqa yo‘llar orqali erishishga urinyapti. Masalan, u atrofimizni o‘zi ta’sir qilgan odamlar bilan to‘ldiryapti. (1 Yuhan. 5:19) Shayton biz ular bilan vaqt o‘tkazishni tanlashimizga umid qiladi. Garchi yomon muloqot fikrlash tarzimizni va harakatlarimizni «buzishini» bilsak ham, u shunday yo‘l tutishimizga umid qiladi. (1 Kor. 15:33) Sulaymon mana shu tuzoqqa ilindi. U ko‘pgina butparast ayollarga uylandi va ular «unga kuchli ta’sir o‘tkazib», «asta-sekin uni» Yahovadan uzoqlashtirdi. (3 Shoh. 11:3, izoh)

Qay yo‘sin qalbingizni Shaytonning nuqtai nazaridan asray olasiz? (7-xatboshiga qarang.) *

7. Fikrlash tarzini o‘tkazish uchun Shayton yana nima qilmoqda va nega bundan ehtiyot bo‘lishimiz kerak?

7 Shayton fikrlash tarzini o‘tkazish uchun filmlar va televideniyedan foydalanmoqda. U hikoyalar nafaqat biz uchun qiziq bo‘lishini, balki fikrlarimiz-u tuyg‘ularimizga hamda xulqimizga ta’sir qilishini yaxshi biladi. Iso esa ta’lim berganda bu usuldan to‘g‘ri foydalangan. Masalan, u mehribon samariyalik kishi va darbadar o‘g‘il haqida masallar aytgan. (Mat. 13:34; Luqo 10:29–37; 15:11–32) Ammo Shaytonning ta’siriga berilganlarning hikoyalari nuqtai nazarimizni buzishi turgan gap. Bu borada mulohazakor bo‘lishimiz kerak. Kino va teledasturlar qiziqarli bo‘lishi hamda fikrlash tarzimizni buzmay, bizga ta’lim berishi mumkin. Biroq ehtiyot bo‘lishimiz darkor. Nima ko‘rishni tanlaganda o‘zimizdan quyidagicha so‘rasak yaxshi bo‘lardi: «Bu kino yoki teledastur meni tana istaklariga muvofiq yo‘l tutishga undamaydimi?» (Galat. 5:19–21; Efes. 2:1–3) Muayyan dastur Shaytonning fikrlash tarzini olg‘a surishini tushunganingizda, qanday yo‘l tutasiz? Xuddi yuqumli kasallikdan qochganday undan qoching!

8. Qanday qilib ota-onalar farzandiga qalbini asrashga yordam bera oladi?

8 Shayton qalblarni zaharlashga harakat qilayotgan ekan, aziz ota-onalar, farzandlaringizni undan himoya qilishdek o‘zgacha mas’uliyatga egasiz. Shubhasizki, bolangizni tom ma’nodagi kasallikdan asrash uchun qo‘lingizdan kelganini qilasiz. Masalan, uyingizni toza saqlaysiz va sizga yoki bolangizga kasallik yuqtirishi mumkin bo‘lgan har qanday narsani tashlab yuborasiz. Shunga o‘xshab, Shaytonning fikrlash tarzi bilan zaharlangan film, teledastur, elektron o‘yin va veb-saytlardan farzandingizni himoya qilishingiz zarur. Farzandlaringizning ma’naviy sog‘ligini himoya qilish mas’uliyatini Yahova sizga topshirgan. (Hik. 1:8; Efes. 6:1, 4) Demak, uyda Muqaddas Kitobga asoslangan qoidalar o‘rnatishdan qo‘rqmang. Bolalaringizga nimani tomosha qilish mumkin-u, nimani mumkin emasligini o‘rgatib, ularga buning sabablarini tushunishga yordam bering. (Mat. 5:37) Ular ulg‘ayar ekan, Yahovaning me’yorlariga asoslanib, nima yaxshi-yu nima yomon ekani borasida mulohaza yuritishlariga ko‘maklashing. (Ibron. 5:14) Yodingizda bo‘lsinki, ular gaplaringizdan va ayniqsa o‘rnagingizdan ko‘p narsani o‘rganadi. (Qonun. 6:6, 7; Rim. 2:21)

9. Shayton olg‘a surayotgan g‘oyalardan biri qanday va nega u xavfli?

9 Shayton Yahovaning emas, odamlarning donoligiga ishonishimizni istab, qalbimizni zaharlashga harakat qiladi. (Kolos. 2:8) U olg‘a surayotgan g‘oyalardan biri haqida o‘ylab ko‘ring: boyib ketish hayotda eng birinchi o‘rinda turishi kerak. Bunday fikr yuritadigan odamlar yoki boyib ketadi yoki yo‘q. Nima bo‘lgan taqdirda ham ular xavf ostida. Nega deganda, bunday odamlar boyib ketish ilinjida diqqatini pul topishga qaratganlar sog‘ligini, oiladagilar bilan munosabatini va hatto Xudo bilan do‘stligini qurbon qiladi. (1 Tim. 6:10) Dono samoviy Otamiz pulga nisbatan muvozanatli nuqtai nazarda bo‘lishimizga yordam berayotgani uchun minnatdor bo‘lishimiz mumkin. (Voiz 7:12; Luqo 12:15)

QAY YO‘SIN QALBIMIZNI ASRAY OLAMIZ?

Soqchi va darvozabon kabi hushyor turib, qalbingizni zaharli ta’sirdan himoya qiling (10–11-xatboshilariga qarang.) *

10–11. a) O‘zimizni himoyalash uchun nima qilishimiz zarur? b) Qadimda soqchilar nima qilgan va qay yo‘sin vijdonimiz soqchi kabi bo‘lishi mumkin?

10 Qalbimizni asramoqchi bo‘lsak, xavf-xatarni tezda aniqlashimiz va o‘zimizni himoyalash uchun shu zahoti harakat qilishimiz kerak. Hikmatlar 4:23 da «asramoq» deb o‘girilgan so‘z soqchining vazifasini eslatadi. Qadimda soqchi shahar devori ustida qo‘riqlardi va qandaydir xavfni sezsa, bundan ogohlantirardi. Buni tasavvur qilish Shayton fikrlash tarzimizni zaharlamoqchi bo‘lganda, nima qilishimiz kerakligini tushunishga yordam beradi.

11 Qadimda soqchilar darvozabonlar bilan yaqindan hamkorlik qilgan. (2 Shoh. 18:24–26) Dushman yaqinlashayotganda darvozalar yopiq bo‘lishiga g‘amxo‘rlik qilib, ular birgalikda hamkorlik qilishardi. (Naxim. 7:1–3) Muqaddas Kitob asosida tarbiyalangan vijdonimiz * soqchi kabi harakat qilib, Shayton qalbimizni egallamoqchi ekanidan — fikr, tuyg‘u, niyatlarimiz-u istaklarimizga ta’sir qilmoqchi ekanidan ogohlantirishi mumkin. Shunday ekan, vijdonimiz xavf-xatardan ogohlantirganda, qalbimiz darvozalarini yopib qo‘yishimiz kerak.

12–13. Qanday vasvasaga duch kelishimiz mumkin, lekin nima qilishimiz lozim?

12 Shaytonning fikrlash tarziga berilmaslik uchun o‘zimizni qanday himoya qila olishimiz borasida bir misolga diqqat qarataylik. Yahova «jinsiy axloqsizlik, har qanday ifloslik va ochko‘zlik orangizda hatto tilga olinmasligi» kerak deb o‘rgatmoqda. (Efes. 5:3) Xo‘sh, ishda yoki maktabda tengdoshlarimiz jinsiy axloqsizlikka oid mavzular borasida suhbatlashishni boshlasa, qanday yo‘l tutamiz? Bilamizki, «imonsizlikni va dunyoviy istaklarni rad etishimiz» kerak. (Titus. 2:12) Soqchi, ya’ni vijdonimiz bizni xavfdan ogohlantirishi mumkin. (Rim. 2:15) Unga quloq tutamizmi? Tengdoshlarimizni tinglash yoki ular ko‘rsatayotgan rasmlarni tomosha qilish vasvasasi paydo bo‘lishi mumkin. Biroq bu, darvozalarni yopish, boshqacha qilib aytganda, mavzuni boshqa tomonga o‘zgartirish yoki u yerdan ketishning paytidir.

13 Tengdoshlarimizning noto‘g‘ri fikr yuritish yoki yomon ish qilish bosimiga qarshi turish uchun jasoratli bo‘lishimiz lozim. Yahova qilayotgan harakatlarimizni ko‘rayotganiga amin bo‘lishimiz mumkin. Shaytonning fikrlash tarzini rad etishimiz uchun U bizga donolik va kuch beradi. (2 Sol. 16:9; Ishayo 40:29; Yoqb. 1:5) Qalbimizni asrash uchun nima qilishda davom etishimiz kerak?

HUSHYOR TURING

14–15. a) Qalbimizni nimaga nisbatan ochishimiz kerak va buni qanday qila olamiz? b) Muqaddas Kitobni o‘qiganimizda ko‘proq foyda olishimiz uchun Hikmatlar 4:20–22 dagi so‘zlar qay yo‘sin yordam berishi mumkin? (« Qanday mulohaza yuritish mumkin?» nomli ramkaga qarang.)

14 Qalbimizni asrash uchun yomon istaklarni rad etishning o‘zi yetarli emas. U, shuningdek, ijobiy ta’sir uchun ochiq bo‘lishi lozim. Devor bilan o‘ralgan shahar haqidagi misolga qaytaylik. Darvozabon dushman kira olmasligi uchun darvozalarni yopgan, lekin boshqa paytlari oziq-ovqat va boshqa narsalar shaharga olib kirilishi uchun darvozalarni ochgan. Agar darvozalar umuman ochilmaganida, shahar aholisi ochlikdan halok bo‘lardi. Shunday ekan, Yahovaning fikrlash tarzi bizga doim ta’sir qilishi uchun qalbimizning darvozalari ochiq bo‘lishi kerak.

15 Muqaddas Kitobda Yahovaning fikrlash tarzi yoritib berilgan. Uni har gal o‘qiganimizda, Yahovaning o‘ylari nuqtai nazarimiz, tuyg‘ularimiz-u xatti-harakatlarimizga ta’sir qilishiga yo‘l qo‘yamiz. Muqaddas Kitobni o‘qiganimizda qay yo‘sin ko‘proq foyda olishimiz mumkin? Ibodat qilish muhimdir. Bir imondoshimiz quyidagicha bo‘lishdi: «Muqaddas Kitobni o‘qishdan avval Yahovaga ibodat qilib, Kalomidagi “ajoyibotlarni aniq ko‘ra olish” uchun menga yordam berishini so‘rayman». (Zab. 119:18) Qolaversa, o‘qiganlarimiz ustida mulohaza yuritishimiz zarur. Ibodat qilganimizda, o‘qiganimizda va mulohaza yuritganimizda Xudoning so‘zi qalbimiz tubigacha yetib boradi va biz Uning fikrlash tarzini yaxshi ko‘ra boshlaymiz. (Hikmatlar 4:20–22 ni o‘qing; Zab. 119:97)

16. Ko‘plar JW Internet-televideniyesidagi videolarni tomosha qilishdan qanday foyda oldi?

16 Xudoning fikrlash tarzi bizga ta’sir qilishiga yo‘l qo‘yishning yana bir yo‘li — JW Internet-televideniyesidagi® videolarni tomosha qilish. Bir juftlik shunday fikr bildirdi: «Oylik ko‘rsatuvlar ibodatlarimizga javob bo‘lib kelmoqda! Ruhimiz tushganda yoki o‘zimizni yolg‘iz his etganda, ular bizga kuch va dalda baxsh etadi. U yerdagi qo‘shiqlar uyimizda doim yangraydi. Ovqat pishirganda, uy yig‘ishtirganda yoki shunchaki choy ichganda ularni tinglaymiz». Ha, bu ko‘rsatuvlar qalbimizni asrashga yordam beradi. Ular Yahova kabi fikrlashga o‘rgatib, Shaytonning bosimiga qarshi turishimizga qo‘l keladi.

17–18. a) 3 Shohlar 8:61 dan ko‘rganimizday, Yahovadan o‘rganganlarimizni amalda qo‘llasak, nima yuz beradi? b) Shoh Hizqiyoning misolidan qanday saboq olyapmiz? d) Dovudning Zabur 139:23, 24 dagi ibodatiga ko‘ra, nimalar haqida so‘rashimiz mumkin?

17 Har safar to‘g‘ri yo‘l tutib, buning foydasini ko‘rganimizda imonimiz mustahkamlanadi. (Yoqb. 1:2, 3) Yahova biz bilan faxrlanib, farzandiday ko‘rganidan xursand bo‘lamiz va Uni mamnun qilish istagimiz kuchayadi. (Hik. 27:11) Har bir sinov g‘amxo‘r Otamizga butun qalbimiz bilan xizmat qilayotganimizni ko‘rsatish imkonini beradi. (Zab. 119:113) Darhaqiqat, Yahovani butun qalbimiz bilan sevishimizni, ya’ni Unga itoat etib, irodasini bajarish qarorimiz qat’iy ekanini isbotlaymiz. (3 Shohlar 8:61 ni o‘qing.)

18 Xatolarga yo‘l qo‘yamizmi? Albatta, zero nomukammalmiz. Xato qilib qo‘ysak, shoh Hizqiyoning misolini eslaylik. U xatolarga yo‘l qo‘ygan. Ammo Hizqiyo tavba qilgan hamda Yahovaga «butun qalbi» bilan xizmat qilishda davom etgan. (Ishayo 38:3–6; 2 Sol. 29:1, 2; 32:25, 26) Keling, fikrlash tarzimizni zaharlash uchun Shayton qilayotgan harakatlarga qarshi turaylik. «Itoatkor qalb» so‘rab ibodat qilaylik. (3 Shoh. 3:9; Zabur 139:23, 24 ni o‘qing.) Nima bo‘lishidan qat’i nazar, qalbimizni asrasak, Yahovaga sodiq qola olamiz.

54-QO‘SHIQ «Mana yo‘l»

^ 5- x.b. Yahovaga sodiq qolamizmi yoki Shayton bizni tuzog‘iga ilintirib, Yahovadan uzoqlashtirishiga yo‘l qo‘yamizmi? Buning javobi qanchalik qiyin sinovlarga duch kelishimizga emas, balki qalbimizni qanday asrashimizga bog‘liq. «Qalb» so‘zi nimani anglatadi? Shayton qalbimizni o‘g‘irlash uchun nimalar qilyapti? Qanday qilib qalbimizni asray olamiz? Ushbu maqolada bu muhim savollarning javobini topamiz.

^ 11- x.b. IBORA MA’NOSI. Yahova fikr, tuyg‘u va harakatlarimizni tahlil qilib, o‘zimizga baho berish qobiliyatini ato etgan. Muqaddas Kitobda bu qobiliyat vijdon deb atalgan. (Rim. 2:15; 9:1) Muqaddas Kitob asosida tarbiyalangan vijdonga ega bo‘lgan kishi qanday fikr yuritish, nima qilish va nima deyishni Kalomda keltirilgan Yahovaning me’yorlari bo‘yicha aniqlaydi.

^ 56- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Birodar televizor tomosha qilyapti va axloqsiz tasvir paydo bo‘lyapti. U qanday yo‘l tutishni tanlashi kerak.

^ 58- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Soqchi shaharga dushman yaqinlashayotganini ko‘ryapti. U darvozabonlarga xabar beryapti va ular shu zahoti darvozalarni bekitishyapti.