4-TADQIQ MAQOLASI
Qutlug‘ Kechlik marosimi Shohimiz haqida nimani oshkor etmoqda?
Bu mening tanamni bildiradi. [...] Qonimni — «ahd qonini» anglatadi. MAT. 26:26–28
16-QO‘SHIQ Yahni ulug‘lang Shohanshoh-chun
BU MAQOLADA *
1–2. a) Nega Iso o‘limini oddiy tarzda xotirlashimiz kerakligini aytgan? b) Isoning qaysi fazilatlarini ko‘rib chiqamiz?
HAR yili Qutlug‘ Kechlik marosimida nima yuz berishini aytib bera olasizmi? Albatta, bu tadbirning tafsilotlari ko‘pchiligimizga ma’lum. Nima sababli? Chunki bu marosim oddiy bo‘lib o‘tadi. Ammo u juda muhim ahamiyatga ega. Shu bois: «Nega bu marosim oddiy bo‘lib o‘tadi?» — degan savol tug‘ilishi mumkin.
2 Yer yuzidagi xizmati davomida Iso muhim haqiqatlarni oddiy, aniq va tushunishga oson bo‘lgan tarzda yetkazardi. (Mat. 7:28, 29) Shu singari, o‘zining o‘limini ham oddiy tarzda xotirlashimiz * kerakligini aytgan. Keling, Qutlug‘ Kechlik marosimi va Isoning ba’zi so‘zlari-yu ishlari borasida sinchkovlik ila o‘ylab ko‘raylik. Iso qanchalik kamtarin va jasoratli bo‘lib, sevgini namoyon etganini tushunamiz hamda bu borada unga yanada yaxshiroq taqlid qila olishimiz mumkinligini ham bilib olamiz.
ISO KAMTARIN
3. Matto 26:26–28 dan bilib olganimizday, Iso kiritgan marosim qay tarzda o‘tgan va u foydalangan ikkita narsa nimani anglatadi?
3 Iso Qutlug‘ Kechlik marosimini kiritayotganda, u bilan birga 11 ta sodiq havoriysi bor edi. U Fisih taomidan ortib qolganlardan foydalanib, bu marosimni oddiy tarzda o‘tkazdi. Matto 26:26–28 ni o‘qing.) Iso xamirturushsiz non va sharobdan foydalandi. U havoriylariga bular ramziy ma’noga ega ekanini va yaqinda ular uchun qurbon qiladigan mukammal tanasi hamda qonini anglatishini aytdi. Havoriylar bu muhim tadbir oddiy tarzda o‘tganidan hayron qolishmagan. Nima uchun?
(4. Qanday qilib Iso Martaga bergan maslahati Qutlug‘ Kechlik marosimi oddiy tarzda o‘tkazilishini tushunishimizga ko‘maklashyapti?
4 Keling, marosimdan bir necha oy avval yuz bergan voqeaga diqqat qarataylik. Bu Iso xizmatining uchinchi yili bo‘lib, u yaqin do‘stlari Lazar, Marta va Maryamning uyiga boradi. O‘shanda u dam olayotganda ta’lim bergan. Marta ham u yerda edi, lekin hurmatli mehmon uchun ko‘p ovqat tayyorlash bilan juda ovora bo‘lgan. Iso buni payqagach, Martaga muloyimlik ila maslahat berib, ko‘p ovoragarchilikka hojat yo‘qligini tushunishiga ko‘maklashgan. (Luqo 10:40–42) Keyinchalik, Iso o‘limiga bir necha soat qolganida, bu maslahatga o‘zi ham rioya qilib, Qutlug‘ Kechlik marosimi oddiy holda o‘tishiga g‘amxo‘rlik qilgan. Xo‘sh, bundan Iso haqida nimani bilib olyapmiz?
5. Iso oddiy taomdan foydalangani u haqida nimani ko‘rsatyapti va Filippiliklarga 2:5–8 dagi so‘zlar bilan qanday bog‘liq?
5 Iso gapirganda ham, biron nima qilganda ham kamtarin edi. Shu bois, yer yuzidagi so‘nggi kechada u kamtarinlik fazilatini ajoyib tarzda namoyon etgani ajablanarli emas. (Mat. 11:29) Iso tarixdagi eng ulug‘vor qurbonlikni keltirishini va Yahova uni keyinchalik osmonda boshqarishi uchun tiriltirishini bilgan. Shunday bo‘lsa-da, u uning o‘limini xotirlash dabdabali tarzda nishonlanib, o‘ziga o‘rinsiz e’tibor jalb etilishini xohlamagan. Aksincha, u shogirdlariga buni oddiy taomdan foydalanib, yilda bir marotaba bu marosimni o‘tkazishni tayinlagan. (Yuhan. 13:15; 1 Kor. 11:23–25) Iso bu oddiy, lekin munosib taomdan foydalangani u mag‘rur inson bo‘lmaganini ko‘rsatyapti. Ha, Shohimiz ajoyib fazilatga ega, ya’ni kamtarin ekanidan juda xursandmiz! (Filippiliklarga 2:5–8 ni o‘qing.)
6. Qiyinchiliklarga duch kelganimizda qay yo‘sin Iso kabi kamtarin bo‘lishimiz mumkin?
6 Xo‘sh, biz ham qay yo‘sin Iso kabi kamtarin bo‘lishimiz mumkin? Bunga boshqalarning manfaatini ko‘proq ko‘zlab erishsa bo‘ladi. (Filip. 2:3, 4) Isoning yerdagi so‘nggi kechasiga yana bir bor e’tibor qarataylik. Iso yaqinda azob chekib o‘lishini bilgan. Shunday bo‘lsa-da, u uchun qayg‘uradigan sodiq havoriylari haqida qattiq tashvishlangan. Shu bois, u o‘sha so‘nggi kechada ularga yo‘l-yo‘riq va dalda berib, sevgisiga ishontirgan. (Yuhan. 14:25–31) Iso kamtarinlik ila o‘zining emas, boshqalarning manfaati haqida ko‘proq qayg‘urgan. Bu biz uchun a’lo o‘rnak!
ISO JASORATLI
7. Iso Qutlug‘ Kechlik marosimini kiritganidan sal vaqt o‘tib, qay tarzda jasoratni namoyon etgan?
7 Iso Qutlug‘ Kechlik marosimini kiritganidan sal vaqt o‘tib, ajoyib tarzda jasoratni namoyon etadi. Qanday qilib deysizmi? U jinoyatchiday sharmandlarcha qatl etilishi kerakligini bilsa ham, Otasining unga nisbatan irodasini bajarishga tayyor bo‘ladi. (Mat. 26:65, 66; Luqo 22:41, 42) Iso mukammal tarzda benuqson bo‘lib qolgan va shu yo‘sin Allohning ismini sharaflagan, Uning hukmdorligini qo‘llab-quvvatlagan va tavba qiladigan insonlar uchun abadiy hayotga yo‘l ochib bergan. Shu bilan birga, Iso izdoshlarini kelajakda duch keladigan hodisalar uchun ham tayyorlagan.
8. a) Iso sodiq havoriylariga nima degan? b) Qay yo‘sin Isoning o‘limidan keyin ham shogirdlari u kabi jasoratli bo‘lib qolgan?
8 Iso shuningdek, o‘z tashvishlarini chetga surib, havoriylarining ehtiyojlariga diqqat qaratish orqali jasoratni namoyon etgan. Yahudo Ishqariyot ketganidan keyin Iso foydalangan oddiy ramzlar uning moylangan izdoshlari u to‘kkan qon tufayli foyda olishlarini va ular yangi ahdning bir qismi bo‘lishi kerakligini eslatadi. (1 Kor. 10:16, 17) Iso izdoshlariga sadoqatni saqlab, samoda yashash umidiga sazovor bo‘lishlari uchun, u hamda Yahova ulardan nimani kutishayotganini aytgan. (Yuhan. 15:12–15) Qolaversa, Iso havoriylarni kutayotgan qiyinchiliklari haqida ogohlantirgan. So‘ng ularni uning o‘rnagiga taqlid qilishga chorlab: «Dadil bo‘ling!» — deb aytgan. (Yuhan. 16:1–4a, 33) Ko‘p yillar o‘tgach ham, Isoning shogirdlari u kabi fidoyi bo‘lib, jasorat fazilatini namoyon etishgan. Hatto ular azob chekishga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa-da, turli qiyinchiliklarda bir-birini qo‘llab-quvvatlashgan. (Ibron. 10:33, 34)
9. Jasoratli bo‘lishda Isoning o‘rnagiga qay yo‘sin ergasha olamiz?
9 Bugun ham xuddi shunday, jasoratli bo‘lishda Isoning o‘rnagiga ergashamiz. Masalan, imoni tufayli ta’qiblarga duch kelayotgan birodarlarimizni qo‘llab-quvvatlash uchun jasoratli bo‘lishimiz kerak. Gohida birodarlarimiz adolatsizlarcha qamoqda o‘tiradi. Bu yuz berganda, qo‘limizdan kelganini qilib, jumladan, ular uchun ibodatlarimizda so‘rab, hukmron hokimiyat va hatto sudda ularni himoyalashimiz kerak. (Filip. 1:14; Ibron. 13:19) Shuningdek, «jasorat bilan» va’z qilishda davom etib jasur ekanimizni ko‘rsatamiz. (Havor. 14:3) Iso singari bizning ham, hatto odamlar bizga qarshi bo‘lib, quvg‘un qilishsa ham, Shohlik haqidagi xabarni va’z qilish qarorimiz qat’iydir. Lekin ba’zida jasoratimiz so‘nib qolishi hech gap emas. Nima qilsak bo‘ladi?
10. Qutlug‘ Kechlikdan oldingi haftalar mobaynida nima qilishimiz kerak va nega?
10 Iso Masihning to‘lov qurbonligi tufayli paydo bo‘lgan umidimiz haqida fikr yuritib yanada jasoratli bo‘la olamiz. (Yuhan. 3:16; Efes. 1:7) Qutlug‘ Kechlikdan oldingi haftalar mobaynida bu to‘lov uchun bo‘lgan minnatdorligimizni oshirishimiz mumkin. O‘sha paytda bu marosim arafasida o‘qiladigan oyatlarni qiroat qilib, Isoning o‘limidan oldin yuz bergan hodisalar ustida ibodat ila fikr yuritsak bo‘ladi. Qutlug‘ Kechlik marosimiga borganimizda esa, u yerdagi ramzlarning ahamiyatini va ular o‘zgacha qurbonlikni anglatayotganini yanada yaxshiroq tushunamiz. Iso bilan Yahova biz uchun nima qilganini va bu bizga hamda qadrdon yaqinlarimizga qanday foyda keltirishini tushunganimizda, umidimiz mustahkamlanadi. Bu bizni oxirigacha jasoratli bo‘lib qolishga undaydi. (Ibron. 12:3)
11–12. Qutlug‘ Kechlik tufayli nimalarni bilib oldik?
11 Demak Qutlug‘ Kechlik tufayli nafaqat qimmatbaho to‘lovni, balki Iso kamtarinlik va jasorat kabi ajoyib fazilatlarga ega bo‘lganini ham eslaymiz. Iso hozir ham osmonda biz uchun yolvorib so‘raydigan Oliy ruhoniy sifatida ushbu fazilatlarni namoyon etayotganidan juda minnatdormiz. (Ibron. 7:24, 25) Chin yurakdan minnatdor ekanimizni ko‘rsatmoqchi bo‘lsak, Isoning o‘limini uning o‘zi tayinlaganiday munosib tarzda xotirlashimiz lozim. (Luqo 22:19, 20) Biz buni 14-nisonga to‘g‘ri keladigan kuni qilamiz. Bu yilning eng muhim sanasidir.
12 Qutlug‘ Kechlik oddiy bo‘lib o‘tadigan marosim bo‘lganidan, Isoni biz uchun o‘lishga yana qanday fazilat undaganini bilib olishimiz mumkin. Yer yuzidagi xizmati davomida ham u bu fazilat bilan taniqli edi. Xo‘sh, bu qanday fazilat?
ISO SEVGIGA BOY
13. Yuhanno 15:9; 1 Yuhanno 4:8–10 dagi so‘zlar Yahova hamda Iso ko‘rsatgan sevgi borasida nimani oshkor etmoqda va bu sevgi kimlarga foyda keltiradi?
13 Iso barcha ishlarida Yahovaning bizga nisbatan chuqur sevgisini mukammal tarzda aks ettirgan. (Yuhanno 15:9; 1 Yuhanno 4:8–10 ni o‘qing.) Eng muhimi esa, Iso chin yurakdan biz uchun o‘z hayotini qurbon qilgan. Moylanganlar yoki «boshqa qo‘ylar» qatoridan bo‘lamizmi, Yahova hamda Uning O‘g‘li bu to‘lov orqali ko‘rsatgan sevgidan foyda olamiz. (Yuhan. 10:16; 1 Yuhan. 2:2) Qutlug‘ Kechlik ramzlari haqida ham fikr yuritib ko‘ring. Chunki ular Isoning shogirdlariga nisbatan sevgisi va mehribonligini ko‘rsatmoqda. Qanday qilib?
14. Iso shogirdlariga nisbatan sevgisini qanday qilib ko‘rsatgan?
14 Iso moylangan izdoshlariga murakkab emas, balki oddiy ramzlarni tayyorlash kerakligini aytib ularga nisbatan sevgisini ko‘rsatgan. Vaqt o‘tar ekan, moylangan masihiylar bu marosimni har yili, turli vaziyatda, jumladan, qamoqda ham o‘tkazishi kerak edi. (Vah. 2:10) Bu ularning qo‘lidan kelganmi? Ha.
15–16. Qanday qilib ba’zilar qiyin vaziyatlarda ham Qutlug‘ Kechlikni o‘tkaza olgan?
15 Birinchi asrdan to bugungi kunga qadar masihiylar Isoning o‘limini xotirlashga harakat qilishgan. Ular Qutlug‘ Kechlik marosimini gohida mushkul vaziyatlarda ham o‘tkazish uchun qo‘lidan kelganini qilishgan. Bir nechta misolga e’tibor qarataylik. Birodarimiz Xarold King Xitoydagi qamoqxonaning bir kishilik kamerasida o‘tirganda shunday yo‘l tutgan. U qo‘lida boridan yashirincha Qutlug‘ Kechlik ramzlarini tayyorlagan. Shuningdek, marosimning sanasini ham iloji boricha aniq hisoblab chiqishga intilgan. Xotirlash payti kelganida esa u kamerada yolg‘iz o‘zi kuylagan, ibodat qilgan va Muqaddas Kitob oyatlari asosida nutq aytgan.
16 Mana yana bir misol. Bir nechta opamiz Ikkinchi jahon urushi paytida konsentratsion lagerda hayotini xavf ostiga qo‘yib Qutlug‘ Kechlik marosimini o‘tkazgan. Lekin ramzlar oddiy bo‘lgani uchun, ular marosimni ehtiyotkorlik bilan o‘tkaza olishgan. Ular quyidagicha aytishdi: «Oq mato yoyilgan,
ustida sharob va non qo‘yilgan kichik stul atrofida bir-birimizga zich turganmiz. Boshqalar sezmasligi uchun elektr chiroq o‘rniga sham yoqqanmiz... Xudoning muqaddas ismini oqlash uchun bor kuchimizni berish haqidagi va’damizni takrorlaganmiz». Bu opalarimiz chindan ham kuchli imonni namoyon etishgan! Hatto mushkul vaziyatlarda ham Qutlug‘ Kechlik marosimini o‘tkaza olishimiz uchun, Iso uni oddiy tarzda tashkillashtirib o‘z sevgisini namoyon etdi.17. Qaysi savollar ustida fikr yuritsak yaxshi bo‘lardi?
17 Yaqinda Qutlug‘ Kechlik marosimi bo‘lar ekan, quyidagi savollar ustida fikr yuritsak yaxshi bo‘lardi: «Qanday qilib Iso kabi sevgini yanada ko‘proq ko‘rsata olaman? Imondoshlarimning ehtiyojlari haqida o‘zimnikidan ko‘ra ko‘proq o‘ylaymanmi? Birodar-u opa-singillarimdan mukammallikni talab qilyapmanmi yoki ularning imkoniyatlari chegaralanganini hisobga olamanmi?» Keling, doim Isoga taqlid qilib, «hamdard» bo‘laylik. (1 Butr. 3:8)
USHBU SABOQLARNI UNUTMANG
18–19. a) Nima borasida amin bo‘lishimiz mumkin? b) Qanday yo‘l tutishga qat’iy qaror qildingiz?
18 Qutlug‘ Kechlik marosimi abadiy davom etmaydi. Iso «Alloh tanlagan kishilar»ning qolgan qismini buyuk musibat paytida samoga yig‘ish uchun «keladi» va Qutlug‘ Kechlikni o‘tkazish uchun hojat qolmaydi. (1 Kor. 11:26; Mat. 24:31)
19 Qutlug‘ Kechlikni o‘tkazish uchun hojat qolmasa ham, aminmizki, bu tadbirni Yahovaning xalqi uchun inson namoyon etgan ajoyib kamtarlik, jasorat va sevgi namunasi sifatida eslaymiz. O‘shanda, bu o‘zgacha marosimga tashrif buyurgan kishilar u haqida barcha odamlar foyda olishi uchun ularga aytib bera oladi. Biroq yaqinda bo‘ladigan marosimdan foyda olishimiz uchun Isoning kamtarinligi, jasorati va sevgisiga taqlid qilishga qat’iy qaror qilishimiz kerak. Shunday yo‘l tutsak, Yahovadan mukofot olishimiz shubhasiz. (2 Butr. 1:10, 11)
13-QO‘SHIQ Masih biz uchun o‘rnakdir
^ 5- x.b. Yaqinda Iso Masihning o‘limini xotirlash uchun Qutlug‘ Kechlik marosimiga boramiz. Bu marosim tufayli Isoning kamtarligi, jasorati va sevgisi haqida ko‘proq bilib olishimiz mumkin. Ushbu maqolada, u namoyon etgan bu ajoyib fazilatlarga qanday taqlid qilishimiz mumkinligi borasida so‘z yuritamiz.
^ 2- x.b. IBORA MA’NOSI. Xotirlash muhim bir voqeani yoki insonni eslash niyatida qilinadigan o‘zgacha biron harakatlarni anglatadi.
^ 56- x.b. RASMGA SHARH. Sadoqatli xizmatchilar Qutlug‘ Kechlik marosimini birinchi asrda; taxminan 1880-yillarda; konsentratsion lagerda va bugungi kunda Janubiy Amerikaning iliq bir mamlakatidagi Yig‘ilish zalida o‘tkazishyapti.