Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

5-TADQIQ MAQOLASI

Yig‘ilishlarga borish biz haqimizda nimani oshkor etmoqda?

Yig‘ilishlarga borish biz haqimizda nimani oshkor etmoqda?

Hazratimiz kelguniga qadar uning o‘limini e’lon eting. 1 KOR. 11:26

18-QO‘SHIQ To‘lov uchun minnatdormiz

BU MAQOLADA *

1–2. a) Millionlab odamlar Qutlug‘ Kechlik marosimiga tashrif buyurganda, Yahova nimalarni kuzatadi? (Muqovadagi rasmga qarang.) b) Ushbu maqolada nimani ko‘rib chiqamiz?

DUNYO bo‘ylab millionlab odamlar Qutlug‘ Kechlik marosimiga tashrif buyurganda, Yahova nimalarni kuzatishini tasavvur qiling. U shunchaki ko‘pgina odamlarni ko‘rmaydi, balki har bir insonga e’tibor beradi. Masalan, Xudo har yili sadoqat ila tashrif buyurayotganlarni ko‘radi. Ularning orasida qattiq ta’qiblarga duch kelishiga qaramay, bu marosimga tashrif buyurganlar bo‘lishi mumkin. Boshqalar jamoat uchrashuvlariga muntazam kelmas, lekin Qutlug‘ Kechlikka tashrif buyurishni muhim deb hisoblaydi. Shuningdek, Yahova bu marosim qanday o‘tishi bilan qiziqib ilk bor kelganlarni ham nazaridan chetda qoldirmaydi.

2 Albatta, Yahova Qutlug‘ Kechlikka kelgan ko‘plarni ko‘rib mamnun bo‘ladi. (Luqo 22:19) Ammo Yahova uchun bu marosimga tashrif buyurganlarning soni uncha muhim emas. U uchun inson kelganining sababi, ya’ni uning niyati ahamiyatlidir. Mazkur maqolada muhim savolga javob topamiz: nega faqatgina yilda bir marotaba bo‘ladigan Qutlug‘ Kechlik marosimiga emas, balki Yahova Uni sevadigan insonlar uchun uyushtirgan hafta davomidagi uchrashuvlarga ham boramiz?

Dunyo bo‘ylab millionlab kishilar Qutlug‘ Kechlik marosimiga taklif qilinadi (1–2-xatboshilariga qarang.)

KAMTARLIK BIZNI BORISHGA UNDAYDI

3–4. a) Nega yig‘ilishlarga boramiz? b) Yig‘ilishlarga borish biz haqimizda nimani oshkor etyapti? d) 1 Korinfliklarga 11:23–26 da aytilganiday, nega Qutlug‘ Kechlikni qoldirmasligimiz kerak?

3 Yig‘ilishlarga tashrif buyurishimizning muhim sababi — ular topinishimizning bir qismi. Qolaversa, yig‘ilishlarda Yahovadan ta’lim olamiz. Mag‘rur kishilar ta’lim olishga muhtoj ekanini tan olmaydi. (3 Yuhan. 9) Ulardan farqli o‘laroq, biz Yahova hamda Uning tashkiloti taqdim etayotgan yo‘l-yo‘riqlarni qabul qilishga tayyormiz. (Ishayo 30:20; Yuhan. 6:45)

4 Yig‘ilishlarga borganimizda kamtar va ta’lim olishga tayyor ekanimizni ko‘rsatamiz. Isoning o‘limini xotirlash uchun bu muhim uchrashuvga shunchaki majburiyat yuzasidan tashrif buyurmaymiz, balki uning: «Meni eslash uchun shunday qilib turinglar»,— degan amriga kamtarinlik ila itoat etayotganimizni ko‘rsatamiz. (1 Korinfliklarga 11:23–26 ni o‘qing.) Bu uchrashuv tufayli kelajakka nisbatan umidimiz mustahkamlanadi hamda Yahova bizni qanchalar sevishini eslaymiz. Biroq Yahova yilda bir marotaba emas, balki ko‘proq dalda olib mustahkamlanishimiz kerakligini biladi. Shu bois, U har hafta yig‘ilishlar o‘tishiga g‘amxo‘rlik qilgan va bizni ularga tashrif buyurishga undaydi. Ha, kamtarinlik itoatkor bo‘lishga chorlaydi. Har hafta yig‘ilishlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularga borish uchun bir necha soat sarflaymiz.

5. Nega Yahovaning taklifini kamtarin kishilar qabul qiladi?

5 Har yili anchagina kamtarin kishilar Yahovadan ta’lim olish taklifini qabul qiladi. (Ishayo 50:4) Ular Qutlug‘ Kechlikka tashrif buyurishdan xursand bo‘ladi va boshqa yig‘ilishlarga ham qatnay boshlaydi. (Zakr. 8:20–23) «Madadkor-u xaloskorimiz» bo‘lgan Tangri Yahovadan birgalikda ta’lim va yo‘l-yo‘riq olishdan baxtiyormiz. (Zab. 40:17) Chindan ham, Yahova hamda Uning suyukli O‘g‘li Isodan ta’lim olish taklifini qabul qilishdan ko‘ra, yana nima quvonchli va muhim bo‘lishi mumkin?! (Mat. 17:5; 18:20; 28:20)

6. Qanday qilib kamtarlik bir kishiga Qutlug‘ Kechlikka borishga yordam berdi?

6 Har yili Isoning o‘limini xotirlash uchun iloji boricha ko‘proq odamlarni taklif qilishga harakat qilamiz. Ko‘pgina kamtarin kishilar bu taklifdan foyda oldi. Mana bir misol. Yillar avval, birodarimiz bir kishini Qutlug‘ Kechlik marosimiga taklif qiladi. Lekin u taklifnomani bergan birodarga bora olmasligini aytadi. Ammo Qutlug‘ Kechlik bo‘ladigan oqshom birodarimiz o‘sha kishi Yig‘ilish zali tomon kelayotganini ko‘rib hayron qoladi. Kishi uni qanday kutib olishganidan shunchalik ta’sirlanadiki, hafta davomidagi uchrashuvlarga ham qatnay boshlaydi. U yil davomida uchta uchrashuvga bora olmadi, xolos. Xo‘sh, nega u barcha yig‘ilishlarga borishga qaror qildi? U kamtar bo‘lib, fikrini o‘zgartirdi. Uni taklif qilgan birodar keyinchalik shunday dedi: «U juda kamtarin». Yahova o‘sha kishini O‘ziga jalb qilganidan shubhamiz yo‘q va u hozir birodarimiz. (2 Shoh. 22:28; Yuhan. 6:44)

7. Yig‘ilishlarda bilib olayotganlarimiz va Muqaddas Kitobdan o‘qiganlarimiz qay yo‘sin kamtarin bo‘lishga yordam beradi?

7 Yig‘ilishlarda bilib olayotganlarimiz va Muqaddas Kitobdan o‘qiyotganlarimiz kamtarin bo‘lishimizga yordam beradi. Qutlug‘ Kechlik arafasidagi haftalar davomida o‘tadigan yig‘ilishlarda odatda Isoning o‘rnagiga va hayotini to‘lov sifatida taqdim etib, kamtarinlikni namoyon etganiga diqqatimizni qaratamiz. Bu muhim marosimgacha bir necha kun davomida Muqaddas Kitobdan Isoning o‘limi va tirilishi bilan bog‘liq voqealarni o‘qisak oqilona bo‘lardi. Bunday yig‘ilishlarda bilib olganlarimiz va Muqaddas Kitobdan o‘qiganlarimiz Isoning biz uchun bergan qurbonligiga nisbatan minnatdorchiligimizni oshiradi. Bu tufayli Isoning kamtarinligiga taqlid qilishga va hatto qiyin bo‘lganda ham Yahovaning irodasini bajarishga harakat qilamiz. (Luqo 22:41, 42)

JASORAT BIZNI BORISHGA UNDAYDI

8. Qay yo‘sin Iso jasoratli ekanini ko‘rsatdi?

8 Jasoratli bo‘lishda ham Isoga taqlid qilishga harakat qilamiz. O‘limidan oldingi kechada u qanday jasoratni namoyon etgani borasida bir o‘ylab ko‘ring. Iso tez orada dushmanlari uni kamsitishi, urishi va qatl etishini bilar edi. (Mat. 20:17–19) Lekin u o‘limga tayyor bo‘ldi. Bu vaqt kelganida, Iso u bilan Getsemaniya bog‘ida birga bo‘lgan sadoqatli havoriylariga: «Turinglar, ketdik. Xoin yaqinlashib qoldi»,— dedi. (Mat. 26:36, 46) Qurollangan bir to‘da askar uni hibsga olishga kelganda, u peshvoz chiqib kim ekanini aytdi va askarlarga havoriylarini qo‘yib yuborishni buyurdi. (Yuhan. 18:3–8) Darhaqiqat, Iso juda jasoratli bo‘lgan. Bugungi kunda ham moylangan masihiylar va boshqa qo‘ylar jasoratli bo‘lishda Isoga taqlid qilish uchun jon kuydirmoqda. Qanaqasiga?

Yig‘ilishlarga borish uchun ko‘rsatgan jasoratingiz boshqalarga kuch baxsh etadi (9-xatboshiga qarang.) *

9. a) Nega yig‘ilishlarga muntazam qatnash uchun jasoratli bo‘lishimiz kerak? b) Imoni uchun qamoqda o‘tirgan birodarlarga o‘rnagimiz qanday ta’sir qilishi mumkin?

9 Og‘ir vaziyatlarga duch kelgan bo‘lsak, yig‘ilishlarga muntazam qatnashimiz uchun jasoratli bo‘lishimiz kerak. Misol uchun, ba’zi birodar-u opa-singillarimiz qayg‘uga, tushkunlikka yoki sog‘liq muammolariga qaramay, yig‘ilishlarga qatnaydi. Boshqalar esa, oila a’zolari yoki hukumat tomonidan qattiq qarshiliklarga duch kelsa ham, jasorat ila yig‘ilishlarni qoldirmaydi. Shuningdek, imoni uchun qamoqda o‘tirgan birodar-u opa-singillarimizga o‘rnagimiz qanday ta’sir qilishi haqida bir o‘ylab ko‘ring. (Ibron. 13:3) Ular qiyinchiliklarga qaramay, Yahovaga xizmat qilayotganimiz haqida eshitganda, imonini mustahkamlash, jasoratli bo‘lish va benuqson qolish uchun kuchga to‘ladi. Havoriy Pavlus buni o‘zida his etgan. U Rimda qamoqda bo‘lganida, birodarlari Tangriga sadoqat ila xizmat qilayotganini eshitib xursand bo‘lgan. (Filip. 1:3–5, 12–14) Ozodlikka chiqishidan sal oldin yoki ozod bo‘lishi bilan, Pavlus ibroniylarga maktub yo‘llagan. O‘sha maktubida Pavlus sodiq masihiylarni bir-birlarini «birodarlarcha sevishda» to‘xtamaslikka va yig‘ilishlarni hech ham qoldirmaslikka undagan. (Ibron. 10:24, 25; 13:1)

10–11. a) Qutlug‘ Kechlikka kimlarni taklif qilishimiz kerak? b) Efesliklarga 1:7 ga ko‘ra, bunday qilishimiz uchun qanday sabab bor?

10 Qarindosh, hamkasb va qo‘shnilarimizni Qutlug‘ Kechlik marosimiga taklif qilib jasorat namoyon etamiz. Nega ularni taklif qilamiz? Yahova hamda Iso biz uchun qilgan ishlaridan juda minnatdor bo‘lganimiz sabab, boshqalarni bu marosimga taklif qilishni istaymiz. Qolaversa, ular ham Yahovaning to‘lov orqali namoyon etadigan «inoyatidan» foyda olishlarini xohlaymiz. (Efesliklarga 1:7 ni o‘qing; Vah. 22:17)

11 Jasoratli bo‘lib birga yig‘ilganimizda, Alloh va Uning O‘g‘li o‘zgacha tarzda namoyon etadigan yana bir ajoyib fazilatga ega ekanimizni ko‘rsatamiz.

SEVGI BIZNI BORISHGA UNDAYDI

12. a) Qanday qilib yig‘ilishlar tufayli Yahova hamda Isoga bo‘lgan sevgimiz yanada oshadi? b) 2 Korinfliklarga 5:14, 15 da yozilgan undovga ko‘ra, qay yo‘sin Isoga taqlid qilsak bo‘ladi?

12 Yahova hamda Isoga bo‘lgan sevgimiz yig‘ilishlarni qoldirmaslikka undaydi. O‘z navbatida, yig‘ilishlarda bilib olganlarimiz tufayli Alloh Yahova hamda Uning O‘g‘liga bo‘lgan sevgimiz oshadi. Boisi, Tangrimiz va Iso biz uchun nimalar qilgani borasida doim yig‘ilishlarda eslaymiz. (Rim. 5:8) Qutlug‘ Kechlik marosimida esa asosan, Yahova hamda Iso biz va hatto hali to‘lovning ahamiyatini tushunib yetmaganlar uchun qanday kuchli sevgini ko‘rsatgani to‘g‘risida o‘ylaymiz. Qalblarimiz minnatdorlikka to‘lib, barcha ishlarimizda Isoga taqlid qilishga harakat qilamiz. (2 Korinfliklarga 5:14, 15 ni o‘qing.) Boz ustiga, Yahova to‘lov taqdim etgani uchun qalbimiz Uni madh etishga undaydi. Buning yo‘llaridan biri jamoat uchrashuvlarida chin dildan sharh berishdir.

13. Yahova hamda Isoga bo‘lgan sevgimiz kuchli ekanini qanday ko‘rsata olamiz? Tushuntiring.

13 Alloh Yahova hamda Uning O‘g‘li uchun fidoyilik ko‘rsatishga tayyor bo‘lib, sevgimiz qanchalik kuchli ekanini ko‘rsata olamiz. Ko‘pincha jamoat uchrashuvlarini qoldirmaslik uchun har turli fidoyilikka tayyormiz. Masalan, ba’zi yig‘ilishlar kunning oxirida, ehtimol, holdan toygan paytimizda o‘tadi. Boshqa uchrashuv esa, hafta oxirida, odamlar dam olayotgan paytda bo‘ladi. Charchagan bo‘lsak ham, yig‘ilishga borish uchun qilayotgan harakatlarimizni Yahova payqaydimi? Bo‘lmasam-chi! Aslida, qancha ko‘p qiyinchilikka duch kelsak, Yahova Unga namoyon etayotgan sevgimizni shuncha ko‘p qadrlaydi. (Mark 12:41–44)

14. Fidoyi sevgini namoyon etishda Iso qanday o‘rnak qoldirgan?

14 Fidoyi sevgini namoyon etishda Iso biz uchun o‘rnak qoldirgan. U nafaqat shogirdlari uchun o‘lishga, balki har kuni ularning manfaatini o‘zinikidan ustun qo‘yib yashashga tayyor bo‘lgan. Misol uchun, u jismonan yoki hissan charchaganda ham, izdoshlari bilan uchrashgan. (Luqo 22:39–46) Bundan tashqari, Iso diqqatini boshqalardan biron nima olishga emas, ularga nima bera olishiga qaratgan. (Mat. 20:28) Bizning ham Yahovaga hamda imondoshlarimizga bo‘lgan sevgimiz shunday kuchli bo‘lsa, Qutlug‘ Kechlik marosimiga va boshqa barcha uchrashuvlarga borish uchun qo‘limizdan kelganini qilamiz.

15. Xususan kimlarga yordam berishga harakat qilamiz?

15 Biz umumjahon oilaning bir qismimiz va boshqa samimiy insonlarni bizga qo‘shilishga taklif qilib, bir-birimiz bilan imkon boricha ko‘proq vaqt o‘tkazishdan baxtiyormiz. Lekin, xususan, faoliyatsiz bo‘lib qolgan «imondoshlarimizga» yordam berishga intilamiz. (Galat. 6:10) Ularni yig‘ilishlarga, ayniqsa, Qutlug‘ Kechlik marosimiga taklif qilib sevgimizni ko‘rsatamiz. Faoliyatsiz bo‘lib qolgan imondoshimiz Yahovaga, g‘amxo‘r Otamiz va Cho‘ponimizga qaytganida Yahova hamda Iso singari rosa shod bo‘lamiz. (Mat. 18:14)

16. a) Qay yo‘sin bir-birimizga dalda beramiz va yig‘ilishlardan qanday foyda olamiz? b) Nima uchun hozir Isoning Yuhanno 3:16 dagi so‘zlarini eslashning ayni payti?

16 Keling, mana shu haftalar mobaynida, 2019-yil, 19-aprel juma kuni kech payt bo‘lib o‘tadigan Qutlug‘ Kechlik marosimiga iloji boricha ko‘proq odamlarni taklif qilaylik. (« Ularni taklif qilasizmi?» nomli ramkaga qarang.) Yil davomida Yahova biz uchun uyushtirgan barcha uchrashuvlarga borib bir-birimizga dalda beraylik. Ushbu zamonaning oxiri yaqinlashib kelayotgan ekan, kamtar va jasoratli bo‘lib, sevgini namoyon etish uchun jamoat uchrashuvlarini qoldirmasligimiz zarur. (1 Salon. 5:8–11) Yahova hamda Uning O‘g‘li namoyon etgan sevgi uchun chin dildan minnatdorchilik bildiraylik! (Yuhanno 3:16 ni o‘qing.)

126-QO‘SHIQ Mustahkam, hushyor bo‘ling

^ 5- x.b. 2019-yil, 19-aprel juma kuni kechki payt bo‘lib o‘tadigan Qutlug‘ Kechlik marosimi yilning eng muhim tadbiridir. Xo‘sh, bu marosimga tashrif buyurishga bizni nima undaydi? Shubhasizki, biz Yahovani mamnun etishni istaymiz. Ushbu maqolada Qutlug‘ Kechlik va hafta davomida bo‘ladigan uchrashuvlarga borish biz haqimizda nimani oshkor etishi to‘g‘risida gap boradi.

^ 52- x.b. RASMGA SHARH. Imoni uchun qamoqda o‘tirgan birodar uyidagilaridan kelgan maktubni o‘qib, dalda oladi. Oila a’zolari uni unutishmaganini va siyosiy notinchliklar bo‘lishiga qaramay, Yahovaga sadoqatli qolishayotganini o‘qib, xursand bo‘ladi.