Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

15-TADQIQ MAQOLASI

Isoga taqlid qilib, tinchlikni saqlab qoling

Isoga taqlid qilib, tinchlikni saqlab qoling

Har qanday o‘y-fikrdan ustun bo‘lgan Xudoning tinchligi qalbingizni... himoya qiladi. FILIP. 4:7

113-QO‘SHIQ Tinchlik — Alloh bergan ne’mat

BU MAQOLADA *

1–2. Nima uchun Iso kuchli bosim ostida edi?

YER YUZIDAGI hayotining so‘nggi damlarida Iso xavotirlangan. U qonunsiz odamlar tomonidan dahshatli tarzda qatl etilish vaqti yaqinlashayotgan edi. Lekin Iso uni kutayotgan o‘limi haqidagina o‘ylamayotgan edi. U Otasini juda ham yaxshi ko‘rardi va Uni mamnun qilishni istagan. Iso bu mushkul qiyinchilik pallasida sodiq bo‘lib qolsa, Yahovaning ismi oqlanishiga hissa qo‘shishini bilgan. Iso odamlarni sevgan va o‘limigacha sadoqatli bo‘lib qolsa, biz abadiy yashash imkoniyatiga ega bo‘la olishimizni u yaxshi tushungan.

2 Hatto kuchli bosim ostida ham Iso xotirjam edi. Havoriylariga: «O‘z tinchligimni sizlarga beryapman»,— degan. (Yuhan. 14:27) Iso «Xudoning tinchligi»ga, ya’ni kishi Yahova bilan qimmatbaho munosabatlarga ega bo‘lgani natijasida his etadigan xotirjamlikka ega bo‘lgan. Bu tinchlik Isoga haddan ortiq xavotirlanmaslikka yordam bergan. (Filip. 4:6, 7)

3. Ushbu maqolada nimaga diqqat qaratamiz?

3 Albatta, hech birimiz Iso boshidan kechirgan qiyinchiliklarga duch kelmaganmiz, lekin unga ergashgan har bir kishi sinovlarga duch keladi. (Mat. 16:24, 25; Yuhan. 15:20) U kabi biz ham o‘zimizni kuchli bosim ostida his etamiz. Xo‘sh, haddan tashqari tashvishlanmaslik va tinchlikni yo‘qotmaslik uchun nima qila olamiz? Keling, Iso yer yuzidagi xizmati davomida qilgan uchta harakatiga va biz qiyinchiliklarga duch kelganda unga qay yo‘sin taqlid qila olishimiz mumkinligiga diqqat qarataylik.

ISO TEZ-TEZ IBODAT QILIB TURGAN

Ibodat yordamida tinchlikni saqlay olamiz (4–7-xatboshilariga qarang.)

4. Salonikaliklarga birinchi maktub 5:17 ni yodda tutgan holda, Iso yer yuzidagi hayotining oxirgi kuni tez-tez ibodat qilgani borasida misollar keltiring.

4 1 Salonikaliklarga 5:17 ni o‘qing. Iso yerdagi hayotining so‘nggi kunida tez-tez ibodat qilgan. Shogirdlariga uning o‘limini qanday xotirlash kerakligini ko‘rsatayotib, non va sharob uchun ibodat qilgan. (1 Kor. 11:23–25) Fisih bayramini o‘tkazgach, Iso ketishdan avval shogirdlari bilan ibodat qilgan. (Yuhan. 17:1–26) O‘sha tunda shogirdlari bilan Zaytun tog‘iga borganda ham qayta-qayta ibodat qilgan. (Mat. 26:36–39, 42, 44) O‘limidan oldin ham so‘nggi bor qilgan ishi ibodat edi. (Luqo 23:46) Hayotining oxirgi kuni Iso har bir qadamida Yahovaga ibodat qilgan.

5. Nega havoriylarning jasorati so‘nib qoldi?

5 Iso sinov paytida sabr-bardoshli bo‘lganining sabablaridan biri Otasiga ibodat qilib tayanganida edi. Havoriylar esa, bunday yo‘l tutishmadi, o‘sha tunda ibodat bilan band bo‘lishmadi. Oqibatda, qiyinchilikka ro‘baro‘ kelganda jasorati so‘nib qoldi. (Mat. 26:40, 41, 43, 45, 56) Qiyinchiliklar girdobida biz ham faqat Isoning o‘rnagiga ergashib, «doim ibodat qilsak», sodiq bo‘lib qolamiz. Nima haqida ibodat qilishimiz mumkin?

6. Qanday qilib imonimiz tufayli tinchlikni saqlay olamiz?

6 Imonimizga imon qo‘shishi haqida Yahovaga ibodat qilsak bo‘ladi. (Luqo 17:5; Yuhan. 14:1) Imonimiz kuchli bo‘lishi lozim, chunki Shayton Isoning izidan ergashadiganlarni sinaydi. (Luqo 22:31) Birin-ketin muammolarga duch kelganimizda ham tinchlikni saqlashimizga imon qanday yordam beradi? Qiyinchilikni yengish uchun qo‘limizdan kelgan barchasini qilganimizda, Yahova bizga ko‘maklashishiga ishonish haddan ziyod tashvishlanmaslikka hissa qo‘shadi. Sababi, U kerakli vaqtda eng yaxshi yechimni taqdim etishini bilamiz. Xudo barchasini biz kutganimizdan ko‘ra a’lo tarzda hal qilishiga tayanganimiz bois, ich-ichimizdan xotirjam bo‘lib qolamiz. (1 Butr. 5:6, 7)

7. Robert birodarimizning so‘zlaridan nimaga o‘rgansak bo‘ladi?

7 Qanday sinovlarga duch kelmaylik, ibodat yordamida xotirjamlikni saqlay olamiz. Hozir yoshi 80 da bo‘lgan Robert ismli sodiq oqsoqolning misoliga e’tibor qarataylik. U shunday dedi: «Filippiliklarga 4:6, 7 dagi maslahat ko‘pgina qiyinchiliklarimni yenga olishimga qo‘l keldi. Pul masalasida muammolarga duch kelgan edim. Bu tufayli muayyan vaqt davomida oqsoqol bo‘lib xizmat qilmayotgan edim». Robertga xotirjamlikni saqlashga nima yordam berdi? «Tashvish tortishni boshlaganimdayoq ibodat qilishga tushardim. Qancha ko‘p va chin yurakdan ibodat qilsam, shuncha ko‘p xotirjam bo‘lib qolishimga ishonardim»,— dedi u.

ISO G‘AYRAT ILA VA’Z QILGAN

Xizmat yordamida xotirjamlikni saqlay olamiz (8–10-xatboshilariga qarang.)

8. Yuhanno 8:29 ga ko‘ra nima sababli Iso xotirjamlikni saqlagan?

8 Yuhanno 8:29 ni o‘qing. Iso hatto ta’qiblarga duch kelganda ham xotirjamlikni saqlagan, chunki bu orqali Otasini quvontirayotganini bilgan. Itoatli bo‘lish qiyin bo‘lganda ham u bo‘ysungan. Iso Otasini yaxshi ko‘rgani uchun Unga xizmat qilish hayotining mazmuniga aylangan. Osmonda u Xudoning «mohir ishchisi» edi. (Hik. 8:30) Yer yuzidagi xizmati davomida esa, u boshqalarga Otasi haqida ta’lim bergan. (Mat. 6:9; Yuhan. 5:17) Bundan Iso ulkan quvonch topgan. (Yuhan. 4:34–36)

9. Nima uchun xizmat bilan band bo‘lish xotirjamlikni saqlashga yordam beradi?

9 Biz Yahovaga bo‘ysunishda Isoga taqlid qilib, «doimo Rabbimizning ishi bilan band bo‘la» olamiz. (1 Kor. 15:58) Voizlik ishiga «astoydil kirishganimizda», muammolarimizga ijobiyroq qaray olamiz. (Havor. 18:5) Masalan, xizmatda uchratadigan insonlarning muammolari ba’zan biznikiga qaraganda og‘irroq bo‘ladi. Ammo ular Yahovani yaxshi ko‘rib, maslahatlariga amal qilishni o‘rgansa, hayotini yaxshilab, baxtliroq bo‘la olishadi. Buni ko‘rganimizda esa, Yahova bizga g‘amxo‘rlik qilayotganiga yanada amin bo‘lamiz. Bu tufayli xotirjamlikni saqlay olamiz. Butun hayoti davomida depressiya bilan kurashgan va o‘zini keraksiz his etgan bir imondoshimiz bu rostdan ham shunday ekaniga amin bo‘lgan. U quyidagicha bo‘lishdi: «Xizmat bilan band bo‘lganimda, tuyg‘ularimni nazorat qilib, o‘zimni baxtliroq his qilaman. O‘ylashimcha, voizlik xizmatida Yahovaga yanada ko‘proq yaqinlasha olaman».

10. Brendaning aytgan so‘zlaridan nimaga o‘rgandingiz?

10 Keling, Brendaning misoliga e’tibor qarataylik. Uning o‘zi va qizi jiddiy kasallikka (tarqoq sklerozga) yo‘liqqan edi. Brenda nogironlar aravachasidan foydalanadi va juda zaif. U gohida uyma-uy va’z qiladi, lekin ko‘pincha xat yozib shohidlik beradi. Brenda shunday dedi: «Hozirgi kunda kasalligimdan qutula olmasligimni tushundim va bor diqqatimni xizmatga qarata oldim. Haqiqatan ham va’z qilganimda tashvishlarimdan chalg‘iyman. Jamoatimning hududida xizmat qilayotganimda butun e’tiborimni men va’z qiladigan kishilarga qarataman. Va’z qilganimda doim kelajak borasidagi umidim haqida fikr yuritishga imkon bo‘ladi».

ISO DO‘STLARINING KO‘MAGINI QABUL QILGAN

Yaxshi do‘stlarimizning yordamida tinchlikni saqlay olamiz (11–15-xatboshilariga qarang.)

11–13. a) Havoriylar va boshqalar Isoning chinakam do‘stlari ekanini qay yo‘sin ko‘rsatishgan? b) Isoning do‘stlari unga qanday ta’sir qilgan?

11 Isoning butun xizmati davomida sadoqatli havoriylar uning chinakam do‘stlari ekanini tasdiqlashgan. Ularning misoli: «Tug‘ishgandan ham yaqinroq do‘st bor»,— degan hikmatli so‘zlar chin ekanini ko‘rsatmoqda. (Hik. 18:24) Iso bunday do‘stlarni juda qadrlagan. Xizmati davomida hech bir ukasi Isoga ishonmas edi. (Yuhan. 7:3–5) Hatto bir safar, uning qarindoshlari u aqldan ozibdi deb o‘ylashgan. (Mark 3:21) Iso o‘limidan oldingi kechada sodiq havoriylariga: «Sinovlarga duch kelganimda sizlar men bilan bo‘lgansizlar»,— deb aytgan. (Luqo 22:28)

12 Havoriylar Isoni ba’zida ranjitib qo‘yishardi, lekin u diqqatini ularning kamchiliklariga emas, balki unga bo‘lgan ishonchiga qaratardi. (Mat. 26:40; Mark 10:13, 14; Yuhan. 6:66–69) Qatl etilishidan oldingi kechada o‘sha sodiq kishilarga u shunday degan: «Sizlarni do‘stlarim deb atayman, zero Otamdan nimaiki eshitgan bo‘lsam, barchasini sizlarga oshkor etdim». (Yuhan. 15:15) Shubhasizki, Isoning do‘stlari u uchun dalda manbai edi. Ular Isoga xizmatda ko‘maklashgani unga quvonch baxsh etgan. (Luqo 10:17, 21)

13 Havoriylardan tashqari, Isoning boshqa erkak va ayol do‘stlari ham bo‘lgan. Ular va’zgo‘ylik ishida uni qo‘llab-quvvatlab, turli yo‘llar bilan yordam berishgan. Ayrimlar uni uyiga taklif qilib, uni mehmon qilishgan. (Luqo 10:38–42; Yuhan. 12:1, 2) Boshqalar esa unga safarda hamroh bo‘lib, qo‘lida bori bilan bo‘lishardi. (Luqo 8:3) Isoning yaxshi do‘stlari bor edi, chunki o‘zi ham yaxshi do‘st bo‘lgan. Ularga yaxshiliklar qilgan, lekin ular javoban yaxshilik qilishlari uchungina buni qilmagan edi. To‘g‘ri, Iso mukammal edi, ammo nomukammal do‘stlari uni qo‘llab-quvvatlayotganidan minnatdor bo‘lgan. Shubhasiz, ular unga xotirjamlikni saqlab qolishiga yordam berishgan.

14–15. Qanday qilib yaxshi do‘stlar orttira olamiz va ular bizga qanaqa yordam bera oladi?

14 Yaxshi do‘stlar Yahovaga sodiq bo‘lib qolishimizga ko‘maklashadi. Yaxshi do‘stlar orttirishning eng zo‘r yo‘li yaxshi do‘st bo‘lishdir. (Mat. 7:12) Masalan, Muqaddas Kitobga binoan, boshqalarga, ayniqsa, «muhtojlarga» yordam berish uchun vaqtimiz-u kuchimizni sarflashimiz lozim. (Efes. 4:28) Jamoatingizda yordamingizga muhtoj bo‘lgan kimdir bormi? Yoshi yoki kasalligi tufayli uydan chiqa olmaydigan va’zgo‘ylar-chi? Moddiy qiyinchiliklari bor oila uchun ovqat tayyorlab bera olasizmi? Jamoatingizdagilarga jw.org® saytidan va JW Library® ilovasidan foydalanishni o‘rganishga yoki u yerdan ma’naviy marvaridlarni topishga yordam bera olasizmi? Ha, o‘zgalarga yordam berish bilan band bo‘lsak, o‘zimizni baxtliroq his etamiz. (Havor. 20:35)

15 Qiyinchiliklarga duch kelganimizda, do‘stlarimiz bizni qo‘llab-quvvatlasa, xotirjamligimizni saqlab qolishimiz mumkin. Masalan, Ayub sinovlari haqida aytib berayotganda Elixu uni tinglagani singari, biz ham tashvishlarimiz bilan bo‘lishayotganimizda do‘stlarimiz bizni diqqat ila tinglab ko‘maklashadi. (Ayub 32:4) Do‘stlarimiz biz uchun qaror chiqarishini kutmasligimiz kerak, lekin ularning Muqaddas Kitob asosidagi maslahatiga quloq solsak, dono yo‘l tutamiz. (Hik. 15:22) Shoh Dovud do‘stlarining yordamini kamtarlik ila qabul qilganiday, biz ham muhtoj bo‘lgan paytimizda do‘stlarimizning ko‘magini mag‘rurlik ila rad etmasligimiz darkor. (2 Shoh. 17:27–29) Darhaqiqat, bunday do‘stlar Yahovaning hadyasidir. (Yoqb. 1:17)

QANDAY QILIB XOTIRJAMLIKNI SAQLAY OLAMIZ?

16. Filippiliklarga 4:6, 7 ga binoan, qay yo‘sin tinchlikka ega bo‘lishimiz mumkin? Tushuntiring.

16 Filippiliklarga 4:6, 7 ni o‘qing. Nega Yahova «Iso Masih orqali» tinchlikka ega bo‘la olishimiz mumkin deb aytgan? Yahovaning niyatida Iso qanday ahamiyatga ega ekanini tushunib, bunga ishonsakkina ong va qalbimizda tinchlikni saqlay olamiz. Masalan, Isoning to‘lov qurbonligi orqali barcha gunohlarimiz kechirilishi mumkin. (1 Yuhan. 2:12) Bu tasalli baxsh etmoqda! Xudo Shohligining Shohi sifatida Iso Shayton va uning dunyosi dastidan chekayotgan hamma azoblarimizni yo‘qqa chiqaradi. (Ishayo 65:17; 1 Yuhan. 3:8; Vah. 21:3, 4) Bu umid baxsh etmoqda! Garchi Iso bizga qiyin vazifani topshirgan bo‘lsa ham, u biz bilan, bu zamonaning oxirigacha bizni qo‘llab-quvvatlaydi. (Mat. 28:19, 20) Bu jasorat baxsh etmoqda! Tasalli, umid va jasorat — xotirjamlikni saqlashimizga ko‘maklashadigan mustahkam poydevor.

17. a) Xudoning xizmatchisi qanday qilib tinchlikni saqlay olishi mumkin? b) Yuhanno 16:33 ga ko‘ra, nima qila olamiz?

17 Xo‘sh, og‘ir qiyinchiliklar dastidan ruhimiz tushganda qanday qilib tinchlikni saqlay olamiz? Isoning harakatlariga taqlid qilsak bo‘ladi. Birinchidan, nima bo‘lishidan qat’i nazar tinmay ibodat qiling. Ikkinchidan, hatto qiyin bo‘lganda ham Yahovaga bo‘ysunib, g‘ayrat bilan va’z qiling. Uchinchidan, qiyin damlarda do‘stlaringizning yordamini qabul qiling. Natijada, Xudoning tinchligi qalbingizni va ongingizni himoya qiladi. Shuningdek, Iso kabi har qanday sinovni yenga olasiz. (Yuhanno 16:33 ni o‘qing.)

41-QO‘SHIQ Yo Rab, qabul et duomni

^ 5- x.b. Barchamiz tinchligimizni o‘g‘irlashi mumkin bo‘lgan muammolarga ro‘baro‘ kelamiz. Ushbu maqolada Iso qilgan uchta harakatni va biz hatto og‘ir qiyinchiliklar girdobida qolganimizda ham tinchlik saqlash uchun nima qilishimiz mumkinligini ko‘rib chiqamiz.