Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

31-TADQIQ MAQOLASI

«Biz taslim bo‘lmaymiz!»

«Biz taslim bo‘lmaymiz!»

Ana shu sababdan biz taslim bo‘lmaymiz. 2 KOR. 4:16

128-QO‘SHIQ So‘nggi damga qadar chidang

BU MAQOLADA *

1. Masihiylar marraga yetish uchun nima qilishlari kerak?

MASIHIYLAR hayot uchun musobaqada chopyapti. Endi boshladikmi yo anchadan beri chopyapmizmi, har birimiz marraga yetish uchun chopishdan to‘xtamasligimiz kerak. Pavlus Filippidagi masihiylarga yozgan so‘zlar bizga ham marraga yetishimizga ko‘maklashadi. Pavlusning maktubini olganda, u yerdagi jamoatning ba’zi a’zolari ancha yillar davomida Yahovaga xizmat qilib kelayotgan edi. Ular sadoqatli xizmatchilar edi, lekin Pavlus ularga musobaqada chidam bilan chopishda to‘xtamaslik kerakligini eslatgan. Pavlus ular uning o‘rnagiga taqlid qilib, maqsad sari intilishlarini xohlagan. (Filip. 3:14)

2. Nega Pavlusning filippiliklarga yozgan so‘zlari ayni muddao edi?

2 Pavlusning filippiliklarga yozgan so‘zlari ayni muddao edi. U yerdagi jamoat tashkil etilgandan beri ta’qiblarga duch kelar edi. Taxminan milodiy 50-yili Pavlus bilan Sila Xudoning: «Makedoniyaga kel»,— degan chorloviga bo‘ysunishgan. Shu bois, xushxabarni va’z qilish uchun ular Filippi shahriga yo‘l olishgan. (Havor. 16:9) U yerda ular Lidiya ismli ayolni uchratishgan. Bu ayol ularni «tinglab o‘tirardi... Yahova uning yuragini ochdi» va u xushxabarni qabul qildi. (Havor. 16:14) Ko‘p o‘tmay, u va uyidagilari suvga cho‘mishdi. Biroq Iblis ularga hujum qila boshladi. Pavlus va Silani shahar ma’murlari yoniga sudrab olib borishgan va tuhmat qilishgan edi. So‘ng ular savalandi, qamoqqa tashlandi va keyinchalik ulardan shaharni tark etishni so‘rashdi. (Havor. 16:16–40) Xo‘sh, ular taslim bo‘ldimi? Aslo! Qiziq, tashkil etilgan jamoatdagi imondoshlar nima qilishgan? Shuni aytish kerakki, ular ham chidagan. Shubhasizki, Pavlus bilan Silaning yaxshi o‘rnagi ularga dalda baxsh etgan.

3. Pavlus nimani tushungan va qanday savollarni ko‘rib chiqamiz?

3 Pavlus taslim bo‘lmaslikka qaror qilgan edi. (2 Kor. 4:16) Lekin u shuni bilganki, marraga yetib olish uchun maqsadidan ko‘z uzmasligi talab etilardi. Bundan qanday saboq olyapmiz? Qanday qilib bugungi sadoqatli imondoshlarimizning o‘rnagi qiyinchiliklarimizda bardoshli bo‘la olishimizni ko‘rsatyapti? Kelajakka bo‘lgan umidimiz qay yo‘sin taslim bo‘lmaslik qarorimizni mustahkamlay oladi?

PAVLUSNING O‘RNAGIDAN QANDAY SABOQ OLYAPMIZ?

4. Pavlus vaziyati qanday bo‘lishidan qat’i nazar, nima bilan band edi?

4 Pavlus filippiliklarga qanday muhitda yozgani haqida bir o‘ylab ko‘ring. U Rimda, uy qamog‘ida edi. Va’z qilish imkoniyatlari cheklangan edi. Bunga qaramay, u tashrif buyurganlarga shohidlik berish va olisdagi jamoatlarga maktublar yo‘llash bilan band edi. Bugun ham, uy qamog‘ida bo‘lgan ko‘p masihiylar ularnikiga keladigan insonlarga xushxabarni aytish imkoniyatini qo‘ldan boy berishmayapti. Ular shuningdek, shaxsan ko‘rishish imkonsiz bo‘lgan kishilarga dalda berish maqsadida ularga xatlar yuborishadi.

5. Filippiliklarga 3:12–14 ga ko‘ra, Pavlus maqsadiga intilishiga nima yordam bergan?

5 Pavlus o‘tmishidagi yutuqlari yoki xatolari uni xizmatidan chalg‘itishiga yo‘l qo‘ymagan edi. Ha, u «oldinga qarab zo‘r berib chopish», ya’ni marraga yetish uchun «ortda qolgan narsalarni esdan chiqarish» muhim ekanini ta’kidlagan. (Filippiliklarga 3:12–14 ni o‘qing.) Pavlusni nimalar chalg‘itishi mumkin edi? Birinchidan, masihiy bo‘lishidan avval erishgan yutuqlari. Ammo ularning barini u «axlat deb» hisoblagan. (Filip. 3:3–8) Ikkinchidan, ilgari masihiylarni ta’qib qilganidan haddan ziyod aybdorlik hissi uni xizmat qilishdan to‘xtatmagan. Uchinchidan, u Yahovaga yetarlicha xizmat qilib qo‘ydim deb o‘ylamagan. Pavlus qamoqda bo‘lganiga, savalanganiga, toshbo‘ron qilinganiga, kema halokatini boshdan kechirganiga, och va kiyimsiz qolganiga qaramay, Xudoga muvaffaqiyat ila xizmat qilgan. (2 Kor. 11:23–27) Biroq u ancha narsalarni amalga oshirgan va azob chekkan bo‘lsa-da, Yahovaga xizmat qilishni to‘xtatmagan. Undan o‘rnak olsak arziydi.

6. Yodimizdan chiqarish kerak bo‘lgan «ortda qolgan narsalarga» nimalar kirishi mumkin?

6 Pavlus kabi qay yo‘sin «ortda qolgan narsalarni esdan chiqara» olamiz? Ba’zilarimiz o‘tmishdagi gunohlarimiz uchun o‘zimizni haddan tashqari ayblab, kurash olib borayotgandirmiz. Unday bo‘lsa, Isoning to‘lov qurbonligiga diqqat qaratish uchun shaxsiy tadqiq o‘tkazishni rejalashtirarmiz. Ruhimizni ko‘taradigan mavzuni tadqiq qilib, u haqida mulohaza yuritsak va ibodat qilsak, keraksiz aybdorlik hissini yengishimiz mumkin. Yahova kechirgan gunohlarimiz dastidan o‘zimizni haddan tashqari aybdor his etmaylik. Pavlusdan yana boshqa masalada o‘rnak olishimiz mumkin. Ayrimlar Shohlik manfaatlari payida bo‘lish maqsadida, yaxshi maoshli ishini qoldirgandir. Xo‘sh, ortda qoldirgan moddiy narsalarni yana qo‘msab qolmasligimizga nima yordam berishi mumkin? (Sah. 11:4–6; Voiz 7:10) «Ortda qolgan narsalarga» shuningdek, xizmatimizdagi oldingi yutuqlar yoki ilgari boshdan kechirgan qiyinchiliklar ham kiradi. Albatta, Yahova yillar davomida bizga baraka berganini va qo‘llab-quvvatlaganini eslash Unga yaqinlashtiradi. Lekin Yahova uchun yetarlicha xizmat qilib qo‘ydim deb sira ham o‘ylamasligimiz lozim. (1 Kor. 15:58)

Hayot uchun musobaqada chalg‘ishlardan uzoqlashib, maqsadimizga ko‘z tikishimiz darkor (7-xatboshiga qarang.)

7. Korinfliklarga birinchi maktub 9:24–27 ga ko‘ra, hayot uchun musobaqada g‘alaba qozonish uchun nima qilish zarur? Misol keltiring.

7 Pavlus Isoning: «Jon kuydiringlar»,— degan so‘zlarini yaxshi tushungan. (Luqo 13:23, 24) U Iso singari oxirigacha jon kuydirishi kerakligini bilgan. Shuning uchun u masihiylarning hayotini musobaqa bilan solishtirgan. (1 Korinfliklarga 9:24–27 ni o‘qing.) Musobaqada qatnashuvchilar diqqatini marraga qaratib, ularni hech nima chalg‘itishiga yo‘l qo‘ymaydi. Misol uchun, shaharda o‘tadigan musobaqada qatnashuvchilar har xil do‘kon va chalg‘itishi mumkin bo‘lgan boshqa narsalar bo‘ylab yuguradi. Ulardan birontasi o‘sha do‘konda sotilayotgan narsalarni ko‘rish uchun to‘xtaydimi? Yo‘q. Axir u g‘alaba qozonmoqchi-ku! Biz ham hayot uchun musobaqada qatnashar ekanmiz, chalg‘ituvchi turli narsalardan yiroqlashishimiz kerak. Agar diqqatimizni maqsadga qaratib, Pavlusday jon kuydirsak, mukofotni qo‘lga kiritamiz!

QIYINCHILIKKA QARAMAY, YAHOVAGA QAY YO‘SIN XIZMAT QILA OLAMIZ?

8. Qaysi uchta qiyinchilikni ko‘rib chiqamiz?

8 Keling, tushkunlikka tushishimizga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan uchta qiyinchilikni ko‘rib chiqaylik. Ro‘yobga chiqmagan umidlar, sog‘lik masalasi va uzoq davom etadigan qiyinchiliklar. Bunday qiyinchiliklarni yenggan insonlarning misollarini ko‘rib chiqish foydalidir. (Filip. 3:17)

9. Ro‘yobga chiqmagan umidlar bizga qanday ta’sir qilishi mumkin?

9 Ro‘yobga chiqmagan umidlar. Yahova va’da qilayotgan ajoyib narsalarga umid bog‘lash tabiiydir. Xabaqquq payg‘ambar Yahovaga Yahudo yurtidagi yovuzliklarga chek qo‘yishini iltijo qilib so‘ragan, U esa javoban: «Uni kut»,— degan. (Xab. 2:3) Lekin va’da etilgan narsalar hozircha amalga oshmayotganday tuyulsa, g‘ayratimiz so‘nishi hech gap emas. Hatto yuragimiz ezilishi mumkin. (Hik. 13:12) Bu narsa 20-asrning boshida yuz bergan edi. O‘shanda ko‘pgina moylangan masihiylar samoviy mukofotni 1914-yili olishga umid qilishgan. Bu sodir bo‘lmaganda, sadoqatli kishilar qanday yo‘l tutishgan?

Royal va Pyorl Spats 1914-yili umidi ro‘yobga chiqmaganda ham ko‘p yillar davomida sadoqatli bo‘lishgan (10-xatboshiga qarang.)

10. Bir juftlik umidi ro‘yobga chiqmaganda qanday yo‘l tutgan?

10 Bunday qiyinchilikka yo‘liqqan ikkita sodiq kishining misoliga e’tibor qarataylik. Royal Spats ismli birodar 1908-yili 20 yoshida suvga cho‘mgan edi. U osmondagi mukofotini yaqin orada olishiga amin edi. 1911-yili bo‘lajak xotini Pyorlga shunday degan: «1914-yili nima sodir bo‘lishini bilasiz. Shuning uchun, tezroq turmush quraylik!» Xo‘sh, ular 1914-yili mukofotini olmaganda, hayot uchun musobaqada taslim bo‘lishdimi? Yo‘q. Chunki asosiy e’tibori mukofotga ega bo‘lishga emas, Xudoning irodasini sadoqat ila bajarishga qaratilgan edi. Ular musobaqada chidamli bo‘lishga qaror qilishgan. Ushbu juftlik yer yuzidagi hayotining oxirigacha ko‘p yillar mobaynida faol bo‘lib, sadoqat ila xizmat qilgan. Shubhasizki, Yahova O‘z ismini-yu hukmdorligini oqlab, barcha va’dalarini amalga oshiradigan vaqtni intiqib kutayotgandirsiz. Ishonavering, Yahova bularning hammasini o‘z vaqtida ro‘yobga chiqaradi. O‘sha zamon kelmagan ekan, keling, Yahovaga xizmat qilish bilan band bo‘laylik va ro‘yobga chiqmagan umidlar ruhimizni tushirishiga yoki g‘ayratimizni so‘ndirishiga yo‘l qo‘ymaylik.

Artur Sekord (chapda) hatto keksayganda ham tinmay intilgan. (11-xatboshiga qarang.)

11–12. Nega jismonan zaif bo‘lsak-da, Yahovaga sadoqat ila xizmat qila olamiz? Misol keltiring.

11 Sog‘lik masalasi. Tom ma’nodagi musobaqada qatnashuvchidan farqli ravishda, ma’nan ulg‘ayishimiz uchun jismonan kuchli bo‘lishimiz shart emas. Zero, jismonan zaif bo‘lgan ko‘pdan-ko‘p insonlar Yahovaga eng yaxshisini berish niyatida jon kuydirishmoqda. (2 Kor. 4:16) Masalan, birodar Artur Sekord * 55-yil davomida Baytilda xizmat qilgan. 88 yoshida u jismonan zaiflashib, sog‘ligi yomonlashgan. Kunlarning birida hamshira imondoshimiz uning ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilayotgan edi. U mehr ila: «Birodar Sekord, Yahovaga xizmat qilish uchun juda ko‘p yo‘llarni bosib o‘tgansiz-da»,— degan. Ammo bu akamiz ilgarigi xizmatiga nihoyatda ko‘p e’tibor qaratmas edi. U tabassum ila shunday javob berdi: «Ha, shunday. Lekin o‘tmishda qilganlarimiz uncha muhim emas. Eng muhimi, hozir sodiq bo‘lib qolishimiz kerak».

12 Ehtimol, Yahovaga ko‘p yillar mobaynida xizmat qilib kelayotgandirsiz va hozir zaiflashgan sog‘ligingiz tufayli oldingiday xizmat qila olmayotgandirsiz. Agar shunday bo‘lsa, qayg‘urmang. Yahova ilgari qilgan sadoqatli xizmatingizni qadrlayotganidan shubhalanmang. (Ibron. 6:10) Unutmangki, Yahovaga bajonidil sadoqatli ekanimiz Uning xizmatida qancha ish qilganimiz bilan o‘lchanmaydi. Aksincha, asl sadoqat ijobiy ruhni namoyon etish va qo‘limizdan kelganini qilishdan iboratdir. (Kolos. 3:23) Yahova cheklangan imkoniyatlarimizni biladi va qo‘limizdan kelmaydigan ishni bizdan talab etmaydi. (Mark 12:43, 44)

Anatoliy va Lidiya Melnik ko‘p ta’qiblarga qaramay, sodiq bo‘lib qolishgan (13-xatboshiga qarang.)

13. Anatoliy va Lidiya Melnikning tajribasi bizga ko‘pgina qiyinchiliklarni yengishga qanday yordam beradi?

13 Uzoq davom etadigan qiyinchiliklar. Yahova xizmatchilarining ba’zilari o‘nlab yillar davomida ta’qib va quvg‘unlarga qaramay bardoshlidir. Misol uchun, Anatoliy Melnik * birodarimizning otasini hibsga olib, Sibirga surgun qilishganda, u bor-yo‘g‘i 12 yoshda edi. Bu ular oilasi bilan yashagan Moldaviyadan 7 000 kilometrdan oshiq masofada edi. Bir yil o‘tgach esa, birodar Anatoliy onasi, bobo va buvisi bilan Sibirga surgun qilingan. Vaqt o‘tib, ular u yerda yig‘ilishlarga qatnash uchun boshqa qishloqqa borishgan. Ular u yerga qorda, izg‘irin sovuqda 30 kilometr yo‘l bosib borishardi. Keyinchalik, Anatoliy akamiz qamoqqa tashlanganda, xotini Lidiya va bir yashar qizi yolg‘iz qolib ketgan edi. U uch yil qamoqda o‘tirgan. O‘sha mushkul davrda Anatoliy va uning oilasi Yahovaga tinmay xizmat qilishgan. Hozirgi kunda birodar Anatoliy 82 yoshda bo‘lib, O‘rta Osiyodagi Filial qo‘mitasida xizmat qiladi. Keling, ushbu juftlik singari, biz ham Yahovaga qo‘limizdan kelgancha xizmat qilib, ilgarigiday bardoshli bo‘laylik. (Galat. 6:9)

UMIDINGIZGA KO‘Z TIKING!

14. Pavlus maqsadiga yetishi uchun nima qilishi kerakligini tushungan?

14 Pavlus musobaqani yakuniga yetkaza olishiga va maqsadiga erisha olishiga ishongan. Moylangan masihiy sifatida u «Tangrining... bergan samoviy da’vatiga, mukofotiga» umid qilgan. Lekin bunga erishish uchun u «intilishi» kerakligini tushungan. (Filip. 3:14) Pavlus filippiliklar maqsadiga erishishiga yordam berish uchun ajoyib misol keltirgan.

15. Qanday qilib Pavlus fuqarolik borasida misol keltirib, Filippidagi masihiylarni intilishga undagan?

15 Pavlus filippiliklarga ular osmon fuqarolari bo‘la olishini eslatgan. (Filip. 3:20) Nega u bunday qilgan? O‘sha paytda Rim fuqarosi bo‘lish juda ham qadrlanardi *. Lekin moylangan masihiylar undan-da yuksakroq hukumatning fuqarolari bo‘lish imkoniyatiga ega edi. Bu fuqarolik Rim fuqaroligiga qaraganda ancha qadrliroq edi. Shu bois, Pavlus filippiliklarni: «Faqat Masih to‘g‘risidagi xushxabarga munosib ravishda kun kechiringlar»,— deb undagan. (Filip. 1:27) Bugungi kunda moylangan masihiylar osmondagi mukofotini qo‘lga kiritishga intilib, bizga yaxshi o‘rnak ko‘rsatishmoqda.

16. Osmonda yashashga yoki yer yuzidagi jannatda yashashga umid qilamizmi, Filippiliklarga 4:6, 7 ga binoan, nima qilishimiz kerak?

16 Osmonda yashashga yoki yer yuzidagi jannatda yashashga umid qilamizmi, maqsadimizga yetishga intilishimiz zarur. Vaziyatimiz qanday bo‘lmasin, ortda qolgan narsalar haqida o‘ylamasligimiz lozim; intilishdan ham to‘xtamasligimiz kerak. (Filip. 3:16) Umidimiz amalga oshmayotganday tuyulishi mumkin yoki jismonan zaiflashib borayotgandirmiz. Ko‘p yillar mobaynida ta’qiblar-u quvg‘unlarni boshdan kechirib kelayotgandirmiz. Qanday vaziyatda bo‘lmang, «hech narsadan tashvishlanmang». Aksincha, iltijoda tilaklaringizni Allohga bildiring. Shunda, hatto tasavvur qila olmaydigan darajada tinchlikka ega bo‘la olasiz. (Filippiliklarga 4:6, 7 ni o‘qing.)

17. Keyingi maqoladan nimani bilib olamiz?

17 Musobaqada jon kuydirayotgan qatnashuvchilar singari, keling, biz ham butun diqqatimizni hayot uchun musobaqani o‘z yakuniga yetkazish maqsadiga qarataylik! Qolaversa, kuchimiz-u vaziyatimiz yo‘l qo‘ygancha, bo‘lajak barakalarga intilib, jon kuydirishda davom etaylik. To‘g‘ri yo‘nalishda intilish va chidamli bo‘lish uchun nima qilishimiz kerak? Keyingi maqoladan hayotimizda nima birinchi o‘rinda bo‘lishi kerakligini va «qaysi narsalar muhimroq ekanini farqlay» olishimizga nima yordam berishini bilib olamiz. (Filip. 1:9, 10)

79-QO‘SHIQ Pok qalbga sobit qolishni o‘rgataylik

^ 5- x.b. Qancha vaqt davomida xizmat qilishimizdan qat’i nazar, masihiylar sifatida ma’nan o‘sib, yaxshilanmoqchimiz. Havoriy Pavlus imondoshlarini taslim bo‘lmaslikka undagan. Hayot uchun musobaqada chopar ekanmiz, u filippiliklarga yo‘llagan maktubdan chidamli bo‘lishimizga ko‘maklashadigan undovni topishimiz mumkin. Ushbu maqoladan Pavlusning so‘zlarini qay yo‘sin qo‘llay olishimizni bilib olamiz.

^ 11- x.b. Birodar Sekordning tarjimai holi «Qo‘riqchi minorasi»ning 1965-yil 15-iyun sonida (ingl.) «Haq topinish olg‘a surilishiga qo‘shgan hissam» nomli maqolada keltirilgan.

^ 13- x.b. Melnik akamizning tarjimai holi «Uyg‘oning!» jurnalining 2004-yil 22-oktabr (rus) sonida «Bolaligimdan Xudoni sevishga o‘rganganman» nomli maqolada keltirilgan.

^ 15- x.b. Filippi shahri Rim koloniyasi bo‘lgani uchun, aholisi Rim fuqarolari ega bo‘lgan ba’zi huquqlarga ega edi. Shuning uchun Pavlusning misoli filippiliklarga tushunarli edi.