Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

32-TADQIQ MAQOLASI

Sevgingiz ortib borsin

Sevgingiz ortib borsin

Sevgingiz... tobora ortib borishi haqda doimo ibodat qilib so‘rayman. FILIP. 1:9

106-QO‘SHIQ Sevgiga burkanaylik

BU MAQOLADA *

1. Filippida jamoat tashkil qilishga kim yordam bergan?

HAVORIY PAVLUS, Sila, Luqo va Timo‘tiy Rim koloniyasi bo‘lgan Filippi shahriga kelishganda, u yerdagi ko‘p odamlar Shohlik haqidagi xushxabarga qiziqish bildirgan. Bu to‘rtta g‘ayratli birodar jamoat tashkil qilishga yordam beradi va barcha birodar-u opa-singillar birgalikda yig‘ila oladi. Ehtimol, ular Lidiya ismli imondoshimizning uyida uchrashishgan. (Havor. 16:40)

2. Ko‘p o‘tmay Filippidagi jamoat qanday qiyinchilikka duch kelgan?

2 Ko‘p o‘tmay bu yangi jamoat qiyinchiliklarga duch keldi. Shayton haqiqatdan nafratlangan odamlardan foydalanib, Pavlus va hamkorlarining xizmatiga qarshilik ko‘rsatdi. Pavlus va Sila hibsga olingan, xivich bilan savalangan va qamoqqa tashlangan. Ozodlikka chiqqach, ular yaqinda haqiqatni qabul qilgan imondoshlarinikiga borib, dalda bergan. So‘ng Pavlus, Sila va Timo‘tiy shaharni tark etgan, Luqo esa, shu yerda qolgan. Xo‘sh, yaqinda haqiqatni qabul qilgan birodar-u opa-singillar endi qanday yo‘l tutadi? Yahovaning ruhi yordamida ular g‘ayrat ila xizmat qilishda davom etdi. (Filip. 2:12) Pavlus ular bilan faxrlansa arzirdi!

3. Filippiliklarga 1:9–11 ga ko‘ra, Pavlus nima haqida ibodat qilgan?

3 Taxminan o‘n yil o‘tgach, Pavlus Filippidagi jamoatga xat yozgan. Bu maktubni o‘qir ekansiz, Pavlus u yerdagi imondoshlarini qanchalar yaxshi ko‘rganini tezda tushunasiz. U imondoshlarini Iso Masihday sevishini va juda sog‘inganini yozgan. (Filip. 1:8) Shuningdek, ular uchun ibodat qilganini aytib o‘tgan. Pavlus ularning sevgisi ortishi, qaysi narsalar muhimroq ekanini farqlashi, benuqson bo‘lishi, boshqalarni qoqintirmasligi va odillik samaralarini keltirishi uchun Yahovadan ularga yordam berishini so‘ragan. Shubhasizki, Pavlusning samimiy so‘zlaridan ko‘p narsani o‘rganishimiz mumkinligiga qo‘shilasiz. Shu bois, keling, Pavlus filippiliklarga nima deb yozganini o‘qiylik. (Filippiliklarga 1:9–11 ni o‘qing.) U qalamga olgan fikrlar ustida mulohaza yuritib, qay yo‘sin ularga amal qilishimiz mumkinligini ko‘rib chiqamiz.

SEVGINGIZ ORTIB BORSIN

4. a) 1 Yuhanno 4:9, 10 ga ko‘ra, Yahova bizni sevishini qanday ko‘rsatdi? b) Xudoni qanchalar qattiq sevishimiz kerak?

4 Yahova O‘g‘lini yer yuziga — gunohlarimiz uchun o‘lishga yuborib, bizni qanchalar sevishini ko‘rsatdi. (1 Yuhanno 4:9, 10 ni o‘qing.) Yahovaning bizga bo‘lgan samimiy sevgisi bizni ham Uni sevishga undaydi. (Rim. 5:8) Xo‘sh, Xudoni qanchalar qattiq sevishimiz kerak? Iso bir farziyga quyidagicha javob bergan: «Tangringiz Yahovani butun qalbingiz, butun joningiz va butun ongingiz bilan seving». (Mat. 22:36, 37) Ha, Xudoni butun qalbimiz bilan sevishni istaymiz. Bundan tashqari, Unga bo‘lgan sevgimiz kundan-kunga ortib borishini xohlaymiz. Pavlus filippiliklarga ularning sevgisi «tobora ortib borishi» kerakligini aytgan. Xudoga bo‘lgan sevgimizni kuchaytirish uchun nima qila olamiz?

5. Qay yo‘sin sevgimiz kuchayishi mumkin?

5 Xudoni sevish uchun Uni tanib-bilishimiz kerak. Uning Kalomida: «Sevmaydigan kishi Xudoni tanimagan, chunki Allohning O‘zi sevgidir»,— deb yozilgan. (1 Yuhan. 4:8) Havoriy Pavlus Xudo haqida «aniq bilimga» ega bo‘lganimiz va «irodasini to‘liq» tushunganimiz sayin, Xudoni yanada sevishimizni tushuntirgan. (Filip. 1:9) Muqaddas Kitobni o‘rganishni boshlaganimizda, hatto ko‘p bilimga ega bo‘lmasak ham, Xudoni sevganmiz. Darhaqiqat, Yahova to‘g‘risida ko‘proq bilganimiz sari, Unga bo‘lgan sevgimiz ham kuchaygan. Shunisi aniqki, muntazam ravishda Muqaddas Kitobni o‘qishni va ustida mulohaza yuritishni hayotimizning muhim qismi deb hisoblaymiz! (Filip. 2:16)

6. Yuhannoning birinchi maktubi 4:11, 20, 21 dan ko‘proq sevish borasida nimani o‘rganyapmiz?

6 Yahova bizni qattiq sevgani uchun imondoshlarimizni yaxshi ko‘ramiz. (1 Yuhanno 4:11, 20, 21 ni o‘qing.) Ehtimol, birodar-u opa-singillarimizni sevish qiyin emas deb o‘ylarmiz. Axir barchamiz Yahovaga topinamiz va Unga taqlid qilishni istaymiz. Shuningdek, bizni qattiq sevib jonini qurbon qilgan Isoning o‘rnagiga ergashamiz. Ammo bir-birimizni sevish haqidagi amrga bo‘ysunish ba’zida oson bo‘lmasligi mumkin. Filippidagi jamoatda bo‘lgan vaziyatga diqqat qarataylik.

7. Pavlusning Evodiya va Sintixaga bergan maslahatidan qanday saboq olyapmiz?

7 Evodiya va Sintixa havoriy Pavlus bilan «yelkama-yelka» xizmat qilgan g‘ayratli imondoshlar edi. Lekin qandaydir kelishmovchilik tufayli ularning o‘rtasida nizo paydo bo‘lgan. Pavlus o‘sha imondoshlarimiz xizmat qilgan jamoatga maktub yo‘llaganida, ularning ismlarini tilga olib, «hamfikrlikni saqlashni» nasihat qilgan. (Filip. 4:2, 3) Shuningdek, u butun jamoatga quyidagi maslahatni yozish kerak deb bilgan: «Hamma narsani nolimay va bahslashmay qilinglar». (Filip. 2:14) Shubhasizki, Pavlus to‘g‘ridan-to‘g‘ri bergan mazkur maslahat nafaqat sadoqat ila xizmat qilgan Evodiya va Sintixaga, balki butun jamoatga bir-biriga bo‘lgan sevgisini kuchaytirishga yordam bergan.

Nima uchun imondoshlarimizga ijobiy nuqtai nazar bilan qarashimiz kerak? (8-xatboshiga qarang.) *

8. Imondoshlarni sevishda qanday to‘siq bo‘lishi mumkin va qay yo‘sin uni yenga olamiz?

8 Gohida Evodiya va Sintixa singari biz uchun ham ulkan bir to‘siq, ya’ni kamchiliklarga diqqat qaratish tufayli boshqalarni sevish qiyin bo‘lishi mumkin. Barchamiz har kuni xatolar qilamiz. Bordi-yu, boshqalarning kamchiliklari to‘g‘risida o‘ylayversak, ularga bo‘lgan sevgimiz sovib qoladi. Masalan, birodar Yig‘ilish zalini tozalashda yordam berishni unutsa, jahlimiz chiqishi mumkin. Agar o‘sha birodarning barcha xatolari borasida ro‘yxat tuzsak, undan yanada achchig‘imiz chiqib, sevgimiz so‘nib qoladi. Siz ham shunday vaziyatda bo‘lsangiz, quyidagi fikr borasida mulohaza yuritsangiz, yaxshi bo‘lardi: Yahova ham bizning, ham o‘sha birodarning xatolarini ko‘rib turibdi. Biroq kamchiliklarimiz bo‘lishiga qaramay, Yahova bizni ham, birodarimizni ham sevadi. Shunday ekan, Yahovaning sevgisiga taqlid qilib, imondoshlarimizning ijobiy taraflariga diqqat qarataylik. Birodar-u opa-singillarimizni sevish uchun jon kuydirsak, ular bilan bo‘lgan birlik rishtalarini mustahkamlaymiz. (Filip. 2:1, 2)

«MUHIMROQ» NARSALAR

9. Pavlusning Filippiliklarga yo‘llangan maktubidagi «muhimroq» narsalarga nimalar kiradi?

9 Pavlus ilohiy ilhom ostida Filippidagi va barcha masihiylarni «qaysi narsalar muhimroq ekanini farqlashga» undagan. (Filip. 1:10) Bu muhimroq narsalar Xudoning ismi muqaddas bo‘lishini, Uning niyatlari amalga oshishini va jamoatda tinchlig-u birlik bo‘lishini o‘z ichiga oladi. (Mat. 6:9, 10; Yuhan. 13:35) Yuqorida aytib o‘tganlarimiz hayotimizda muhim o‘rinni egallasa, Yahovani sevishimizni ko‘rsatgan bo‘lamiz.

10. Benuqson bo‘lish uchun nima qilishimiz kerak?

10 Qolaversa, Pavlus «benuqson» bo‘lishimiz kerakligini aytgan. Bu mukammal bo‘lishni anglatmaydi. Albatta, Alloh Yahova kabi benuqson bo‘la olmaymiz. Lekin sevgimizni kuchaytirish va nima muhimroq ekanini farqlash uchun qo‘limizdan kelgancha harakat qilsak, Yahova bizni benuqson deb biladi. Sevgimizni ko‘rsatishning yo‘llaridan biri boshqalarni qoqintirmaslik uchun jon kuydirishdir.

11. Nima uchun boshqalarni qoqintirishdan qochishimiz kerak?

11 Boshqalarni qoqintirishdan qochish jiddiy ogohlantiruvdir. Qanday qilib boshqalarni qoqintirishimiz mumkin? Masalan, bu tanlagan o‘yin-kulgi, kiyinish uslubi yoki hatto ishimiz tufayli bo‘lishi mumkin. Aslida, biz tanlagan yo‘l yomon bo‘lmas, ammo tanlovimiz kimningdir vijdoniga ta’sir qilsa va u qoqinib qolsa, bu jiddiy masala. Iso uning izdoshlaridan birini qoqintirgan kishining bo‘yniga og‘ir tosh osib, dengizga cho‘ktirib yuborish yaxshiroq deb aytgan. (Mat. 18:6)

12. Kashshof juftlikning tutgan yo‘lidan qanday saboq olyapmiz?

12 Kashshof bo‘lgan bir juftlik Isoning ogohlantiruviga amal qilganini ko‘rib chiqaylik. Ular xizmat qilgan jamoatda yaqinda suvga cho‘mgan bir juftlik ham bor bo‘lib, ular qattiqqo‘l va ko‘p narsa man qilingan oilada ulg‘aygandi. O‘sha juftlik masihiylar hatto axloqan pok filmlarni tomosha qilish uchun kinoteatrga borishi mumkin emas deb hisoblagan. Ular kashshof bo‘lgan juftlik kino ko‘rishga borganini eshitib hayron qolgan. Bundan so‘ng kashshof juftlik yaqinda suvga cho‘mgan bu imondoshlari vijdonini tarbiyalab, muvozanatli bo‘lishni o‘rganguniga qadar kinoteatrga borishdan voz kechgan. (Ibron. 5:14) Beg‘arazlik ila bunday yo‘l tutib, ular yaqinda suvga cho‘mgan o‘sha imondoshlarini nafaqat so‘zda, balki amalda ham sevishini ko‘rsatdi. (Rim. 14:19–21; 1 Yuhan. 3:18)

13. Qanday qilib boshqalar gunoh qilishiga zamin yaratib qo‘yishimiz mumkin?

13 Boshqalarni qoqintirishimiz mumkin bo‘lgan yana bir vaziyat, ular gunoh qilishiga zamin yaratishdir. Bu qanday yuz berishi mumkin? Quyidagi vaziyat borasida mulohaza yuritib ko‘ring. Muqaddas Kitobni o‘rganayotgan bir kishi uzoq va jon-jahdi bilan harakat qilgach, spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilmaydigan bo‘ldi. U bunday ichimliklarni umuman iste’mol qilmasligi kerakligini tushundi. U hayotiga ko‘pgina o‘zgarishlar kiritib, suvga cho‘mdi. Keyinchalik bir masihiy yaxshi niyatlar ila uni o‘tirishga chaqiradi va spirtli ichimlik ichishga undab quyidagicha deydi: «Siz endi suvga cho‘mgansiz. Sizda Yahovaning ruhi bor. Muqaddas ruh samarasidan biri esa, o‘zini tuta bilishdir. O‘zingizni tuta bilar ekansiz, ozgina icha olasiz». Yaqinda suvga cho‘mgan birodar bu taklifga rozi bo‘lsa, oqibati qanday bo‘lishini bir tasavvur qiling.

14. Qay yo‘sin yig‘ilishlar Filippiliklarga 1:10 dagi maslahatlarga amal qilishga yordam beradi?

14 Yig‘ilishlarimiz Filippiliklarga 1:10 dagi maslahatlarga turli yo‘llar orqali amal qilishimizga yordam beradi. Birinchidan, ma’naviy ozuqaga boy dastur bizga Yahova nimani muhimroq deb bilishini eslatadi. Ikkinchidan, benuqson qolish uchun bilib olganlarimizni amalda qo‘llashni o‘rganamiz. Uchinchidan, «sevishga va ezgu ishlar qilishga» undalamiz. (Ibron. 10:24, 25) Birodar-u opa-singillarimiz bizga dalda bergani sayin, Allohga va imondoshlarga bo‘lgan sevgimiz tobora oshib boradi. Qalbimiz bu ikkita sevgiga to‘lganda, boshqalarni qoqintirmaslik uchun qo‘limizdan kelganini qilamiz.

«ODILLIK SAMARALARIGA BOY BO‘LISHDAN» TO‘XTAMANG

15. «Odillik samaralariga boy bo‘lish» nimani bildiradi?

15 Pavlus Filippidagi imondoshlari «odillik samaralariga boy bo‘lishini» tinmay ibodat qilib so‘ragan. (Filip. 1:11) Shunisi aniqki, «odillik samaralari» ularning Yahovaga hamda Uning xalqiga bo‘lgan sevgisini o‘z ichiga olgan. Qolaversa, ularning Isoga bo‘lgan ishonchi va ajoyib umidi to‘g‘risida boshqalarga aytishdan iborat edi. Filippiliklarga 2:15 da esa, u boshqa misolni keltirib, «dunyoda yoritkichlar singari porlanglar» deydi. Bu misol juda o‘rinli, chunki Iso shogirdlarini «dunyoning nuri» deb atagan. (Mat. 5:14–16) Shuningdek, u izdoshlariga «shogird tayyorlashni» amr etib, «yerning chetlariga qadar» shohidlik berishlarini aytgan. (Mat. 28:18–20; Havor. 1:8) Bu eng muhim ishda faol qatnashib, «odillik samaralarini» keltiramiz.

Pavlus Rimda uy qamog‘ida bo‘lganda Filippidagi imondoshlariga maktub yozadi. O‘shanda Pavlus imkoniyatdan foydalanib, soqchilariga hamda unikiga tashrif buyurganlarga va’z qilgan (16-xatboshiga qarang.)

16. Filippiliklarga 1:12–14 ga ko‘ra, qanday qilib qiyin vaziyatlarda ham yoritkichlar singari porlay olamiz? (Muqovadagi rasmga qarang.)

16 Vaziyatimiz qanday bo‘lmasin, «yoritkichlar singari» porlay olamiz. Ba’zida xushxabarni bo‘lishishga xalaqit qilayotgan to‘siq, va’z qilish imkoniyatini yaratishi mumkin. Misol uchun, havoriy Pavlus filippiliklarga maktub yozganida, Rimda uy qamog‘ida bo‘lgan. Ammo u zanjirbandligiga qaramay, soqchilari-yu tashrif buyurganlarga va’z qilgan. Pavlus bunday vaziyatda ham g‘ayrat ila shohidlik bergan va bu unga imondoshlariga «Xudoning so‘zini... qo‘rqmasdan» gapirish uchun aminlik va jasorat baxsh etgan. (Filippiliklarga 1:12–14 ni o‘qing; 4:22)

Doim xizmatda to‘liq ishtirok etish yo‘llarini izlang (17-xatboshiga qarang.) *

17. Qiyin vaziyatlarda ham hosil keltirish borasida zamonaviy misol keltiring.

17 Ko‘pgina birodar-u opa-singillarimizda Pavlus jasorat ila ko‘rsatgan o‘rnagiga taqlid qilish imkoni bor. Ular yashaydigan hududlarda ochiqchasiga uyma-uy xizmat qilish imkoni bo‘lmagani bois, xizmat qilishning boshqa yo‘llarini izlaydi. (Mat. 10:16–20) Shunday hududlardan birida tuman noziri har bir va’zgo‘y qarindosh, qo‘shni, sinfdosh, hamkasb va tanishlaridan iborat o‘z «hududini» yaratishni taklif qildi. Ikki yil ichida o‘sha tumandagi jamoatlar soni anchaga o‘sdi. Ehtimol, biz yashayotgan hududda erkin va’z qila olarmiz. Ammo bu topqir imondoshlardan ajoyib saboq olyapmiz: xizmatda to‘liq ishtirok etish uchun turli yo‘llarni izlang hamda Yahova to‘siqlarni yengib o‘tishingiz uchun sizga kerakli kuchni berishiga ishoning. (Filip. 2:13)

18. Nima qilishga qarorimiz qat’iy bo‘lishi lozim?

18 Muhim paytlarda yashar ekanmiz, Pavlusning ilohiy ilhom ostida filippiliklarga yozgan maslahatiga amal qilish qarorimiz qat’iy bo‘lsin. Keling, nima muhimroq ekanini farqlaylik, benuqson qolaylik, boshqalarni qoqintirishdan qochaylik va odillik samaralarini keltiraylik. Shunda sevgimiz ortib boradi va mehrga to‘la Otamiz Yahovaga sharaf keltiramiz.

17-QO‘SHIQ «Albatta istayman!»

^ 5- x.b. Imondoshlarga bo‘lgan sevgimizni hozir har qachongidan ham ko‘proq kuchaytirishimiz kerak. Filippiliklarga yo‘llangan maktub hatto qiyin bo‘lganida ham, qay yo‘sin sevgimizni orttirishimiz mumkinligini ko‘rishga yordam beradi.

^ 54- x.b. RASMLARGA SHARHLAR Yig‘ilish zalini tozalayotganda Joy ismli birodar boshqa imondoshimiz va uning o‘g‘li bilan gaplashyapti. Bu esa, ish qilayotgan Maykning g‘ashiga tegadi. U shunday deb o‘ylaydi: «Joy gap sotishning o‘rniga, ishlasa yaxshi bo‘lardi». Keyinchalik Mayk Joy yoshi ulug‘ opamizga yordam berayotganini ko‘radi. Bu tufayli Mayk imondoshlarining yaxshi taraflari haqida ko‘proq o‘ylash kerakligini eslaydi.

^ 58- x.b. RASMLARGA SHARHLAR Yahovaning Shohidlari ochiqchasiga va’z qila olmaydigan hududda birodar mulohazakorlik ila tanishiga Shohlik haqidagi xabarni aytadi. Keyin ishda tanaffus paytida u hamkasbiga shohidlik beradi.