Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

33-TADQIQ MAQOLASI

Sizni tinglaydiganlar qutqariladi

Sizni tinglaydiganlar qutqariladi

O‘zingga va qanday ta’lim berayotganingga hamisha diqqatli bo‘l. Bunday yo‘l tutaversang, ham o‘zingni, ham seni tinglayotganlarni qutqarasan. 1 TIM. 4:16

67-QO‘SHIQ «Kalomni va’z et»

BU MAQOLADA *

1. Qarindoshlarimiz nima qilishini xohlaymiz?

FARIZA * ismli imondoshimiz shunday dedi: «Haqiqatni bilgach, oila a’zolarim ham jannatda yashashini xohladim. Ayniqsa, turmush o‘rtog‘im va o‘g‘ilchamiz Yahovaga xizmat qilishlarini istardim». Sizda ham Yahovani tanib-bilmagan va Uni yaxshi ko‘rmaydigan qarindoshlaringiz bormi? Balkim siz ham o‘zingizni Fariza kabi his etayotgandirsiz.

2. Ushbu maqolada qaysi savollarni ko‘rib chiqamiz?

2 To‘g‘ri, qarindoshlarimizni xushxabarni qabul qilishga majburlay olmaymiz, ammo Muqaddas Kitobdagi xabarni ularning ongi-yu qalbiga yetkaza olishimiz mumkin. (2 Tim. 3:14, 15) Nega ularga shohidlik berishimiz lozim? Nima uchun fahmli bo‘lishimiz darkor? Ular biz kabi Yahovani yaxshi ko‘ra olishiga yordam berish niyatida nima qila olamiz? Birodar-u opa-singillarimiz qanday yordam berishi mumkin?

NEGA QARINDOSHLARGA SHOHIDLIK BERISHIMIZ LOZIM?

3. Nega 2 Butrus 3:9 ga ko‘ra, qarindoshlarimizga shohidlik berishimiz kerak?

3 Yaqinda Tangri Yahova bu yovuz dunyoga chek qo‘yadi. «Mangu hayotga eltuvchi haqiqatni qabul qilishga moyil bo‘lgan» kishilargina omon qoladi. (Havor. 13:48) Notanish odamlarga va’z qilish uchun anchagina vaqtimiz-u kuchimizni sarflaymiz, shu bois qarindoshlarimiz biz bilan Yahovaga xizmat qilishini xohlash tabiiydir. Mehribon Otamiz Yahova «hech kimning halok bo‘lishini istamaydi, ammo hammaning tavba qilishini xohlaydi». (2 Butrus 3:9 ni o‘qing.)

4. Qarindoshlarga shohidlik berganda, qanday xatoga yo‘l qo‘yishimiz mumkin?

4 Najotbaxsh xabarni ham to‘g‘ri, ham noto‘g‘ri yo‘l bilan bo‘lishish mumkinligini unutmasligimiz kerak. Masalan, notanish kishilarga va’z qilganda xushmuomala tarzda gapirarmiz, qarindoshimizga esa qo‘polroq.

5. Qarindosh-urug‘larimiz bilan xushxabarni bo‘lishganda nimani yodda tutishimiz kerak?

5 Aksariyatimiz ilk bor qarindoshlarga qanday shohidlik berganidan hozir afsuslanib, buni boshqacharoq tarzda qilishni istayotgandir. Havoriy Pavlus shunday maslahat bergan: «So‘zlaringiz doimo yoqimli va mazali bo‘lsin. Shunda har bir kishiga qanday javob berish kerakligini bilasizlar». (Kolos. 4:5, 6) Qarindosh-urug‘larimiz bilan suhbatlashganda, bu so‘zlarni yodimizda tutsak yaxshidir. Negaki, xushxabarga jalb qilishning o‘rniga, ularni ranjitib qo‘yishimiz hech gap emas.

QARINDOSHLARIMIZGA QANDAY YORDAM BERA OLAMIZ?

Fahm ila harakat qilganingiz zo‘r shohidlikdir (6–8-xatboshilariga qarang.) *

6–7. Turmush o‘rtog‘iga nisbatan fahmliroq bo‘lish kerakligini ko‘rsatuvchi misol keltiring.

6 Fahmli bo‘ling. Fariza shunday davom etdi: «Erim bilan avvaliga faqat Alloh va Muqaddas Kitob haqida gaplashmoqchi edim. Oddiy mavzularda gaplashmasdik». Lekin eri Rashid Muqaddas Kitob borasida ko‘p bilimga ega emas edi va xotini nimalarni aytib berayotganini tushunmasdi. Unga xotini nuqul dini haqida gapirayotganday tuyulardi. U Fariza qanaqadir mazhabga kirib, aldangan deb tashvishlandi.

7 Farizaning aytishicha, u yig‘ilishlar, xizmat va o‘tirishlarga borib, ko‘p oqshomlari va dam olish kunlarini birodar-u opa-singillari bilan o‘tkazardi. U: «Rashid akam uyga kelganda, gohida hech kim bo‘lmasdi va o‘zini yolg‘iz his qilardi»,— dedi. Albatta, u rafiqasi va o‘g‘lini sog‘inardi. Ular qanday insonlar bilan vaqt o‘tkazayotganini u bilmasdi va yangi do‘stlari undan ko‘ra muhimroqday tuyula boshladi. Oxiri Rashid ajrashaman deb do‘q-po‘pisa qildi. Sizningcha, Fariza qanday qilib fahmliroq bo‘la olardi?

8. Butrusning birinchi maktubi 3:1, 2 ga binoan, qarindoshlarimizda nima chuqur taassurot qoldiradi?

8 So‘zlaringiz amalda ko‘rinsin. Odatda so‘zlarimizga qaraganda, ishlarimiz qarindoshlarimizda chuqurroq taassurot qoldiradi. (1 Butrus 3:1, 2 ni o‘qing.) Fariza buni vaqt o‘tgach tushundi. «Rashid akam bizni yaxshi ko‘rishini va aslida ajrashmoqchi emasligini tushunardim. Lekin do‘q-po‘pisalaridan so‘ng Yahovaning nikoh borasidagi maslahatlariga amal qila boshladim. Unga haqiqat to‘g‘risida ko‘p gapirishning o‘rniga, harakatlarim orqali yaxshi o‘rnak ko‘rsatishim kerak edi»,— dedi u. Fariza umr yo‘ldoshini Muqaddas Kitob haqida gaplashishga majburlamay, oddiy mavzular to‘g‘risida suhbatlashadigan bo‘ldi. Rashid xotini yanada xushmuomala bo‘lgani va xulq-atvori o‘zgarganini payqadi. (Hik. 31:18, 27, 28) U Muqaddas Kitobdagi xabar oilasiga yaxshi ta’sir qilayotganiga e’tibor berdi. Natijada xushxabarga qiziqish ko‘rsatib, uni qabul qildi. (1 Kor. 7:12–14, 16)

9. Nega qarindoshlarimizga yordam berishda davom etishimiz kerak?

9 Qarindoshlaringizga yordam berishda davom eting. Yahova biz uchun a’lo o‘rnak. U odamlar xushxabarni eshitib, najot topishlariga «qayta-qayta» imkoniyat bermoqda. (Yerm. 44:4) Havoriy Pavlus Timo‘tiyga boshqalarga yordam berish kerakligini aytgan. Sababi, shunday qilib, u ham o‘zini, ham uni tinglaganlarni qutqara olardi. (1 Tim. 4:16) Qarindoshlarimizni yaxshi ko‘rganimiz uchun, Xudoning Kalomidagi haqiqatlarni ularga ochib berishni istaymiz. Farizaning so‘zlari-yu ishlari vaqt o‘tib oilasiga yaxshi ta’sir qildi. Hozirgi kunda u eri bilan Yahovaga xizmat qilayotganidan xursand. Ikkovi ham kashshof, eri esa oqsoqol bo‘lib xizmat qiladi.

10. Nima uchun sabrli bo‘lishimiz lozim?

10 Sabrli bo‘ling. Xudoning me’yorlari bo‘yicha yashashni tanlaganimizda, qarindoshlarimiz uchun e’tiqodlarimizni va hayot tarzimizni qabul qilish qiyin kechishi mumkin. Odatda biz ular bilan birga diniy marosimlarda va siyosiy ishlarda qatnashmayotganimizga e’tibor berishadi. Boshida ba’zi qarindoshlarimiz g‘azablanishi mumkin. (Mat. 10:35, 36) Biroq ular hech qachon o‘zgarmaydi deb o‘ylamasligimiz kerak. Agar haqiqatni tushuntirishdan to‘xtasak, ularni abadiy hayotga loyiq emasday hukm qilib qo‘ygan bo‘lamiz. Yahova hukm qilish vazifasini bizga emas, Iso Masihga topshirgan. (Yuhan. 5:22) Sabrli bo‘lsak, ular vaqt o‘tgach xushxabarni tinglashga tayyor bo‘lishar. (« Saytni qo‘llab, va’z qiling» nomli ramkaga qarang.)

11–13. Elisning misolidan qanday saboq oldingiz?

11 Qat’iy va mehribon bo‘ling. (Hik. 15:2) Elisning misoliga e’tibor beraylik. U Xudoga ishonmay, siyosatga berilgan ota-onasidan uzoqda yashaganda haqiqatni bilib olgan. Elis ularga xushxabarni imkon qadar tezroq aytib berish kerakligini tushungan. U quyidagicha bo‘lishdi: «Agar e’tiqod-u faoliyatingiz haqida yaqinlaringizga aytishni cho‘zaversangiz, ular buni eshitganda ko‘proq xafa bo‘lishadi». U ota-onasiga qiziqarli bo‘lishi mumkin bo‘lgan mavzular asosida xatlar yozdi. Masalan, sevgi mavzusini tanlab, Muqaddas Kitobda u haqida yozilgan fikrlarni keltiradi va ular bu borada qanday fikrda ekanini so‘rardi. (1 Kor. 13:1–13) Katta qilib, qo‘llab-quvvatlagani uchun ota-onasiga minnatdorchilik bildirdi va sovg‘alar yubordi. Ota-onasining uyiga borganda esa, qo‘lidan kelgancha uy ishlarida ularga ko‘maklashgan. Boshida, Elis e’tiqodlarini ota-onasiga aytib berganda, bu ularga uncha yoqmadi.

12 U yerda bo‘lganda, u muntazam ravishda Muqaddas Kitobni o‘qigan. «Bu onamga Muqaddas Kitob men uchun qanchalar muhim ekanini tushunishiga yordam berdi»,— dedi Elis. Otasi qizining fikri nima sababli o‘zgarganini tushunish niyatida Muqaddas Kitob borasida oz-moz bilib olishga qaror qildi. Shu yo‘sin u Muqaddas Kitobdan ayb topmoqchi edi. Elis shunday deb aytdi: «Otamga Muqaddas Kitobni berdim va uning ichiga izoh yozib qo‘ydim». Qiziq, natijasi qanday bo‘ldi? Otasi hech qanday ayb topa olmadi, aksincha, u unga juda qattiq ta’sir qildi.

13 Biz qat’iy va mehribon bo‘lib, hatto qiyinchiliklarga chidamli bo‘lishimiz kerak. (1 Kor. 4:12b) Masalan, Elisning onasi qarshi bo‘lganda, u chidamli edi. U shunday dedi: «Suvga cho‘mganimda, onam: “Sen yomon qizsan”,— deb aytgan». Elis qanday yo‘l tutgan? «Dinim haqida gapirishdan qochmadim, lekin Yahovaning Shohidi bo‘lishga qaror qilganimni va niyatimdan qaytmasligimni hurmat ila aytdim. Men onamni o‘z sevgimda ishontirishga harakat qildim. Ikkovimiz ham ko‘z yosh qildik va mazali taom tayyorlab berdim. O‘shandan beri onam men Muqaddas Kitob tufayli yaxshiroq shaxsga aylanganimni anglay boshladi».

14. Nima sababli Yahovaga xizmat qilish qarorimizdan qaytmasligimiz kerak?

14 Qarindoshlarimiz Yahovaga xizmat qilish biz uchun qanchalar muhim ekanini to‘liq tushunishlari uchun vaqt kerak. Misol uchun, Elis ota-onasi xohlagan martabaga ega bo‘lishga emas, kashshof bo‘lishga qaror qilganda, onasi yana yig‘lagan. Lekin u qat’iy edi. «Agar bir marta yon bersangiz, oila a’zolaringiz boshqa masalalarda ham bosim o‘tkazish ehtimoli bor. Ammo mehribon va shu bilan birga qat’iy bo‘lsangiz, ularning ayrimlari xushxabarni qabul qilar»,— dedi Elis. Bu Elisning oilasida yuz berdi, uning ota-onasi hozir kashshof va otasi oqsoqol.

JAMOATDAGILAR QANDAY YORDAM BERA OLADI?

Imondoshlar qarindoshlarimizga va’z qilishimizga qanday yordam bera oladi? (15–16-xatboshilariga qarang.) *

15. Matto 5:14–16 va 1 Butrus 2:12 ga ko‘ra, «yaxshi ishlar» qarindoshlarga qanday yordam berishi mumkin?

15 Yahova odamlarni xizmatchilarining «yaxshi ishlari» orqali O‘ziga jalb qiladi. (Matto 5:14–16; 1 Butrus 2:12 ni o‘qing.) Agar turmush o‘rtog‘ingiz Yahovaning Shohidi bo‘lmasa, imondoshlaringiz bilan tanishmi? Fariza birodar-u opa-singillarni eri bilan tanishtirish uchun uyiga taklif qilgan. Eri Yahovaning Shohidlari borasidagi noto‘g‘ri fikrini o‘zgartirishga bitta birodar yordam bergani haqida quyidagicha bo‘lishdi: «U bir kunga ta’til olib, men bilan birga sport o‘yinini tomosha qildi. Ana, bo‘lar ekan-ku, deb o‘yladim».

16. Nega qarindoshlarimizni yig‘ilishlarga taklif qilishimiz kerak?

16 Qarindoshlarga yordam berishning yana bir ajoyib yo‘li, ularni yig‘ilishlarga taklif qilish. (1 Kor. 14:24, 25) Rashid birinchi marta borgan yig‘ilish — Qutlug‘ Kechlik marosimi edi. Chunki u ishidan keyin bo‘lgan va ko‘p davom etmagan. «Nutqni tushunmadim, biroq odamlar o‘zini qanday tutgani haliyam esimda. Ular yonimga kelib, meni iliq qarshi olishgan va qo‘l berib so‘rashgan. Ular juda samimiy edi»,— deb aytdi u. Bir er-xotin, deylik ismi Ahmad va Ra’no, Farizaga juda mehribon bo‘lib, o‘g‘liga yig‘ilishlarga va xizmatga borishga ko‘maklashgan. Rashid e’tiqodlarimiz borasida ko‘proq bilimga ega bo‘lishni xohlaganda, Ahmaddan Muqaddas Kitobni u bilan tadqiq qilishini so‘ragan.

17. O‘zimizni nimada ayblamasligimiz kerak, ammo nega qarindoshlarimiz hech qachon o‘zgarmaydi deb o‘ylamasligimiz lozim?

17 Barcha qarindoshlarimiz Yahovaga biz bilan birga xizmat qilishiga umid qilamiz. Lekin bizning hamma urinishlarimizga qaramay, ular haqiqatni qabul qilmasligi ham mumkin. Unday bo‘lsa, ularning qarori uchun o‘zimizni ayblamasligimiz kerak. Nega deganda, hech kimga e’tiqodimizni majburan singdira olmaymiz. Shunday bo‘lsa-da, Yahovaga xizmat qilish sizni qanchalar baxtiyor qilayotganini ko‘rishsa, bu ularga ta’sir qilishi mumkin. Ular uchun ibodat qiling. Ular bilan xushmuomala tarzda gaplashing. Yordam berishda davom eting. (Havor. 20:20) Yahova harakatlaringizga baraka berishiga ishoning. Qarindoshlaringiz xushxabarga quloq solsa, qutqarilib qoladi!

57-QO‘SHIQ Har turli odamlarga va’z qilamiz

^ 5- x.b. Qarindoshlarimiz Yahovani tanib-bilishini juda istaymiz. Ammo ular Unga xizmat qilish yoki qilmaslikni o‘zlari hal qilishi kerak. Bu maqolada qarindoshlarimiz bizni bemalol tinglashiga nima ko‘maklashishi mumkinligi haqida gap boradi.

^ 1- x.b. Ba’zi ismlar o‘zgartirilgan. Ushbu maqolada «qarindoshlar» so‘zi Yahovaga xizmat qilmaydigan oila a’zolarimizni bildiradi.

^ 53- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Yosh birodarimiz imondoshimiz bo‘lmagan otasiga yordam beryapti. Qulay paytda jw.org® saytimizdan video ko‘rsatyapti.

^ 55- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Singlimiz ishdan qaytgan imondoshimiz bo‘lmagan erini diqqat bilan tinglayapti. So‘ng ular birga dam olishyapti.

^ 57- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Singlimiz birodar-u opa-singillarni mehmonga taklif qilgan. Ular uning turmush o‘rtog‘iga samimiy qiziqish ko‘rsatyapti. Keyinchalik u xotini bilan Qutlug‘ Kechlikka boradi.