Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Suvga cho‘mdirib yurgan Yahyo. Quvonchni yo‘qotmaslikda o‘rnak

Suvga cho‘mdirib yurgan Yahyo. Quvonchni yo‘qotmaslikda o‘rnak

JAMOATDA qandaydir vazifani bajarishni istaysiz-u, ammo ayni payt buning iloji yo‘qmi? Balki o‘sha vazifani boshqasi bajarayotgandir. Ehtimol, bu siz oldinlari bajargan qandaydir sharafli vazifa bo‘lishi mumkin. Ammo yoshingiz, sog‘ligingiz zaifligi, moddiy qiyinchiliklar yoki oiladagi mas’uliyatlar tufayli hozirda imkoniyatlaringiz chegaralangandir. Yoki tashkilotdagi o‘zgarishlar sababli ancha vaqt mobaynida bajargan vazifangizni to‘xtatishingizga to‘g‘ri kelgandir. Sababi qanday bo‘lmasin, sizga Xudoga istaganingizday xizmat qila olmayotganday tuyulishi mumkin. Bunday vaziyatlarda ruhingiz tushishi tabiiy. Shunday bo‘lsa ham, tushkunlik, jahl yoki g‘azab kabi salbiy tuyg‘ular qalbingizda ildiz otmasligi uchun nima qila olasiz? Qay yo‘sin quvonchni saqlab qolishingiz mumkin?

Suvga cho‘mdirib yurgan Yahyoning misoli ustida mulohaza yuritib, quvonchni yo‘qotmaslik borasida saboq olishimiz mumkin. Yahyo ajoyib sharaflarga ega bo‘lgan, ammo u hayotida yuz beradigan voqealarni xayoliga ham keltirmagandir. U taxminan bir yil davomida odamlarga Iso haqida va’z qilgan, ammo bundan ham ko‘p vaqt davomida qamoqda o‘tirgan. Lekin Yahyo quvonchni yo‘qotmagan va umrining oxirigacha ijobiy nuqtai nazarni saqlagan. Xo‘sh, unga nima yordam bergan? Qanday qilib hatto ruhimiz tushganida ham quvonchni yo‘qotmasligimiz mumkin?

YAHYOGA QUVONCH KELTIRGAN VAZIFA

Milodiy 29-yilning bahorida Yahyo Tangri Yahova unga topshirgan vazifani bajarishga kirishib: «Tavba qilinglar, chunki Osmon Shohligi yaqinlashib qoldi»,— deya odamlarni Masihning kelishiga tayyorlardi. (Mat. 3:2; Luqo 1:12–17) Ko‘plar ijobiy munosabat ko‘rsatdi. Darhaqiqat, olomon Yahyoning xabarini tinglash uchun olis joylardan kelgandi va bu ko‘plarni tavba qilib, suvga cho‘mishga undagan. Qolaversa, Yahyo o‘zini odil hisoblagan din rahbarlarini agar ular to‘g‘ri yo‘lga qaytmasa, qanday hukmga duch kelishi haqida jasorat ila ogohlantirgan. (Mat. 3:5–12) Milodiy 29-yilning kuzida Yahyo xizmatidagi eng muhim ishni bajardi — Isoni suvga cho‘mdirdi. O‘sha paytdan boshlab u boshqalarni va’da qilingan Masihga — Isoga ergashishga undagan. (Yuhan. 1:32–37)

Yahyoning o‘zgacha o‘rni to‘g‘risida Iso quyidagicha degan: «Ayol zotidan tug‘ilganlar orasida xalqni suvga cho‘mdirib yurgan Yahyodan ulug‘rog‘i kelib chiqmagan». (Mat. 11:11) Shubhasizki, Yahyo bu barakalaridan sevingan. Bugungi kunda ham ko‘plar Yahyo singari Xudodan juda ko‘p barakalar olgan. Keling, birodar Terrining misoliga diqqat qarataylik. U va turmush o‘rtog‘i Sandra 50-yildan oshiq vaqt davomida to‘la vaqtli xizmatda qatnashdi. Terri shunday deb bo‘lishdi: «Ajoyib sharafli vazifalarga ega bo‘lganman. Kashshof, baytilchi, maxsus kashshof, tuman noziri va mintaqa noziri bo‘lganman. Hozir yana maxsus kashshof sifatida xizmat qilyapman». Yahovaning xizmatida sharafli vazifalarni bajarishdan xursandmiz, lekin Yahyoning misolidan shuni bilib olamizki, vaziyatimiz o‘zgarganida ham quvonchni yo‘qotmaslik uchun harakat qilish kerak.

DOIM MINNATDOR BO‘LING

Suvga cho‘mdirib yurgan Yahyo quvonchini yo‘qotmaganining siri u ega bo‘lgan sharafli vazifalari uchun doim minnatdor bo‘lganida edi. Bir misolga diqqat qarataylik. Iso suvga cho‘mganidan keyin, aksariyat odamlar Yahyoga emas, balki Isoga ergasha boshladi. Yahyoning shogirdlari bundan tashvishga tushib unga: «Qarang,.. siz shohidlik bergan kishi suvga cho‘mdiryapti va hamma uning oldiga kelyapti»,— deyishdi. (Yuhan. 3:26) Yahyo esa: «Kelin kimga tegishli bo‘lsa, kuyov o‘sha bo‘ladi. Lekin kuyovning yonida turib, ovozini eshitgan do‘sti juda quvonadi. Shu singari mening quvonchim ham ichimga sig‘mayapti»,— deb javob berdi. (Yuhan. 3:29) Ha, u Isoni raqobatchi deb bilmagan yoki Isoning xizmati tufayli u oldin bajargan ishlar ahamiyatsiz bo‘lib qoldi, deb o‘ylamagan. Aksincha, u quvonchini yo‘qotmagan va «kuyovning... do‘sti» bo‘lishni qadrlagan.

Yahyoning nuqtai nazari har qanday vazifani xursandchilik bilan bajarishga yordam berdi. Masalan, u tug‘ilganidan beri Xudoga bag‘ishlangani bois, unga sharob ichish taqiqlangan edi. (Luqo 1:15) Iso uning sodda hayotiga ishora qilib: «Yahyo kelganida na yedi, na ichdi»,— deb aytgan. Lekin Iso va uning shogirdlari bu kabi taqiqlar ostida emas edi va boshqalar kabi hayot kechirgan. (Mat. 11:18, 19) Shuningdek, Yahyo hech qanday mo‘jiza ko‘rsatmagan bo‘lsa-da, u Isoning shogirdlari va boshida unga ergashganlarning ba’zilari bunday kuchga ega bo‘lishlarini bilgan. (Mat. 10:1; Yuhan. 10:41) Lekin Yahyo bu kabi narsalar uni chalg‘itishiga yo‘l qo‘ymagan, aksincha, Yahova unga topshirgan vazifani g‘ayrat bilan bajargan.

Biz ham Yahovaning xizmatida hozir bajarayotgan vazifamizni qadrlasak, quvonchni saqlab qolishimiz mumkin. Yuqorida tilga olingan Terri: «Menga topshirilgan har bir vazifaga e’tiborli edim»,— deb aytdi. U to‘la vaqtli xizmatda o‘tkazgan hayotiga nazar solib shunday dedi: «Hech narsadan afsuslanmayman va faqat ajoyib xotiralarga ega bo‘ldim».

Yahovaga xizmat qilar ekanmiz, bizga berilgan topshiriq yoki vazifani nima o‘zgacha qilishi ustida mulohaza yuritsak, yanada quvonchga to‘lamiz. Zero, «Tangrining xizmatdoshlari» bo‘lish sharafdir. (1 Kor. 3:9) Qimmatbaho buyumga doim g‘amxo‘rlik qilsak, u yaxshi holatda bo‘ladi. Shunga o‘xshab, Yahova bilan hamkorlik qilish sharaf ekani to‘g‘risida o‘ylashda davom etsak, quvonchni yo‘qotmaymiz. Qurbonliklarimizni boshqalarniki bilan solishtirishdan qochamiz. Bizga berilgan topshiriq boshqalarnikidan ahamiyatsiz degan fikrga bormaymiz. (Galat. 6:4)

MA’NAVIY NARSALARGA DIQQAT QARATING

Ehtimol, Yahyo uzoq xizmat qilmasligini bilgan, lekin u shunchalik tez tugashini xayoliga ham keltirmagandir. (Yuhan. 3:30) Iso suvga cho‘mganidan taxminan yarim yil o‘tib, milodiy 30-yili Hirod Yahyoni qamoqqa tashladi. Shunda ham Yahyo shohidlik berishda davom etish uchun qo‘lidan kelganini qilgan. (Mark 6:17–20) Bunday o‘zgarishlarda ham quvonchni yo‘qotmaslikka unga nima yordam bergan? U diqqatini ma’naviy narsalarga qaratgan.

Yahyo qamoqda o‘tirganida, Iso xizmatini kengaytirgani haqida xabar oladi. (Mat. 11:2; Luqo 7:18) Yahyo Iso Masih ekaniga amin edi va u Muqaddas Yozuvlarda Masih to‘g‘risida yozilgan barcha bashoratni qanday amalga oshirishi bilan qiziqqan bo‘lishi mumkin. Masih shohlik qilishi kerak ekan, Iso tez orada boshqarishni boshlaydimi? Bu tufayli u ozod bo‘ladimi? Isoning qanday o‘ringa egaligini aniqroq tushunish uchun Yahyo ikkita shogirdini uning oldiga yuborib, quyidagicha so‘radi: «Kelishi kerak bo‘lgan zot senmisan yoki boshqasini kutaylikmi?» (Luqo 7:19) Shogirdlari qaytib, Isoning mo‘jizalari haqida va Iso ularga: «Ko‘rlar ko‘ryapti, cho‘loqlar yuryapti, moxovlar pok bo‘lyapti, karlar eshityapti, o‘liklar tirilyapti va kambag‘allarga xushxabar e’lon qilinyapti»,— deb aytganlarini Yahyo diqqat bilan tinglagan bo‘lsa kerak. (Luqo 7:20–22)

Shubhasizki, shogirdlarning bu xabari Yahyoga dalda bergan. Bu Iso va’da qilingan Masih haqidagi bashoratlarni amalga oshirayotganini tasdiqlagan. Garchi Isoning ishlari Yahyoni qamoqdan ozod qilishni o‘z ichiga olmagan bo‘lsa-da, u qilgan ishlari behuda bo‘lmaganini bilgan. Darhaqiqat, vaziyati qanday bo‘lmasin, unda xursand bo‘lish uchun sabab bor edi.

Dunyo bo‘ylab va’zgo‘ylik ishi borasidagi hisobotlarga diqqat qaratib, quvonchni saqlay olamiz

Yahyo singari diqqatimizni ma’naviy narsalarga qaratsak, quvonchga to‘lib, sabrli bo‘la olamiz. (Kolos. 1:9–11) Xudoning Kalomini o‘qish va ustida mulohaza yuritish, Unga qilgan xizmatimiz hech ham zoe ketmasligini o‘zimizga eslatib, ma’naviy narsalarga diqqat qarata olamiz. (1 Kor. 15:58) Sandra shunday dedi: «Muqaddas Kitobdan har kuni bitta bob o‘qish Yahovaga yaqinroq bo‘lishimga yordam berdi. Bu orqali o‘zimga emas, Xudoga diqqat qarata olyapman». Shuningdek, o‘zimiz haqimizda haddan ortiq o‘ylamaslik uchun Shohlik ishi haqidagi xabarlarga va Yahova nimalarni amalga oshirayotganiga diqqat qaratishimiz zarur. «JW Internet-televideniyesidagi har oygi ko‘rsatuvni tomosha qilib, o‘zimizni tashkilotga yaqinroq his etamiz va bu xizmatdagi quvonchni yo‘qotmaslikka yordam beradi»,— deb aytdi Sandra.

Suvga cho‘mdirib yurgan Yahyo «Ilyos payg‘ambarning ruhi va qudrati» ila qisqa vaqt davomida xizmat qildi. Qolaversa, u Ilyos va «biz kabi inson edi». (Luqo 1:17; Yoqb. 5:17) Yahyoning o‘rnagiga taqlid qilib, minnatdorchilik ruhini rivojlantirsak va diqqatimizni ma’naviy narsalarga qaratsak, hayotimizda nima yuz berishidan qat’i nazar, Yahovaga quvonch ila xizmat qilishda davom eta olamiz.