Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

«Har narsa uchun minnatdorchilik bildiringlar»

«Har narsa uchun minnatdorchilik bildiringlar»

SIZ o‘zingizni minnatdor inson deb hisoblaysizmi? Bu savol ustida hammamiz fikr yuritib ko‘rsak arziydi. Muqaddas Kitobda bizning zamonamizdagi ko‘plar «noshukur» bo‘lishi bashorat qilingan. (2 Tim. 3:2) Ehtimol, boshqalar ular uchun nimadir qilishi yoki biron nima berishi kerak, deb hisoblaydigan insonlarga duch kelgandirsiz. Ular olgan narsalari uchun minnatdorlik ko‘rsatishning keragi yo‘q, deb o‘ylashar. Bunday insonlar bilan bo‘lish yoqimli bo‘larmidi?

Bundan farqli ravishda, Yahova O‘z xizmatchilariga: «Minnatdor ekaningizni ko‘rsatinglar»,— deb aytgan. Biz «har narsa uchun minnatdorchilik bildirishimiz» lozim. (Kolos. 3:15; 1 Salon. 5:18) Ha, minnatdorlik tuyg‘usini rivojlantirsak yaxshi bo‘lardi. Bu nima uchun yaxshi ekanining ba’zi sabablariga diqqat qaratishimiz mumkin.

MINNATDORLIK VA O‘ZIMIZGA NISBATAN TO‘G‘RI NUQTAI NAZAR

Muhim bir sabab shuki, minnatdorlik o‘zimizga nisbatan to‘g‘ri nuqtai nazarda bo‘lishga ko‘maklashadi. Biror kimga minnatdorlik bildirgan kishi o‘zini yaxshi his qiladi, minnatdorchilikni eshitgan kishi esa o‘zini undan-da baxtiyor his etadi. Xo‘sh, nega bu ikki tomonga ham yaxshi ta’sir qiladi? Misol uchun, kimdir harakatlaringizni ko‘rib, siz uchun nimadir qilishga tayyor. U sizga g‘amxo‘rlik qiladi. Buni ko‘rgach, o‘zingizni yaxshi his qilasiz. Rut bilan ham shunday bo‘lgan. Boz Rutga saxiylik ko‘rsatgan. Rut uning g‘amxo‘rligidan o‘zini baxtli his etgani shubhasiz. (Rut 2:10–13)

Ayniqsa, Xudodan minnatdor bo‘lish o‘ta muhim. Albatta, Alloh ham ma’nan, ham jismonan juda ko‘p g‘amxo‘rlik qilgani va bunday qilishdan to‘xtamayotgani haqida ba’zan o‘ylarsiz. (Qonun. 8:17, 18; Havor. 14:17) Lekin Xudoning himmati to‘g‘risida ba’zan emas, balki siz va yaqinlaringizga U yog‘dirgan qut-barakalari haqida ko‘proq mulohaza yuritishga vaqt ajratish oqilonadir. Yaratuvchingizning saxiyligi haqida fikr yuritish Unga nisbatan minnatdorligingizni oshirib, U sizni juda qattiq yaxshi ko‘rishi va qadrlashiga yanada amin bo‘lasiz. (1 Yuhan. 4:9)

Ammo Xudoning barakalari va saxiyligi to‘g‘risida fikr yuritibgina qolmay, himmati uchun Unga shukrona ayting. (Zab. 100:4, 5) «Boshqalarga minnatdorlik bildirish odamlarni baxtli qiladi», deb bejizga aytilmagan.

MINNATDORCHILIK ODAMLARNI JIPSLASHTIRADI

Minnatdor bo‘lish siz uchun foydali ekanining yana bir sababi — do‘stlik rishtalaringiz mustahkamlanadi. Barchamiz bizga nisbatan minnatdorlik ko‘rsatilishiga muhtojmiz. Biron kishiga qilgan yaxshiligi uchun minnatdorchilik ko‘rsatsak, u bilan yanada qalin do‘stlarga aylanamiz. (Rim. 16:3, 4) Qolaversa, minnatdor kishilarda boshqalarga yordam berish istagi ko‘proq bo‘ladi. Bunday kishilar ularga nisbatan ko‘rsatilgan mehrga e’tibor qaratadi va bu ularni ham shunday yo‘l tutishga undaydi. Ha, o‘zgalarga ko‘maklashish baxtga yetaklaydi. Bu haqida Iso ham: «Olishdan ko‘ra berishning baxtiyorligi katta»,— deb aytgan. (Havor. 20:35)

Kaliforniya universitetida minnatdorchilik mavzusida o‘tkazilgan tadqiqot loyihasining rahbarlaridan biri Robert Emmons quyidagicha fikr bildirgan: «Minnatdor bo‘lish uchun, bir-birimizga muhtoj ekanimizni tushunishimiz kerak. Ba’zida biz beramiz, ba’zida esa bizga beriladi». Darhaqiqat, hayotimiz boshqalar bizni qo‘llab-quvvatlashiga va g‘amxo‘rlik qilishiga bog‘liq. Masalan, ular bizga oziq-ovqat taqdim etishadi yoki tibbiy yordam ko‘rsatishadi. (1 Kor. 12:21) Minnatdor inson boshqalar u uchun qilayotgan barcha narsani qadrlaydi. Shunday ekan, boshqalardan siz uchun qilayotgan ishlari uchun minnatdor ekaningizni ko‘rsatish odatini rivojlantiryapsizmi?

MINNATDORLIK VA HAYOTGA BO‘LGAN NUQTAI NAZAR

Minnatdor bo‘lish shuningdek, salbiy narsalarga emas, ijobiy narsalarga diqqat qaratishingizga ko‘maklashadi. Qaysidir ma’noda ongimizning ishlashini suzgich bilan solishtirsa bo‘ladi. Bu tufayli atrofingizdagi muayyan narsalarga e’tibor qaratasiz, boshqalariga esa beparvo bo‘lib qolasiz. Natijada, ijobiy narsalarni ko‘rishingiz va muammolarga kamroq diqqat qaratishingiz mumkin. Qanchalar ko‘p minnatdorlik ko‘rsatsangiz, shunchalar ko‘p yaxshilik ko‘rasiz. Shu tariqa yanada minnatdor bo‘lib boraverasiz. Minnatdorlik bildirishingiz mumkin bo‘lgan narsalarga e’tibor qaratsangiz, Pavlusning: «Rabbimiz bilan birlikda bo‘lib hamisha quvoninglar»,— degan maslahatiga binoan yo‘l tuta olasiz. (Filip. 4:4)

Minnatdorlik ko‘rsatish salbiy fikrlash tarzidan yiroqlashishingizga yordam beradi. Bir vaqtning o‘zida ham minnatdor bo‘lish, ham hasad qilish, tushkunlikka tushish yoki achchiqlanishning iloji yo‘q. Minnatdor kishilar moddiy narsalarga ham kamroq diqqat qarata olishadi. Ular borini qadrlab, undan ham ko‘proq narsalarga ega bo‘lish payida bo‘lishmaydi. (Filip. 4:12)

Hatto qiyinchiliklarga duch kelganingizda ham, minnatdorlik ko‘rsatish umidingizni yo‘qotmaslikka ko‘maklashadi. Masalan, ishsiz qolsangiz, buni hayotingizdagi yangi bir sahifa ochilganday qabul qilishingiz mumkin. Agar doimo minnatdorlik ko‘rsatsangiz, muammoni qiyinchilik emas, balki yangi bir imkoniyat deb qabul qila olasiz.

BARAKALARINGIZ HAQIDA O‘YLANG!

Shayton ushbu oxirzamonda duch kelayotgan qiyinchiliklar sizga qayg‘u keltirishini va tushkun ahvolda bo‘lishingizni istayotganini masihiy sifatida tushunyapsiz. Agar salbiy fikrlash tarziga berilsangiz va barcha narsadan nolisangiz, u maza qiladi. Bunday munosabat tufayli va’zgo‘ylik xizmatida ham kam samaraga erishasiz. Minnatdorlik muqaddas ruh samarasi bilan o‘zaro bog‘liq. Masalan, Xudo bizga ato etayotgan barakalarni ko‘rayotganimiz va kelajak borasidagi va’dalariga ishonayotganimiz uchun sevinyapmiz. (Galat. 5:22, 23)

Yahovaning Shohidi ekansiz, bu maqolada minnatdorlik haqida yozilgan fikrlarga qo‘shilsangiz kerak. Biroq hamisha minnatdorlik ko‘rsatish va ijobiy bo‘lib qolish oson emasligini tushunayotgandirsiz. Shunday bo‘lsa-da, tushkunlikka tushmang. Minnatdorlik tuyg‘usini rivojlantirish qo‘lingizdan keladi. Minnatdorlik ko‘rsatishingiz mumkin bo‘lgan ayrim narsalar haqida fikr yuritishga har kuni vaqt ajrating. Bunday qilganingiz sayin, bu odat tusiga kirib, minnatdor inson bo‘lib boraverasiz. Bu tufayli siz nuqul qiyinchiliklariga diqqat qaratib yuradigan kishilardan ko‘ra ancha baxtliroq bo‘lasiz. Allohning yaxshiliklari va boshqalar sizga dalda berish niyatida qilayotgan ishlari haqida fikr yuriting o‘shanda mamnun bo‘lasiz. Balki barakalaringizni daftarga yozib borarsiz. Har kuni minnatdor bo‘lishingiz mumkin bo‘lgan ikkita yoki uchta narsani yozib qo‘ying.

Tadqiqotchilarning izlanishlariga ko‘ra, doim boshqalarga minnatdorlik izhor etganimizda, bu miyamiz faoliyatini o‘zgartirishi mumkin va hayotimizga ijobiyroq qaraydigan bo‘lamiz. Minnatdor inson eng baxtli insondir. Shunday ekan, qut-barakalaringiz haqida o‘ylang, hayotingizdagi quvonchli daqiqalardan zavq oling va doim minnatdorlik ko‘rsating. Ega bo‘lgan barakalaringizni oddiy holdek qabul qilmay, «Yahovaga shukrona ayting, zero U yaxshidir». Darhaqiqat, «har narsa uchun minnatdorchilik bildiringlar». (1 Sol. 16:34; 1 Salon. 5:18)