Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

52-TADQIQ MAQOLASI

Ota-onalar, farzandingizga Yahovani sevishga yordam bering

Ota-onalar, farzandingizga Yahovani sevishga yordam bering

Farzandlar Yahovadan merosdir. ZAB. 127:3

134-QO‘SHIQ Farzandlar — Yahovadan merosdir

BU MAQOLADA *

1. Yahova ota-onalarga nimani ishonib topshirdi?

YAHOVA ilk juftlikni farzand ko‘rish istagi bilan yaratgan. Bejizga Muqaddas Kitobda: «Farzandlar Yahovadan merosdir»,— deyilmagan. (Zab. 127:3) Bu nima degani? Tasavvur qiling, yaqin do‘stingiz katta miqdordagi pulini saqlab turishingizni iltimos qiladi. O‘zingizni qanday his etasiz? Albatta, u sizga ishonganidan xursand bo‘lasiz. Ammo o‘sha pulni qanday qilib xavfsiz joyda saqlayman, deb xavotirlanarsiz. Eng yaqin Do‘stimiz Yahova ota-onalarga puldan ham qimmatliroq bir narsani ishonib topshirdi. Yahova ularga farzandlariga yaxshi g‘amxo‘rlik qilish va ularni baxtli qilish mas’uliyatini topshirdi.

2. Qaysi savollarga javob topamiz?

2 Bolali bo‘lish-bo‘lmaslikni kim va qachon hal qilishi kerak? Ota-onalar farzandlariga baxtli bo‘lishga qanday yordam bera oladi? Masihiy juftliklar dono qaror chiqara olishiga yordam beradigan Muqaddas Kitobdagi ba’zi prinsiplarga diqqat qarataylik.

ER-XOTINNING QARORINI HURMAT QILING

3. a) Juftlik bolali bo‘lish-bo‘lmasligini kim hal qilishi kerak? b) Do‘stlar va oila a’zolar Muqaddas Kitobdagi qaysi prinsipni yodda tutishi lozim?

3 Ba’zi madaniyatlarda endi turmush qurganlar iloji boricha tezroq farzandli bo‘lishi kutiladi. Ular hatto oila a’zolari va bu odatga amal qiladigan boshqa odamlar tomonidan bosimga uchrashi mumkin. Osiyolik birodar Jetro quyidagicha dedi: «Jamoatdagi bolali oilalarning ba’zilari farzandi yo‘q juftliklarga bosim o‘tkazib, bolali bo‘lishga undaydi». Osiyolik boshqa birodar Jeffri esa: «Ba’zilarning aytishicha, bolangiz bo‘lmasa qariganingizda hech kim sizga g‘amxo‘rlik qilmaydi»,— deb bo‘lishdi. Biroq farzandli bo‘lish-bo‘lmaslikni har bir juftlik o‘zi hal qiladi. Bu ularning qarori va mas’uliyatidir. (Galat. 6:5) Shubhasizki, do‘stlar va oila a’zolar yangi turmush qurganlar baxtli bo‘lishini istashadi. Lekin barcha shuni unutmasligi kerakki, bolali bo‘lish-bo‘lmaslik qarorini juftlikning o‘zi chiqaradi. (1 Salon. 4:11)

4–5. Juftliklar qaysi ikkita muhim savolni ko‘rib chiqishi kerak va bu uchun eng a’lo vaqt qachon? Tushuntiring.

4 Farzandli bo‘lishga qaror qilgan juftlik quyidagi ikkita muhim savolni muhokama qilsa oqilona bo‘lardi: «Birinchidan, ular qachon bola ko‘rmoqchi? Ikkinchidan, ular nechta farzandli bo‘lmoqchi?» Juftlik bu savollarni qachon muhokama qilsa o‘rinli bo‘lardi? Nima uchun mazkur ikkita savol muhim?

5 Aksariyat vaziyatlarda juftliklar bolali bo‘lish masalasini turmush qurishdan avval ko‘rib chiqsa oqilona bo‘lardi. Nima uchun? Asosiy sabablaridan biri bu borada bitta fikrga ega bo‘lish muhimdir. Qolaversa, ular bu mas’uliyatni olishga tayyor yo tayyor emasligi haqida o‘ylab ko‘rishi kerak. Ba’zi juftliklar to‘ydan kamida bir yo ikki yil o‘tgach, bola ko‘rishga qaror qilgan. Boisi, ota-ona bo‘lish ko‘p vaqt hamda kuch oladi. Ular bunday fikrga kelganining sababi, oilaviy hayotga moslashish va munosabatlari yanada mustahkamlanishi uchun o‘zlariga bir oz vaqt berishdir. (Efes. 5:33)

6. Og‘ir paytlarda yashayotganimiz tufayli ayrim juftliklar nima qilishga qaror qilgan?

6 Ba’zi masihiylar Nuhning uchta o‘g‘li va ularning turmush o‘rtoqlariga taqlid qilishga qaror qilgan. Bu uchta juftlik shu zahoti farzand ko‘rmagan. (Ibt. 6:18; 9:18, 19; 10:1; 2 Butr. 2:5) Iso bizning paytimizni «Nuh payg‘ambar davri» bilan solishtirgan. Chindan ham «nihoyatda og‘ir vaqtlarda» yashayapmiz. (Mat. 24:37; 2 Tim. 3:1) Buni yodda tutgan holda, ayrim juftliklar xizmatga ko‘proq vaqt ajrata olish uchun farzand ko‘rishni vaqtinchalik keyinroqqa qoldirishgan.

Bola ko‘rish va nechta farzandli bo‘lish masalasida qaror chiqarganda, dono juftlik «qancha xarajat ketishini hisoblab oladi» (7-xatboshiga qarang.) *

7. Luqo 14:28, 29 va Hikmatlar 21:5 dagi prinsiplar juftlikka qanday yordam beradi?

7 Farzand ko‘rish-ko‘rmaslik va nechta bolali bo‘lish borasida dono juftliklar «qancha xarajat ketishini hisoblab oladi». (Luqo 14:28, 29 ni o‘qing.) Tajribali ota-onalar shuni biladiki, farzand katta qilish uchun pulning o‘zi yetarli emas. Bu, shuningdek, vaqt hamda kuch oladi. Shu sababli juftlik quyidagi savollarni ko‘rib chiqishi muhim: «Oilamizning asosiy ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilish uchun ikkalamiz ham ishlashimizga to‘g‘ri keladimi? Bizda bor bo‘lgan asosiy narsalar bilan qoniqamizmi? Ikkovimiz ham ishlashimizga to‘g‘ri kelsa, farzandlarimizga kim qarab turadi? Ularning fikrlash tarzi-yu xatti-harakatlariga kim ta’sir qiladi?» Yuqoridagi savollarni xotirjamlik ila muhokama qilgan juftliklar Hikmatlar 21:5 dagi (o‘qing) so‘zlarni qalbiga jo qilgan bo‘ladi.

Sevuvchi er turmush o‘rtog‘ini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘lidan kelganicha harakat qiladi (8-xatboshiga qarang.)

8. Masihiy juftliklarda qanday qiyinchiliklar bo‘ladi va sevuvchi er nima qiladi?

8 Ham ota, ham ona farzandiga yetarlicha vaqt va kuch sarflashi kerak, chunki u bunga loyiq. Shu bois, juftlik birin-ketin farzandli bo‘lsa, har biriga alohida vaqt ajratish qiyin bo‘lishi mumkin. Bir nechta yosh bolasi bor ayrim juftliklar holdan toyib qolishini aytdi. Masalan, ona doim o‘zini jismonan va hissan charchagan his etishi mumkin. Xo‘sh, bu uning muntazam ravishda tadqiq o‘tkazishiga, ibodat qilishiga va xizmatda qatnashishiga ta’sir qiladimi? Ustiga-ustak, ular yig‘ilishlarda diqqatli bo‘lishga va ulardan foyda olishga qiynalishi mumkin. Albatta, sevuvchi er farzandlari e’tiborga muhtoj bo‘lganda ham yig‘ilishda, ham uyda turmush o‘rtog‘ini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘lidan kelganini qiladi. Masalan, u turmush o‘rtog‘iga uy ishlarida yordamlashishi mumkin. Qolaversa, hamma oilaviy topinish dasturidan foyda olishi uchun u ko‘p mehnat qilishi kerak. Shuningdek, masihiy otalar doimiy ravishda oila a’zolari bilan va’zgo‘ylik xizmatida qatnashadi.

FARZANDLARGA YAHOVANI SEVISHNI O‘RGATING

9–10. Farzandiga yordam berishni istagan ota-ona nima qilishi kerak?

9 Ota-ona farzandiga Yahovani sevishga yordam berish uchun nimalar qilishi mumkin? Qanday qilib ular bolasini axloqsizlikdan himoyalay oladi? Ota-onalar qo‘yishi mumkin bo‘lgan bir nechta qadamga e’tibor bering.

10 Yahovadan yordam so‘rab, ibodat qiling. Shimsho‘nning ota-onasi bo‘lgan Monuvax va uning turmush o‘rtog‘i qoldirgan o‘rnakka diqqat qarataylik. Monuvax xotini o‘g‘il tug‘ishini bilganida, Yahovaga yolvorib bolani qanday tarbiyalash borasida yo‘l-yo‘riq so‘ragan.

11. Hakamlar 13:8 da keltirilganidek, qay yo‘sin ota-ona Monuvaxning misoliga taqlid qila oladi?

11 Bosniya va Gersegovinadagi Nihad va Alma Monuvaxdan o‘rnak oldi. Ular shunday fikr bildirishdi: «Monuvax singari Yahovaga yolvorib, yaxshi ota-ona bo‘lishimiz uchun bizga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishini so‘radik. Yahova turli yo‘llar — oyatlar, adabiyotlarimiz, yig‘ilishlar va anjumanlar orqali ibodatlarimizga javob berdi». (Hakamlar 13:8 ni o‘qing.)

12. Yusuf va Maryam farzandlariga qanday o‘rnak ko‘rsatgan?

12 O‘rnagingiz orqali ta’lim bering. Gaplaringiz muhim, lekin xatti-harakatlaringiz farzandingizga ko‘proq ta’sir qilishi mumkin. Yusuf va Maryam farzandlariga, jumladan, Isoga a’lo o‘rnak ko‘rsatgani shubhasiz. Yusuf oilasiga g‘amxo‘rlik qilish uchun og‘ir mehnat qilgan. Shuningdek, u o‘z xonadonini ma’naviy narsalarni qadrlashga undagan. (Qonun. 4:9, 10) Tavrot bo‘yicha Yusuf «har yili» Quddusga Fisih bayramini nishonlash uchun oilasini olib kelishga majbur bo‘lmagan. Lekin baribir ularni olib kelardi. (Luqo 2:41, 42) O‘sha paytda ba’zi otalar oilasi bilan safarga chiqishni noqulay, ko‘p vaqt oladigan va qimmat, deb hisoblagandir. Lekin Yusuf ma’naviy narsalarni qadrlagan va bolalariga ham shunday qilishni o‘rgatgan. Bundan tashqari, Maryam ham Muqaddas Yozuvlarni yaxshi bilgan. U ham so‘zlari, ham ishlari bilan bolalariga Xudoning Kalomini sevishni o‘rgatgani shubhasiz.

13. Qay yo‘sin bir juftlik Yusuf bilan Maryamning misoliga taqlid qildi?

13 Yuqorida tilga olingan Nihad va Alma Yusuf bilan Maryamning misoliga taqlid qilishni istadi. Xo‘sh, bu ularga o‘g‘lini Xudoni sevadigan va Unga xizmat qiladigan inson sifatida o‘stirishga qanday yordam berdi? Ular shunday dedi: «Hayot tarzimiz bilan o‘g‘limizga Yahovaning prinsiplari bo‘yicha yashash qanchalar yaxshi ekanini ko‘rsatishga intilardik». Nihad: «Farzandingiz qanday inson bo‘lishini istasangiz, siz ham shunday inson bo‘ling»,— deb qo‘shib qo‘ydi.

14. Nima sababdan ota-ona farzandi kim bilan muloqot qilayotganini bilishi kerak?

14 Farzandingizga yaxshi do‘stlar topishga ko‘maklashing. Ham ota, ham ona farzandi kim bilan muloqot qilayotganini va nima bilan band ekanini bilishi kerak. Bu ota-onalar bolasi ijtimoiy tarmoqlarda va uyali telefonida kim bilan muloqot qilayotganini bilishni o‘z ichiga oladi. Chunki o‘sha muloqot farzandning fikrlari-yu xulqiga ta’sir qilishi mumkin. (1 Kor. 15:33)

15. Ota-onalar Jessining misolidan nimani o‘rganishi mumkin?

15 Ota-ona kompyuter yoki mobil qurilmalardan foydalanishni yaxshi bilmasa-chi? Filippindagi Jessi ismli ota quyidagicha dedi: «Elektron qurilmalarni uncha tushunmasdik. Ammo bu bizni farzandlarimizga bunday qurilmalarning xavfli taraflari haqida o‘rgatishdan to‘xtatmadi». Jessi elektron qurilmalarni yaxshi tushunmagani uchungina bolalariga ulardan foydalanishni taqiqlamagan. U shunday tushuntirdi: «Bolalarimni elektron qurilma yordamida yangi tilni o‘rganishga, yig‘ilishlarga tayyorgarlik ko‘rishga va Muqaddas Kitobni har kuni o‘qishga undardim». Agar ota-ona bo‘lsangiz, jw.org® saytida «O‘smirlar» sarlavhasi ostida keltirilgan o‘zaro SMS yozish va Internetga suratlar qo‘yish borasidagi maqolalarni farzandingiz bilan o‘qib, muhokama qildingizmi? «Elektron qurilmalarning xo‘jayinimisiz yo qulimi?» va «Ijtimoiy tarmoqlardan oqilona foydalaning» nomli videolarni birgalikda ko‘rib chiqdingizmi *? Farzandingizga elektron qurilmalardan donolik ila foydalanishni o‘rgatar ekansiz, bu ma’lumotlar asqatadi. (Hik. 13:20)

16. Ko‘p ota-onalar nima qildi va natijasi qanday bo‘ldi?

16 Ko‘p ota-onalar farzandi Xudoga xizmat qilib, yaxshi o‘rnak ko‘rsatgan odamlar bilan do‘stlashishi uchun imkoniyat yaratishga jon kuydiradi. Masalan, Kot-d’Ivuardagi Ndeni va Bomen tuman nozirini uylarida qolishga tez-tez taklif qilishardi. Ndeni shunday deb bo‘lishdi: «Bu o‘g‘limizga juda yaxshi ta’sir qildi. U kashshoflikni boshladi va hozir tuman nozirining o‘rinbosari sifatida xizmat qilyapti». Siz ham farzandingizning shunday do‘stlari bo‘lishiga g‘amxo‘rlik qila olasizmi?

17–18. Ota-ona farzandiga qachon ta’lim-tarbiya berishni boshlashi kerak?

17 Farzandingizga iloji boricha ertaroq ta’lim-tarbiya berishni boshlang. Ota-ona farzandiga ta’lim-tarbiya berishni qancha erta boshlasa, shuncha yaxshi. (Hik. 22:6) Timo‘tiyning misoli to‘g‘risida o‘ylab ko‘ring. U ulg‘aygach, havoriy Pavlus bilan hamkorlik qilgan. Timo‘tiyning onasi Evnika va buvisi Loida unga «chaqaloqligidanoq» ta’lim bergan. (2 Tim. 1:5; 3:15, izoh)

18 Kot-d’Ivuardagi boshqa bir juftlik — Jen-Klaud va Pis oltita farzandiga ham Yahovani sevishni va Unga xizmat qilishni o‘rgatishga muvaffaq bo‘ldi. Bunda ularga nima yordam berdi? Ular Evnika va Loidaning misoliga ergashdi. Ular: «Farzandlarimiz tug‘ilganidan ko‘p o‘tmay, ya’ni chaqaloqligidanoq qalblariga Xudoning Kalomini jo qildik»,— deb bo‘lishdi. (Qonun. 6:6, 7)

19. Xudoning Kalomini farzandning qalbiga jo qilish nimani o‘z ichiga oladi?

19 Yahovaning Kalomini farzandlarning «qalblariga jo qilish» nima degani? Bu «tez-tez qaytarish orqali biron nimani o‘rgatish yoki eslatish» degani. Buning uchun ota-ona farzandi bilan muntazam ravishda vaqt o‘tkazishi kerak. Ba’zida bolaga yo‘l-yo‘riqlarni qayta-qayta aytishga to‘g‘ri kelganidan ota-onaning ko‘ngli cho‘kishi mumkin. Ammo ota-ona buni farzandiga Xudoning Kalomini tushunishga va uni amalda qo‘llashga yordam beradigan usul deb bilishga intilishi kerak.

Ota-ona har bir farzandiga qanday ta’lim-tarbiya berish borasida qaror chiqarishi kerak (20-xatboshiga qarang.) *

20. Farzandlarni katta qilishda Zabur 127:4 dagi so‘zlar qanday qo‘l kelishi mumkinligini tushuntiring.

20 Farzandlaringizni yaxshi biling. Zaburning 127-sanosida farzandlar o‘qlar bilan solishtirilgan. (Zabur 127:4 ni o‘qing.) O‘qlar turli materiallardan yasalib, turli hajmda bo‘lganiday, ikkita bola ham bir xil bo‘lmaydi. Shu bois, ota-ona har bir bolasiga qay yo‘sin ta’lim-tarbiya berishni aniqlashi kerak. Ikkita farzandini Yahovaning xizmatchilari qilib tarbiyalashda muvaffaqiyatli bo‘lgan hozirgi Isroildagi bir juftlik ularga nima yordam bergani bilan bo‘lishdi: «Har bir bolamiz bilan alohida Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazganmiz». Har bir oila boshi bunday tadqiq o‘tkazish zarurligini yoki buning imkoni bor-yo‘qligini o‘zi hal qiladi.

YAHOVA SIZGA YORDAM BERADI

21. Yahova ota-onalarga qanday yordam bera oladi?

21 Gohida duch kelayotgan qiyinchiliklari tufayli ota-onalarning ruhi tushishi mumkin, lekin farzandlar Yahovaning hadyasidir. U doim yordam berishga tayyor. U ota-onalarning ibodatini hozirlik bilan eshitadi. Muqaddas Kitob, adabiyotlarimiz va jamoatdagi tajribali ota-onalarning o‘rnagi-yu maslahatlari yordamida Xudo ularning ibodatlariga javob beradi.

22. Ota-ona farzandiga berishi mumkin bo‘lgan eng a’lo narsalar qatoriga nimalar kiradi?

22 Aytishlaricha, bola katta qilish 20 yillik loyiha. Lekin ota-ona doim ota-ona bo‘lib qolaveradi. Sevgi, vaqt hamda Muqaddas Kitobga asoslangan ta’lim-tarbiya ular farzandlariga berishi mumkin bo‘lgan eng a’lo narsalar sirasidandir. Har bir bola ta’lim-tarbiyaga turlicha munosabat bildiradi. Yahovani sevadigan ota-onalardan ta’lim-tarbiya olayotgan ko‘plarning tuyg‘ulari osiyolik Joanna Maeniki bilan o‘xshashdir. U quyidagicha dedi: «Ota-onam menga qanday ta’lim-tarbiya berganini eslasam, ularning tarbiyasi va Yahovani sevishni o‘rgatishgani uchun juda minnatdorman. Ular menga shunchaki hayot bermadi, balki unga mazmun ham kiritishdi». (Hik. 23:24, 25) Millionlab masihiylar shunga o‘xshash tuyg‘ularni his etmoqda.

59-QO‘SHIQ Yahni madh etaylik

^ 5- x.b. Turmush o‘rtoqlar farzandli bo‘lishi kerakmi? Agar ular bunga qaror qilsa, nechta bola ko‘rish kerak? Qay yo‘sin ular farzandlariga Yahovani sevishga va Unga xizmat qilishga yordamlasha oladi? Ushbu maqolada yuqoridagi savollarga javob topishga yordam beradigan zamonaviy misollar va Muqaddas Kitobdagi prinsiplar keltirilgan.

^ 15- x.b. Masalan, «Yoshlarning savollari. Amaliy maslahatlar» (rus) nomli kitobning 1-jild, 36-bob va 2-jild, 11-bobiga qarang.

^ 60- x.b. RASMGA SHARH. Masihiy juftlik bolali bo‘lish-bo‘lmaslik masalasini muhokama qilyapti. Bu quvonchli bo‘lish bilan birga mas’uliyatli ekani borasida ham suhbatlashyapti.

^ 64- x.b. RASMGA SHARH. Bolalarining yoshi va qobiliyatlari turlicha bo‘lgani uchun bir juftlik har biri bilan alohida tadqiq o‘tkazyapti.