O‘quvchilarning savollari
Shayton Momohavoga nima yaxshi va nima yomon ekanini bildiradigan daraxtning mevasidan yesa o‘lmasligini aytganda, bugungi kunda keng tarqalgan o‘lmas jon haqidagi fikrni unga uqtirmoqchi bo‘lganmi?
Bunday bo‘lganga o‘xshamaydi. Iblis Momohavoga Xudo yeyishni man etgan mevadan yesa o‘lishini, ruhi esa qayerdadir yashashda davom etishini aytmagan. Shayton ilon orqali gapirib, Momohavo o‘sha daraxtning mevasidan yesa, «aslo o‘lmasligini» ta’kidlagan. Shayton Momohavo yashashda davom etishiga, yer yuzida yaxshiroq hayot kechirishiga va Xudodan mustaqil bo‘lishiga ishora qilgan. (Ibt. 2:17; 3:3–5)
O‘lmas jon to‘g‘risidagi soxta ta’limot Adan bog‘ida paydo bo‘lmagan ekan, unda qachon paydo bo‘lgan? Buni aniq aytolmaymiz. Soxta topinuvchilarning barchasi Nuh davridagi To‘fonda yo‘q bo‘lib ketganini bilamiz. To‘fonda faqatgina Nuh va uning oilasi omon qolgan hamda ularning hammasi Yahovaga topingan. O‘shanda soxta topinish bilan bog‘liq hech qanday ta’limot bo‘lmagan.
Shunday ekan, o‘lmas jon bilan bog‘liq ta’limot To‘fondan keyin paydo bo‘lgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Xudo Bobilda tillarni aralashtirib yuborganida va odamlar «butun yer yuzi bo‘ylab» tarqab ketganida, ehtimol, borgan joylarida o‘lmas jon haqidagi fikrlarni yoyishgan. (Ibt. 11:8, 9) Bu soxta ta’limot qachon paydo bo‘lganidan qat’i nazar, bularning ortida «yolg‘onning otasi» Shayton Iblis turibdi. Ustiga-ustak, u bu ta’limot keng tarqalayotganini ko‘rib quvongan. (Yuhan. 8:44)