Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

50-TADQIQ MAQOLASI

Tangri Yahova sizlarni ozod qiladi

Tangri Yahova sizlarni ozod qiladi

Yurtingizning butun aholisiga ozodlik e’lon qilinglar. LEV. 25:10

22-QO‘SHIQ Shohlik yerga ham kelsin!

BU MAQOLADA *

1–2. a) Ozodlik yili qanday yil bo‘lgan? (« Ozodlik yili» nomli ramkaga qarang.) b) Luqo 4:16–18 ga ko‘ra Iso nima haqida aytgan?

BA’ZI mamlakatlarda shoh yoki qirolicha boshqaradigan har 50 yil o‘zgacha tarzda nishonlanadi. Odamlar bu bayramni bir kun, bir hafta yoki ko‘proq vaqt davomida nishonlar, lekin u o‘z nihoyasiga yetadi va ular uni bora-bora unutadi.

2 Hozir qadimgi Isroilda har 50 yili nishonlangan ancha muhimroq va bir yil davom etgan bayram haqida bilib olamiz. Uni nishonlagan insonlar ozodlikka erishardi. Nega bu biz uchun ahamiyatli? Sababi, u Yahova biz uchun qilgan ajoyib narsani eslatadi. U tufayli biz abadiy davom etadigan ozodlikka erishamiz va hatto bugunning o‘zida foyda ko‘ramiz. Iso Masih bu ozodlik haqida aytgan. (Luqo 4:16–18 ni o‘qing.)

Ozodlik yilida Isroilda xursandchilik bo‘lardi, chunki isroilliklar qullikdan qaytib, yer-mulkiga ega bo‘lardi (3-xatboshiga qarang.) *

3. Levilar 25:8–12 ga binoan Ozodlik yili isroilliklarga qanday foyda keltirgan?

3 Iso tilga olgan ozodlik nimani anglatishini yaxshiroq tushunish maqsadida, Xudo Isroil xalqi uchun tashkillashtirgan Ozodlik yili to‘g‘risida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lishimiz kerak. Yahova isroilliklarga shunday degan: «Allohning nazarida elliginchi yil muqaddas bo‘lib, yurtingizning butun aholisiga ozodlik e’lon qilinglar. O‘sha yil sizlar uchun Ozodlik yili bo‘lsin va har kim o‘z yer-mulkiga hamda o‘z oilasiga qaytsin». (Levilar 25:8–12 ni o‘qing.) O‘tgan maqolada isroilliklar har hafta Shabbatdan qanday foyda olishganini ko‘rib chiqqanmiz. Qiziq, Ozodlik yili ularga qanday foyda keltirgan? Aytaylik, isroillik kishi qarzga botdi va uni to‘lash uchun yerini sotishga majbur. O‘sha Ozodlik yili davomida bu kishiga uning yeri qaytarib berilardi. Shu yo‘sin, u o‘z yer-mulkiga qayta egalik qilardi va u bola-chaqalariga meros bo‘lib o‘tardi. Boshqa vaziyatda esa, isroillik kishi qarzidan qutilish uchun bolalarining birini yoki hatto o‘zini qullikka sotardi. Ozodlik yili mobaynida esa, u «o‘z oilasiga qaytardi». Demak, hech kim abadiy qul bo‘lib qolmasdi. Ha, bundan Yahova O‘z xalqiga rostdan ham g‘amxo‘rlik qilganini ko‘ryapmiz.

4–5. Nima uchun Ozodlik yili bizni qiziqtirishi kerak?

4 Ozodlik yilining yana qanday foydasi bo‘lgan? Yahova quyidagilarni tushuntirgan: «Orangizda kambag‘al odam bo‘lmasin, chunki Tangringiz Yahova egallashingiz uchun meros qilib berayotgan yurtda Yahova sizlarga albatta baraka beradi». (Qonun. 15:4) Hozirgi zamonda bo‘layotgan narsalardan bu ancha farq qiladi. Negaki, odatda boylar boyib ketyapti, kambag‘allar esa battar qashshoqlashib ketyapti.

5 Masihiylar sifatida biz Musoning Qonuniga tobe emasmiz. O‘tmishda Ozodlik yili borasidagi qonun tufayli qullar ozod etilardi, qarzlar bekor qilinardi va yer-mulk qaytarib berilardi, bizga esa bu qonunga amal qilishning keragi yo‘q. (Rim. 7:4; 10:4; Efes. 2:15) Qanday bo‘lmasin, Ozodlik yili haqida ko‘proq bilib olishimiz muhim. Sababi, bu tufayli ozodlikdan zavq olishimiz mumkin va Yahova isroilliklar uchun tashkillashtirgan narsani eslaymiz.

ISO OZODLIK E’LON QILGAN

6. Insonlar nimadan ozod bo‘lishi kerak?

6 Har birimiz ozod etilishga muhtojmiz, chunki dahshatli qullik, ya’ni gunoh qulligidamiz. Gunohkor bo‘lganimiz bois, qariymiz, kasal bo‘lamiz va o‘lamiz. Ko‘pchilik ko‘zguga qaraganda yoki shifokorning qabuliga borganda bu chindan ham shunday ekanini his etadi. Gunohga qo‘l urganimizda ham ruhimiz tushadi. Havoriy Pavlus gunoh haqida shunday degan: «[U] tanamdagi gunohning qonuniga meni asir qilyapti. Eh, qanday baxtsiz odamman-a! O‘limga duchor bo‘ladigan mana shu tanamdan meni kim qutqaradi?» (Rim. 7:23, 24)

7. Ishayo ozodlik haqida nimani bashorat qilgan?

7 Yaxshiyamki, Alloh bizni xalos qilish yoki gunohdan ozod etish uchun chora ko‘rgan. Aynan Iso tufayli bu ozodlikka erishish mumkin. Miloddan avvalgi sakkizinchi asrda Ishayo payg‘ambar kelajakda a’loroq ozod etilish yuz berishini bashorat qilgan. Bu, isroilliklar Ozodlik yili davomida ko‘rgan barakalardan ancha a’loroq bo‘ladi. U shunday deb yozgan: «Oliy Hukmdor Yahova menga O‘z ruhini berdi, Yahova kamtarlarga xushxabarni e’lon etish uchun meni moyladi. U meni dili vayronlarga shifo berish uchun, asirlarga ozod etilishi... to‘g‘risida aytish uchun yubordi». (Ishayo 61:1) Bu bashorat kim bilan bog‘liq?

8. Ishayoning ozodlik haqidagi bashorati kimda amalga oshgan?

8 Bu muhim bashorat Isoning yer yuzidagi xizmati boshlangandan keyin amalga oshishni boshladi. U o‘sib-ulg‘aygan Nosira shahridagi ibodatxonaga borgan va u yerdagi yahudiylarga Ishayo payg‘ambarning ushbu so‘zlarini o‘qib bergan. Iso quyidagi so‘zlarni o‘ziga nisbatan qo‘llagan: «Yahova menga O‘z ruhini berdi, kambag‘allarga xushxabarni e’lon qilish uchun meni moyladi. U meni asirlarga ozod etilishi, ko‘rlarga ko‘zlari ochilishini va’z etib, ezilganlarni ozodlikka chiqarish hamda Yahova uchun maqbul vaqt to‘g‘risida gapirish uchun yubordi». (Luqo 4:16–19) Xo‘sh, u bu bashoratni qanday amalga oshirgan?

ILK OZOD ETILISH

Iso Nosiradagi ibodatxonada ozodlikni e’lon qilyapti (8–9-xatboshilariga qarang.)

9. Isoning davridagi ko‘plar nimadan ozod bo‘lishni istagan?

9 Ishayo bashorat qilgan va Iso o‘qib bergan erkinlik yoki ozodlik haqidagi so‘zlar birinchi asrda amalga osha boshlagan. Iso: «Sizlar hozirgina eshitgan bu so‘zlar bugun amalga oshdi»,— deb ta’kidlagan so‘zlaridan bu chin ekaniga ishonamiz. (Luqo 4:21) Isoning so‘zlarini eshitgan ko‘plar siyosiy o‘zgarishlar yuz berishiga, Rim boshqaruvidan xalos bo‘lishga umid qilgan. Ehtimol, ular ham: «Biz esa u kishi Isroilni ozod qiladi, deya umid qilgandik»,— deb aytgan ikki kishi kabi o‘ylashgandir. (Luqo 24:13, 21) Lekin shuni bilamizki, Iso izdoshlarini zolim Rim boshqaruviga qarshi isyon ko‘tarishga undamagan. Aksincha, u: «Podshohning haqini podshohga... beringlar»,— degan. (Mat. 22:21) Unda, o‘sha paytda Iso qanaqasiga odamlarni ozod qilgan?

10. Iso odamlarga nimadan ozod bo‘lishga yordam berdi?

10 Iso Masih odamlarni ikkita narsadan ozod etish uchun yer yuziga kelgan. Birinchidan, Iso din rahbarlari olg‘a surgan noto‘g‘ri ta’limotlardan xalos bo‘lishga yordam berdi. Ko‘pgina yahudiylar o‘shanda urf-odatlar-u soxta ta’limotlar iskanjasida edi. (Mat. 5:31–37; 15:1–11) O‘zini dindor deb hisoblaganlar aslida ma’nan ojiz edi. Ular Masihni va u o‘rgatgan haqiqatni rad etishgani uchun, ma’naviy zulmatda qolishgan va gunohlari kechirilmagan edi. (Yuhan. 9:1, 14–16, 35–41) Haqiqatni yetkazish va yaxshi o‘rnak orqali u kamtar insonlar soxta ta’limotlardan qay yo‘sin xalos bo‘la olishini ko‘rsatgan. (Mark 1:22; 2:23–3:5)

11. Yana qay yo‘sin Iso insonlar ozod bo‘lishiga imkon yaratdi?

11 Ikkinchidan, Iso barcha insonlarga meros bo‘lib o‘tgan gunoh qulligidan ozod bo‘lish imkonini yaratdi. U o‘z hayotini qurbon qilgani uchun, Xudo bu to‘lovga ishongan va uni tan olgan kishilarning gunohlarini kechiradi. (Ibron. 10:12–18) Iso: «Agar O‘g‘il sizlarni ozod etsa, chindan ham erkin bo‘lasizlar»,— deb aytgan. (Yuhan. 8:36) Bu ozodlik isroilliklar Ozodlik yili davomida ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan ozodlikdan a’loroq! Masalan, o‘sha paytda isroillik kishi Ozodlik yili o‘tgach, yana qul bo‘lishi mumkin edi va oxir-oqibat vafot etardi.

12. Iso e’lon qilgan ozodlikdan birinchi bo‘lib kimlar foyda ko‘rdi?

12 Mil. 33-yili Hosil bayramida Yahova havoriylarni va boshqa sadoqatli erkag-u ayollarni muqaddas ruh bilan moylagan. U ularni o‘g‘illikka qabul qilgan, ya’ni ular Iso bilan osmonda hukm surishlari uchun tirilish umidiga ega bo‘lgan. (Rim. 8:2, 15–17) Bu, Iso Nosiradagi ibodatxonada e’lon qilgan ozodlikning birinchi barakasi edi. O‘sha erkag-u ayollar yahudiy din rahbarlarining soxta ta’limotlari-yu urf-odatlarining iskanjasidan xalos bo‘lishgan. Alloh shuningdek, ularni o‘limga yetaklovchi gunohdan ozod qilgan. Majoziy Ozodlik yili mil. 33-yili Masihning izdoshlari moylangani bilan boshlangan va Isoning Ming yillik boshqaruvi oxirida yakunlanadi. Xo‘sh, bu payt mobaynida nimalar amalga oshiriladi?

MILLIONLAB ODAMLAR OZOD BO‘LADI

13–14. Moylangan masihiylardan tashqari, Iso e’lon qilgan ozodlik yana kimlarga foyda keltirishi mumkin?

13 Bugungi kunda hamma xalqlardan bo‘lgan millionlab samimiy insonlar «boshqa qo‘ylar» qatoriga qo‘shilmoqda. (Yuhan. 10:16) Xudo ularni Iso bilan birga osmonda boshqarishlari uchun tanlamagan. Aksincha, Muqaddas Kitobdan bilib olayotganimizday, ular yer yuzida yashash umidiga ega. Siz ham bunga umid qilyapsizmi?

14 Hatto hozirning o‘zida, siz ham moylangan masihiylar ega bo‘lgan ba’zi barakalardan bahramand bo‘lyapsiz. Isoning qurbonligiga ishonib, Yahovadan gunohlaringiz kechirilishini so‘rasangiz bo‘ladi. Natijada, Xudo bilan yaxshi munosabatlarga va pok vijdonga ega bo‘lasiz. (Efes. 1:7; Vah. 7:14, 15) Qolaversa, chuqur ildiz otgan soxta ta’limotlar iskanjasidan ozod bo‘lganingizdan naqadar baxtiyor ekaningiz haqida bir o‘ylab ko‘ring. Iso: «Sizlar haqiqatni bilib olasizlar va haqiqat sizlarni ozod etadi»,— degan. (Yuhan. 8:32) Ha, ozod ekanimizdan boshimiz ko‘kka yetyapti!

15. Kelajakda qanday ozodlik va barakalarga erishamiz?

15 Yaqinda butunlayin ozod bo‘lish vaqti kelishini kutishingiz mumkin. Tez orada Iso soxta din va nohaq insoniy hukumatlarni yo‘q qiladi. Alloh Unga xizmat qilayotgan «ulkan olomonni» himoya qiladi va ular yer yuzidagi jannatda baxtli bo‘lib yashashiga yo‘l ochadi. (Vah. 7:9, 14) Son-sanoqsiz kishilar hayotga qaytadi va Odamatoning gunohi keltirgan barcha yomon oqibatlardan ozod bo‘lish imkoni tug‘iladi. (Havor. 24:15)

16. Insonlarni kelajakda qanday ajoyib ozodlik kutyapti?

16 Ming yillik boshqaruv paytida Iso va u bilan birga hukm suradiganlar tirilganlarga jismoniy hamda ma’naviy jihatdan mukammal bo‘lishga ko‘maklashishadi. O‘sha tiklanish va ozod bo‘lish davri xuddi Isroildagi Ozodlik yili kabi bo‘ladi. Bu degani, Yahovaga sadoqatli bo‘lib xizmat qiladigan barcha butunlayin mukammallikka erishadi va gunoh o‘tmishda qolib ketadi.

Yangi dunyoda foydali va mamnuniyat baxsh etadigan ishlarni qilishdan zavq olamiz (17-xatboshiga qarang.)

17. Ishayo 65:21–23 da Xudoning xalqi bilan bog‘liq qanday bashorat yozilgan? (Muqovadagi rasmga qarang.)

17 Ishayo 65:21–23 da (o‘qing) kelajakda yer yuzida hayot qanday bo‘lishi tasvirlangan. Ammo bu qo‘l qovushtirib o‘tiradigan davr bo‘lmaydi. Aksincha, Muqaddas Kitobda yozilishicha, Xudoning xalqi foydali va mamnuniyat baxsh etadigan ish bilan band bo‘ladi. Masihning Ming yillik boshqaruvining yakunida «yaratilganlarning o‘zi ham chirish qulligidan ozod etilib, Xudo farzandlarining ulug‘vor erkinligiga ega bo‘ladi». (Rim. 8:21)

18. Nega bizni porloq kelajak kutayotganidan shubhamiz yo‘q?

18 Yahova isroilliklar ishlashi va dam olishi uchun vaqti bo‘lishiga g‘amxo‘rlik qilganday, kelajakdagi Masihning Ming yillik boshqaruvida ham O‘z xalqi uchun xuddi shunday qiladi. Ma’naviy ishlar bilan shug‘ullanish uchun muayyan vaqt ajratiladi. Ma’lumki, bugungi kunda baxtli bo‘lish uchun Xudoga topinish muhim va yangi dunyoda ham xuddi shunday bo‘ladi. Ha, Masihning Ming yillik boshqaruvida hamma sadoqatli insonlar xursand bo‘lib yashaydi, chunki ular mamnuniyat baxsh etadigan ish va Xudoga xizmat qilish bilan band bo‘lishadi.

142-QO‘SHIQ Umidni mustahkam ushlaylik

^ 5- x.b. Yahova Isroil xalqi erkin yoki ozod bo‘lishi uchun o‘zgacha bir narsani tashkillashtirgan. Bu Ozodlik yili edi. Biz masihiylar Musoning Qonuniga tobe emasmiz. Unda, Ozodlik yili biz uchun nimani anglatadi? Ushbu maqoladan Ozodlik yili qay yo‘sin Yahova biz uchun qilgan narsani eslatishini va bu bizga qanday foyda keltirishi mumkinligini bilib olamiz.

^ 61- x.b. RASMGA SHARH. Ozodlik yilida qullikdagi odamlar ozod bo‘lib, oilasiga qaytishi va o‘z yer-mulkiga qayta ega bo‘lishi mumkin edi.