Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

51-TADQIQ MAQOLASI

Yahovani qanchalik yaxshi bilasiz?

Yahovani qanchalik yaxshi bilasiz?

Ismingni bilganlar Senga tayanadi, Seni izlaganlarni aslo tark etmaysan, ey Yahova! ZAB. 9:10

56-QO‘SHIQ Haqiqat yo‘li hayot yo‘ling bo‘lsin

BU MAQOLADA *

1–2. Angelitoning misolidan ko‘rganimizday, har birimiz nima qilishimiz kerak?

YAHOVA SHOHIDLARINING oilasida katta bo‘lganmisiz? Agar shunday bo‘lsa, unutmangki, Yahova bilan shaxsiy munosabatlar ota-onangizdan meros bo‘lib o‘tmaydi. Ota-onamiz Xudoga xizmat qiladimi yoki yo‘qmi har birimiz U bilan shaxsiy munosabatlarni qurishimiz kerak.

2 Angelito ismli birodarning misoliga diqqat qarataylik. U Shohidlar oilasida ulg‘aygan. Ammo yoshroq bo‘lganida, u Xudo bilan munosabatlari uncha yaqin emasligini his etgan. U shunday dedi: «Oila a’zolarim Yahovaga xizmat qilgani uchungina men ham shunday yo‘l tutayotgandim». Lekin Angelito Xudoning Kalomini o‘qishga, ustida mulohaza yuritishga va ko‘proq ibodat qilishga vaqt ajratishga qaror qildi. Xo‘sh, natijasi qanday bo‘ldi? U: «Qadrli Otam Yahovaga yaqinlashishning yagona yo‘li Uni shaxsan bilib olish ekanini tushundim»,— deb bo‘lishdi. Angelitoning misoli bizni quyidagi savollar ustida mulohaza yuritishga undaydi: «Yahova bilan tanish bo‘lish va Uni bilish o‘rtasida qanday farq bor? Yahovani yaxshi bilish uchun nima qilsak bo‘ladi?»

3. Yahova haqida bilish va Uni yaxshi bilish o‘rtasida qanday farq bor?

3 Agar inson Xudoning ismidan, Uning ba’zi so‘zlari-yu ishlaridan xabardor bo‘lsa, u Xudo haqida biladi, deb aytishimiz mumkin. Ammo Yahovani yaxshi bilish ko‘proq narsani o‘z ichiga oladi. Yahova hamda Uning ajoyib fazilatlari to‘g‘risida bilib olish uchun vaqt ajratishimiz kerak. Shundagina U aytgan gaplarning yoki qilgan ishlarning sababini tushuna olamiz. Bu esa U fikrlarimizni, qarorlarimizni va xatti-harakatlarimizni ma’qullayaptimi yoki yo‘qmi tushunishimizga ko‘maklashadi. Yahova bizdan nimani istayotganini anglagach, shunga muvofiq yo‘l tutishimiz lozim.

4. Muqaddas Kitobdagi misollar ustida mulohaza yuritish bizga qanday yordam beradi?

4 Yahovaga xizmat qilishni istayotganimiz uchun ba’zilar bizni masxaralashi yoki Uning xizmatchilari bilan muloqot qilishni boshlagan paytimizdan ham ko‘proq qarshi chiqishi mumkin. Biroq Yahovaga ishonsak, U bizni aslo tark etmaydi. Qolaversa, butun hayotimiz mobaynida davom etadigan do‘stlikka asos solgan bo‘lamiz. Tangri Yahovani chindan ham yaxshi bilib olishimiz mumkinmi? Bo‘lmasam-chi! Muso va shoh Dovud kabi nomukammal insonlarning misoli buning imkoni borligini isbotlamoqda. Ular nimalar qilgani ustida mulohaza yuritar ekanmiz, quyidagi ikkita savolga javob topamiz: qay yo‘sin ular Yahovani tanib-bilgan? Ulardan qanday saboq olishimiz mumkin?

MUSO «KO‘RINMAS ZOTNI» KO‘RGAN

5. Muso nimani tanladi?

5 Muso Xudoga xizmat qilishni tanladi. U taxminan 40 yoshda bo‘lganida, «fir’avn qizining o‘g‘li deb atalishdan voz kechib», Xudoning xalqi, ya’ni ibroniylar bilan muloqot qilishni tanladi. (Ibron. 11:24) Muso mashhur bo‘lishdan voz kechdi. Misrda qul bo‘lgan ibroniylarning tomonini egallab, Muso o‘zini xavf ostiga qo‘ydi. Vaholanki, u Misrda xudoday bo‘lgan qudratli boshqaruvchi — fir’avnning g‘azabiga uchrashi mumkin edi. Ha, Muso kuchli imonga ega ekanini ko‘rsatdi! U Yahovaga ishongan. Bunday ishonch abadiy munosabatlarning asosidir. (Hik. 3:5)

6. Musodan nimani o‘rganishimiz mumkin?

6 Bundan qanday saboq olishimiz mumkin? Muso kabi barchamiz qaror oldida turamiz: Xudoga xizmat qilishni va Uning xalqi bilan bo‘lishni tanlaymizmi? Xudoga xizmat qilish uchun fidoyilik ko‘rsatishimiz va Uni bilmaydigan odamlarning qarshiliklariga uchrashimiz hech gap emas. Lekin samoviy Otamizga ishonsak, U bizga tayanch bo‘lishiga amin bo‘lishimiz mumkin.

7–8. Muso nima qilishdan to‘xtamagan?

7 Muso Yahovaning fazilatlari hamda Uning irodasi haqida o‘rganishdan to‘xtamagan. Masalan, Yahova Musoga Isroil xalqini Misrdan olib chiqishni buyurganida, u o‘ziga ishonmagan va bu vazifaga mos kelmasligini Unga qayta-qayta aytgan. Yahova Musoga yordam berib, mehr-shafqat ko‘rsatgan. (Chiq. 4:10–16) Bu tufayli Muso fir’avnga dahshatli hukm xabarlarini yetkaza olgan. Yahova qudratidan foydalanib, Isroil xalqini qutqarib qolganini va fir’avn hamda uning qo‘shinini Qizil dengizda yakson qilganini Muso ko‘rgan. (Chiq. 14:26–31; Zab. 136:15)

8 Muso Isroil xalqini Misrdan olib chiqqanidan so‘ng, ular doim nimadandir noligan. Hatto o‘shanda ham, u Yahova qullikdan ozod qilgan xalqi bilan muomala qilganda qanchalar sabrli ekanini kuzatgan. (Zab. 78:40–43) Qolaversa, Muso Yahova juda kamtar ekaniga guvoh bo‘lgan. Boisi, Muso Undan fikrini o‘zgatirishni so‘raganda, U shunday yo‘l tutgan. (Chiq. 32:9–14)

9. Ibroniylarga 11:27 ga ko‘ra, Musoning Yahova bilan munosabatlari qanchalik yaqin bo‘lgan?

9 Qullikdan ozod bo‘lgach, Musoning Yahova bilan munosabatlari shunchalik yaqin bo‘lganki, u samoviy Otasini ko‘rganday bo‘lgan. (Ibroniylarga 11:27 ni o‘qing.) Ularning munosabatlari qanchalar qalin bo‘lganini Muqaddas Kitobdagi quyidagi so‘zlardan ko‘rish mumkin: «Odamlar bir-biri bilan gaplashganday, Yahova ham Muso bilan yuzma-yuz so‘zlashardi». (Chiq. 33:11)

10. Yahovani yaxshi bilib olish uchun nima qilishimiz kerak?

10 Bundan qanday saboq olyapmiz? Yahovani yaxshi bilib olish uchun nafaqat Uning fazilatlari to‘g‘risida o‘rganishimiz, balki irodasini bajarishimiz ham kerak. Bugungi kunda Yahovaning irodasi «har turli odamlar haqiqat to‘g‘risida aniq bilimga ega bo‘lib, najot topishidir». (1 Tim. 2:3, 4) Yahovaning irodasini bajarishning yo‘llaridan biri — U haqida boshqalarga o‘rgatish.

11. Boshqalarga Yahova haqida o‘rgatganimizda, qay yo‘sin Uni yaxshiroq bilib olamiz?

11 Ko‘pincha boshqalarga Yahova haqida o‘rgatib, o‘zimiz ham Uni yaxshiroq bilib olamiz. Masalan, Yahova U bilan do‘stlashishni istagan odamlarni topishimizga yordam berganida, Uning mehr-shafqatini yaqqol ko‘ramiz. (Yuhan. 6:44; Havor. 13:48) Muqaddas Kitobni o‘rgangan kishilar yomon odatlarini qoldirib, yangi o‘zlikni kiya boshlaganida, Xudoning Kalomi kuchli ekaniga guvoh bo‘lamiz. (Kolos. 3:9, 10) Shuningdek, Xudo hududimizdagi odamlar U haqida o‘rganishi va omon qolishi uchun ko‘p imkoniyatlar berganida, U sabrli ekanining dalilini ko‘ramiz. (Rim. 10:13–15)

12. Chiqish 33:13 dan ko‘rganimizday, Muso nima haqida so‘ragan va nega?

12 Muso Yahova bilan munosabatlarini qadrlagan. Hatto Xudoning nomidan qudratli ishlarni bajargandan keyin ham, Muso Yahovadan Uni yaxshiroq tanib-bilishiga ijozat berishini so‘ragan. (Chiqish 33:13 ni o‘qing.) Muso buni so‘raganda 80 yoshdan oshgan edi, ammo sevimli samoviy Otasi to‘g‘risida hali ko‘p narsani bilib olishi mumkinligini tushungan.

13. Xudo bilan do‘stligimizni qadrlayotganimizni ko‘rsatishning yo‘llaridan biri qanday?

13 Bundan qanday saboq olyapmiz? Yahovaga qancha vaqt xizmat qilsak ham, U bilan bo‘lgan munosabatlarimizga oddiy holdek qaramasligimiz kerak. Xudo bilan bo‘lgan munosabatlarimizni qadrlayotganimizni ko‘rsatishning a’lo yo‘llaridan biri ibodatda U bilan gaplashishdir.

14. Xudo haqida ko‘proq bilishda nima uchun ibodat muhim?

14 Mustahkam do‘stlik uchun yaxshi muloqot suv kabi muhimdir. Shu bois, Xudoga tez-tez ibodat qilib U bilan yaqin bo‘ling va ich-ichingizdagi tuyg‘ularni aytishdan qo‘rqmang. (Efes. 6:18) Turkiyada yashaydigan Krista quyidagicha bo‘lishdi: «Har safar Yahovaga ibodat qilib, fikrlarimni bo‘lishganimda va U menga yordam berishini ko‘rganimda, Unga bo‘lgan sevgim hamda ishonchim oshadi. Yahova ibodatlarimga javob berganini ko‘rish Uni ham Ota, ham Do‘st sifatida bilishimga yordamlashdi».

YAHOVANING KO‘NGLIGA YOQADIGAN ODAM

15. Yahova shoh Dovud haqida nima degan?

15 Shoh Dovud Yahovaga bag‘ishlangan xalq ichida tug‘ilgan. Lekin u oilasining diniy odatlariga amal qilishdan ko‘prog‘ini bajargan. Dovud Xudo bilan shaxsiy munosabatlarni rivojlantirgan. Yahova ham uni juda sevgan. Yahovaning O‘zi Dovud haqida: «Men ko‘nglimga yoqadigan odamni, Essay o‘g‘li Dovudni topdim»,— degan. (Havor. 13:22) Qay yo‘sin Dovud Yahova bilan yaqin munosabatlarga ega bo‘lgan?

16. Dovud Yahovaning ijodlarini kuzatib, U haqida nimalarni bilib olgan?

16 Dovud Yahovaning ijodlarini kuzatib, U haqida o‘rgangan. Dovud yosh bo‘lganida, otasining qo‘ylarini boqib, ko‘p vaqtini tabiat qo‘ynida o‘tkazgan. Ehtimol, o‘shanda u Yahovaning ijodlari to‘g‘risida mulohaza yuritishni boshlagandir. Misol uchun, Dovud kechasi osmonni kuzatganda, shunchaki minglab yulduzlarni tomosha qilmagan. U bularning barini yaratgan Shaxsning fazilatlari to‘g‘risida ham mulohaza yuritgan. Bu Dovudni: «Samolar Allohning ulug‘vorligidan xabar beradi, ko‘klar Uning qo‘llari ijodi to‘g‘risida e’lon qiladi»,— deb yozishga undagan. (Zab. 19:1, 2) Dovud odamlar qanday yaratilgani haqida mulohaza yuritganida, Yahovaning ajoyib donoligi Uning ijodlarida qanday aks etganini ko‘rgan. (Zab. 139:14) Dovud Yahovaning ishlarini tushunishga intilar ekan, bu uni kamtarin bo‘lishga undagan. (Zab. 139:6)

17. Yahovaning ijodlari haqida mulohaza yuritsak, nimalarni bilib olamiz?

17 Bundan qanday saboq olyapmiz? Yahovaning ijodlari bilan qiziqing. Yahova ajoyib qilib yaratgan bu go‘zal dunyoda shunchaki yashamang, balki undan zavq oling! Atrofingizdagi ijodlar — o‘simlik, hayvon va odamlar — Yahova haqida nimani o‘rgatishi to‘g‘risida har kuni mulohaza yuriting. Shunda sevuvchi Otangiz haqida har kuni ko‘proq bilib olishingiz mumkin. (Rim. 1:20) Qolaversa, Unga bo‘lgan sevgingiz kundan-kunga kuchayib borayotganini his qilasiz.

18. Zaburning 18-sanosida aytilganiday, Dovud nimani ko‘ra olgan?

18 Dovud Yahova unga yordam berayotganini ko‘ra olgan. Masalan, Dovud otasining qo‘ylarini sher va ayiqdan himoya qilganda, bu yirtqich hayvonlarni yengishga unga Yahova ko‘maklashganini tushungan. Dovud bahaybat jangchi Go‘liyotga qarshi chiqqanida, Yahova uni yo‘naltirayotganini u aniq ko‘rgan. (1 Shoh. 17:37) Bundan tashqari, hasadgo‘y shoh Shouldan qochganida ham, Yahova uning hayotini saqlaganini u tan olgan. (Zab. 18, so‘zboshi) Agar Dovud mag‘rur bo‘lganida, bularning barchasiga o‘zim erishdim, deb o‘ylashi mumkin edi. Lekin u kamtarin bo‘lgan va hayotida Yahovaning qo‘lini ko‘ra olgan. (Zab. 138:6)

19. Dovudning misolidan qanday saboq olishimiz mumkin?

19 Bundan qanday saboq olyapmiz? Yahovadan shunchaki yordam so‘rashdan ko‘proq narsani qilishimiz lozim. Qolaversa, U bizga qachon va qay yo‘sin yordam berayotganini tushunishga harakat qilishimiz zarur. Imkoniyatlarimiz chegaralanganini kamtarlik ila tan olsak, Yahova biz muhtoj bo‘lgan narsani berishini aniq ko‘ra olamiz. Har safar Yahova bizga yordam berganini ko‘rganimizda, U bilan bo‘lgan munosabatlarimiz mustahkamlanadi. Yahovaga ancha yillardan beri xizmat qilib kelayotgan Fijidagi Isaak birodarimiz bu chin ekaniga shaxsan amin bo‘ldi. U quyidagicha dedi: «Hayotimga nazar solib, Muqaddas Kitobni o‘rganishni boshlaganimdan to hozirgacha Yahova menga yordam berib kelganini ko‘raman. Bu tufayli, Yahova men uchun chindan ham mavjud Shaxsga aylandi».

20. Dovudning Yahova bilan bo‘lgan munosabatlaridan qanday saboq olyapmiz?

20 Dovud Yahovaning fazilatlariga taqlid qilgan. Yahova bizni Uning fazilatlariga taqlid qilish qobiliyatlari bilan yaratgan. (Ibt. 1:26) Xudoning fazilatlari to‘g‘risida ko‘proq bilib olganimiz sayin, Unga yaxshiroq taqlid qila olamiz. Dovud samoviy Otasini yaxshi bilgani uchun boshqalar bilan muomala qilganda Unga taqlid qila olgan. Birgina misolga e’tibor qarataylik. Dovud Botsheva bilan zino qilib, uning erini esa o‘ldirganda Yahovaga qarshi gunoh qildi. (2 Shoh. 11:1–4, 15) Lekin Yahova Dovudga rahm qildi, chunki u ham boshqalarga rahm qilgan. Dovud Yahova bilan yaqin munosabatlarga ega bo‘lgani tufayli isroilliklar uni juda yaxshi ko‘rgan va Yahova uni boshqa shohlarga o‘rnak qilib keltirgan. (3 Shoh. 15:11; 4 Shoh. 14:1–3)

21. Efesliklarga 4:24 va 5:1 ga ko‘ra, «Allohga taqlid qilishning» natijasi qanday bo‘ladi?

21 Bundan nimani o‘rganyapmiz? «Allohga taqlid qilishimiz» kerak. Bunday yo‘l tutish, nafaqat bizga foyda keltiradi, balki Xudoni yaxshi bilib olishimizga ham yordamlashadi. Yahovaga taqlid qilsak, Uning bolalari ekanimizni ko‘rsatamiz. (Efesliklarga 4:24; 5:1 ni o‘qing.)

YAHOVANI YAXSHIROQ BILISHGA INTILISH

22–23. Yahova to‘g‘risida bilib olganlarimizni amalda qo‘llasak nima bo‘ladi?

22 Ko‘rib chiqqanimizday, Yahova haqida U yaratgan ijodlar va Kalomi bo‘lmish Muqaddas Kitob orqali bilib olishimiz mumkin. Bu o‘zgacha kitobda Muso va Dovud kabi Xudoning sadoqatli xizmatchilarining ko‘p misollari keltirilgan. Ularga taqlid qilsak bo‘ladi. Yahova Undan kutilgan barcha narsani qildi. Buyog‘i endi bizga bog‘liq. U haqida ko‘proq bilish uchun ko‘z, quloq va qalbimizni Unga ochishimiz kerak.

23 Yahova haqida o‘rganishdan to‘xtamaymiz. (Voiz 3:11) Eng muhimi, U haqida qancha ko‘p bilishimiz emas, balki bilganlarimizni qanday qo‘llashimizdir. Bilib olganlarimizni amalda qo‘llab, sevuvchi Otamizga taqlid qilishga intilsak, U bizga yaqinlashishda davom etadi. (Yoqb. 4:8) Kalomi orqali Xudo bizni shunga ishontiryaptiki, Uni yaxshiroq bilishga intilganlarni U aslo tark etmaydi.

80-QO‘SHIQ «Totib ko‘r, shunda Yahova yaxshi ekanini bilib olasan»

^ 5- x.b. Ko‘plar Xudo mavjud ekaniga ishonadi, lekin U aslida qanday Shaxs ekanini bilmaydi. Yahovani bilish nima degani? U bilan qalin munosabatlarga ega bo‘lishda Muso va shoh Dovuddan qanday saboq olsak bo‘ladi? Ushbu maqolada mazkur savollarga javob topamiz.