Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

6-TADQIQ MAQOLASI

Benuqson bo‘lib qoling!

Benuqson bo‘lib qoling!

Toki hayot ekanman, benuqsonligimdan voz kechmayman! AYUB 27:5

34-QO‘SHIQ Benuqson bo‘lib yuring

BU MAQOLADA *

1. Yahovaning Shohidlari duch kelgan uchta vaziyatda qay yo‘sin sadoqatli bo‘lib qolishgan?

KELING, Yahovaning Shohidlari duch kelgan uchta vaziyatni tasavvur qilaylik. 1) Maktabda o‘qituvchi singlimizga 8-mart bayramida ishtirok etishni aytadi. Singlimiz bu bayram Allohga yoqmasligini biladi. Shu bois, o‘qituvchiga bu bayramda ishtirok etmasligini hurmat ila aytadi. 2) Tortinchoq yosh birodarimiz uyma-uy va’z qiladi. U Yahovaning Shohidlarini masxara qilgan maktabdagi bir bola keyingi uyda yashashini bilib qoladi. Lekin u o‘sha bolaning eshigini taqillatadi. 3) Birodarimiz oilasiga g‘amxo‘rlik qilish uchun ko‘p mehnat qiladi. Bir kuni boshlig‘i undan noqonuniy ishga qo‘l urishni so‘raydi. Garchi ishini yo‘qotishi mumkinligini bilsa-da, u boshlig‘iga rostgo‘y bo‘lishi kerakligini va Xudo xizmatchilaridan qonunga bo‘ysunishni talab qilayotganini tushuntiradi. (Rim. 13:1–4; Ibron. 13:18)

2. Qaysi savollarga diqqat qaratamiz va nima uchun?

2 Bu uchta imondoshimiz qanday fazilatni ko‘rsatdi? Jasorat va rostgo‘ylik kabi bir nechta fazilatni deb aytarsiz. Ammo shuningdek, ular ayniqsa muhim bo‘lgan benuqsonlik fazilatini namoyon etishdi. Har biri Yahovaga sodiq bo‘lib qoldi. Uchalasi ham Yahovaning me’yorlarini buzishni rad etdi. Ular benuqsonlik tufayli to‘g‘ri yo‘l tutdi. Shubhasizki, Yahova ularning har biri bu fazilatni namoyon etganidan faxrlanadi. Samoviy Otamiz biz bilan ham faxrlanishini istaymiz. Shunday ekan, keling, quyidagi uchta savolga diqqat qarataylik: «Benuqsonlik bu nima? Nega benuqson bo‘lishimiz kerak? Ushbu mushkul zamonda benuqson bo‘lib qolish qarorimizni qay yo‘sin kuchaytira olamiz?»

BENUQSONLIK BU NIMA?

3. a) Benuqsonlik bu nima? b) Qaysi misollar benuqsonlik qanday fazilat ekanini tushunishimizga ko‘maklashadi?

3 Xo‘sh, Xudoning xizmatchilari benuqsonlikni qanday qilib namoyon etishyapti? Ular Yahovani chin qalbdan sevishgani uchun doimo Unga yoqadigan ishlar qilishadi. Keling, benuqsonlik haqida Muqaddas Kitobda nima deyilganiga e’tibor qarataylik. Muqaddas Kitobda «benuqsonlik» deb o‘girilgan ibroniycha so‘z kamchiligi yo‘q, nuqsondan xoli yoki to‘la-to‘kis degan ma’noga ega. Misol uchun, isroilliklar Yahovaga atab hayvonlarni qurbonlikka keltirardi va Tavrotga binoan hayvonlar nuqsonsiz * bo‘lishi kerak edi. (Lev. 22:21, 22) Xudoning xalqiga oyog‘i, qulog‘i yoki ko‘zi bo‘lmagan hayvonlarni, jumladan, kasal hayvonlarni qurbonlikka keltirish man etilgan edi. Yahova uchun o‘sha hayvon kamchiliksiz, nuqsondan xoli yoki butun bo‘lishi muhim edi. (Mal. 1:6–9) Bundan Yahova uchun benuqsonlik yoki to‘la-to‘kislik muhim ahamiyatga ega ekanini tushunsak bo‘ladi. Masalan, biron narsani — meva, kitob yoki jihozni — xarid qilayotganda, u butun bo‘lishini, ya’ni meva chirimagan yoki tishlanmagan, kitobning hamma varaqlari yoki jihozning barcha qismlari joyida bo‘lishini istaymiz. U kamchiliksiz, nuqsondan xoli yoki butun bo‘lishini xohlaymiz. Xuddi shunday Yahova ham bizning sevgimiz va sadoqatimiz borasida shularni xohlaydi. Ular kamchiliksiz, nuqsondan xoli yoki butun bo‘lishi lozim.

4. a) Nima uchun nomukammal odam benuqson bo‘la oladi? b) Zabur 103:12–14 ga ko‘ra, Yahova bizdan nimani kutadi?

4 Benuqson bo‘lish uchun mukammal bo‘lishimiz lozim deb o‘ylashimiz kerakmi? Yo‘q, axir biz nomukammal bo‘lib, anchagina xatolarga yo‘l qo‘yamiz-ku. Keling, bunday xulosaga kelmaslik kerakligining ikkita sababini bilib olaylik. Birinchidan, Yahova asosiy e’tiborini xatolarimizga qaratmaydi. Muqaddas Kitobda: «Ey Yah, xatolarimizga diqqat qaratadigan bo‘lsang, kim ham tura olardi, ey Yahova?!» — deb yozilgan. (Zab. 130:3) U nomukammal, gunohkor ekanimizni biladi va bizni chin qalbdan kechiradi. (Zab. 86:5) Ikkinchidan, Yahova imkoniyatlarimiz chegaralanganini biladi va qo‘limizdan kelmaganini bizdan talab qilmaydi. (Zabur 103:12–14 ni o‘qing.) Unday bo‘lsa, Xudoning nazarida kamchiliksiz, nuqsondan xoli yoki butun bo‘lishimiz mumkinmi?

5. Nega Yahovaning xizmatchilari benuqson qolish uchun Uni sevishlari kerak?

5 Yahovaning xizmatchilari benuqsonlikni sevgi tufayli namoyon etishadi. Yahova samoviy Otamiz ekan, Unga bo‘lgan sevgi va sadoqatimiz kamchiliksiz, nuqsondan xoli yoki butun bo‘lishi kerak. Shu yo‘sin, hatto sinovlarga duch kelganimizda ham benuqson bo‘lib qolamiz. (1 Sol. 28:9; Mat. 22:37) Yuqoridagi uchta va’zgo‘yni eslaylik. Nima uchun ular to‘g‘ri yo‘l tutgan? Nahotki, singlimiz maktabda xafa bo‘lib yurishni istasa, yosh birodarimiz eshik oldida uyalib qolishni xohlasa yoki oila boshi bo‘lgan birodarimiz ishini yo‘qotishni istasa? Albatta, yo‘q. Zero, ular samoviy Otasi Yahovaning adolatli me’yorlarini bilishadi va butun diqqatini Uni mamnun qilishga qaratishadi. Ular Xudoni sevgani uchun qaror chiqarishdan avval doim U haqida o‘ylashadi. Shunday qilib, benuqson ekanini isbotlashadi.

NEGA BENUQSON BO‘LISHIMIZ KERAK?

6. a) Nima sababli benuqson bo‘lishingiz kerak? b) Qanday qilib ilk juftlik benuqsonlikni saqlay olmadi?

6 Nima sababli har birimiz benuqson bo‘lishimiz lozim? Shayton Yahovaga qarshi chiqib, sizning niyatingizni shubha ostiga qo‘ygani uchun benuqson bo‘lishingiz darkor. Adan bog‘ida isyonkor bu farishta Shayton yoki «Dushmanga» aylangan. U Yahovani yomon, xudbin va aldoqchi Hukmdor deb, Uning obro‘siga putur yetkazgan. Ming afsuski, Odamato bilan Momohavo unga qo‘shilib, Yahovaga qarshi chiqishdi. (Ibt. 3:1–6) Adan bog‘ida ular Yahovaga nisbatan sevgisini mustahkamlash uchun son-sanoqsiz imkoniyatlarga ega edi. Biroq Shayton isyon ko‘targanda ularning sevgisi nuqsondan xoli, kamchiliksiz va butun emas edi. Yana bir savolga javob topish kerak: birorta inson Xudovand Yahovani sevgani uchun Unga sodiq bo‘lib qoladimi? Boshqacha qilib aytganda, insonlar benuqson bo‘lib qola oladimi? Aynan shu savol Ayubning zamonida ko‘tarilgan edi.

7. Ayub 1:8–11 dan bilib olganimizday, Yahova Ayubning benuqsonligi haqida qanday fikrda edi? Shayton-chi?

7 Ayub Isroil xalqi Misrda qul bo‘lgan davrda yashagan. U o‘zgacha tarzda benuqsonlikni namoyon etgan. Ayub ham nomukammal edi va xatolarga yo‘l qo‘ygan. Lekin u benuqson bo‘lgani uchun, Yahova uni yaxshi ko‘rgan. Ehtimol, o‘sha paytga kelib Shayton insonlarning benuqsonligini shubha ostiga qo‘yib bo‘lgandir. Shuning uchun, Yahova Shaytonga Ayub payg‘ambarga e’tibor qaratishni aytadi. Ayubning tutgan yo‘li orqali Shayton yolg‘onchi ekani oshkor bo‘lgan. Yahova Shaytonga uning benuqsonligini sinashga yo‘l qo‘ygan. Yahova do‘sti Ayubga ishongan. Shu bois, U Shayton uni sinashiga ijozat bergan. (Ayub 1:8–11 ni o‘qing.)

8. Shayton qanday qilib Ayubga hujum qilgan?

8 Shayton zo‘ravon va qotil. U Ayubning bor narsasiga hujum qilib, mol-mulkidan mahrum qildi, qullarini o‘ldirdi va obro‘siga putur yetkazdi. U Ayubning oilasini ham tinch qo‘ymay, o‘nta farzandini nobud qildi. So‘ng esa uning o‘ziga ham hamla qilib, jiddiy kasallikka yo‘liqtirdi: boshdan-oyoq og‘riqli yaralarga mubtalo qildi. Xotini esa qayg‘u-alam dastidan nima deyayotganini tushunmay, Ayubni taslim bo‘lishga va Xudoni la’natlab, o‘lib ketishga chorlagan. Ayubning o‘zini oladigan bo‘lsak, u o‘ziga o‘lim tilagan, ammo benuqsonlikdan qaytmagan. Keyin Shayton zarba berishning umuman boshqacha usulini qo‘llagan. U Ayubning uchta do‘stidan foydalangan. To‘g‘ri, ular uni yo‘qlab kelishgan, biroq tasalli berishning o‘rniga, shafqatsizlarcha unga aql o‘rgatib, tanqid qilishgan. Ular Ayubning muammolarida Xudo aybdor ekanini va uning benuqsonligi Uni umuman qiziqtirmasligini aytishgan. Ular Ayub yomon inson bo‘lgani uchun bu barcha ko‘rgiliklar boshiga tushgan deb xitob qilishgan. (Ayub 1:13–22; 2:7–11; 15:4, 5; 22:3–6; 25:4–6)

9. Ayub mushkul ahvolda bo‘lganiga qaramay, qanday yo‘l tutgan?

9 Qiziq, Ayub bu qiyinchiliklarga nisbatan qanday munosabat bildirdi? U nomukammal bo‘lgan. Soxta yupatuvchilariga tanbeh berib, keyinchalik og‘zidan ahmoqona so‘zlar chiqqanini ta’kidlagan. U Xudodan ko‘ra o‘zini haq deb bilgan edi. (Ayub 6:3; 13:4, 5; 32:2; 34:5) Biroq hatto shu qadar mushkul ahvolda ham Ayub Tangri Yahovadan yuz o‘girmagan edi. U soxta do‘stlari aytgan bo‘htonlarga ishonmay: «Sizlarni odil deb tan olishni aqlimga sig‘dira olmayman! Toki hayot ekanman, benuqsonligimdan voz kechmayman!» — deb aytgandi. (Ayub 27:5) Bu so‘zlar muhim ahamiyatga ega. Ha, Ayub taslim bo‘lmadi. Biz ham shunday qilishimiz mumkin.

10. Shayton Ayub borasida ko‘targan masalaga sizning qanday daxlingiz bor?

10 Shayton har birimizning niyatimizni shubha ostiga qo‘yadi. Qiziq, buning sizga qanday daxli bor? Aslida, u siz ham Tangri Yahovani chin dildan sevmasligingizni, o‘zingizni himoya qilaman deb Unga xizmat qilishni to‘xtatishingizni va benuqsonlikni saqlay olmasligingizni aytgan. (Ayub 2:4, 5; Vah. 12:10) Xo‘sh, buni bilgach, o‘zingizni qanday his etyapsiz? Bu sizga qattiq botyaptimi? Lekin bir o‘ylab ko‘ring: Yahova sizga ajoyib imkoniyatni taqdim etib, sizga ishonyapti. U Shayton benuqsonligingizni sinashiga yo‘l qo‘ymoqda. Yahova benuqson bo‘lib qolishingizga amin va Shayton yolg‘onchi ekanini isbotlashingizga ko‘maklashadi. Ha, Yahova sizga bunda yordam berishini va’da qilmoqda. (Ibron. 13:6) Sarvari Olamning bizga ishonishi ulkan sharaf! Nima uchun benuqsonlik shu qadar muhim ekanini tushunyapsizmi? Bu tufayli Shaytonning bo‘htonlarini rad etib, Otamizning ismini oqlashimiz va Uning hukmdorligini qo‘llab-quvvatlashimiz mumkin. Qanday qilib benuqson bo‘lib qola olamiz?

QAY YO‘SIN HOZIRDAN BENUQSON BO‘LIB QOLA OLAMIZ?

11. Ayubdan qanday o‘rnak olishimiz mumkin?

11 Shayton ushbu «oxirzamonda» hujumlarini ko‘paytirdi. (2 Tim. 3:1) Bu mushkul davrda benuqson bo‘lib qolish uchun qanday choralar ko‘rsak bo‘ladi? Bu borada ham Ayubdan o‘rnak olishimiz mumkin. U qiyinchiliklarga duch kelishidan ancha yil oldin ko‘p marotaba benuqson bo‘lib qolgan. Benuqsonlikni saqlash qarorimiz qat’iy bo‘lishi uchun qaysi uchta sohada Ayubdan saboq olishimiz mumkinligiga diqqat qarataylik.

Qay yo‘sin benuqson bo‘lib qolish qaroringizni kuchaytira olasiz? (12-xatboshiga qarang.) *

12. a) Ayub 26:7, 8, 14 ga ko‘ra, qanday qilib Ayub Yahovaga nisbatan ehtirom hissini hamda hurmatini oshirgan? b) Qay yo‘sin qalbimizni Allohga nisbatan ehtirom hissiga to‘ldira olamiz?

12 Ayub ehtirom hissini rivojlantirish orqali Yahovaga bo‘lgan sevgisini kuchaytirgan. Ayub Yahovaning ajoyib ijodlarini kuzatish uchun vaqt ajratgan. (Ayub 26:7, 8, 14 ni o‘qing.) U yer, osmon, bulutlar va momaqaldiroq haqida fikr yuritganda lol qolib, Yahovaning ijodlari to‘g‘risida hali ko‘p narsani bilmasligini anglagan. U Yahovaning fikrlarini ham qadrlagan. Xudoning so‘zlari haqida «aytganlarini xazinaday qo‘riqlayman» degan. (Ayub 23:12) Ayub Yahovaga nisbatan ehtirom hissiga ega bo‘lib, Uni chuqur hurmat qilgan. U Otasini yaxshi ko‘rib, Uni mamnun qilishni istagan. Natijada esa, benuqson bo‘lib qolish qarori yanada qat’iy bo‘lgan. Biz ham Ayub singari yo‘l tutishimiz lozim. Hozirda Xudoning ijodlari haqida Ayubning davridagi odamlarga qaraganda ko‘proq bilimlarga egamiz. Yahova qanday Shaxs ekanini bilishimizga ko‘maklashadigan to‘liq Muqaddas Kitobimiz bor. Bilib olayotganlarimizning barchasi qalbimizni ehtirom hissiga to‘ldirishga qo‘l keladi. Yahovaga nisbatan ehtirom hissi va hurmatimiz Unga bo‘lgan sevgini, itoatkorlikni va benuqson bo‘lib qolish istagimizni kuchaytirishga undaydi. (Ayub 28:28)

Pornografiyani rad etish benuqson bo‘lib qolish qarorimiz qat’iy bo‘ladi (13-xatboshiga qarang.) *

13–14. a) Ayub 31:1 da keltirilganiday, qanday qilib Ayub itoatkor ekanini isbotlagan? b) Biz Ayubning o‘rnagiga qay yo‘sin ergasha olamiz?

13 Ayub barcha sohada itoatli bo‘lgani tufayli benuqsonlikni saqlay olgan. U benuqson bo‘lib qolish uchun itoatli bo‘lish kerakligini bilgan. Darhaqiqat, har gal itoatkorlik ila harakat qilganimiz tufayli benuqsonlikni saqlash qarorimiz kuchayadi. Ayub Allohga har kuni itoatli bo‘lish uchun jon kuydirgan. Masalan, ayollarga nisbatan qilgan munosabatida u ehtiyotkor edi. (Ayub 31:1 ni o‘qing.) U uylangan kishi sifatida xotinidan tashqari har qanday ayolga nisbatan ishqiy tuyg‘ularni rivojlantirish nomunosib ekanini bilgan. Bugungi kunda dunyo jinsiy axloqsizlikka qo‘l urish vasvasalariga to‘lib-toshgan. Ayub singari biz ham turmush o‘rtog‘imiz bo‘lmagan har qanday kishiga noo‘rin e’tibor qaratishni istamaymiz. Shuningdek, har turli behayo suratlar yoki pornografiyadan qochamiz. (Mat. 5:28) Har kuni bu sohada o‘zimizni tuta bilsak, benuqsonlikni saqlash qarorimiz kuchayadi.

Moddiy narsalarga muvozanatli nuqtai nazarga ega bo‘lish qarorimiz qat’iy bo‘ladi (14-xatboshiga qarang.) *

14 Ayub moddiy narsalarga bo‘lgan nuqtai nazarida ham Yahovaga itoatkor edi. U agar mol-mulkiga ishonsa, jiddiy gunohga qo‘l urib, jazolanishi mumkinligini tushungan. (Ayub 31:24, 25, 28) Biz ham molparast bo‘lib ketgan dunyoda yashayapmiz. Muqaddas Kitobda aytilganiday, pul va mol-mulk masalasida muvozanatli nuqtai nazarni rivojlantirsak, benuqsonlikni saqlash qarorimiz kuchayadi. (Hik. 30:8, 9; Mat. 6:19–21)

Umidimizni tirik saqlash orqali benuqson bo‘lib qolish qarorimiz qat’iy bo‘ladi (15-xatboshiga qarang.) *

15. a) Yana nima tufayli Ayub benuqson bo‘lib qolgan? b) Nima uchun Yahova taqdim etayotgan umidni yodimizda tutishimiz lozim?

15 Ayub Alloh uni mukofotlashiga umid qilgani tufayli benuqsonlikni saqlay olgan. Ayub, Xudo uning benuqsonligiga befarq emasligiga amin edi. (Ayub 31:6) Qiyinchiliklariga qaramay, u Yahova oxir-oqibat unga mukofot ato etishiga ishongan. Bu aminlik benuqsonlikni saqlashiga ko‘maklashgani aniq. Yahova Ayubning benuqsonligini ko‘rib xursand bo‘lgan va u nomukammal odam bo‘lsa-da mo‘l-ko‘l barakalar yog‘dirgan. (Ayub 42:12–17; Yoqb. 5:11) Kelajakda esa Ayub bundan ham ko‘proq barakalarga ega bo‘ladi. Siz ham benuqsonlikni saqlayotganingiz uchun Yahova sizga barakalar yog‘dirishiga umid qilyapsizmi? Tangrimiz o‘zgarmaydi! (Mal. 3:6) Agar Xudo benuqsonligimizni qadrlayotganini yodimizda tutsak, abadiy hayotga bo‘lgan umid qalbimizda yonib turadi. (1 Salon. 5:8, 9)

16. Nima qilishga qarorimiz qat’iy bo‘lishi kerak?

16 Iloyim, benuqsonlikni saqlash qaroringiz qat’iy bo‘lsin! Gohida benuqsonlik yo‘lida o‘zingizni yolg‘iz his qilishingiz mumkin, lekin yolg‘iz emassiz. Siz butun dunyo bo‘ylab benuqsonlikni saqlayotgan millionlab sadoqatli xizmatchilar orasida bo‘lasiz. Qolaversa, o‘tmishda hatto o‘lim bilan yuzma-yuz kelib benuqsonlikni saqlagan imonli erkagu ayollar qatoriga qo‘shilasiz. (Ibron. 11:36–38; 12:1) Qadrdonlar, keling: «Benuqsonligimdan voz kechmayman!» — deb aytgan Ayub kabi benuqson bo‘lib qolaylik! Benuqsonligimiz Yahovani abadulabad sharaflasin!

124-QO‘SHIQ Vafodormiz

^ 5- x.b. Benuqsonlik bu nima? Nega Yahova xizmatchilarining bu fazilatini qadrlaydi? Nima uchun har birimiz benuqson bo‘lib qolishimiz muhim? Ushbu maqolada bu savollarning javoblarini Muqaddas Kitob asosida ko‘rib chiqamiz. Qolaversa, har kuni bu fazilatni namoyon etish qarorimizni qay yo‘sin kuchaytirishimiz mumkinligini ham bilib olamiz. Bunday yo‘l tutish qut-barakalarga eltadi.

^ 3- x.b. Hayvonlar borasida «nuqsonsiz» deb tarjima qilingan ibroniycha so‘z insonlarga nisbatan qo‘llanilgan «benuqson» so‘zi bilan bog‘liq.

^ 50- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Ayub yosh ota sifatida Yahovaning ajoyib ijodlari haqida bolalariga ta’lim beryapti.

^ 52- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Birodarimiz pornografiya tomosha qilayotgan hamkasblariga qo‘shilmayapti.

^ 54- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Birodarimiz unga keraksiz bo‘lgan va xarid qilishga qurbi yetmaydigan qimmat va katta televizorni sotib olish taklifini rad etyapti.

^ 56- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Birodarimiz jannatda yashash umidi haqida ibodat ila mulohaza yurityapti.