Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

8-TADQIQ MAQOLASI

Nega minnatdorchilik namoyon etish kerak?

Nega minnatdorchilik namoyon etish kerak?

Minnatdor ekaningizni ko‘rsatinglar. KOLOS. 3:15

46-QO‘SHIQ Yo Yah, rahmat Senga

BU MAQOLADA *

1. Iso sog‘aytirgan samariyalik kishi minnatdor ekanini qanday namoyon etdi?

O‘NTA kishi og‘ir ahvolda edi. Ular moxov kasalligiga chalingan bo‘lib, kelajakdan umidi yo‘q edi. Ammo bir kuni ular uzoqdan Isoni, Ulug‘ Ustozni, ko‘rib qolishdi. Bu o‘nta kishi Iso turli kasalliklarni davolagani haqida eshitgan va u ularni ham sog‘aytira olishiga amin edi. Shu bois, ular: «Ey Ustozimiz Iso, bizga rahm-shafqat qiling!» — deb baqirishdi. Bu o‘n kishi butunlayin sog‘ayib ketdi. Shubhasizki, ularning o‘ntasi ham Isoning qilgan yaxshiligidan minnatdor edi. Lekin ulardan biri shunchaki minnatdorchilik hissini tuyishdan ko‘proq narsani qildi: u minnatdorchiligini * izhor etdi. Sog‘ayib ketgan o‘sha samariyalik kishi «Allohni sharaflashni» juda istadi. (Luqo 17:12–19)

2–3. a) Nega minnatdorchilik bildirishni unutishimiz mumkin? b) Ushbu maqolada nimani ko‘rib chiqamiz?

2 Samariyalik kishi singari, biz ham qilgan yaxshiligi uchun odamlardan minnatdor ekanimizni ko‘rsatishni xohlaymiz. Lekin gohida minnatdor ekanimizni so‘zda yo amalda ko‘rsatishni unutamiz.

3 Mazkur maqolada, nega ishlarimiz va so‘zlarimiz bilan minnatdorchilik bildirish muhim ekaniga diqqat qaratamiz. Muqaddas Kitobda keltirilgan ijobiy va salbiy misollarni ko‘rib chiqamiz. So‘ng minnatdor ekanimizni qay yo‘sin amalda ko‘rsatishimiz mumkinligini bilib olamiz.

NEGA MINNATDORCHILIK BILDIRISH KERAK?

4–5. Nima uchun minnatdorchilik bildirishimiz kerak?

4 Minnatdorchilik namoyon etishda Yahova bizga o‘rnak ko‘rsatmoqda. Masalan, Yahova minnatdor ekanini namoyon etishining yo‘llaridan biri, Unga ma’qul bo‘lgan xizmatchilarini mukofotlashidir. (2 Shoh. 22:21; Zab. 13:6; Mat. 10:40, 41) Muqaddas Yozuvlarda «sevikli bolalar singari Allohga taqlid qilinglar» degan chorlov bor. (Efes. 5:1) Demak, minnatdorchilik namoyon etishimiz kerakligining asosiy sababi Yahovaga taqlid qilishni istaganimizdadir.

5 Minnatdor ekanimizni ko‘rsatish kerakligining yana bir sababi borasida o‘ylab ko‘ring. Minnatdorchilikni mazali taomga o‘xshatsa bo‘ladi; uni boshqalar bilan bo‘lishganingiz sayin quvonch keltiradi. Bizga minnatdorchilik bildirishganda sevinamiz. Minnatdorchiligimizni izhor etsak, boshqalarni xursand qilamiz. Shunda, bizga yordamlashishga harakat qilgan yoki biz muhtoj bo‘lgan narsani bergan inson urinishlari zoe ketmaganini tushunadi. Buning natijasida, o‘sha inson bilan bo‘lgan do‘stlik rishtalarimiz mustahkamlanadi.

6. Minnatdorchilik so‘zlari va oltin olmalar o‘rtasida qanday o‘xshashlik bor?

6 Minnatdor ekanimizni ko‘rsatish muhim. Muqaddas Kitobda: «O‘z vaqtida aytilgan so‘z, kumush patnisdagi oltin olmalar kabidir»,— degan so‘zlarni o‘qiymiz. (Hik. 25:11) Tasavvur qiling, oltindan yasalgan olmalar kumush patnisda tursa, qanchalar chiroyli! Shuningdek, ular juda qimmatbahodir! Sizga shunday sovg‘a berishsa, o‘zingizni qanday his etasiz? Siz aytgan minnatdorchilik so‘zlari ham shunday qimmatbaho bo‘lishi mumkin. Quyidagi fikr borasida bir o‘ylab ko‘ring: oltindan yasalgan olmalar uzoq vaqt saqlanib turadi. Shunga o‘xshab, minnatdorchilik bildirganingizda inson uni butun hayoti davomida eslashi va qadrlashi mumkin.

ULAR MINNATDORCHILIK BILDIRISHDI

7. Zabur 27:4 da o‘qiganimizday, Dovud va Osifning avlodlari minnatdor ekanini qanday ko‘rsatgan?

7 Qadimda Xudoning ko‘pgina xizmatchilari minnatdor ekanini ko‘rsatishgan. Ulardan biri Dovud edi. (Zabur 27:4 ni o‘qing.) U pok topinishni juda qadrlagan va minnatdorligini amalda izhor etgan. Masalan, u ma’badning qurilishiga kerak bo‘ladigan xomashyoni tayyorlagan. Bundan tashqari, Osifning avlodlari sanolar yoki madh etuvchi qo‘shiqlar yozib, minnatdor ekanini ko‘rsatishgan. Bir sanoda ular Xudoga shukronalar aytib, Uning «mo‘jizalaridan» zavq olishini e’lon etishgan. (Zab. 75:1) Shunisi aniqki, Dovud va Osifning avlodlari Yahovaning barakalari uchun juda minnatdor ekanini ko‘rsatishni istagan. Ushbu sano bastakorlariga qay yo‘sin taqlid qila olasiz?

Pavlusning Rimliklarga yo‘llagan maktubidan minnatdorchilik borasida nimalarni bilib olyapmiz? (8–9- xatboshilariga qarang.) *

8–9. Havoriy Pavlus birodar-u opa-singillarini qadrlashini qay yo‘sin ko‘rsatgan va qanday xulosaga kelishimiz mumkin?

8 Havoriy Pavlus birodar-u opa-singillarini qadrlagan va buni ular haqida qanday fikrlar aytgani bilan ko‘rsatgan. U ibodatlarida ular uchun Xudoga rahmat aytgan. Qolaversa, maktub yozayotganda ham ularni qadrlashini ko‘rsatgan. Rimliklarga 16-bobining birinchi 15 ta oyatida Pavlus 27 ta imondoshini ismi bo‘yicha aytib o‘tgan. Pavlus u uchun «o‘zlarini xavf ostiga qo‘ygan» Priska va Akilani alohida tilga olgan va ko‘plarga, xususan, Pavlusning o‘ziga «homiylik qilgan» Fiva haqida yozgan. U suyukli, mehnatkash imondoshlarini maqtagan. (Rim. 16:1–15)

9 Pavlus birodar-u opa-singillari nomukammal ekanini bilgan, lekin Rimliklarga yo‘llagan maktubining yakunida ularning yaxshi taraflariga e’tibor qaratgan. Pavlusning maktubi jamoatda baland ovozda o‘qib berilganda, o‘sha birodar-u opa-singillar o‘zlarini qanday his etganini bir faraz qiling! Bu tufayli ularning Pavlus bilan bo‘lgan do‘stlik rishtalari yanada mustahkam bo‘lgan degan xulosaga kelsak bo‘ladi. Jamoat a’zolaringizga so‘zlari-yu ishlari uchun doim minnatdorchilik bildirasizmi?

10. Iso izdoshlariga minnatdorchilik bildirganidan nimani o‘rgansak bo‘ladi?

10 Iso Kichik Osiyodagi muayyan jamoatlarga xabarlar aytganida, qilgan ishlari uchun ulardan minnatdor ekanini ko‘rsatgan. Misol uchun, u Tiatiradagi jamoatga xabar aytganida, uni quyidagi so‘zlar bilan boshlagan: «Men ishlaringni, sevgingni, imoningni, xizmatingni, sabr-bardoshingni hamda oxirgi ishlaring avvalgidan ham ko‘proq ekanini bilaman». (Vah. 2:19) Iso shunchaki ularning ko‘p ishlarini sanab o‘tmagan, balki ularni yaxshi ishlar qilishga undagan fazilatlari uchun maqtagan. Tiatiradagi ba’zilarga maslahat berish kerak bo‘lsa ham, Iso xabarini daldali so‘zlar bilan boshlagan va xuddi shunday tugatgan. (Vah. 2:25–28) Barcha jamoatlarning boshi sifatida Iso qanday hokimiyatga ega ekani borasida o‘ylab ko‘ring. Iso biz u uchun qilayotgan ishlardan minnatdor ekanini aytishga majbur emas. Shunday bo‘lsa-da, u minnatdorchilik bildiradi. Bu oqsoqollar uchun naqadar ajoyib o‘rnak!

ULAR MINNATDORCHILIK BILDIRISHMADI

11. Ibroniylarga 12:16 ga ko‘ra, muqaddas narsalarga nisbatan Esov qanday munosabatda bo‘lgan?

11 Afsuski, Muqaddas Kitobda keltirilgan ba’zi kishilar minnatdor ekanini ko‘rsatmagan. Masalan, Esovni Yahovani sevgan ota-ona tarbiya qilgan bo‘lsa-da, u muqaddas narsalarni qadrlamagan. (Ibroniylarga 12:16 ni o‘qing.) U noshukur bo‘lgani qanday namoyon bo‘ldi? Esov atigi bir kosa yasmiqli ovqatga to‘ng‘ichlik huquqini ukasi Yoqubga o‘ylamasdan sotib yuborgan. (Ibt. 25:30–34) Vaqt o‘tib, u chiqargan qaroridan afsuslangan. Lekin u o‘zida bor narsalarni qadrlamagan va shu bois baraka sifatida to‘ng‘ichlik huquqini olmaganida, shikoyat qilishga haqqi yo‘q edi.

12–13. Isoril xalqi noshukur ekanini qanday ko‘rsatdi va natijasi nima bo‘ldi?

12 Isroil xalqida minnatdor bo‘lish uchun ko‘pgina sabablar bor edi. Yahova Misrga O‘nta jazoni yuborgach, ular qullikdan ozod etilgan edi. Qizil dengizda Xudo ularni Misr qo‘shinining qo‘lidan qutqarib qolgan edi. O‘shanda Isroil xalqi minnatdorchilik hissiga to‘lib, Yahovaga g‘alaba qo‘shig‘ini kuylagandi. Xo‘sh, ular minnatdor bo‘lib qolishdimi?

13 Isroil xalqi boshqa qiyinchiliklarga duch kelganda, Yahovaning ular uchun qilgan hamma yaxshi ishlarini tezda unutdi. Ular minnatdorchilik namoyon etishmadi. (Zab. 106:7) Qanday qilib? «Isroil o‘g‘illarining butun jamoasi Muso bilan Horundan noliy boshladi», aslida esa, ular Yahovadan noliyotgan edi. (Chiq. 16:2, 8) Yahova xalqi noshukurlik qilganidan xafa bo‘lgan. Keyinchalik U Yoshua va Xolibdan tashqari, Isroil o‘g‘illarining barcha avlodi sahroda yo‘q bo‘lib ketishini aytadi. (Sah. 14:22–24; 26:65) Keling, salbiy o‘rnak va ijobiy o‘rnak qoldirgan kishilardan nimani o‘rganishimiz mumkinligini ko‘rib chiqamiz.

MINNATDOR EKANINGIZNI KO‘RSATING

14–15. a) Qay yo‘sin turmush o‘rtoqlar o‘zaro minnatdor ekanini ko‘rsata oladi? b) Qanday qilib ota-ona farzandiga minnatdorchilik namoyon etishni o‘rgata oladi?

14 Oilada. Oilaning har bir a’zosi minnatdorchilik bildirsa, butun oilaga foydasi tegadi. Turmush o‘rtoqlar o‘zaro qancha ko‘p minnatdorchilik bildirsa, shuncha yaqinroq bo‘ladi. Hatto bir-birini kechirish osonroq kechadi. Xotinini qadrlaydigan er nafaqat uning yaxshi so‘zlari-yu ishlarini payqaydi, balki «uni maqtaydi». (Hik. 31:10, 28) Dono ayol esa turmush o‘rtog‘idan aynan nima uchun minnatdor ekanini aytadi.

15 Ota-onalar, farzandlaringizga minnatdorchilik namoyon etishni qay yo‘sin o‘rgatishingiz mumkin? Unutmangki, ular sizning so‘zlaringiz-u ishlaringizga taqlid qiladi. Shu bois, bolangiz siz uchun biron nima qilsa, unga rahmat aytib o‘rnak ko‘rsating. Shuningdek, boshqalar u uchun qandaydir ish qilsa, ularga minnatdorchilik ko‘rsatish kerakligini o‘rgating. Farzandlaringizga minnatdorchilik chin qalbdan chiqishini va ularning so‘zlari ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini tushunishga yordam bering. Masalan, Kleri ismli yosh ayol quyidagicha bo‘lishdi: «Onam 32 yoshida uchta bola bilan to‘satdan yolg‘iz qolgan. O‘zim ham shu yoshga yetganimda, onamga qanchalik qiyin bo‘lgani haqida o‘yladim. Shunda onamga qo‘ng‘iroq qilib, biz uchta farzandini katta qilish uchun qurbon qilgan barchasidan juda ham minnatdor ekanimni aytdim. Yaqinda onam so‘zlarim qalbidan o‘rin olganini, ular ustida tez-tez fikr yuritishini va o‘sha so‘zlar unga doim quvonch baxsh etishini aytdi».

Farzandlaringizga minnatdor bo‘lishni o‘rgating (15-xatboshiga qarang.) *

16. Minnatdorchilik bildirish boshqalarga dalda berishi borasida misol keltiring.

16 Jamoatda. Birodar-u opa-singillarga minnatdorchilik bildirganimizda, ularga dalda beramiz. Masalan, yoshi 28 da bo‘lgan Jorj ismli oqsoqol og‘ir kasal bo‘lib qoldi. U bir oy davomida yig‘ilishlarga bora olmadi. Jamoat uchrashuvlariga qatnay boshlaganida ham, dasturda vazifa bilan qatnasha olmasdi. Jorj shunday dedi: «Imkoniyatlarim chegaralangani va jamoatdagi vazifalarni bajara olmaganim uchun o‘zimni keraksizday his etardim. Ammo bir safar yig‘ilishdan keyin bitta birodar menga: “Oilamga ko‘rsatgan o‘rnagingiz uchun sizga rahmat aytmoqchi edim. Oxirgi bir necha yil davomida nutqlaringiz bizga qanchalik yordam berganini tasavvur qila olmaysiz. Ular tufayli ma’nan o‘sdik”,— deb aytdi. Bu menga qattiq ta’sir qildi va yig‘lab yubordim. U aynan men muhtoj bo‘lgan so‘zlarni aytdi».

17. Kolosaliklarga 3:15 da eslatilganiday, saxiyligi uchun Yahovaga qay yo‘sin minnatdorchilik bildira olamiz?

17 Saxiy Allohimizga. Yahova bizga mo‘l-ko‘l ma’naviy ozuqa taqdim etmoqda. Masalan, yig‘ilishlarda, jurnallardan va veb-saytimizdan foydali yo‘l-yo‘riqlar olamiz. Biron nutqni tinglaganingizda, maqolani o‘qiganingizda yoki Internet-televideniye dasturini tomosha qilganingizda: «Bu aynan menga kerak bo‘lgan narsa»,— deb aytganmisiz? Yahovadan minnatdor ekanimizni qanday ko‘rsata olamiz? (Kolosaliklarga 3:15 ni o‘qing.) Buni amalga oshirishning yo‘llaridan biri — Xudoga hadyalari uchun ibodatlarda doim rahmat aytish. (Yoqb. 1:17)

Yig‘ilish zalini tozalashda qatnashish minnatdorchilik bildirishning ajoyib imkoniyati (18-xatboshiga qarang.)

18. Yig‘ilish zalini qadrlashimizni qanday ko‘rsatishimiz mumkin?

18 Topinish joylarimizni ozoda va saranjon saqlab ham Yahovadan minnatdor ekanimizni ko‘rsata olamiz. Yig‘ilish zalini tozalashda va ta’mirlashda muntazam qatnashamiz. Audio va video apparaturasi uchun mas’ul birodarlar ulardan ehtiyotkorlik ila foydalanadi. Yig‘ilish zaliga o‘rinli tarzda g‘amxo‘rlik qilsak, u ko‘proq xizmat qiladi va katta ta’mir ishlari ham kamayadi. Bu tufayli esa, dunyo bo‘ylab yangi zallarni qurish va ta’mirlash uchun ko‘proq mablag‘ bo‘ladi.

19. Tuman noziri va uning xotini bilan bo‘lgan voqeadan qanday saboq oldingiz?

19 Biz uchun ko‘p mehnat qilayotganlarga. Minnatdorchilik bildirganimizda, inson so‘zlarimiz tufayli qiyinchiliklariga nisbatan nuqtai nazarini o‘zgartirishi mumkin. Misol tariqasida, tuman noziri va uning xotini bilan bo‘lgan voqeani olaylik. Qishda kun bo‘yi xizmat qilgach, ular uyga holdan toyib keladi. Havo shunchalik sovuq bo‘lganidan opamiz paltosida uxlaydi. Ertalab u turmush o‘rtog‘iga bu xizmat turida boshqa ishtirok eta olmasligini aytadi. O‘sha kuni ertalab bir oz vaqt o‘tib, filialdan opamizga yo‘llangan maktub keladi. Xatda opamizni xizmati va sabr-bardoshi uchun iliq maqtashgan edi. Shuningdek, u yerda har hafta bir joydan boshqa joyga ko‘chish qanchalik qiyin ekanini tushunishlari aytilgan edi. Turmush o‘rtog‘i shunday deb bo‘lishdi: «Maqtov so‘zlari tufayli rafiqam shunchalik xursand bo‘lganki, bu xizmat turini qoldirish to‘g‘risida boshqa hech qachon gapirmagan. Aslida, men bir necha marotaba tuman nozirlik xizmatini qoldirish haqida o‘ylaganimda, u meni bunday qilmaslikka undagan». Bu juftlik tuman nozirlik xizmatida deyarli 40 yil ishtirok etdi.

20. Doim nima qilishga harakat qilishimiz kerak va nega?

20 Doim minnatdor ekanimizni so‘zlarimiz-u ishlarimiz bilan ko‘rsatishga intilaylik. Ushbu noshukur dunyoda muammolari-yu hayot tashvishlari bilan kurashayotgan kishi uchun chin qalbdan aytgan so‘zlarimiz va qilgan harakatlarimiz ayni muddao bo‘lishi hech gap emas. Qolaversa, minnatdorchilik bildirganda, abadiy davom etadigan do‘stlik rishtalarini bog‘laymiz. Eng asosiysi, saxiy va minnatdor Otamiz Yahovaga taqlid qilgan bo‘lamiz.

20-QO‘SHIQ Aziz O‘g‘ling berding

^ 5- x.b. Yahova, Iso va samariyalik moxov kishidan minnatdorchilik namoyon etish borasida nimani o‘rgansak bo‘ladi? Ushbu maqolada Yahovaning va boshqalarning misollari yoritiladi. Minnatdorchilik bildirish nega muhim ekani va buni qay yo‘sin amalda ko‘rsatish mumkinligi to‘g‘risida bilib olamiz.

^ 1- x.b. IBORA MA’NOSI. Biron kimdan minnatdor bo‘lish o‘sha kishining yoki u qilgan ishning qadriga yetishni anglatadi. Bu chin qalbdan rahmat aytishga undaydi.

^ 55- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Pavlusning maktubini Rimdagi jamoatda o‘qishyapti; Akila, Priskilla, Fiva va boshqalar o‘z ismlarini eshitib, xursand bo‘lmoqda.

^ 57- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Ona qiziga yoshi ulug‘ opamizning yaxshi o‘rnagi uchun minnatdorchilik bildirishga o‘rgatyapti.