Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

7-TADQIQ MAQOLASI

O‘zingizni past tutib Yahovani mamnun eting

O‘zingizni past tutib Yahovani mamnun eting

Yahovani izlang, ey, yer yuzida yashovchi kamtar kishilar... kamtarlik payida bo‘ling. ZAF. 2:3, izoh

80-QO‘SHIQ «Totib ko‘r, shunda Yahova yaxshi ekanini bilib olasan»

BU MAQOLADA *

1–2. a) Muso haqida nima deyilgan va u qanday ishlar bajargan? b) O‘zimizni past tutish uchun qanday asosli sababimiz bor?

MUQADDAS KITOBDA Muso haqida «yer yuzidagi barcha odamlar ichida eng kamtar [o‘zini past tutadigan] inson» deb aytilgan. (Sah. 12:3, izoh) Xo‘sh, bu Muso zaif, beqaror va qo‘rqoq bo‘lganini anglatadimi? Ba’zilar o‘zini past tutadigan odamlar haqida shunday o‘ylashi mumkin. Lekin bu fikr haqiqatdan yiroqdir. Muso Xudoning kuchli, qat’iy va jasoratli xizmatchisi edi. Yahovaning yordami bilan u Misrning qudratli boshqaruvchisiga qarshi chiqqan, ehtimol, 3 000 000 kishini sahroda olib yurgan va Isroil xalqiga dushmanlarini yengishda yordam bergan.

2 Musonikiga o‘xshash qiyinchiliklarga duch kelmaymiz, lekin har kuni odamlar bilan munosabat qilganda yoki turli vaziyatlarda o‘zimizni past olish qiyin bo‘lishi mumkin. Ammo bu fazilatni rivojlantirish uchun asosli sababimiz bor. Yahovaning va’dasiga ko‘ra, «kamtar kishilar yer yuziga egalik qiladi». (Zab. 37:11) O‘zingizni past olib yuradigan inson deb hisoblaysizmi? Boshqalar sizni o‘zini past tutadigan kishi sifatida biladimi? Bu muhim savollarga javob topishdan avval o‘zini past tutish nimani anglatishini tushunishimiz kerak.

O‘ZINI PAST TUTISH NIMA DEGANI?

3–4. a) O‘zini past tutishni nimaga o‘xshatsa bo‘ladi? b) O‘zimizni past olib yurishni istasak, qaysi to‘rtta fazilatni rivojlantirishimiz kerak va nega?

3 O‘zini past tutish * chiroyli bir rasmga o‘xshaydi. Qanaqasiga deysizmi? Rassom bir nechta bo‘yoqdan foydalanib surat solgani singari, biz ham o‘zimizni past tutish uchun bir nechta fazilatni namoyon etishimiz lozim. Ular orasida eng asosiylari kamtarlik, itoatkorlik, xushmuomalalik va jasorat. Yahovani mamnun etish uchun nega bu fazilatlarni rivojlantirishimiz zarur?

4 Faqatgina kamtar kishilar Xudoning irodasiga bo‘ysuna oladi. Uning irodasi muloyim bo‘lishimizni o‘z ichiga oladi. (Mat. 5:5; Galat. 5:23) Allohning irodasini bajarganimizda Shaytonning g‘azabi qaynaydi. Garchi kamtarin va muloyim bo‘lsak-da, Shayton dunyosidagi ko‘plar bizdan nafratlanadi. (Yuhan. 15:18, 19) Buning natijasida, Shaytonga qarshi turish uchun jasoratli bo‘lishimiz zarur.

5–6. a) Nega Shayton o‘zini past tutadigan kishilardan nafratlanadi? b) Qaysi savollarga javob topamiz?

5 O‘zini past tutadigan kishining aksi — mag‘rur, g‘azabini tiya olmaydigan va Yahovaga itoat qilmaydigan shaxs. Bu Shaytonni juda yaxshi tasvirlayapti. U o‘zini past olib yuradigan kishilardan nafratlanishi shubhasizdir. Bunday insonlar Shayton qanchalik yovuz shaxs ekanini ochib berishadi. Bundan tashqari, ular Shayton yolg‘onchi ekanini isbotlashadi. Nega deganda, Shayton nima desa yoki qilsa ham, o‘zini past tutadigan kishilarni Yahovaga xizmat qilishdan to‘xtatolmaydi! (Ayub 2:3–5)

6 Qachon o‘zimizni past olish qiyin bo‘lishi mumkin? Nima uchun bu fazilatni rivojlantirishdan to‘xtamasligimiz kerak? Bu savollarga javob topish uchun Muso, Bobilda asirlikda bo‘lgan uchta ibroniy yigit va Isoning misoliga diqqat qaratamiz.

QACHON O‘ZIMIZNI PAST OLISH QIYIN BO‘LADI?

7–8. Musoni hurmat qilishmaganda, u qanday munosabat bildirdi?

7 Muayyan hokimiyatga ega bo‘lganda. Qandaydir hokimiyatga ega bo‘lganda o‘zini past tutish qiyin kechishi mumkin. Ayniqsa, mas’uliyati kamroq bo‘lgan kishi uni hurmat qilmasa yoki chiqargan qarorlarini hukm qilsa, bu oson bo‘lmaydi. Siz ham bunga duch kelganmisiz? Oila a’zoingiz shunday yo‘l tutgan bo‘lsa-chi? Qanday munosabat bildirardingiz? Muso bunday vaziyatda o‘zini qanday tutgani haqida bir o‘ylab ko‘ring.

8 Yahova Musoni Isroil xalqi ustidan yo‘lboshchi etib tayinladi va ular uchun qonunlarni yozish sharafini berdi. Yahova Musoni qo‘llab-quvvatlayotgani shubhasiz edi. Biroq shunda ham, Musoning tug‘ishgan opasi Maryam va akasi Horun unga qarshi gapirib, tanlagan xotini uchun uni hukm qilishadi. Musoning o‘rnida boshqa kishi bo‘lganida, ehtimol, g‘azabga berilishi va qasos olishi mumkin edi. Lekin Muso bunday yo‘l tutmadi va darrov xafa bo‘lmadi. U hatto Yahovaga yolvorib, Maryamga shifo berishini so‘radi. (Sah. 12:1–13) U nega bunday munosabat ko‘rsatdi?

Muso Yahovaga yolvorib Maryamga shifo berishini so‘ragan

(8-xatboshiga qarang.)

9–10. a) Yahova Musoga nimani tushunishiga yordam berdi? b) Oila boshi va oqsoqollar Musodan qanday o‘rnak olishi mumkin?

9 Muso Yahova uni tarbiyalashiga yo‘l qo‘ydi. Deyarli 40 yil ilgari, Muso Misrda shoh oilasining a’zosi bo‘lganida o‘zini past olib yurmas edi. Aksincha, uning g‘azabi tez bo‘lgan va adolatsizlarcha hukm qilayotgan bir kishini o‘ldirib qo‘ydi. Muso Yahova uning harakatlaridan rozi bo‘ladi, deb o‘yladi. Yahova 40 yil mobaynida Musoga yordam berib, u Isroil xalqini olib chiqish uchun jasoratdan ko‘ra ko‘proq narsaga ega bo‘lishi kerakligini o‘rgatdi; u o‘zini past tutishi zarur edi. Qolaversa, Muso o‘zini past olib yurish uchun kamtar, itoatkor va muloyim bo‘lishi kerak edi. U bularni yaxshi uqib oldi hamda ajoyib yo‘lboshchiga aylandi. (Chiq. 2:11, 12; Havor. 7:21–30, 36)

10 Bugungi kunda oila boshi va oqsoqollar Musoga taqlid qilishlari lozim. Sizga hurmat ko‘rsatishmasa, tezda xafa bo‘lmang. Kamtarlik ila xatolaringizni tan oling. (Voiz 7:9, 20) Muammolarni hal qilishda itoatkorlik ila Yahovaning yo‘l-yo‘rig‘iga amal qiling. Shuningdek, doim muloyim bo‘ling. (Hik. 15:1) Bunday yo‘l tutgan oila boshi va mas’uliyatli birodarlar Yahovani mamnun qiladi, tinchlik bo‘lishiga hissa qo‘shadi va o‘zini past tutishda o‘rnak ko‘rsatadi.

11–13. Uchta ibroniy yigit bizga qanday o‘rnak qoldirdi?

11 Quvg‘unlarga duch kelganda. Tarix davomida bu dunyodagi hukmdorlar Yahovaning xalqini quvg‘un qilgan. Ular bizni turli «jinoyatlarda» ayblashi mumkin, lekin ta’qib qilishayotganining asosiy sababi biz «odamlarga emas, Sarvari Olamga bo‘ysunganimizdadir». (Havor. 5:29) Ustimizdan kulishlari, qamoqqa olishlari yoki hatto do‘pposlashlari mumkin. Ammo Yahovaning yordami bilan ularga qarshi zarba qaytarmaymiz, aksincha, tinchlikni saqlaymiz.

12 Asirlikda bo‘lgan uchta yigit — Xanoniyo, Mishail va Ozariyo biz uchun qanday o‘rnak qoldirganiga e’tibor beraylik *. Bobil shohi ularga katta oltin haykalga sajda qilishni buyurdi. Ular shohga bu haykalga sajda qilmasliklarini muloyimlik ila tushuntirdi. Shoh ularni yonib turgan pechga tashlashini aytib, tahdid qilsa ham, bu uchta yigit Xudoga itoatkor bo‘lib qoldi. Yahova shu zahoti ularni qutqarishga qaror qildi, ammo ular Xudo bunday yo‘l tutadi deb o‘ylashmagan. Aksincha, ular Yahova yo‘l qo‘ygan barcha narsani qabul qilishga tayyor edi. (Don. 3:1, 8–28) Bu uchta yigit o‘zini past tutish chinakam jasoratni namoyon etish ekanini isbotladi. Darhaqiqat, na shoh, na tahdid va na jazo Yahovaga «mutlaq sadoqatni» saqlash qarorimizdan qaytara olmaydi. (Chiq. 20:4, 5)

13 Yahovaga bo‘lgan sadoqatimiz sinalganda, qay yo‘sin bu uchta yigitga taqlid qila olamiz? Biz kamtar bo‘lib, Yahova bizga g‘amxo‘rlik qilishiga ishonishimiz kerak. (Zab. 118:6, 7) Bizni yomon ishlar qilishda ayblayotganlarga muloyimlik va xushmuomalalik ila javob beramiz. (1 Butr. 3:15) Shuningdek, Yahova bilan do‘stligimizga zarar yetkazadigan har narsadan voz kechamiz.

Bizga qarshi chiqishganda, hurmat ila gapiramiz (13-xatboshiga qarang.)

14–15. a) Tarang vaziyatda bo‘lganimizda nima yuz berishi mumkin? b) Ishayo 53:7, 10 ga binoan, tarang vaziyatda ham o‘zini past tutishda nega Iso eng a’lo o‘rnak deb ayta olamiz?

14 Tarang vaziyatlarga duch kelganda. Barchamiz turli sabablar tufayli stress his etamiz. Masalan, maktabda test topshirishdan yoki ishda muayyan vazifani bajarishdan avval stressga tushishimiz mumkin. Yoki tibbiy muolaja olishimiz kerakligi to‘g‘risida o‘ylab stress ostida bo‘lishimiz turgan gap. Tarang vaziyatda bo‘lganimizda, o‘zimizni past olish oson emas. Odatda biz uchun muammo bo‘lmagan vaziyatlar ham achchig‘imizni chiqara boshlashi mumkin. So‘zlarimiz qattiq botadigan bo‘lib, ohangimiz o‘zgarishi ehtimoldan yiroq emas. Tarang vaziyatga tushganingizda, Isoning misolini eslang.

15 Yerdagi hayotining oxirgi oylarida Iso kuchli stress his qilgan. U qattiq azob chekishi va qatl etilishi kerakligini bilardi. (Yuhan. 3:14, 15; Galat. 3:13) O‘limidan bir necha oy oldin Iso qattiq azob chekishini aytgan. (Luqo 12:50) Shuningdek, o‘limidan bir necha kun oldin Iso: «Yuragim siqilyapti»,— degan. Iso ibodatda Xudoga qalbida borini to‘kib solganidan u kamtar va itoatkor bo‘lganini ko‘ryapmiz. U: «Otajon, meni shu fursatdan qutqar. Lekin men aynan shu fursat uchun kelganman. Ota, ismingni ulug‘la»,— deb ibodat qilgan. (Yuhan. 12:27, 28) O‘sha vaqt kelganida, Iso o‘zini jasorat ila Xudoning dushmanlari qo‘liga topshirdi. Ular uni juda og‘riqli va tahqirli tarzda qatl etishdi. Stress va azoblarga qaramay, Iso o‘zini past olib Xudoning irodasini bajardi. Aminlik bilan shuni aytishimiz mumkinki, tarang vaziyatda ham o‘zini past tutishda Iso eng a’lo o‘rnakdir! (Ishayo 53:7, 10 ni o‘qing.)

O‘zini past tutishda Iso eng a’lo o‘rnakdir (16–17- xatboshilariga qarang.) *

16–17. a) Qay yo‘sin Isoning o‘zini past tutish fazilati sinalgan? b) Qanday qilib Isoga taqlid qila olamiz?

16 Yerdagi hayotining oxirgi kechasida Isoning yaqin do‘stlari qilgan ishlari tufayli unga o‘zini past tutish oson bo‘lmagandir. O‘sha kuni Iso qanday stressni his etganini bir tasavvur qiling. U o‘limigacha sodiq qoladimi? Milliardlab odamlarning hayoti Iso o‘zini qanday tutishiga bog‘liq edi. (Rim. 5:18, 19) Eng muhimi esa, uning tutgan yo‘li Otasining obro‘siga ham ta’sir qilardi. (Ayub 2:4) Iso yaqin do‘stlari, ya’ni havoriylari bilan so‘nggi bor ovqatlanganda, ular «oralarida kim buyuk deb hisoblanishi kerakligi to‘g‘risida» «qattiq bahs-munozara» ko‘tarishdi. Bu masala bo‘yicha u ularga bir necha marotaba nasihat bergandi va hatto o‘sha kecha sal oldin ularning oyoqlarini yuvib o‘rnak qoldirgandi. Shunisi e’tiborga loyiqki, Isoning achchig‘i chiqmagan. Aksincha, u muloyimlik ila javob qaytargan. Ular qanday nuqtai nazarda bo‘lishi kerakligi borasida Iso yana bir bor mehribonlik va shu bilan birga qat’iylik ila tushuntirdi. Keyin Iso do‘stlari uni sadoqat bilan qo‘llab-quvvatlayotgani uchun maqtadi. (Luqo 22:24–28; Yuhan. 13:1–5, 12–15)

17 Xuddi shunday vaziyatda bo‘lganingizda, qanday yo‘l tutardingiz? Isoga taqlid qilishimiz va tarang vaziyatda ham muloyim qolishimiz mumkin. Yahovaning «bir-biringizga chidamli bo‘linglar» degan amriga tayyorlik ila bo‘ysunaylik. (Kolos. 3:13) Barchamiz boshqalarning achchig‘ini keltiradigan so‘zlarni aytishimiz yoki biron nima qilishimiz mumkinligini yodda tutsak, mazkur amrga bo‘ysuna olamiz. (Hik. 12:18; Yoqb. 3:2, 5) Boshqalarning yaxshi taraflarini ko‘rishga harakat qiling. (Efes. 4:29)

NEGA O‘ZIMIZNI PAST OLIB YURISHDA TO‘XTAMASLIGIMIZ KERAK?

18. Qay yo‘sin Yahova o‘zini past tutganlarga to‘g‘ri qaror chiqarishga yordam beradi, ammo ular nima qilishi kerak?

18 Yaxshiroq qarorlar chiqara olamiz. Murakkab qaror oldida turganimizda, o‘zimizni past tutsakkina, Yahova to‘g‘ri qarorga kelishimizga yordam beradi. U «kamtarlarning o‘tinchini» eshitishni va’da qilyapti. (Zab. 10:17) Qolaversa, U eshitishdan ko‘proq narsani qiladi. Muqaddas Kitobda quyidagi va’da yozilgan: «U kamtar kishini to‘g‘rilikka boshlaydi, kamtarlarni O‘z yo‘llariga o‘rgatadi». (Zab. 25:9) Yahova Muqaddas Kitob hamda «ishonchli va aqlli xizmatkor» taqdim etayotgan adabiyotlar-u * dasturlar orqali yo‘l-yo‘riq beradi. (Mat. 24:45–47) Yordamga muhtoj ekanimizni kamtarinlik ila tan olishimiz, Yahova taqdim etayotgan ma’lumotni tadqiq qilishimiz va bilib olganlarimizni amalda qo‘llashimiz darkor.

19–21. Kadeshda Muso qanday xatoga yo‘l qo‘ydi va bundan qanday saboq olyapmiz?

19 Xatolar qilishdan qochamiz. Muso bilan bo‘lgan voqeani eslaylik. Bir necha o‘n yillar davomida u o‘zini past tutib Yahovani mamnun qilgan. Sahrodagi 40 yillik og‘ir safar o‘z nihoyasiga yetib qolay deganda, Muso o‘zini past tuta olmadi. Misrda uning hayotini opasi Maryam saqlab qolganga o‘xshaydi va endi u hayotdan ko‘z yumib, Kadeshda dafn qilingan edi. Buning ustiga, Isroil xalqi ularga yaxshi g‘amxo‘rlik qilinmayotganidan nolidi. Bu safar ular suv yo‘qligidan «Muso bilan janjallashdi». Tangri Yahova bir qancha mo‘jiza ko‘rsatganiga va Muso uzoq yillar davomida ularga beg‘arazlik ila yo‘lboshchilik qilganiga qaramay, xalq noliy boshladi. Ustiga-ustak, ular nafaqat suv yo‘qligidan ming‘irladi, balki chanqab ketishganida Musoni aybdor qilishdi. (Sah. 20:1–5, 9–11)

20 Muso g‘azab o‘tida muloyimligini yo‘qotdi. Yahova buyurganiday, imon bilan qoyaga gapirishning o‘rniga, Musoning xalqqa g‘azabi qaynab, sharafni ham o‘ziga oldi. So‘ng u qoyaga ikki marta urdi va undan suv oqib chiqdi. Mag‘rurlik va g‘azab dastidan Muso katta xatoga yo‘l qo‘ydi. (Zab. 106:32, 33) Muso o‘zini past tutish fazilatini namoyon etmagani tufayli va’da qilingan yurtga kira olmadi. (Sah. 20: 12)

21 Ushbu voqeadan qimmatli saboq olyapmiz. Birinchidan, o‘zimizni past olib yurish fazilati ustida tinmay ishlashimiz kerak. Agar bir oz vaqtga e’tiborsizlik qilsak, mag‘rurlikka berilishimiz va ahmoqlik ila gapirishimiz yoki yo‘l tutishimiz mumkin. Ikkinchidan, tarang vaziyatlar dastidan zaiflashib qolishimiz hech gap emas. Shunday ekan, bosimga duch kelganda ham, o‘zimizni past tutish uchun jon kuydirishimiz zarur.

22–23. a) Nega doim o‘zimizni past tutishimiz kerak? b) Zafaniyo 2:3 dagi so‘zlar nimani anglatadi?

22 O‘zimizni past tutsak, himoya ostida bo‘lamiz. Tez orada Yahova yovuzlarni yer yuzidan yo‘q qiladi va o‘zini past tutadigan kishilargina tirik qoladi. O‘shanda yerda chinakam tinchlik bo‘ladi. (Zab. 37:10, 11) Siz ham o‘zini past olib yuradigan insonlar orasida bo‘lasizmi? Yahovaning Zafaniyo payg‘ambar orqali aytgan iliq taklifini qabul qilsangiz, ular orasida bo‘lishingiz mumkin. (Zafaniyo 2:3 ni o‘qing.)

23 Qiziq, nega Zafaniyo 2:3 da «balki shunda... panoh toparsiz» deb aytilgan? Bu ibora Yahova Uni mamnun qilishni istaganlarni va Uni sevadigan kishilarni himoyalay olmasligini anglatmaydi. Aksincha, bu himoya ostida bo‘lishni istasak, bizdan ham muayyan harakatlar kutilishini anglatadi. Hozirdanoq o‘zimizni past olib Yahovani mamnun qilishga jon kuydirsak, Uning «g‘azab kunida» omon qolish va abadiy yashash imkoniga ega bo‘lamiz.

120-QO‘SHIQ Isoning muloyimligiga taqlid qiling

^ 5- x.b. Hech kim kamtar yoki o‘zini past tutish fazilati bilan tug‘ilmaydi. Bu fazilatlarni rivojlantirishimiz kerak. Tinchliksevar odamlar bilan munosabat qilganda, o‘zimizni past tutish oson bo‘lishi mumkin, ammo mag‘rur kishilarga duch kelganda bu fazilatni namoyon etish qiyin kechar. Mazkur maqolada ushbu ajoyib fazilatni rivojlantirayotganda duch kelish mumkin bo‘lgan qiyinchiliklarni qay yo‘sin yengish mumkinligini bilib olamiz

^ 3- x.b. IBORA MA’NOSI. O‘zini past tutish. Bunday inson boshqalar bilan munosabat qilganda mehribon, ig‘voli vaziyatlarga duch kelganda ham xushmuomala bo‘lib qoladi. Kamtarinlik. Kamtar kishilar mag‘rurlik va takabburlikdan holi; ular boshqalarni o‘zlaridan ustun qo‘yadi. Yahova haqida gap ketganda, kamtarinlikni namoyon etish U O‘zidan past bo‘lganlarga sevgi va rahm-shafqat ila munosabat qilishini bildiradi.

^ 12- x.b. Bobilliklar bu uchta ibroniy yigitga Shadrax, Meshax va Abednaxu degan ismlar berishgan. (Don. 1:7)

^ 18- x.b. Masalan, «Qo‘riqchi minorasi»ning 2011-yil 15-aprel sonida keltirilgan «Xudoni sharaflaydigan qarorlar qabul qiling» nomli maqolaga qarang

^ 60- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Shogirdlari oralarida kim buyukligi borasida bahslashganda, Iso muloyimlik va xotirjamlik ila nasihat beryapti.