Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

30-TADQIQ MAQOLASI

O‘zini dinsiz hisoblaydigan insonlarning qalbini zabt etish

O‘zini dinsiz hisoblaydigan insonlarning qalbini zabt etish

Hech bo‘lmasa ayrimlarni qutqarib qolay deb, har turli insonlar uchun hamma narsa bo‘ldim. 1 KOR. 9:22

82-QO‘SHIQ Nuringiz porlab tursin

BU MAQOLADA *

1. So‘nggi o‘n yillar davomida qanday o‘zgarishlar yuz berdi?

MINGLAB yillar davomida dunyo bo‘ylab aksariyat odamlar qaysidir dinga e’tiqod qilgan. Ammo so‘nggi o‘n yillar davomida keskin o‘zgarishlar yuz berdi. Borgan sari ko‘p odamlar o‘zini dinsiz hisoblaydigan bo‘lib qolyapti. Darhaqiqat, ba’zi mamlakatlarda aholining aksariyat qismi o‘zini hech qaysi dinga mansub deb hisoblamaydi *. (Mat. 24:12)

2. Nima sababli ko‘plar o‘zini dinsiz hisoblaydigan bo‘lib qolishi mumkin?

2 Nima sababdan o‘zini dinsiz hisoblaydigan odamlar * soni oshib bormoqda? Ba’zilar aysh-ishrat yoki tashvishlar dastidan bunday xulosaga keladi. (Luqo 8:14) Ayrimlar ateist, ya’ni Xudo mavjud ekaniga ishonmaydigan bo‘lib qoladi. Yana kimlardir esa, Xudo borligiga ishonadi-yu, ammo din ilm-fan va mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi deb, uni eskilik sarqiti sifatida ko‘radi. Ular do‘stlari, ustozlari yoki ommaviy axborot vositalari orqali hayot evolyusiya yordamida vujudga kelgani to‘g‘risida eshitar, biroq Xudoga ishonish uchun mantiqiy asoslarni tinglashdan bosh tortadi. Ba’zilar pul va mansabni yaxshi ko‘radigan din rahbarlari tufayli dindan nafratlanadi. Ayrim hududlarda esa, hukumat diniy faoliyatni cheklab qo‘ygan.

3. Ushbu maqolaning maqsadi qanday?

3 Iso «barcha xalqlardan shogird tayyorlashimizni» kutadi. (Mat. 28:19) Xo‘sh, o‘zini dinsiz hisoblaydigan odamlarga qanday qilib Xudoni sevishni o‘rganishga va Masihning shogirdi bo‘lishga yordam bera olamiz? Shuni tushunishimiz kerakki, inson xushxabarga qanday munosabat ko‘rsatishi qanday hududda ulg‘ayganiga bog‘liq. Masalan, yevropalik va osiyolik kishi turlicha munosabat bildirishi mumkin. Nima uchun? Boisi Yevropada ko‘plar Muqaddas Kitob borasida qandaydir tasavvurga ega va barcha narsani Xudo yaratgan degan fikr ularga tanishdir. Ammo Osiyoda aksariyat odamlar Muqaddas Kitob to‘g‘risida uncha bilmaydi yoki umuman bilmaydi va ba’zi mamlakatlarida ko‘plar hatto Yaratuvchi borligiga ishonmasligi mumkin. Ushbu maqolaning maqsadi insonning kelib chiqishi qanday bo‘lmasin, xizmatda uchratgan barcha insonlarning qalbini zabt etishga ko‘maklashishdir.

IJOBIY NUQTAI NAZARNI RIVOJLANTIRING

4. Nima uchun ijobiy nuqtai nazarni saqlay olamiz?

4 Ijobiy bo‘ling. Har yili, o‘zini dinsiz hisoblagan insonlar Yahovaning Shohidi bo‘lmoqda. Ularning ko‘pi yuqori axloqiy me’yorlarga amal qilgan va dindagi ikkiyuzlamachilikdan nafratlangan. Boshqalar esa, axloqiy me’yorlarga amal qilmagan va ko‘plar yomon odatlaridan voz kechishi kerak bo‘lgan. Shunga aminmizki, Yahovaning yordami bilan «mangu hayotga eltuvchi haqiqatni qabul qilishga moyil bo‘lgan» insonlarni topa olamiz. (Havor. 13:48; 1 Tim. 2:3, 4)

Muqaddas Kitobdan shubhalanadigan insonlarga va’z qilganingizda moslashuvchan bo‘ling (5–6-xatboshilariga qarang.) *

5. Nima tufayli odamlar xushxabarga ijobiy munosabat bildirishi mumkin?

5 Mehribon va xushmuomala bo‘ling. Ko‘pincha odamlar biz nima aytganimiz uchun emas, balki uni qay tarzda yetkazganimiz uchun bizni tinglaydi. Mehribon va xushmuomala bo‘lib ularga samimiy qiziqish ko‘rsatsak, buni qadrlashadi. Ularni nuqtai nazarimizni tinglashga majburlamaymiz. Aksincha, ularning din borasidagi fikrini tushunishga harakat qilamiz. Masalan, ba’zilar notanish inson bilan din to‘g‘risida gaplashishni yoqtirmas. Boshqalar esa, kishidan Xudo to‘g‘risida nima o‘ylashini so‘rash noto‘g‘ri deb hisoblaydi. Ayrimlar boshqalar ularni Muqaddas Kitobni, ayniqsa, Yahovaning Shohidlari bilan o‘qiyotganini ko‘rib qolishlaridan uyaladi. Nima bo‘lgan taqdirda ham, ularning tuyg‘ularini tushunishga intilamiz. (2 Tim. 2:24, izoh)

6. Qay yo‘sin havoriy Pavlus moslashuvchan ekanini ko‘rsatdi va unga qanday taqlid qila olamiz?

6 «Muqaddas Kitob», «yaratilish», «Xudo» yoki «din» kabi so‘zlarni qo‘llaganimiz insonga yoqmasa qanday yo‘l tutsak bo‘ladi? Havoriy Pavlusga taqlid qilib, ular bilan suhbatlashish uslubini o‘zgartirishimiz kerak. Pavlus yahudiylarga gapirganda Muqaddas Yozuvlar asosida muzokara qilgan. Lekin Areopagdagi yunon faylasuflariga gapirganda, u Muqaddas Kitobga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishora qilmagan. (Havor. 17:2, 3, 22–31) Pavlusning misoliga qanday taqlid qila olamiz? Bordi-yu, Muqaddas Kitobni qabul qilmaydigan insonni uchratsangiz, u bilan muzokara qilganda, ehtimol, Kalomga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishora qilmaslik yaxshiroq bo‘lar. Agar kishi uni siz bilan Muqaddas Kitobni o‘qiyotganini ko‘rib qolishlaridan qo‘rqsa, oyatlarni e’tibor jalb qilmasdan, masalan, elektron qurilmangiz yordamida ko‘rsatishingiz mumkin.

7. Korinfliklarga birinchi maktub 9:20–23 da aytilganidek, Pavlusga taqlid qilish uchun nima qilishimiz kerak?

7 Tushunuvchan bo‘ling va tinglang. Xizmatda uchratgan odamlarimizning fikrlash tarziga qanday omillar ta’sir qilganini tushunishga harakat qiling. (Hik. 20:5) Keling, yana Pavlusning misoliga qaytaylik. U yahudiylar orasida ulg‘aygan edi. Shunisi aniqki, Yahova hamda Muqaddas Yozuvlar to‘g‘risida ozgina bilgan yoki umuman bilmagan o‘zga xalq vakillariga va’z qilish uchun Pavlus moslashuvchan bo‘lgan. Hududimizdagi odamlarga hamdard bo‘lish va ularni yaxshiroq tushunish uchun izlanish olib borishimiz yoki jamoatimizdagi tajribali va’zgo‘y bilan maslahatlashib ko‘rishimiz mumkin. (1 Korinfliklarga 9:20–23 ni o‘qing.)

8. Muqaddas Kitob asosida suhbat boshlashning yo‘llaridan biri qanday?

8 Maqsadimiz «munosib bo‘lganlarni» topishdir. (Mat. 10:11) Samarali bo‘lish uchun insonlarni fikrlarini aytishga chorlashimiz va ularni diqqat bilan tinglashimiz kerak. Misol uchun, Angliyadagi birodarimiz oilaviy baxt, farzand tarbiyasi yoki nohaqliklarda sabrli bo‘lish kabi mavzular borasida odamlarning fikrini so‘raydi. Ularni tinglagach, birodarimiz: «Deyarli 2 000 yil avval yozilgan kitobdagi maslahat borasida nima deb o‘ylaysiz?» — deb so‘raydi. So‘ng «Muqaddas Kitob» so‘zini ishlatmay, telefonidan tanlab qo‘ygan oyatni ko‘rsatadi.

ODAMLARNING QALBINI ZABT ETING

9. Odatda Xudo to‘g‘risida suhbatlashishni yoqtirmagan insonlarga qanday yordam bera olamiz?

9 Xudo to‘g‘risida suhbatlashishni yoqtirmagan insonlar bilan ularga yaqin mavzular asosida suhbat qurib, qalbini zabt etishimiz mumkin. Misol tariqasida olsak, ko‘plar tabiatdan hayratlanadi. Shu bois, quyidagicha savol bersak bo‘ladi: «Ehtimol, olimlar ko‘pgina kashfiyotlarni tabiatda mavjud bo‘lgan narsalardan nusxa olib yaratganini bilarsiz. Masalan, mikrofon ixtirochilari quloqlarni, kamera ixtirochilari esa, ko‘zlarni o‘rganadi. Tabiat haqida o‘ylaganingizda xayolingizga nima keladi? Nima deb o‘ylaysiz, buning ortida kim turibdi? Qudratli kuch, inson yoki boshqa narsami?» Kishini diqqat bilan tinglagach, shunday deyishimiz mumkin: «Injenerlar quloq va ko‘zlar qanday tuzilganini o‘rgansa, aslida ular kimdan ta’lim olgan bo‘ladi? Qadimda yashagan bir yozuvchining gaplari meni qiziqtirib qo‘ydi: “Quloqni yaratgan eshitmaydimi? Ko‘zga shakl bergan ko‘rmaydimi? [...] Axir U xalqlarga ta’lim beradigan Xudo-ku!” Ba’zi olimlar xuddi shunday xulosaga kelgan». (Zab. 94:9, 10) Keyin esa, jw.org® saytidan «O‘smirlar» sarlavhasi ostidagi «Tengdoshlaringizning fikri — Xudoga ishonish» nomli videoni ko‘rsatishimiz mumkin. (ADABIYOTLAR > VIDEOLAR sarlavhasi ostiga qarang.) Yoki ularga «Hayot yaratilganmi?» (rus) yo «Hayotning kelib chiqishi. Javob talab qilayotgan beshta savol» (rus) nomli risolalardan birini qoldirishimiz mumkin.

10. Xudo to‘g‘risida gaplashishni xush ko‘rmagan kishilar bilan qay yo‘sin suhbat boshlay olamiz?

10 Aksariyat odamlar kelajak yaxshiroq bo‘lishini intiqib kutmoqda. Lekin ko‘plar yer yo‘q bo‘lib ketishidan yoki yashashga yaramaydigan bo‘lib qolishidan qo‘rqadi. Norvegiyadagi bir tuman nozirining aytishicha, Xudo haqida gaplashishni xush ko‘rmagan ko‘plar, dunyodagi ahvol to‘g‘risida gaplashishga qarshi emas. Odamlar bilan salomlashgach, birodarimiz shunday deydi: «Yaxshiroq kelajak borasidagi umid haqida qanday fikrdasiz? Ajoyib umidga ega bo‘lishimiz nimaga bog‘liq? Siyosatchilarga, olimlarga yoki boshqasigami?» Kishini diqqat ila tinglagach, u ajoyib kelajak borasida biron oyatni o‘qib beradi yoki og‘zaki aytadi. Ba’zilar yer abadiy turishi va yaxshi odamlar mangu yashashi to‘g‘risidagi Muqaddas Kitobda yozilgan va’dani o‘qib, qiziqish bildiradi. (Zab. 37:29; Voiz 1:4)

11. Nima uchun suhbat boshlashda turli usullardan foydalanishimiz kerak va Rimliklarga 1:14–16 ga ko‘ra, Pavlusga qay yo‘sin taqlid qila olamiz?

11 Xizmatda uchragan insonlar bilan suhbat boshlash uchun turli usullardan foydalansak, yaxshi bo‘lardi. Nega? Chunki har bir inson o‘zgachadir. Kimgadir qiziq bo‘lgan narsa, boshqasiga qiziqarsiz bo‘lishi mumkin. Ayrimlar Xudo va Muqaddas Kitob haqida gaplashishga qarshi emas, lekin ba’zilar avval boshqa mavzular ustida suhbat qurishni ma’qul ko‘radi. Nima bo‘lganda ham, har turli insonlarga gapirish imkonini qo‘ldan boy bermaylik. (Rimliklarga 1:14–16 ni o‘qing.) Albatta, shuni unutmaylikki, to‘g‘ri yo‘l tutishni yaxshi ko‘radigan insonlarning qalbidagi haqiqat urug‘ini Yahova o‘stiradi. (1 Kor. 3:6, 7)

OSIYOLIKLAR BILAN HAQIQATNI BO‘LISHISH

Ko‘pgina vazgo‘ylar Muqaddas Kitob haqida ozgina yoki umuman bilmagan hududlardan kelgan kishilarga shaxsiy qiziqish ko‘rsatadi va undagi amaliy fikrlar bilan bo‘lishadi. (12–13-xatboshilariga qarang.)

12. Yaratuvchi mavjud ekani borasida jiddiy o‘ylab ko‘rmagan ba’zi osiyoliklarga xushxabarni aytish uchun nima qila olamiz?

12 Dunyo bo‘ylab ko‘pgina va’zgo‘ylar osiyoliklarni, jumladan, diniy faoliyat cheklangan hududlardan kelganlarni uchratmoqda. Osiyoning bir nechta mamlakatida ko‘plar Yaratuvchi mavjud ekani borasida hech ham jiddiy o‘ylab ko‘rmagan. Ba’zilar qiziqish bildirib Muqaddas Kitob tadqiqini to‘g‘ridan-to‘g‘ri taklif qilganda rozi bo‘ladi, ammo boshqalari avvaliga yangi fikrlarni o‘rganishga ikkilanadi. Xo‘sh, ularning qalbini zabt etish uchun nima qilsa bo‘ladi? Ba’zi tajribali va’zgo‘ylar do‘stona suhbat boshlash, shaxsiy qiziqish ko‘rsatish va aynan ularga Muqaddas Kitobdagi qaysi prinsip hayotini yaxshi tarafga o‘zgartirishga yordam bergani bilan bo‘lishishni samarali deb topdi.

13. Nima tufayli odamlarda Muqaddas Kitobga qiziqish uyg‘onishi mumkin? (Muqovadagi rasmga qarang.)

13 Ko‘plar boshida Muqaddas Kitobdagi amaliy prinsiplar bilan qiziqib qoladi. (Voiz 7:12) Bir imondoshimiz Nyu-Yorkda xitoy tilining mandarin dialektida gapiradigan odamlarnikiga tashrif buyurib turadi va quyidagicha deydi: «Odamlarga qiziqish bildirishga va ularni tinglashga harakat qilaman. Agar ular yaqinda ko‘chib kelganini bilib qolsam, shunday so‘rashim mumkin: “Yaxshi joylashib oldingizmi? Ish topa oldingizmi? Mahalliy odamlar sizga yaxshi munosabat qilyaptimi?”» Ba’zida bu tufayli Muqaddas Kitob asosida suhbatga yo‘l ochiladi. O‘rinli bo‘lganda, imondoshimiz shunday deydi: «Sizningcha, qanday qilib odamlar bilan yaxshi chiqishib ketish mumkin? Muqaddas Kitobdan bir fikr ko‘rsatsam maylimi? U yerda: “Urishning boshlanishi to‘siqni buzgan toshqindaydir, janjal chiqmasidan avval u yerni tark et”,— deyilgan. Nima deb o‘ylaysiz bu maslahatga amal qilish odamlar bilan yaxshi munosabatda bo‘lishga yordam beradimi?» (Hik. 17:14) Bu kabi suhbatlar keyingi safar odamnikiga tashrif buyurish-buyurmaslikni aniqlashga yordamlashadi.

14. Uzoq Sharqdagi birodar Xudoga ishonmayman degan odamlarga qanday yordam beradi?

14 Xudoga ishonmaydigan odamlar haqida nima desa bo‘ladi? O‘zini dinsiz hisoblaydigan insonlarga va’z qilishda katta tajribaga ega bo‘lgan Uzoq Sharqdagi birodar shunday dedi: «Odatda kishi: “Men Xudoga ishonmayman”,— deb, uning hududida odamlar sajda qiladigan xudolarga ishonmasligini nazarda tutadi. Shu bois, uning fikriga qo‘shilib, aksariyat xudolarni odamlar o‘ylab topganini va ular haqiqiy emasligini aytaman. Ko‘pincha Yeremiyo 16:20 dagi: “Inson o‘zi uchun xudolar yasay oladimi?! Bunday xudolar haqiqiy Xudo emas-ku!” — degan so‘zlarni o‘qib beraman. Keyin quyidagicha so‘rayman: “Qaysi xudo haqiqiy va qay biri o‘ylab topilganini qanday aniqlash mumkin?” So‘ng uni diqqat bilan tinglayman va Ishayo 41:23 ni o‘qib beraman: “Bizga kelajakda nima sodir bo‘lishini ayting. Toki xudolar ekaningizni bilib olaylik”. Keyin esa, qay yo‘sin Yahova kelajakni bashorat qilgani borasida misol ko‘rsataman».

15. Sharqiy Osiyodagi birodarning misolidan nimani o‘rganishimiz mumkin?

15 Sharqiy Osiyodagi birodarimiz takroriy tashriflar qilganda quyidagicha suhbat boshlaydi: «Men Muqaddas Kitobdagi dono fikrlarni va amalga oshgan bashoratlarni ko‘rsataman, koinotni boshqarib turadigan qonunlarni misol qilib keltiraman. Keyin bularning barchasi dono Yaratuvchi borligiga ishora qilishini ko‘rsataman. Inson Xudo mavjud ekani borasidagi dalilni qabul qilsa, Muqaddas Kitobda Yahova to‘g‘risida nima deyilgani bilan bo‘lishaman».

16. Ibroniylarga 11:6 ga ko‘ra, nega tadqiq o‘tayotgan kishi Xudo va Muqaddas Kitobga ishonishi kerak va buni rivojlantirishiga qanday yordam bera olamiz?

16 O‘zini dinsiz hisoblaydigan odamlar bilan Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazsak, Xudo mavjud ekaniga ishonishi uchun muntazam ravishda yordamlashishimiz kerak. (Ibroniylarga 11:6 ni o‘qing.) Qolaversa, Muqaddas Kitobga nisbatan ishonchini rivojlantirishga ko‘maklashishimiz lozim. Buning uchun ba’zi fikrlarni bir necha marotaba aytishga to‘g‘ri kelishi mumkin. Har bir tadqiqda Muqaddas Kitob Xudoning Kalomi ekani borasida isbotlarni muhokama qilsak bo‘ladi. Shuningdek, Muqaddas Kitobdagi amalga oshgan bashoratlar, ilmiy va tarixiy jihatdan aniqligi yoki qanday qilib u kundalik hayotimizda asqatishi mumkinligi haqida qisqacha suhbatlashsak bo‘ladi.

17. Sevgimiz odamlarga qanday ta’sir qilishi mumkin?

17 Odamlar biron nimaga e’tiqod qiladimi yoki yo‘qmi, ularga sevgimizni ko‘rsatib Masihning shogirdi bo‘lishlariga ko‘maklashamiz. (1 Kor. 13:1) Ularga ta’lim berar ekanmiz, Xudo bizni, biz esa Uni sevishimizni xohlayotganini tushunishga yordam berishga intilamiz. Har yili avvaliga din bilan ozgina qiziqqan yoki umuman qiziqmagan minglab kishilar Xudoga nisbatan sevgini rivojlantirib, suvga cho‘mmoqda. Shunday ekan, ijobiy nuqtai nazarni saqlang va har turli insonlarga sevgi ila qiziqish ko‘rsating. Ularni tinglang. Nega bunday fikrda ekanini tushunishga harakat qiling. Masihning shogirdlari bo‘lishi uchun o‘z o‘rnagingiz bilan ularga ta’lim bering.

76-QO‘SHIQ To‘lasiz ne hisga?

^ 5- x.b. Hozirda o‘zini dinsiz hisoblaydigan insonlarni har qachongidan ham ko‘proq uchratish mumkin. Bu maqolada qanday qilib ular bilan Muqaddas Kitob haqiqatlarini bo‘lisha olishimiz haqida gap boradi. Qolaversa, Muqaddas Kitob va Tangri Yahovaga ishonishlariga qay yo‘sin ko‘maklasha olishimizni muhokama qilamiz.

^ 1- x.b. Izlanishlarga ko‘ra bu quyidagi ayrim mamlakatlar: Avstraliya, Avstriya, Albaniya, Buyuk Britaniya, Vetnam, Germaniya, Gonkong, Daniya, Irlandiya, Ispaniya, Isroil, Kanada, Koreya Respublikasi, Niderlandiya, Norvegiya, Ozarbayjon, Fransiya, Xitoy, Chexiya Respublikasi, Shveysariya, Shvesiya va Yaponiya.

^ 2- x.b. IBORA MA’NOSI. Mazkur maqolada o‘zini dinsiz hisoblaydigan odamlar degan ibora hech qaysi dinga tegishli bo‘lmagan yoki Xudoga ishonmagan insonlarga ishora qiladi.

^ 54- x.b. RASMGA SHARH. Birodar kasalxonadagi hamkasbiga va’z qilyapti, keyinchalik u jw.org saytimizga kiradi.