Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

28-TADQIQ MAQOLASI

Taqiq ostida ham Yahovaga topinishda davom eting

Taqiq ostida ham Yahovaga topinishda davom eting

Bizlar esa ko‘rgan-eshitganlarimizni aytmay turolmaymiz. HAVOR. 4:19, 20

122-QO‘SHIQ Mard va mahkam turing!

BU MAQOLADA *

1–2. a) Faoliyatimizni taqiqlab qo‘yishlari nega bizni hayron qoldirmasligi kerak? b) Ushbu maqolada nimalarni bilib olamiz?

2018-YILI, faoliyatimiz taqiqlangan yoki qattiq cheklangan hududlarda yashagan imondoshlarimizning soni 223 000 dan ziyod edi. Bu ajablanarli emas. Oldingi maqoladan bilib olganimizday, masihiylar ta’qiblarga duch keladi. (2 Tim. 3:12) Qayerda yashashimizdan qat’i nazar, hukumat a’zolari to‘satdan va kutilmaganda sevgiga to‘la Xudoyimiz Yahovaga topinishni taqiqlab qo‘yishi mumkin.

2 Ehtimol, siz yashayotgan hududda ham hukumat a’zolari Yahovaga xizmat qilishni taqiqlashga qaror qilsa, sizda quyidagi savollar tug‘ilishi mumkin: «Ta’qiblar Xudo bizdan norozi ekanini anglatadimi? Taqiq tufayli Yahovaga xizmat qilishni to‘xtatamizmi? Xudoga erkinlikda topina olishim mumkin bo‘lgan hududga ko‘chib o‘tishim kerakmi?» Ushbu maqolada mazkur savollarga javob topamiz. Shuningdek, faoliyatimiz taqiqlangan bo‘lsa ham, Yahovaga topinishni qay yo‘sin davom ettira olishimizni va qaysi tuzoqlardan qochishimiz kerakligini muhokama qilamiz.

TA’QIBLAR XUDO BIZDAN NOROZI EKANINI ANGLATADIMI?

3. Korinfliklarga ikkinchi maktub 11:23–27 ga binoan, havoriy Pavlus qanday ta’qiblarga duch kelgan va uning misolidan qanday saboq olyapmiz?

3 Hukumat a’zolari faoliyatimizni taqiqlab qo‘ysa, Xudo bizga baraka bermayapti degan noto‘g‘ri xulosaga kelishimiz mumkin. Lekin shuni yodda tutingki, ta’qiblar Yahova bizdan mamnun emasligini anglatmaydi. Masalan, havoriy Pavlusni olaylik. Shubhasizki, Xudo undan rozi edi. U Yunoncha yozuvlardagi 14 ta maktubni yozish sharafiga ega bo‘ldi va o‘zga xalqlarga yuborilgan havoriy edi. Biroq u shiddatli ta’qiblarga duch keldi. (2 Korinfliklarga 11:23–27 ni o‘qing.) Havoriy Pavlus bilan bo‘lgan voqeadan shuni ko‘ryapmizki, Yahova Uning sadoqatli xizmatchilari ta’qiblarga duch kelishiga yo‘l qo‘yadi.

4. Nega bu dunyo bizdan nafratlanadi?

4 Iso nega ta’qiblarni kutishimiz mumkinligining sabablarini tushuntirgan. U bu dunyoga tegishli bo‘lmaganimiz uchun bizdan nafratlanishlarini aytgan. (Yuhan. 15:18, 19) Ta’qiblar Yahovaning barakasini yo‘qotganimizni bildirmaydi. Aksincha, to‘g‘ri yo‘lda ekanimizni ko‘rsatadi!

TAQIQ YAHOVAGA TOPINISHIMIZGA CHEK QO‘YADIMI?

5. Odamlar Yahovaga xizmat qilishimizga chek qo‘ya oladimi? Tushuntiring.

5 Odamlar Yahovaga topinishimizni butunlayin to‘xtata olmaydi. Ko‘plar harakat qilgan, ammo qo‘lidan kelmagan. Misol uchun, Ikkinchi jahon urushi paytida nimalar bo‘lganiga diqqat qarataylik. O‘shanda ko‘pgina mamlakatlarning hukumati Yahovaning xalqini shiddat bilan ta’qib qilgan. Yahova Shohidlarining faoliyati nafaqat Germaniyaning nasistlar partiyasi, balki Avstraliya, Kanada va boshqa mamlakatlarning hukumati tomonidan ham taqiqlangan edi. Lekin vaziyat qanday tus olganiga e’tibor bering. 1939-yili urush boshlanganda dunyo bo‘ylab va’zgo‘ylar soni 72 475 kishini tashkil etgan. Xabarlarga ko‘ra, 1945-yili urushning oxiriga kelib, Yahovaning barakasi bilan va’zgo‘ylar soni 156 299 ga yetgan. Darvoqe, va’zgo‘ylar soni ikki baravardan ham oshgan!

6. Ta’qiblar qanday ijobiy natijalar keltirishi mumkin? Misol keltiring.

6 Qarshiliklar bizni qo‘rqitmaydi, aksincha, Yahovaga yanada ko‘proq xizmat qilishga turtki beradi. Masalan, yosh bolali bir oila yashagan mamlakatda hukumat a’zolari faoliyatimizni taqiqlab qo‘ygan. Ammo bu juftlik qo‘rquvga berilib orqaga chekinmadi va doimiy kashshoflikni boshladi. Opamiz hatto yaxshi to‘lanadigan ishidan voz kechdi. Eri esa, taqiqlar tufayli ko‘plar Yahovaning Shohidlari bilan qiziqib qolganini aytdi. Bu tufayli, u uchun Muqaddas Kitob tadqiqlarini boshlash osonroq bo‘ldi. Taqiq boshqalarga ham ijobiy ta’sir qildi. O‘sha mamlakatdagi bir oqsoqolning aytishicha, Yahovaga xizmat qilmay qo‘ygan ko‘plar yig‘ilishlarga qatnay boshladi hamda va’zgo‘ylik ishida yana ishtirok etadigan bo‘ldi.

7. a) Levilar 26:36, 37 da keltirilgan so‘zlardan qanday saboq olyapmiz? b) Taqiqlarga duch kelsangiz qanday yo‘l tutmoqchisiz?

7 Dushmanlar faoliyatimizni taqiqlab, Yahovaga xizmat qilishdan qo‘rqishimizga umid qiladi. Taqiqlardan tashqari, ular biz haqda yolg‘onlar tarqatishi, uyimizni tintuv qilish uchun xodimlarini yuborishi, sudlarga borishga majburlashi yoki hatto ba’zilarimizni qamoqqa tashlashi mumkin. Oramizdan bir nechta kishini qamoqqa tashlab bizni qo‘rqitmoqchi bo‘lishadi. Bordi-yu, ularning ishlari tufayli qalbimizda qo‘rquv o‘rnashib olishiga yo‘l qo‘ysak, bora-bora susayib Yahovaga xizmat qilmay qo‘yishimiz mumkin. Levilar 26:36, 37 da (o‘qing) tilga olingan odamlar kabi bo‘lishni istamaymiz. Qo‘rquv ma’naviy ishlarimizga kamroq vaqt ajratishimizga yoki umuman to‘xtatishimizga sabab bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Butkul Yahovaga tayanamiz va qo‘rquvga berilmaymiz. (Ishayo 28:16) Ibodat ila Yahovadan yo‘l-yo‘riq izlaymiz. Shuni bilamizki, Yahova bizni qo‘llab-quvvatlasa, hatto eng qudratli insoniy hukumat ham Unga sadoqat ila topinishdan bizni to‘xtata olmaydi. (Ibron. 13:6)

BOSHQA MAMLAKATGA KO‘CHIB O‘TISHIM KERAKMI?

8–9. a) Har bir masihiy oilasi yoki o‘zi uchun qanday shaxsiy qaror chiqarishi kerak? b) Insonga dono qaror chiqarishga nima yordam beradi?

8 Ehtimol, siz yashayotgan hududda hukumat faoliyatimizni taqiqlab qo‘ysa, Yahovaga erkinlikda xizmat qilish uchun boshqa mamlakatga ko‘chish to‘g‘risida o‘ylashingiz mumkin. Bu shaxsiy qaror va hech kim uni sizning o‘rningizga chiqara olmaydi. Ba’zilar birinchi asrda taqiqlar bo‘lganda masihiylar qanday yo‘l tutganini ko‘rib chiqishni foydali deb topar. Dushmanlar Stefanni toshbo‘ron qilib o‘ldirgach, Quddusdagi shogirdlar Yahudiya va Samariya, hatto olisdagi Finikiya, Kipr hamda Antioxiyaga ko‘chib ketgan. (Mat. 10:23; Havor. 8:1; 11:19) Ammo boshqalar shunga e’tibor berishi mumkinki, birinchi asrdagi masihiylar navbatdagi ta’qiblarga duch kelganda, havoriy Pavlus va’zgo‘ylik ishiga qarshilik ko‘rsatilgan hududni tark etmaslikka qaror qilgan. Qolaversa, hayotini xavf ostiga qo‘yib bo‘lsa-da, shiddatli ta’qiblar bo‘layotgan shaharlarda xushxabarni e’lon qilib, azob chekayotgan imondoshlarini mustahkamlagan. (Havor. 14:19–23)

9 Xo‘sh, mazkur voqealardan qanday saboq olyapmiz? Ko‘chish borasida har bir oila boshi o‘zi qaror chiqarishi kerak. Qaror chiqarishdan oldin u oilasining vaziyati va ko‘chish ularga ijobiy yoki salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi to‘g‘risida ibodat ila chuqur fikr yuritishi kerak. Bu masalada har bir masihiy «o‘z aravasini o‘zi tortishi» darkor. (Galat. 6:5) Boshqalarni chiqargan qarori uchun hukm qilmasligimiz lozim.

TAQIQ OSTIDA YAHOVAGA QAY YO‘SIN TOPINAMIZ?

10. Filial va oqsoqollar qanday yo‘l-yo‘riq beradi?

10 Taqiq ostida ham qay yo‘sin Yahovaga topinishda davom eta olasiz? Ma’naviy ozuqani olish, uchrashuvlarni o‘tkazish va xushxabarni va’z etish borasida filial mahalliy oqsoqollarga yo‘l-yo‘riq va amaliy maslahatlar beradi. Agar filial oqsoqollar bilan bog‘lana olmasa, oqsoqollar sizga va jamoatning barcha a’zolariga Yahovaga topinishda davom etishingiz uchun yordam beradi. Ular Muqaddas Kitob va adabiyotlarimizda yozilganlar asosida yo‘l-yo‘riq beradi. (Mat. 28:19, 20; Havor. 5:29; Ibron. 10:24, 25)

11. Nima sababdan ma’naviy ozuqaga ega bo‘lishingizga aminsiz va Muqaddas Kitob hamda adabiyotlarimizni yashirish uchun nima qila olasiz?

11 Yahova Uning xizmatchilari ma’nan to‘q bo‘lishini va’da qilgan. (Ishayo 65:13, 14; Luqo 12:42–44) Shu bois, siz muhtoj bo‘lgan ma’naviy kuchga ega bo‘lishingiz uchun Uning tashkiloti qo‘ldan kelgan barcha narsani taqdim etishiga amin bo‘ling. Xo‘sh, siz-chi, nima qilsangiz bo‘ladi? Ta’qiblarga duch kelganda, Muqaddas Kitobni va sizda bor bo‘lgan boshqa ma’naviy ozuqani yashirish uchun yaxshi bir joy toping. Bu kabi qimmatbaho ma’lumotni — xoh u bosma shaklda, xoh elektron shaklda bo‘lsin — boshqalar osonlikcha topishi mumkin bo‘lgan joylarda qoldirmang. Ma’nan kuchli qolish uchun har birimiz amaliy qadamlar qo‘yishimiz kerak.

Yahovaning madadi bilan birga topinish uchun qo‘rqmay yig‘ila olamiz (12-xatboshiga qarang.) *

12. Qay yo‘sin oqsoqollar boshqalarning e’tiborini jalb qilmagan holda yig‘ilishlarni tashkillashtira oladi?

12 Har hafta bo‘ladigan jamoat uchrashuvlari haqida nima desa bo‘ladi? Oqsoqollar yig‘ilishlarni odamlarning noo‘rin e’tiborini jalb qilmagan holda o‘tkazishni tashkillashtiradi. Masalan, ular kichik guruh bo‘lib yig‘ilishni aytar, uchrashuv paytini va joyini tez-tez o‘zgartirar. Yig‘ilishga kelayotganda yoki ketayotganda past ovozda gapirib, barcha xavfsiz bo‘lishiga o‘z hissangizni qo‘sha olasiz. Shuningdek, boshqalarning e’tiborini jalb qilmaslik uchun norasmiy tarzda kiyinishingiz mumkin.

Hukumatning taqiqlariga qaramay, va’z qilishdan to‘xtamaymiz (13-xatboshiga qarang.) *

13. Sobiq Sovet Ittifoqidagi birodarlarimizdan nimaga o‘rganyapmiz?

13 Va’zgo‘ylik ishiga kelsak, bir hududdagi vaziyat boshqasinikidan farq qilishi mumkin. Lekin biz Yahovani sevamiz va boshqalarga Uning Shohligi to‘g‘risida aytishdan zavq olamiz. Shuning uchun, va’z qilishning yo‘llarini izlaymiz. (Luqo 8:1; Havor. 4:29) Yahova Shohidlarining sobiq Sovet Ittifoqi hududidagi va’zgo‘ylik faoliyati borasida tarixchi Emili Bren quyidagi fikrni bildirdi: «Hukumat Yahovaning Shohidlariga e’tiqodi to‘g‘risida gapirishni man etganida, ular qo‘shnilari, hamkasblari va do‘stlari bilan suhbatlar boshlaydigan bo‘ldi. Bu harakatlari tufayli mehnat lagerlariga jo‘natilganida esa, Shohidlar boshqa mahbuslarga va’z qilishdi». Ha, faoliyatimiz taqiqlanganiga qaramay, sobiq Sovet Ittifoqidagi birodarlarimiz va’z qilishni to‘xtatmagan. Siz yashayotgan hududda ham faoliyatimiz taqiqlansa, va’z qilishni kanda qilmaslik qaroringiz qat’iy bo‘lsin!

NIMADAN EHTIYOT BO‘LISHIMIZ KERAK?

Qachon sukut saqlash kerakligini bilishimiz darkor (14-xatboshiga qarang.) *

14. Zabur 39:1 bizni nimadan ogohlantiryapti?

14 Ma’lumot bilan bo‘lishganda ehtiyotkor bo‘ling. Taqiq paytida «sukut saqlashning ham... o‘z vaqti borligini» tushunishimiz kerak. (Voiz 3:7) Birodar-u opa-singillarimizning ismlari, qayerda yig‘ilishimiz, qanday xizmat qilishimiz va qay yo‘sin ma’naviy ozuqani olishimiz kabi maxfiy ma’lumotni aytishdan ehtiyot bo‘lishimiz kerak. Bunday narsalar haqida davlat xodimlariga, mamlakatimizdagi yoki boshqa yurtdagi yaqin do‘stlarimiz-u qarindoshlarimizga aytmaymiz. Aks holda, birodar-u opa-singillarimizni xavf ostiga qo‘ygan bo‘lamiz. (Zabur 39:1 ni o‘qing.)

15. Shayton bizga nisbatan qanday hiyla ishlatmoqchi va unga aldanib qolmaslik uchun qanday yo‘l tuta olamiz?

15 Kichik muammolar dastidan bo‘linishlar yuz berishiga yo‘l qo‘ymang. Shayton ichidan bo‘lingan uy xarob bo‘lishini biladi. (Mark 3:24, 25) Oramizda bo‘linishlar yuz berishi uchun u tinmay harakat qiladi. Shu yo‘sin biz u bilan emas, bir-birimizga qarshi kurash olib borishimizga umid qiladi.

16. Imondoshimiz Gertrud Pyotsinger qanday o‘rnak qoldirdi?

16 Hatto yetuk masihiylar ham bu tuzoqqa tushib qolmaslik uchun ehtiyot bo‘lishlari kerak. Moylangan ikkita opamizning — Gertrud Pyotsinger va Elfride Lyorning misoliga e’tibor qarataylik. Ularning ikkovi ham konsentrasion lagerda qamoqda edi. Elfride lagerda boshqa opalarimizga dalda berganida, Gertrud unga hasad qila boshlagan. Keyinchalik Gertrud bundan uyalgan va yordam so‘rab Yahovaga yolvorgan. U shunday deb yozdi: «Boshqalar yaxshiroq qobiliyatlarga ega bo‘lganida yoki ularni ko‘proq yaxshi ko‘rishganida, buni qabul qilishga o‘rganishimiz kerak». Xo‘sh, qay yo‘sin opamiz hasadni yenga oldi? U Elfridening yaxshi taraflariga va do‘stona munosabatiga diqqat qaratdi. Shu yo‘sin, u Elfride bilan bo‘lgan yaxshi munosabatlarini tiklay oldi. Bu ikkita opamiz ham konsentratsion lagerda omon qoldi va yer yuzidagi hayotining oxirigacha Yahovaga sadoqat ila xizmat qildi. Imondoshlarimiz bilan muammolarga duch kelmaslik uchun zo‘r berib harakat qilsak, biron nima oramizga sovuqchilik tushirishiga yo‘l qo‘ymaymiz. (Kolos. 3:13, 14)

17. Nega o‘zbilarmon bo‘lishdan qochishimiz kerak?

17 O‘zbilarmonlik qilishdan qoching. Ishonchli va mas’uliyatli birodarlarning yo‘l-yo‘riqlariga amal qilsak, muammolardan qocha olamiz. (1 Butr. 5:5) Misol uchun, faoliyatimiz taqiqlangan bir hududda mas’uliyatli birodarlar va’zgo‘ylarni ogohlantirib, xizmatda bosma shakldagi adabiyotlarni qoldirmaslik borasida yo‘l-yo‘riq beradi. Lekin o‘sha hududdagi bir kashshof birodarimiz vaziyatni yaxshiroq bilaman degan fikrga boradi va adabiyot tarqatadi. Xo‘sh, natijasi qanday bo‘ladi? U va boshqalar norasmiy shohidlik berishni tugatganidan ko‘p o‘tmay, polisiya xodimlari tomonidan so‘roqqa tutiladi. Ehtimol, davlat xodimlari ularni kuzatib borgan va tarqatgan adabiyotlarini topishga muvaffaq bo‘lgan. Bu voqeadan qanday saboq olyapmiz? Hatto vaziyatni yaxshi bilamiz deb o‘ylasak ham, yo‘l-yo‘riqqa amal qilishimiz kerak. Yahova oramizda boshchilikni zimmasiga olish uchun tayinlagan birodarlar bilan hamkorlik qilsak, U doim bizga baraka yog‘diradi. (Ibron. 13:7, 17)

18. Nega noo‘rin qoidalar o‘rnatishdan qochishimiz kerak?

18 Noo‘rin qoidalar o‘rnatmang. Agar oqsoqollar noo‘rin qoidalar o‘rnatsa, boshqalar uchun bu yuk bo‘ladi. Birodar Yuray Kaminskiy sobiq Chexoslovakiyada taqiq paytida nima bo‘lganini eslab, quyidagicha bo‘lishdi: «Mas’uliyatli birodarlar va ko‘pgina oqsoqollar hibsga olingach, ozodlikda qolgan ba’zi birodarlar nima mumkin-u nima mumkin emasligining ro‘yxatini tuzib, va’zgo‘ylar o‘zini qanday tutishi borasida qoidalar o‘rnata boshladi». Yahova bizga boshqalar uchun shaxsiy qaror chiqarish vakolatini bermagan. Noo‘rin qoidalar o‘rnatadigan kishi imondoshlarini himoya qilmaydi, aksincha, ularning imoni ustidan xo‘jayinlik qilishga intilgan bo‘ladi. (2 Kor. 1:24)

YAHOVAGA XIZMAT QILISHNI TO‘XTATMANG

19. Shaytonning harakatlariga qaramay, qay yo‘sin 2 Solnomalar 32:7, 8 dagi so‘zlar bizga ishonch baxsh etmoqda?

19 Ashaddiy dushmanimiz Shayton Yahovaning sadoqatli xizmatchilarini ta’qib qilishdan to‘xtamaydi. (1 Butr. 5:8; Vah. 2:10) Shayton va uning malaylari Yahovaga xizmat qilishimizga chek qo‘yishni istaydi. Ammo qo‘rquvga berilishimizga hech qanday asos yo‘q! (Qonun. 7:21) Zero, Tangri Yahova biz tarafda va taqiqlarga qaramay, Unga xizmat qilishimiz uchun bizni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. (2 Solnomalar 32:7, 8 ni o‘qing.)

20. Nima qilishga qaroringiz qat’iy?

20 Birinchi asrda mansabdor shaxslarga qarata quyidagi so‘zlarni aytgan birodarlarimiz kabi qarorimiz qat’iy bo‘lsin: «O‘zlaringiz o‘ylab ko‘ringlar, Allohning nazarida Unga emas, sizlarga quloq solish adolatdanmi? Bizlar esa ko‘rgan-eshitganlarimizni aytmay turolmaymiz». (Havor. 4:19, 20)

73-QO‘SHIQ Bizga jasorat ber

^ 5- x.b. Hukumat a’zolari Yahovaga topinishni taqiqlab qo‘ysa, qanday yo‘l tutishimiz kerak? Ushbu maqola Yahovaga xizmat qilishda davom etishimiz uchun nima qilish-qilmaslik borasida amaliy maslahatlarni yoritib beradi.

^ 59- x.b. RASMGA SHARH. Barcha rasmlarda faoliyatimiz taqiqlangan hududlarda xizmat qilayotgan imondoshlarimizning vaziyatlari tasvirlangan. Imondoshlarimiz birodarimizning omborida kichik guruh bo‘lib yig‘ilgan.

^ 61- x.b. RASMGA SHARH. Imondoshimiz (chap tomonda) ayol bilan suhbatlashib, ma’naviy narsalar haqida gapirish imkonini izlayapti.

^ 63- x.b. RASMGA SHARH. Politsiya tomonidan so‘roqqa tutilgan birodar jamoat to‘g‘risidagi maxfiy ma’lumotni aytishdan bosh tortyapti.