Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

TARJIMAI HOL

Yahova o‘ylaganimdan ham ko‘proq baraka yog‘dirdi

Yahova o‘ylaganimdan ham ko‘proq baraka yog‘dirdi

MEN kashshof bo‘lishim kerak, lekin bu menga rostdan ham zavq keltiradimi, deb o‘ylardim. Germaniyadagi ishimni yoqtirardim. U yerda Afrikaning Dorussalom, Elizabetvil va Asmera kabi joylariga oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilardim. Ko‘p yillar o‘tgach, Afrika bo‘ylab bu va yana boshqa joylarda Yahovaga to‘la vaqt xizmat qilishimni hatto xayolimga ham keltirmaganman.

Shubhalarimni yengach, kashshoflik qila boshladim va xizmat qilish uchun o‘ylaganimdan ham ko‘proq imkoniyatlar ochildi. (Efes. 3:20) Lekin bu qanday yuz berdi deb qiziqayotgandirsiz. Keling, bu haqida bir boshidan aytib beray.

Men Berlinda (Germaniya) 1939-yili Ikkinchi jahon urushi boshlanganidan bir necha oy o‘tgach tug‘ilganman. Urush oxirlab borayotgan paytda, 1945-yili Berlin bombardimon qilinardi. Bir kuni ko‘chamizga bomba tushganida oilamiz bilan bomba boshpanasiga qochib ketdik. Keyinchalik, onam tug‘ilgan shaharga, Erfurtga ko‘chib ketdik.

Germaniyada ota-onam va singlim bilan, t. 1950

Onam haqiqatni izlar edi. Bu maqsadda turli faylasuflarning kitoblarini o‘qib, har xil dinlarni o‘rganardi-yu, qoniqmasdi. Taxminan 1948-yili uyimizga Yahovaning Shohidlari keldi. Onam ularni taklif qilib, savollar bilan ko‘mib tashladi. Bir soat o‘tar-o‘tmas, onam men va singlimga: «Haqiqatni topdim!» — deb aytdi. Shunday qilib, onam, singlim va men Erfurtdagi yig‘ilishlarga qatnay boshladik.

1950-yili biz yana Berlinga qaytdik va Berlin-Kroysberg jamoatiga boradigan bo‘ldik. Vaqt o‘tgach, yana ko‘chdik va Berlin-Tempelxof jamoatiga qatnay boshladik. Ko‘p o‘tmay, onam suvga cho‘mdi, ammo men ikkilanayotgan edim. Nega deysizmi?

TORTINCHOQLIKNI QANDAY YENGDIM?

Yahovaga xizmat qilishga juda qiynalardim, chunki rosa tortinchoq edim. Garchi va’zgo‘ylikka chiqqan bo‘lsam-da, ikki yil davomida hech kimga biron so‘z aytmagan edim. Ammo jasorat va sadoqat ila Yahovaga xizmat qilishni davom ettirayotgan birodar-u opa-singillar bilan ko‘proq vaqt o‘tkazganim sayin hammasi o‘zgardi. Ularning ba’zilari konsentratsion lager yoki Sharqiy Germaniyadagi qamoqlarda o‘tirib chiqqan. Ayrimlari esa o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, Sharqiy Germaniyaga adabiyotlarimizni yetkazgan. Ularning misoli menga juda ham qattiq ta’sir qilgan. Ular Yahova hamda birodarlarni deb hayotini-yu erkinligini xavf ostiga qo‘ygan bo‘lsa, men ham tortinchoqlikni yengishim kerak deb o‘ylagandim.

1955-yili maxsus va’zgo‘ylik kampaniyasi bo‘lganda tortinchoqlikni yengishga kirishdim. «Xabarnoma»dagi * xatda birodar Neytan Norr o‘sha kampaniya tashkilotimiz uyushtirgan eng katta kampaniya ekanini e’lon qilgan edi. U aytganiday, barcha va’zgo‘ylar unda ishtirok etsa, o‘sha oy eng ko‘p va’z qilingan oy hisoblanishi kerak edi. Reja amalga oshdi! Ko‘p o‘tmay, hayotimni Yahovaga bag‘ishlab, 1956-yili otam, singlim va men suvga cho‘mdik. Keyin esa, yana bir muhim qaror oldida turardim.

Yillar mobaynida kashshoflikni boshlashim kerakligini tushunganman, ammo ish tufayli uni ortga surib yurardim. Avval Berlinda biron hunar egasi bo‘lib, ulgurji savdo bilan shug‘ullanishga qaror qildim. Ozgina tajriba orttirish uchun ishlamoqchi bo‘ldim. 1961-yili esa Germaniyadagi eng katta port shahar Gamburgga ishga taklif etildim. Ishga berilganim sayin, to‘la vaqtli xizmat qilish xohishim ortga surilardi. Xo‘sh, qanday yo‘l tutdim?

Yahovaga ming shukur, mehribon birodarlar orqali ma’naviy maqsadlarimga erishishimga yordam berdi. Bir nechta do‘stim kashshoflikni boshlab, menga yaxshi o‘rnak ko‘rsatdi. Shuningdek, konsentratsion lagerda o‘tirib chiqqan Erik Mand birodarimiz meni Yahovaga tayanishga undardi. U lagerda o‘ziga tayangan birodarlar keyinchalik susayib ketganini aytdi. Biroq Yahovaga butunlayin tayangan birodarlar esa, sodiq bo‘lib qolishgan va tashkilotimizda foyda keltirardi.

Kashshoflikni boshlaganim, 1963

Shuningdek, keyinchalik Yetakchi kengash a’zosi bo‘lgan Martin Pyotsinger akamiz: «Eng ko‘p jasoratni qadrlash kerak!» — deb birodarlarga dalda berardi. Bu so‘zlar ustida mulohaza yuritgach, ishdan ketdim va 1963-yil iyunda kashshoflikni boshladim. Bu hayotimdagi eng to‘g‘ri qaror bo‘lgan! Ikki oydan keyin, yangi ish topishga ulgurmasimdan oldin maxsus kashshof etib tayinlandim. Bir necha yil o‘tgach, Yahova o‘ylaganimdan ham ko‘proq baraka yog‘dirdi. Meni Gilad maktabining 44- sinfiga taklif qilishdi.

AJOYIB GILAD MAKTABI

Ayniqsa, Neytan Norr va Layman Suingl birodarlarimizdan bebaho ta’lim olganmiz. Eng muhimi, tayinlangan vazifani bajarishda osonlikcha taslim bo‘lmaslik edi. Hatto topshirig‘imiz qiyin bo‘lsa ham, ular bizni bo‘shashmaslikka chorlardi. Birodar Norr shunday degan: «Diqqatingiz nimaga qaratilgan? Loy, qurt-qumursqa, qashshoqlikkami? Yoxud daraxt, gul va baxtiyor odamlargami? Insonlarni sevishga o‘rganing!» Bir kuni Suingl akamiz nega ba’zi birodarlar osonlikcha taslim bo‘lishganini aytib berayotganda, his-tuyg‘uga to‘lib, ko‘zi yoshlangan edi. Tinchlangach esa, so‘zida davom etgan. Bu menga qattiq ta’sir qildi va men Masih va uning sodiq birodarlarining ko‘nglini og‘ritmaslikka qaror qildim. (Mat. 25:40)

Lubumbashida men, Klaud va Xeyinrik, 1967

Topshiriq olganimizda, ba’zi baytilchilar bir nechtamizdan qayerga ketayotganimiz bilan qiziqishdi. Ular har birimizning topshirig‘imiz haqida ijobiy gapirdi. Lekin mening navbatim kelib: «Kongoga (Kinshasaga)»,— deb aytganimda, ular to‘xtab: «Oho, Kongomi?! Yahova sizni qo‘llab-quvvatlasin!» — deyishdi, xolos. O‘sha paytda, Kongoda (Kinshasada) urush va xunrezlik bo‘layotgandi. Lekin Giladda olgan saboqlar yodimda edi. 1967-yil sentabrda Giladni bitirganimizdan ko‘p vaqt o‘tmay, Xeyinrik Dexnbostel, Klaud Lindsey va men Kongoning poytaxti Kinshasaga ketdik.

AJOYIB TO‘LA VAQTLI MAXSUS VA’ZGO‘YLIK

Kinshasaga kelganimizda, uch oy davomida fransuz tilini o‘rgandik. Keyin esa, Kongoning janubidan olisda bo‘lgan Zambiyaning chegarasiga yaqin bo‘lgan Lubumbashiga, sobiq Elizabetvilga bordik. O‘sha shaharning markazidagi to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘ylarning uyida yashardik.

Lubumbashining aksariyat hududlarida xushxabar tarqatilmagan edi. U yerda yashovchilarning ko‘piga haqiqatni aytishdan rosa xursand edik. Ko‘p o‘tmay, Muqaddas Kitob tadqiqini xohlagan kishilarning soni ko‘payib ketganidan, ularni o‘tkazishga vaqtimiz yetmas edi. Biz shuningdek, polisiya xodimlariga ham va’z qilar edik. Ko‘pchilik Xudoning Kalomini va voizlik ishimizni qadrlar edi. Odamlar asosan suaxili tilida gapirardi, shu bois Klaud Lindsey va men uni o‘rganishga kirishdik. Vaqt o‘tgach, suaxili tilidagi jamoatga tayinlandik.

Qiyinchiliklarga duch kelgan bo‘lsak ham, ko‘pgina ajoyib voqealarni boshdan kechirdik. Ko‘pincha, ichib olgan va qurollangan askarlar yoki g‘azabga mingan polisiyachilar bizni nohaq ayblashardi. Bir kuni qurollangan bir qancha askarlar to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘ylarning uyida bo‘layotgan jamoat uchrashuviga bostirib keldi va birodarlarni polisiya mahkamasiga olib ketdi. Biz u yerda kechki payt soat 10 gacha polda o‘tirdik.

1969-yili tuman noziri etib tayinlandim. Afrikadagi chakalakzorlar aro loy va o‘t bosgan yo‘llardan uzoq vaqt safarlarga borardim. Bitta qishloqda yotog‘im tagida tovuq jo‘jalari bilan yashardi. U tong yorishmasidan meni uyg‘otgani hali ham yodimda. O‘shanda gulxan atrofida birodarlar bilan o‘tirib, haqiqat to‘g‘risida gaplashgan damlarni zavq ila eslayman.

Eng og‘ir muammolardan biri, o‘zini Yahovaning Shohidi deb, aslida esa, Kitavala oqimining * a’zosi bo‘lgan birodarlarga duch kelganimiz edi. Ularning ba’zilari suvga cho‘mib, hatto jamoat oqsoqollari bo‘lgan. Ko‘plari «suv osti qoyalari» bo‘lgan, lekin imondoshlarimiz ularni fosh qilgan. (Yahd. 12) Asta-sekin Yahova ularni jamoatdan chiqarib yuborgan va ko‘pdan-ko‘p insonlar haqiqatni qabul qilgan.

1971-yili Kinshasadagi filialga tayinlandim. U yerda turli ishlar bajarardim, masalan, xatlarga javob berish, adabiyot buyurtma qilish va yana boshqa bo‘limlarda xizmat qilardim. Asosiy xizmat ko‘rsatish bo‘limlari uncha yaxshi tashkil etilmagan katta mamlakatda faoliyatimizni qay yo‘sin tashkillashtirish mumkinligini Baytilda o‘rgandim. Gohida xatlarimiz jamoatlarga yetib borishi uchun oylar ketardi. Xatlar solingan quti samolyotdan qayiqqa tushirilardi. O‘sha qayiq haftalar mobaynida suv o‘simliklari orasida to‘xtab qolardi. Lekin bu va boshqa qiyinchiliklarga qaramay, faoliyatimiz olib borilardi.

Birodarlar katta anjumanlarni oz mablag‘ bilan o‘tkaza olganidan hayron qolardim. Termitlarning uylari ustiga sahnalar qurib, devor va o‘rindiqlar uchun uzun fil o‘tidan foydalanishardi. Bambukdan karkas, qamishdan esa tom va stollar yasashardi. Mix bo‘lmagani uchun xin daraxtining po‘stlari bilan ularni o‘zaro bog‘lashardi. O‘sha imondoshlarimizning topqirligini ko‘rib lol qolardim. Ular qalbimdan o‘zgacha joy oldi. Yangi topshiriqni bajarish uchun boshqa joyga ketgach, ularni rosa sog‘inardim.

KENIYADAGI XIZMAT

1974-yili Nayrobidagi (Keniya) filialiga tayinlandim. Bu filial Keniya yaqinidagi o‘nta mamlakatdagi va’zgo‘ylik faoliyatini nazorat qilardi. Ularning ba’zilarida faoliyatimiz taqiqlangan edi. Men o‘sha mamlakatlarga, ayniqsa, imondoshlarimiz quvg‘unlar va dahshatli qiyinchiliklarga duch kelgan Efiopiyaga tez-tez borib turardim. Ularning ko‘pi qo‘pol munosabatga duchor bo‘lgan yoki qamoqqa tashlangan; ayrimlari hatto o‘ldirilgan. Lekin ular bu sinovlarni sadoqatli bo‘lib yengishgan, chunki Yahova bilan va o‘zaro yaxshi munosabatlarga ega edi.

1980-yili hayotimda ajoyib o‘zgarish yuz berdi, men kanadalik Geil Matesonga uylandim. Biz u bilan Giladda birga o‘qigan edik. Bir-birimizga xatlar yozib turardik. Geil Boliviyada to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y bo‘lib xizmat qilgan edi. 12 yil o‘tgach, u bilan Nyu-Yorkda yana uchrashdik. Ko‘p vaqt o‘tmay, Keniyada turmush qurdik. Geil barcha narsaga Yahovaning nuqtai nazari bilan qaraydi va doim boriga shukur qilib yashaydi. Bundan juda minnatdorman. U meni qo‘llab-quvvatlab, sevgi ila hamkorlik qilib kelyapti.

1986-yili tuman nozirlik xizmatiga tayinlandik. Men Filial qo‘mitasining ham a’zosi edim. Keniya filiali nazorati ostidagi ko‘pgina mamlakatlarga tuman noziri sifatida tashrif buyurganman.

Asmeradagi anjumanda nutq aytyapman, 1992

Asmerada (Eritreya) 1992-yili anjuman o‘tkazish uchun tayyorgarlik ko‘rganimiz hali ham yodimda. O‘shanda faoliyatimiz u yerda taqiqlanmagan edi. Afsuski, o‘shanda juda yomon holatda bo‘lgan bitta omborni topa oldik. Anjuman kuni Yahovaga munosib tarzda topina olishimiz uchun birodarlarimiz u yerni top-toza qilib qo‘yishganidan qoyil qoldim. Ko‘p oilalar rang-barang matolarni olib kelib, mohirlik bilan hamma xunuk joylarni bekitib qo‘yishgan. Anjumanga 1 279 ta kishi tashrif buyurganidan rosa xursand edik.

Tuman nozirlik xizmati davomida har hafta turli joylarda yashashga to‘g‘ri kelardi. Bir safar dengiz bo‘yidagi hashamatli uyda, boshqa safar esa hojatxonasi 100 metrdan oshiq masofada joylashgan metalldan yasalgan kulbachada yashaganmiz. Biroq qayerda bo‘lmaylik, g‘ayratli kashshof-u va’zgo‘ylar bilan kun bo‘yi xizmatda ishtirok etish bebaho xotiralarga aylangan. Yangi vazifa olganimiz uchun boshqa joyga ketishimiz kerak edi, u yerda orttirgan ko‘pgina qadrdon do‘stlarimizni qo‘msaymiz.

EFIOPIYADAGI QUT-BARAKALAR

1987–1992-yillarda Keniya filialining nazorati ostida bo‘lgan bir nechta mamlakatda faoliyatimiz rasmiy ro‘yxatdan o‘tdi. Natijada, o‘sha mamlakatlarda ofislar tashkil etildi. 1993-yili biz Addis-Abebadagi (Efiopiya) ofisga tayinlandik. U yerda faoliyatimiz ko‘p yillar mobaynida yashirin tarzda olib borilgan, hozir esa rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan.

Efiopiyadagi tuman nozirlik xizmatimiz, 1996

Yahova Efiopiyadagi faoliyatga barakalar yog‘dirgan. Ko‘p imondoshlarimiz kashshoflikni boshlagan. 2012-yildan beri har yili 20 foizdan ziyod va’zgo‘ylar doimiy kashshof bo‘lib xizmat qilyapti. Qolaversa, tashkilotimiz u yerda tashkil etgan maktablarda ta’lim beriladi va 120 dan oshiq Yig‘ilish zali qurildi. 2004-yili Baytil oilasi yangi binoga ko‘chdi. Shuningdek, u yerdagi Anjuman zali ham o‘zgacha baraka bo‘ldi.

Yillar osha, Geil va men Efiopiyadagi ko‘pgina imondoshlarimiz bilan qalin do‘st bo‘lib qoldik. Ular jonkuyar va mehribon, biz ularni rosa yaxshi ko‘ramiz. Sog‘ligimiz yomonlashdi va biz Markaziy Yevropadagi filialga tayinlandik. Bizga sevgi ila g‘amxo‘rlik qilishadi, lekin Efiopiyadagi qadrdon do‘stlarimizni juda sog‘inamiz.

YAHOVA O‘STIRDI

Yahova va’zgo‘ylik faoliyatini o‘stirganining shohidi bo‘ldik. (1 Kor. 3:6, 9) Masalan, Kongoda ruandalik konchilarga ilk bor va’z qilganimda, Ruandada va’zgo‘ylar yo‘q edi. Hozir u yerda 30 000 dan ziyod birodar-u opa-singlimiz bor. 1967-yili Kongoda (Kinshasa) qariyb 6 000 ta va’zgo‘y bor edi. Bugungi kunda u yerda taxminan 230 000 ta va’zgo‘y bor bo‘lib, 2018-yili Qutlug‘ Kechlik marosimiga milliondan ko‘proq odam kelgan. Ilgari Keniya filialining nazorati ostida bo‘lgan barcha mamlakatlardagi va’zgo‘ylarning umumiy soni hozir 100 000 dan oshib ketgan.

50 yildan oshiqroq vaqt oldin, Yahova turli akalarimiz orqali to‘la vaqtli xizmatni boshlashimga ko‘maklashgan. Hozirgacha tortinchoqligim bilan kurashsam-da, Yahovaga to‘la ravishda tayanishga o‘rgandim. Afrikada orttirgan tajribam sabr-toqatli bo‘lishga va shukur qilishga yordam beryapti. Geil ikkimiz mehmondo‘st, bardoshli va Yahovaga tayanayotgan aziz imondoshlarimizni yaxshi ko‘ramiz. Xudo inoyat qilganidan minnatdorman. Yahova orzu qilganimdan ham ko‘proq barakalar yog‘dirdi! (Zab. 37:4)

^ 11- x.b. Keyinchalik, «Ilohiy xizmatimiz» deb nomlangan, hozir esa «Hayot tarzimiz va xizmatimiz. Ta’lim dasturi» deb nomlanadi.

^ 23- x.b. «Kitavala» suaxili tilidagi ibora bo‘lib, «boshqarish, hukm surish yoki yetaklash» ma’nosiga ega. Bu oqimning maqsadi siyosiy bo‘lib, Belgiyadan mustaqil bo‘lishga qaratilgan edi. O‘sha oqimning a’zolari Yahova Shohidlarining adabiyotlarini tadqiq qilgan va Muqaddas Kitobdagi ta’limotlarni siyosiy qarashlari, urf-odatlari va axloqsiz hayot tarzi bilan aralashtirib yuborgan.