25-TADQIQ MAQOLASI
G‘am-tashvish paytlarida Yahovaga tayaning
G‘am-tashvish odamning qalbini ezadi. HIK. 12:25
30-QO‘SHIQ Do‘stim, Otam va Rabbim
BU MAQOLADA *
1. Nega Isoning so‘zlariga quloq solishimiz kerak?
OXIRZAMON haqidagi bashoratda Iso shunday degan: «O‘zingizga diqqat qilinglar, yuraklaringizni... turmush tashvishlari egallab olmasin». (Luqo 21:34) Bu ogohlantiruvga quloq solishimiz kerak. Nega deysizmi? Boisi, har birimizga o‘sha-o‘sha ko‘pgina muammolarni yengishga to‘g‘ri kelyapti.
2. Birodar-u opa-singillar qanday murakkab qiyinchiliklarga duch kelmoqda?
2 Gohida bir vaqtning o‘zida juda murakkab anchagina muammoga ro‘baro‘ kelamiz. Mana bir nechta misol. Tarqoq skleroz kasalligi bilan kurashayotgan Jahongir * ismli birodarimiz 19-yillik turmushidan so‘ng xotini tashlab ketganda, juda ham tushkunlikka tushib qolgan. Ikkita qizi esa Yahovaga xizmat qilmay qo‘ydi. Botir va Lola ismli bir juftlik boshqacha qiyinchiliklarga duchor bo‘ldi. Ularning ikkovi ham ishidan mahrum bo‘lib, uysiz qoldi. Buning ustiga, shifokor Lolaga yuragi bilan bog‘liq halokatli kasalligi va immunitetiga yomon ta’sir qiladigan boshqa kasalligi ham borligini aytadi.
3. Filippiliklarga 4:6, 7 da Yahova haqida nimalar yozilgan?
3 Parvardigorimiz va g‘amxo‘r Otamiz Yahova g‘am-tashvish bizga qanday ta’sir qilayotganini yaxshi tushunayotgani shubhasiz. U biz duch kelayotgan muammolarga bardosh berishimizga ko‘maklashishni istaydi. (Filippiliklarga 4:6, 7 ni o‘qing.) Xudoning Kalomida Uning xizmatchilari muammolarni yengani haqida ko‘pgina misollar bor. Qolaversa, undan Yahova ularga bu g‘am-tashvishli vaziyatlarda qanday qilib g‘alaba qozonishga yordam berganini o‘qishimiz mumkin. Keling, bir nechta misolga diqqat qarataylik.
ILYOS PAYG‘AMBAR BIZ KABI INSON EDI
4. Ilyos qanday qiyinchiliklarga duch kelgan va Yahova haqida qanday fikrda bo‘lgan?
4 Ilyos Yahovaga juda mushkul zamonda xizmat qilib, og‘ir qiyinchiliklarga duch kelgan. Isroil tarixidagi sadoqatsiz shohlardan biri bo‘lgan Axab Baalga sajda qilgan malika Izabelga uylangan edi. Bularning ikkovi mamlakatni Baalga sig‘inish bilan to‘ldirib tashlagan va Yahovaning ko‘pgina payg‘ambarlarini o‘ldirgan. Ilyos omon qolgan. U shuningdek, Yahovaga tayangan holda dahshatli ocharchilik pallasida omon qolgan. (3 Shoh. 17:2–4, 14–16) Bundan tashqari, u Baalga sajda qilganlarga va uning payg‘ambarlariga qarshi chiqqanda, Yahovaga umid bog‘lagan. Ilyos isroilliklarni Yahovaga xizmat qilishga undagan. (3 Shoh. 18:21–24, 36–38) Bu payg‘ambar Yahova uni murakkab paytlarda ko‘p marotaba himoya qilganini va yordam berganini yaqqol ko‘rgan edi.
5–6. Ilyos 3 Shohlar 19:1–4 ga ko‘ra, nimalarni his etgan va Yahova uni yaxshi ko‘rishini qanday ko‘rsatgan?
5 3 Shohlar 19:1–4 ni o‘qing. Lekin Ilyos malika Izabel uni o‘ldirmoqchi bo‘lganda, u juda qo‘rqqan. Shuning uchun u Bersheva hududiga qochib ketgan va tushkunlikka tushib, «o‘ziga o‘lim tilagan». Nima uchun u o‘zini shunday his qilgan? «Ilyos payg‘ambar ham biz kabi» nomukammal inson edi. (Yoqb. 5:17) Ehtimol, g‘am-tashvilari uni ko‘mib tashlaganday bo‘lib, tinka-madori qurigandir. Balkim, Ilyos pok topinish uchun qilgan harakatlari befoyda, Isroildagi ahvol o‘zgarmayapti va faqatgina yakka o‘zi Yahovaga xizmat qilyapman deb o‘ylagandir. (3 Shoh. 18:3, 4, 13; 19:10, 14) Shu kabi sodiq payg‘ambar bularni his qilganidan hayratlanayotgandirsiz. Lekin Yahova Ilyosning his-tuyg‘ularini yaxshi tushungan.
6 Yahova uni bunday tuyg‘ulari uchun koyimagan. Aksincha, unga kuchini tiklab olishiga ko‘maklashgan. (3 Shoh. 19:5–7) Keyinchalik, Yahova ajoyib qudratini namoyon etish orqali, mehr ila uning fikrlash tarzini o‘zgartirgan. O‘shanda Yahova Isroilda Baalga sajda qilishdan bosh tortgan 7 000 ta kishi borligini ko‘rsatgan. (3 Shoh. 19:11–18) Bu bilan Yahova Ilyosni yaxshi ko‘rishini namoyon etgan.
QANDAY QILIB YAHOVA BIZGA YORDAM BERADI?
7. Yahova Ilyosga yordam bergani bizni nimada ishontirmoqda?
7 Siz ham g‘am-tashvishga duch kelyapsizmi? Shubhasizki, Yahova Ilyosning tuyg‘ularini yaxshi tushunganini bilish tasalli baxsh etadi. Bu, Xudo biz hissan siqilayotganimizni tushunayotganiga ham ishontirmoqda. U nima qila olishimiz-u nima qila olmasligimizni va hatto fikr-xayollarimiz-u tuyg‘ularimizni biladi. (Zab. 103:14; 139:3, 4) Ilyos kabi Yahovaga tayansak, U g‘am-tashvish tortishimizga sabab bo‘layotgan qiyinchiliklarimizda bardoshli bo‘lishimizga yordam beradi. (Zab. 55:22)
8. Yahova g‘am-tashvishni yengishingizga qanday qilib yordam beradi?
8 G‘am-tashvish dastidan salbiy fikr yuritishingiz va bu tufayli ruhingiz tushishi hech gap emas. Bunga duch kelsangiz, unutmang, Yahova g‘am-tashvishni yengishingizga yordam beradi. Xo‘sh, U buni qanday qiladi? U muammolaringiz-u nimani his qilayotganingizni Unga aytishni taklif etyapti. Yordam so‘rab qilgan iltijolaringizga javob berishiga ishontiryapti. (Zab. 5:3; 1 Butr. 5:7) Shunday ekan, muammolaringiz haqida Yahovaga tez-tez ibodat qiling. U Ilyosning vaziyatida bo‘lganidek, sizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri gapirmaydi. Lekin Kalomi bo‘lmish Muqaddas Kitob va tashkiloti orqali gapiradi. Muqaddas Kitobdan o‘qigan oyatlaringiz sizga tasalli va umid baxsh etishi mumkin. Imondoshlaringiz ham sizga dalda bera oladi. (Rim. 15:4; Ibron. 10:24, 25)
9. Qanday qilib ishonchli do‘st bizga yordam bera oladi?
9 Yahova Ilyosga mas’uliyatli ba’zi vazifalarni Elishayga topshirishni aytgan. Shu tariqa, Yahova Ilyos tushkunlikka tushgan paytlarda uning hissiy yukini yengil qilishga yordam bera oladigan yaxshi hamkor Elishayni bergan. Demak, ishongan do‘stimiz bilan bo‘lishganimizda, u hissiy yukimizni yengillatishga yordam bera oladi. (4 Shoh. 2:2; Hik. 17:17) Bordi-yu, tuyg‘ularingiz haqida gaplasha oladigan kishini topa olmayotgan bo‘lsangiz, Yahovaga ibodat qilib, hissan qo‘llab-quvvatlaydigan yetuk masihiyni izlab-topishingizga yordam berishini so‘rang.
10. Ilyosning misoli bizga qanday umid baxsh etyapti va Ishayo 40:28, 29 dagi va’da qanday qilib bizga ko‘maklashmoqda?
10 Yahova Ilyosga g‘am-tashvishni yengib, ko‘p yillar mobaynida sadoqat ila xizmat qilishiga yordam bergan. Bu payg‘ambarning misoli bizga umid baxsh etmoqda. Goh-gohida g‘am-tashvishlarning ko‘pligidan o‘zimizni jismonan va hissan ezilganday his etarmiz. Ammo Yahovaga tayansak, Unga xizmat qila olishimiz uchun kerakli kuch beradi. (Ishayo 40:28, 29 ni o‘qing.)
XANNA, DOVUD VA SANO BASTAKORI YAHOVAGA TAYANISHGAN
11–13. Xudoning qadimdagi uchta xizmatchisi duch kelgan g‘am-tashvish ularga qanday ta’sir qilgan?
11 Muqaddas Kitobda tilga olingan boshqa insonlar ham g‘am-tashvishga ro‘baro‘ kelishgan. Masalan, Xanna bola ko‘ra olmayotganidan 1 Shoh. 1:2, 6) U nihoyatda qayg‘urganidan, ko‘z yoshlar to‘kardi va ishtahasi ham yo‘q edi. (1 Shoh. 1:7, 10)
juda siqilardi va kundoshi ham bu tufayli uni mazax qilardi. (12 Ba’zida shoh Dovud ham g‘am-tashvishlarga duch kelardi. U boshdan kechirgan qiyinchiliklar haqida bir o‘ylab ko‘ring. Dovud qilgan ko‘pgina xatolari dastidan o‘zini aybdor his etardi. (Zab. 40:12) Suyukli o‘g‘li Absalom unga qarshi isyon ko‘targan va keyinchalik o‘ldirilgan (2 Shoh. 15:13, 14; 18:33) Qolaversa, uning jonajon do‘stlaridan biri unga xiyonat qilgan. (2 Shoh. 16:23–17:2; Zab. 55:12–14) Zaburning ko‘pgina sanolarida Dovud og‘riqli tuyg‘ularini-yu Yahovaga qat’iyan tayanayotgani haqida yozgan. (Zab. 38:5–10; 94:17–19)
13 Bir safar, sano bastakori yovuz kishilarning hayotiga hasad qila boshlagan. U levi bo‘lgan Osifning avlodidan bo‘lib, «Xudoning muqaddas maskanida» xizmat qilgan bo‘lishi mumkin. Bu sano bastakori hissan azob chekkan edi, chunki baxtsiz bo‘lib, qanoat hosil qilmay qo‘ygan. U hatto Allohga xizmat qilish keltiradigan qut-barakalardan shubhalana boshlagan. (Zab. 73:2–5, 7, 12–14, 16, 17, 21)
14–15. Muqaddas Kitobda tilga olingan uchta kishining misoli Yahovadan yordam izlash borasida nimaga o‘rgatyapti?
14 Yuqorida tilga olingan uchta xizmatchi Yahovaning yordamiga tayangan. Ular tashvishlari haqida astoydil ibodat qilgan. Ular shu qadar g‘am-tashvish tortayotganining sabablarini ochiqdan-ochiq Unga gapirib bergan. Shuningdek, Yahovaga topinadigan joyga borishdan to‘xtamagan. (1 Shoh. 1:9, 10; Zab. 55:22; 73:17; 122:1)
15 Yahova ularning har biriga rahm-shafqat ko‘rsatdi. Xanna ichki xotirjamlikka ega bo‘lgan. (1 Shoh. 1:18) Dovud shunday degan: «Odil kishi ko‘p qiyinchiliklarga duch keladi, ammo Yahova ularning baridan uni xalos qiladi». (Zab. 34:19) Sano bastakori esa, Yahova mehrga to‘la maslahat orqali yetaklab, o‘ng qo‘lidan mahkam ushlab turganini yozgan. U shunday deb aytgan: «Men uchun esa Xudoga yaqinlashish qanchalar yaxshi! Oliy Hukmdor Yahovani panohim deb bilaman». (Zab. 73:23, 24, 28) Bu uchta kishining misolidan qanday saboq olyapmiz? Ba’zan g‘am-tashvishdan azob tortishimizga sabab bo‘layotgan og‘ir muammolar girdobida qolamiz. Lekin Yahova boshqalarga qay yo‘sin yordam berayotgani haqida mulohaza yuritsak, ibodat qilib, Unga tayansak va bizdan talab qilayotganlariga amal qilsak, bardoshli bo‘la olamiz. (Zab. 143:1, 4–8)
YAHOVAGA TAYANIB, BARAKA TOPING
16–17. a) Nega o‘zimizni boshqalardan olib qochmasligimiz kerak? b) Qanday qilib qayta kuchga to‘la olamiz?
16 Bu uchta kishidan yana bir muhim narsaga, ya’ni Yahovadan hamda Uning xalqidan ajralmasligimiz kerakligiga o‘rgandik. (Hik. 18:1) Eri tashlab ketgan Nilyufar ismli imondoshimiz qayg‘uga botgan edi. U shunday dedi: «Ko‘p kunlar davomida hech kimni ko‘rgim ham, gaplashgim ham kelmas edi. Lekin o‘zimni qancha ko‘p boshqalardan olib qochsam, shuncha ko‘p qayg‘urardim». Nilyufar muammolarga duch kelgan boshqalarga yordam berishga harakat qila boshlaganida, vaziyat o‘zgardi. U: «Boshqalarning dardlarini eshitardim. Ularga achinayotganimni his qilganim sayin, o‘zim va muammolarimga kamroq diqqat qaratishimni sezdim»,— dedi.
17 Jamoat uchrashuvlariga borib kuch-quvvatga to‘lamiz. U yerda Yahova madadkor-u yupatuvchimiz ekanini his etishimizga yana bir imkon paydo bo‘ladi. (Zab. 86:17) Yig‘ilishlarda Xudo bizni muqaddas ruhi, Kalomi va xalqi orqali mustahkamlaydi. Biz u yerda «bir-birimizning imonimizdan dalda olishimiz» mumkin. (Rim. 1:11, 12) Surayyo ismli imondoshimiz quyidagicha bo‘lishdi: «Yahova hamda imondoshlarim bardoshli bo‘lishimga yordam berishdi. Men uchun eng muhimi jamoat uchrashuvlari edi. Xizmatda va jamoatda ko‘p mehnat qilganim sari, g‘am-tashvish bilan kurashish osonroq bo‘lganini tushundim».
18. Siqilgan paytlarimizda Yahova bizga nima ato etishi mumkin?
18 Siqilgan paytlarda shuni unutmaylik-ki, Yahova nafaqat kelajakda g‘am-tashvishni abadulabad bartaraf etishini, balki bugungi kunda ularni yengishga ko‘maklashishni taklif etmoqda. Og‘riq keltiradigan va umidsizlikka tushiradigan tuyg‘ularni yenga olishimiz uchun Xudo bizda «istak uyg‘otib, kuch ato etadi». (Filip. 2:13)
19. Rimliklarga 8:37–39 dagi va’da bizni nimada ishontirmoqda?
19 Rimliklarga 8:37–39 ni o‘qing. Havoriy Pavlus bizni Xudoning sevgisidan hech narsa judo qila olmasligini aytgan. G‘am-tashvish bilan kurashayotgan birodar-u opa-singillarimizga qanday qilib yordam bera olamiz? Kelasi maqolada Yahovaga taqlid qilib rahm-shafqatli bo‘la olishimiz va g‘am-tashvishlar girdobida qolgan imondoshlarimizni qo‘llab-quvvatlashimiz mumkinligi haqida so‘z yuritiladi.
44-QO‘SHIQ Shikasta qalb nolasi
^ 5- x.b. G‘am-tashvishlar ko‘pligi yoki ular ancha vaqt davom etishi jismonan va hissan ziyon keltirishi mumkin. Yahova bizga qanday qilib yordam bera oladi? Yahova Ilyosga g‘am-tashvishga duch kelganda qanday ko‘maklashganiga diqqat qaratamiz. Muqaddas Kitobdagi boshqa misollarga ham e’tibor berib, qiyin paytlarda qay yo‘sin Yahovaning yordamiga ega bo‘la olishimiz mumkinligini bilib olamiz.
^ 2- x.b. Ushbu maqoladagi ismlar o‘zgartirilgan.
^ 53- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Yahovaning farishtasi Ilyosni astagina uyg‘otib, non va suv beryapti.
^ 55- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Ehtimol, Osif avlodidan bo‘lgan sano bastakori boshqa levilar bilan sanolarni bastalab, ularni kuylashdan zavq olyapti.