Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Shaytonning tuzog‘idan himoyalaning!

Shaytonning tuzog‘idan himoyalaning!

ISROIL XALQI Xudo ularga va’da qilgan yurtga yetib olish uchun Iordan daryosining narigi tomoniga o‘tishga tayyorgarlik ko‘rayotganda, mehmonlar kelib qoladi. Ular isroillik erkaklarni bayramga taklif qilgan o‘zga xalq ayollari edi. Bu o‘zgacha bir imkoniyatday ko‘ringandir. Chunki u yerda yangi do‘stlar orttirish, raqs tushish va mazali taomlardan zavq olish mumkin edi. O‘sha ayollarning odatlari-yu me’yorlari Isroil xalqiga berilgan Tavrotga to‘g‘ri kelmagan bo‘lsa-da, ayrim isroillik erkaklar shunday fikrga borgan bo‘lsa kerak: «Buning yomon joyi yo‘q. Biz ehtiyot bo‘lamiz».

Qiziq, keyin nima bo‘ldi? Xudoning Kalomida: «Xalq Mo‘ab qizlari bilan jinsiy axloqsizlik qila boshladi»,— deyilgan. Aslida, o‘sha ayollar Isroil erkaklarini soxta xudolarga og‘dirmoqchi edi. Ular buni uddaladi! Shuning uchun ham, «Yahovaning Isroil o‘g‘illariga achchig‘i keldi». (Sah. 25:1–3)

O‘sha kishilar Xudoning qonunini ikki taraflama buzishdi, ya’ni butlarga sajda qilishdi va jinsiy axloqsizlikka qo‘l urishdi. Xudoga itoatsizlik qilgani uchun minglab kishilar o‘ldi. (Chiq. 20:4, 5, 14; Qonun. 13:6–9) Nima uchun bu ayniqsa qayg‘uli edi? Chunki ular muhim vaqtda yashayotgan edi. Agar ular Xudoning qonuniga amal qilishganida edi, minglab isroilliklar tez orada va’da qilingan yurtga yetib borish uchun Iordan daryosining narigi tomoniga o‘tishardi. (Sah. 25:5, 9)

O‘sha voqealar haqida havoriy Pavlus shunday yozgan: «Bularning barchasi saboq bo‘lsin deya ularning boshiga tushgan hamda zamonalarning oxirida yashayotgan bizlar uchun ogohlantirish sifatida yozilgan». (1 Kor. 10:7–11) Shubhasizki, Shayton o‘sha kishilar jiddiy gunohga botib, va’da qilingan yurtga kira olmaganidan rosa suyungan. Bu voqeani yodda tutish maqsadga muvofiq, zero Shayton bizga ham Xudoning yangi dunyosiga kirishimizga to‘sqinlik qila olsa, boshi ko‘kka yetadi!

XAVFLI TUZOQ

Shayton ko‘pchilikni yo‘ldan ozdira olgan hamda yaxshi bilgan usullarni qo‘llab, masihiylarni tuzoqqa tushirmoqchi. Yuqorida o‘qiganimizday, u isroillik kishilarni jinsiy axloqsizlik orqali qarmog‘iga ilintirgan. Bugungi kunda ham, axloqsizlik xavfli tuzoqdir. U bu maqsadni ko‘zlab, samara berayotgan usuldan, ya’ni pornografiyadan foydalanyapti.

Hozir pornografiyani odatda hech kimga bildirmay turib ham tomosha qilish mumkin. Ko‘p yillar oldin, kimdir pornografiyani ko‘rish uchun axloqsiz film ko‘rsatadigan joyga borishi yoki o‘zgacha do‘konda bunga aloqador biron ma’lumotni sotib olishi kerak edi. Ehtimol, u yerga borsa, boshqalar uni ko‘rib qolishidan uyalgani uchun ba’zilar pornografiyadan bosh tortgandir. Lekin hozir Internetga kira oladigan kishi ishda yoki hatto mashina ichida ham uni ko‘ra oladi. Anchagina mamlakatlarda erkak yoki ayol kishilar uyidan chiqmay turib ham uni bemalol tomosha qila oladi.

Bu hali hammasi emas. Elektron qurilmalar orqali ham pornografiyani osonlikcha ko‘rsa bo‘ladi. Odamlar ko‘cha-ko‘yda yoki jamoat transportda ketayotib, qurilmasi orqali behayo rasmlarni ko‘ra oladi.

Pornografiyani osonlikcha va yashirmay tomosha qilish imkoniyatlari ko‘paygani tufayli o‘tmishga qaraganda, hozirgi kunda u ko‘proq insonlarga zarar keltirmoqda. Bu illat son-sanoqsiz kishilarning nikohini buzmoqda, o‘ziga bo‘lgan hurmat va vijdoniga ta’sir qilmoqda. Eng dahshatlisi esa, bu bilan ular Alloh bilan munosabatlarini xavf ostiga qo‘ymoqda. Ishonavering, pornografiyani tomosha qilish kishiga zarar keltiradi. Ko‘p hollarda bu chuqur hissiy jarohatlar yetkazadi. Bu jarohatlar asta-sekin bitsa-da, chandiqlarga aylanib qolishi mumkin.

Shuning uchun, Yahova Shaytonning bu tuzog‘iga qarshi qanday himoya taqdim etayotganidan xabardor bo‘lishimiz zarur. Xudoning bu himoyasiga ega bo‘lsak, o‘sha isroilliklardan farqli ravishda Unga «qat’iy itoat etishimiz» kerak. (Chiq. 19:5) Xudo pornografiyadan qattiq nafratlanishini tan olishimiz lozim. Nima sababli bunday xulosaga kelyapmiz?

YAHOVA KABI UNDAN JIRKANING

Bir o‘ylab ko‘ring, Xudo Isroil xalqiga bergan qonunlar boshqa xalqlarnikidan farq qilardi. Ular devor singari, Isroil xalqini jirkanchli qilmishlarga qo‘l urgan atrofidagi kishilardan ajratib turardi. (Qonun. 4:6–8) O‘sha qonunlar muhim haqiqatni oshkor etgan: Tangri Yahova jinsiy axloqsizlikdan nafratlanadi.

Yahova atrofdagi xalqlarning buzuq ishlarini sanab o‘tib, isroilliklarga shunday degan: «Sizlarni boshlab borayotgan Kan’on yurtidagilarning odatlariga rioya etmanglar. [...] Ularning yurti ham bulg‘andi. Qilgan gunohi uchun bu yurt aholisini jazolayman». Kan’onliklarning yashash tarzi shu qadar buzuq bo‘lganidan, Isroilning muqaddas Xudosi ular yashagan o‘sha yurtni bulg‘angan va iflos deb bilgan. (Lev. 18:3, 25)

Yahova kan’onliklarni jazolagan bo‘lsa ham, boshqa odamlar jinsiy axloqsizlikni davom ettirib kelgan. Bir yarim ming yildan oshiq vaqt o‘tgach, Pavlus masihiylar yashagan paytdagi xalqlar haqida «har qanday or-nomusni yo‘qotgan» degan. Darhaqiqat, ular «turli iflos ishlarni ochko‘zlik bilan bajarish uchun axloqsiz xulqqa berilib ketishgan». (Efes. 4:17–19) Bugun ham ko‘pgina odamlar axloqsiz xulqqa berilib ketgan. Xudoning xizmatchilari esa, imkon qadar bu dunyo taqdim etayotgan axloqsiz narsalarni ko‘rishdan bosh tortishlari kerak.

Pornografiyani tomosha qilish Xudoni hurmat qilmayotganimizni ko‘rsatadi. U insonni O‘ziga monand va o‘xshash qilib yaratgan. Nima to‘g‘ri va nima noto‘g‘ri ekanining farqiga borish qobiliyati bilan yaratilganmiz. Jinsiy munosabatlar borasida qonunlar berib, Alloh dono yo‘l tutgan. U jinsiy munosabatlar er va xotinga lazzat keltirishini xohlagan. (Ibt. 1:26–28; Hik. 5:18, 19) Lekin pornografiyani taqdim etayotgan yoki uni olg‘a surayotganlar haqida nima desa bo‘ladi? Axir ular Allohning axloqiy me’yorlarini umuman pisand qilishmayapti. Ular Yahovaga hurmatsizlik ko‘rsatishyapti. Axloqsiz narsalarni taqdim etib yoki olg‘a surib, Xudoning me’yorlarini mensimayotganlarni U hukm qiladi. (Rim. 1:24–27)

Pornografiya bilan bog‘liq narsalarni bila turib o‘qiyotgan yoki tomosha qilayotganlar haqida nima deyish mumkin? Ba’zilar buni zararsiz vaqtichog‘lik deb bilar. Biroq bu bilan ular Yahovaning me’yorlarini nazariga ilmayotganlarni qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rsatishadi. Ular pornografiyani tomosha qilishni boshlaganda, bu ularning xayoliga ham kelmagandir. Ammo Muqaddas Kitobga ko‘ra, haq Xudoning xizmatchilari pornografiyadan jirkanishi kerak. Zabur 97:10 da: «Ey, Yahovani sevadiganlar, yomonlikdan nafratlaning»,— degan undov yozilgan.

Pornografiyani tomosha qilishdan bosh tortayotgan kishilar uchun bu bilan kurashish oson emasdir. Biz nomukammalmiz va jinsiy ehtiroslarga qarshi turish uchun kurashayotgan bo‘lishimiz mumkin. Lekin nomukammal qalbimiz pornografiyani tomosha qilishning yomon joyi yo‘q deb aldashi hech gap emas. (Yerm. 17:9) Ammo Xudoning xizmatchilariga aylangan ko‘pchilik bu jangda g‘alaba qozongan. Siz ham kurashayotgan bo‘lsangiz, buni bilish sizga dalda baxsh etishi mumkin. Xudoning Kalomi Shaytonning bu tuzog‘idan yiroqlashishingizga qanday yordam bera olishiga diqqat qarataylik.

JINSIY EHTIROSLARGA BERILMANG

Yuqorida aytilganiday, ko‘p isroilliklar noto‘g‘ri istaklari dastidan halokatga uchragan. Bugun ham bu yuz berishi mumkin. Isoning tutingan ukasi Yoqub bu xavfni shunday ta’riflagan: «Har kim o‘z ehtirosiga berilib, [aldanadi]... So‘ngra ehtiros homilador bo‘lib gunohni tug‘adi». (Yoqb. 1:14, 15) Agar inson ehtiros yuragida rivojlanishiga yo‘l qo‘ysa, vaqt o‘tib u gunohga qo‘l urish ehtimoli bor. Shu bois, axloqsiz fikr-xayollarga berilmay, ularni to‘xtatishga jon kuydirishimiz kerak.

Nopok fikrlar o‘z domiga tortayotgan bo‘lsa, zudlik bilan harakatga tushing. Iso quyidagicha degan: «Bordi-yu, qo‘l yoki oyog‘ingiz gunoh qilishingizga sabab bo‘lsa, uni chopib tashlang... Shuningdek, agar ko‘zingiz gunoh qilishingizga sabab bo‘lsa, uni o‘yib tashlang». (Mat. 18:8, 9) Albatta, Iso buni tom ma’noda qilishimiz kerakligini aytmagan. Bu bilan u gunoh qilishimizga sabab bo‘layotgan narsani darrov va qat’iylik ila olib tashlashimiz kerakligini aytgan. Ushbu maslahatni qay yo‘sin qo‘llay olamiz?

Pornografiyaga duch kelib qolsangiz: «Bu menga ta’sir qilmaydi»,— deb o‘ylamang. Darrov nigohingizni olib qoching. Televizorni shu zahotiyoq o‘chiring. Kompyuter yoki elektron qurilmani shu ondayoq o‘chiring. Nigohingizni pok narsalarga qarating. Bu, noto‘g‘ri istaklar sizni boshqarishiga emas, fikrlash tarzingizni nazorat qila olishingizga yordam beradi.

AXLOQSIZ O‘Y-XAYOLLAR SIZNI CHULG‘AB OLSA-CHI?

Agar pornografiyani tomosha qilmay qo‘ygan bo‘lsangiz, lekin goh-gohida behayo tasvirlar esingizga kelsa-chi? Bu kabi tasvir yoki fikrlar insonning xotirasida anchagina vaqtga muhrlanib qolishi mumkin. Bu qo‘qqisdan yuz berib qolishi hech gap emas. Bunday holda, biron nopok harakatga, masalan, masturbatsiya qilish vasvasasi tug‘ilishi mumkin. Bu kabi fikr-xayollar to‘satdan paydo bo‘lib qolishi mumkin ekan, ular bilan kurashishga tayyor turing.

Allohning irodasiga muvofiq fikr yuritib, harakat qilish qaroringizni kuchaytiring. Tanasini savalab, uni qulday nazorat qilishga tayyor bo‘lgan havoriy Pavlusga taqlid qiling. (1 Kor. 9:27) Nopok istaklarning quliga aylanmang. «Tangrining yaxshi, maqbul, komil irodasi nimada ekanini aniqlash uchun ongingizni yangilab, o‘zingizni o‘zgartiring». (Rim. 12:2) Shuni yodda tuting: Allohning irodasiga muvofiq fikr yuritish va harakat qilish, gunohli istaklarga berilishdan ko‘ra ko‘proq mamnuniyat baxsh etadi.

Allohning irodasiga muvofiq fikr yuritish va harakat qilish, gunohli istaklarga berilishdan ko‘ra ko‘proq mamnuniyat baxsh etadi

Muqaddas Kitobdagi muayyan oyatlarni yodlab oling. Noto‘g‘ri fikrlar esingizga tushib qolgan kezlarda, Muqaddas Yozuvlardan yodlagan oyatlaringiz borasida fikr yuritishga jon kuydiring. Masalan, Zabur 119:37; Ishayo 52:11; Matto 5:28; Efesliklarga 5:3; Kolosaliklarga 3:5 va 1 Salonikaliklarga 4:4–8 sizga Yahovaning pornografiya borasidagi nuqtai nazariga taqlid qilib, U kabi fikrlashga ko‘maklashadi.

Mabodo, axloqsiz narsalarga oid istak yoki xayollar ba’zida sizni qamrab olayotgan bo‘lsa-chi? Iso Masihga taqlid qilishga astoydil urining. (1 Butr. 2:21) Esingizdami, u suvga cho‘mgach, Shayton uni vasvasa qilganda, u qanday yo‘l tutgan? U vasvasaga berilmagan. Iso turli oyatlarni keltirgan holda o‘sha vasvasalarga qarshi tura olgan. Iso: «Yo‘qol ko‘zimdan, Shayton!» — deganda, u uni tark etgan. Ha, u Shayton bilan olib borgan kurashda hech ham taslim bo‘lmagan, siz ham shunday qilishingiz darkor. (Mat. 4:1–11) Shayton va uning dunyosi ongingizni axloqsiz narsalarga to‘ldirib tashlashga harakat qilyapti, lekin bu kurashda taslim bo‘lmang. Pornografiya ustidan g‘alaba qozona olasiz! Yahovaning ko‘magi bilan dushmangizni yengasiz.

YAHOVAGA IBODAT QILIB, UNGA BO‘YSUNING

Yahovaga tinmay ibodat qilib, yordam so‘rang. Pavlus shunday degan: «Tilaklaringizni... Allohga bildiringlar. Shunda har qanday o‘y-fikrdan ustun bo‘lgan Xudoning tinchligi qalbingizni va ongingizni Iso Masih orqali himoya qiladi». (Filip. 4:6, 7) Gunohga qarshi kurashayotganingizda, Xudoning tinchligi sizga tasalli baxsh etadi. Yahovaga yaqinlashsangiz, «U ham sizlarga yaqinlashadi». (Yoqb. 4:8)

Shaytonning har qanday tuzoqlaridan Sarvari Olam bilan qalin munosabatlarga ega bo‘libgina himoyalana olamiz. Iso: «Bu dunyoning hukmdori [Shayton] kelyapti. U esa menga hokim emas»,— degan. (Yuhan. 14:30) Nega Iso shu qadar kuchli ishonchga ega bo‘lgan? Uning o‘zi quyidagilarni aytgan: «Meni Yuborgan men bilandir. U meni yolg‘iz qoldirmadi, negaki men doim Unga ma’qul bo‘lgan ishni qilaman». (Yuhan. 8:29) Yahovani mamnun qilishga harakat qilsangiz, U sizni tashlab qo‘ymasligiga amin bo‘ling. Pornografiyadan bosh torting. Shunda Shayton sizni tuzog‘iga tushira olmaydi.