Qadimgi o‘rama bitik «ochildi»
1970-yili Eyn-Gedida topilgan yongan o‘rama bitik parchasini o‘qish imkoni bo‘lmagan edi. Yaqinda 3D texnologiyasi yordamida mazkur bitikda Levilar kitobidan parcha borligi va Xudoning shaxsiy ismi keltirilgani oshkor bo‘ldi
1970-YILI arxeologlar O‘lik dengizning g‘arbiy sohili yaqinida, Isroilning Eyn-Gedi shahrida yongan o‘rama bitikni qazib olishdi. Ehtimol, milodiy oltinchi asrga tegishli bo‘lgan qishloq vayronaga aylanganda yondirib yuborilgan sinagogani qazib olishayotganda ular mazkur o‘rama bitikka duch kelishdi. O‘rama bitikning holati juda yomon bo‘lgani tufayli u yerda nima yozilganini o‘qishning iloji yo‘q edi; uni ochsa, o‘rama bitikka zarar yetishi mumkin edi. Ammo 3D (uch o‘lchamli grafika) texnologiyasi yordamida o‘rama bitik «ochildi». Raqamli tasvirlash dasturining ko‘magi bilan esa, endi uning matnini o‘qish mumkin.
Qiziq, o‘rama bitikda nima yozilgan ekan? Mazkur bitikda Muqaddas Kitobdan matn keltirilgan. O‘rama bitikning parchalarida Levilar kitobining boshida keltirilgan bir nechta oyat yozilgan. Bu oyatlarda Xudoning shaxsiy ismi tetragrammaton shaklida uchraydi. Topilma milodiy birinchi asrning yarmidan boshlab milodiy to‘rtinchi asrgacha bo‘lgan davrga tegishli bo‘lishi mumkin. U Qumron qo‘lyozmalridan keyingi kashf qilingan Ibroniycha yozuvlarning eng qadimgi o‘rama bitigidir. Gil Zoxarning yozishicha, «Eyn-Gedida topilgan Levilar kitobining parchasini o‘qiy olmagunimizcha, ikkinchi ma’bad davrining so‘nggi yillariga tegishli O‘lik dengizning 2 000-yillik o‘rama bitiklari va milodiy 10-asrda yozilgan o‘rta asrga tegishli Aleppo kodeksi orasida ming yilcha vaqt o‘tgan deb hisoblanardi». («The Jerusalem Post») Tadqiqotchilarning aytishicha, raqamli tasvirlash dasturining ko‘magi bilan ochilgan mazkur o‘rama bitikdan shuni ko‘rish mumkinki, Masoret qo‘lyozmalarida keltirilgan Tavrot matni «minglab yillar davomida ham o‘zgartirilmagan va uni ko‘chirganlarning xatolari matnni o‘zgartirmagan».