Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

21-TADQIQ MAQOLASI

«Bu dunyoning donoligiga» aldanmang

«Bu dunyoning donoligiga» aldanmang

Bu dunyoning donoligi Allohning ko‘zi oldida nodonlikdir. 1 KOR. 3:19

98-QO‘SHIQ Xudo tomonidan ilhomlantirilgan Yozuvlar

BU MAQOLADA *

1. Xudoning Kalomi yordamida nimaga ega bo‘la olamiz?

BARCHA muammolarning yechimini topa olamiz. Chunki Buyuk Ustozimiz Tangri Yahovadir. (Ishayo 30:20, 21) «Har taraflama bilimga ega bo‘lib, har bir yaxshi ishga butunlayin tayyor» bo‘la olishimiz uchun Yahova Kalomi orqali bizga kerakli barcha narsani beryapti. (2 Tim. 3:17) Muqaddas Kitob ta’limotlariga muvofiq hayot kechirganimizda, «bu dunyoning donoligi» bo‘yicha yashash kerak deb ta’kidlayotganlarga qaraganda, ancha donoroq bo‘la olamiz. (1 Kor. 3:19; Zab. 119:97–100)

2. Ushbu maqolada nima haqida so‘z yuritiladi?

2 Barchamizga ma’lumki, bu dunyoning donoligi ko‘pincha xudbin istaklarimizga qaratilgan. Shuning uchun, bu dunyodagi ko‘plar kabi fikr yuritmaslik va harakat qilmaslik qiyin bo‘lishi mumkin. Yaxshiyamki, Muqaddas Kitobda shunday maslahat yozilgan: «Ehtiyot bo‘ling, hech kim sizlarni faylasuflik va quruq gaplar bilan tuzoqqa ilintirmasin. Bu narsalar insoniy urf-odatlarga... asoslangan». (Kolos. 2:8) Bu maqolada, tarix mobaynida ikkita quruq gap yoki yolg‘on qay yo‘sin rivoj olgani haqida so‘z yuritiladi. Har birini ko‘rib chiqayotib, nega bu dunyoning donoligi nodonlik ekanini va Xudoning Kalomidagi donolik bu dunyo taklif etayotgan har qanday narsadan ancha yuksak ekanini bilib olamiz.

AXLOQ BORASIDAGI NUQTAI NAZAR O‘ZGARGAN

3–4. Qo‘shma Shtatlarda 20-asrning boshlarida odamlarning jinsiy axloq borasidagi nuqtai nazari bilan nima bo‘ldi?

3 Qo‘shma Shtatlarda 20-asrning boshlarida odamlarning jinsiy axloq borasidagi nuqtai nazari keskin o‘zgardi. Avvallari, ko‘pchilik jinsiy munosabatlar faqat turmush qurganlar orasida bo‘lishi kerak va bu omma oldida muhokama qilinadigan mavzu emas deb hisoblardi. Lekin o‘sha me’yorlar yo‘qqa chiqib, hamma narsa mumkin degan g‘oya keng tarqalib ketdi.

4 Masalan, 1920–1929-yillar «gumburlagan yigirmanchi yillar» bo‘lib, jamiyat orasida uzoq vaqt davom etib kelayotgan keskin o‘zgarishlar yuz bergan. Bitta tadqiqotchi quyidagicha fikr bildirdi: «Film, teatr, qo‘shiq, asar va reklamalar orqali jinsiy munosabatlarga oid narsalar ko‘proq taqdim etiladigan bo‘ldi». O‘sha davrda raqslar jinsiy ehtiroslarni qo‘zg‘atishga qaratilgan, kiyinish uslubi ham ochiq-sochiqroq bo‘ldi. Muqaddas Kitobda oxirzamon haqida bashorat qilinishicha, odamlar tobora «aysh-ishratni sevadigan bo‘ladi». (2 Tim. 3:4)

Yahovaning xalqi bu dunyoning pasayib ketgan axloqiy me’yorlariga aldanmaydi (5-xatboshiga qarang.) *

5. Dunyoda 1960-yillardan beri nimalar tabiiy holga aylanib kelmoqda?

5 Shuningdek, 1960-yillarda rasmiy nikoh qurmay birga yashash, gomoseksualizm va ajrashish tabiiy holga aylandi. Vaqtichog‘lik qilishga mo‘ljallangan ko‘p narsalar orqali jinsiy yaqinlik yanada ochiqchasiga ko‘rsatilardi. Ushbu o‘n yillar ichida axloq borasidagi me’yorlar tobora unutilgani asoratsiz qolmadi. Bitta yozuvchining fikricha, oilalar buzilishi, ota yoki ona bolani yakka o‘zi o‘stirayotgani, hissiy jarohatlar, pornografiyaga qaramlik va shu kabi muammolarga «jamiyatni jinsiy munosabatlar borasida buzilib borayotgan me’yorlar shakllantirayotgani» sabab bo‘lmoqda. OITS kabi jinsiy aloqa orqali o‘tadigan kasalliklar keng tarqalayotgani bu dunyoning donoligi nodonlik ekanini isbotlayotgan belgilardan biri, xolos. (2 Butr. 2:19)

6. Shayton odamlarning jinsiy munosabatlar borasidagi nuqtai nazari qanday bo‘lishini istaydi?

6 Shayton odamlarning jinsiy munosabatlar borasidagi nuqtai nazari aynan shunday bo‘lishini istaydi. Shak-shubhasizki, odamlar Xudo ato etgan bu hadyani noto‘g‘ri tarzda qo‘llayotganini va nikoh hadyasini oyog‘osti qilayotganini ko‘rib u rosa suyunyapti. (Efes. 2:2) Agar odamlar jinsiy axloqsizlik bilan shug‘ullansa, bola ko‘rish kabi Yahovaning sovg‘asini bulg‘ayotganini ko‘rsatishadi, bu ular uchun abadiy hayotga erishishga to‘siq bo‘lishi mumkin. (1 Kor. 6:9, 10)

JINSIY AXLOQSIZLIK HAQIDA MUQADDAS KITOBDA NIMA DEYILGAN?

7–8. Muqaddas Kitobda jinsiy munosabatlar borasidagi nuqtai nazar bu dunyonikidan qanday farq qiladi?

7 Bu dunyoning donoligiga berilib ketgan kishilar axloq borasidagi Muqaddas Kitobdagi me’yorlarni pisand qilmay, ularga amal qilishning iloji yo‘q deb ta’kidlaydi. Ular shunday deb aytishi mumkin: «Alloh bizni jinsiy istaklarga ega qilib yaratgan bo‘lsa, unda nega ularni tiyishimiz kerakligini talab qilyapti?» Bu savol odamlar biron nima qilishni xohlasa, o‘shani qilishi kerak degan yanglish fikr sababli yuzaga kelmoqda. Muqaddas Kitobda esa umuman boshqacha fikr yozilgan. Unga ko‘ra, nomunosib xohish-istaklarimizni nazorat qilishga harakat qilishimiz mumkin. (Kolos. 3:5) Buning ustiga, Yahova nikohni hadya sifatida bergani tufayli er-xotin jinsiy istaklarini munosib tarzda qondira oladi. (1 Kor. 7:8, 9) Demak, ko‘pincha axloqsizlikning asoratlari bo‘lmish aybdorlik va turli xavotirlardan holi ravishda er-xotin jinsiy munosabatlaridan lazzat olishi mumkin.

8 Bu dunyoning donoligidan farqli ravishda, Muqaddas Kitobda jinsiy munosabatlar borasida to‘g‘ri tushuncha berilgan. Unda aytilishicha, bu munosabatlar lazzat baxsh etishi mumkin. (Hik. 5:18, 19) Ammo Muqaddas Kitobda shunday yozilgan: «Har biringiz o‘z badaningizni muqaddas va sharafli tarzda boshqara bilsin. Xudoni bilmaydigan xalqlarga o‘xshab ochko‘zlik bilan tiyiqsiz shahvoniy hirsga berilmanglar». (1 Salon. 4:4, 5)

9. a) Qanday qilib Yahovaning xalqi 20-asr boshlarida Xudoning Kalomidagi yuksak donolikka amal qilishga chorlangan? b) 1 Yuhanno 2:15, 16 da qanday maslahat yozilgan? v) Rimliklarga 1:24–27 ga ko‘ra qanday axloqsiz ishlardan qochishimiz kerak?

9 Yigirmanchi asrning boshlarida Yahovaning xalqi «har qanday or-nomusni yo‘qotgan» kishilarning nuqtai nazariga berilmagan. (Efes. 4:19) Ular Yahovaning me’yorlariga qat’iy rioya qilishga intilgan. «Qo‘riqchi minorasi»ning 1926-yil, 15-may sonida shunday deyilgan: «Xoh erkak, xoh ayol bo‘lsin fikrda va harakatda, ayniqsa, o‘zga jinsdagi kishilar bilan munosabat qilganda pok va rostgo‘y bo‘lishi lozim». Bu dunyoda nima bo‘lishidan qat’i nazar, Yahovaning xalqi Uning Kalomidagi yuksak donolikka rioya qilgan. (1 Yuhanno 2:15, 16 ni o‘qing.) Xudoning Kalomi borligidan minnatdormiz! Yahova axloq borasida bu dunyoning donoligiga aldanib qolmasligimizga ko‘maklashib, o‘z vaqtida ma’naviy ozuqani taqdim etayotganidan ham minnatdormiz *. (Rimliklarga 1:24–27 ni o‘qing.)

O‘ZIGA NISBATAN SEVGI BORASIDAGI NUQTAI NAZAR O‘ZGARGAN

10–11. Muqaddas Kitobda bashorat qilinganiday, oxirzamonda nimalar yuz beradi?

10 Muqaddas Kitobda bashorat qilinganiday, oxirzamonda «odamlar o‘zini sevadigan» bo‘lib ketadi. (2 Tim. 3:1, 2) Bu dunyo odamlarni xudbinlikka chorlayotgani ajablanarli emas. Bir ensiklopediyada yozilganiday, 1970-yillarda qay yo‘sin muvaffaqiyatli hayot kechirish masalasida maslahatlar keltirilgan kitoblar nashr etilgan. O‘sha kitoblarning ba’zilari, o‘quvchilar o‘zini boricha qabul qilib, hech nimani o‘zgartirmaslikka chorlagan. Masalan, bu kitoblarning birida: «Dunyodagi eng go‘zal, ajoyib, bebaho bo‘lgan shaxsni — o‘zingizni yaxshi ko‘ring»,— deb yozilgan. Bu kitob inson qanday yo‘l tutishi, nimalarni his qilishi va xohlashi borasida o‘ziga-o‘zi xo‘jayin bo‘lishi kerak deb rag‘batlantiradi.

11 Bu fikr sizga tanishmi? Esingizda bo‘lsa, Shayton Momohavoni shu kabi narsaga undagan. U Momohavo «Xudo kabi nima yaxshi va nima yomon ekanini» bilishi mumkinligini aytgan. (Ibt. 3:5) Bugungi kunda, aksariyat insonlar o‘zini yuqori ko‘rib, ularga hech kim, hatto Xudo ham nima to‘g‘ri va nima noto‘g‘ri ekani borasida fikr bildirishga haqqi yo‘q deb o‘ylaydi. Misol uchun, bunday fikrlash tarzi odamlarning nikoh borasidagi nuqtai nazarida yaqqol aks etmoqda.

Masihiylar boshqalarning, ayniqsa, o‘z umr yo‘ldoshining ehtiyojlarini o‘zinikidan ustun qo‘yadi (12-xatboshiga qarang.) *

12. Bu dunyo nikoh borasida qanday fikrni olg‘a surmoqda?

12 Muqaddas Kitobga binoan, er-xotin bir-birini hurmat qilishi va nikoh qasamini yodda tutishi kerak. U turmush o‘rtoqlarni bir-biriga vafodor bo‘lib qolishga undaydi. Zero, unda shunday yozilgan: «Erkak kishi o‘z ota-onasini qoldirib, xotiniga bog‘lanib qoladi va ular bir tan bo‘lishadi». (Ibt. 2:24) Bu dunyoning donoligi esa umuman boshqacha fikrni olg‘a surib, turmush o‘rtoqlar faqat o‘zining ehtiyojlariga diqqat qaratishi kerak deb uqtirmoqda. Ajrashish haqidagi bir kitobda shunday izoh keltirilgan: «Ayrim nikoh marosimlarida turmush qurayotganlar bir-biriga: “Umrimning oxirigacha siz bilan bo‘laman”,— degan so‘zlar o‘rniga: “Sizni sevganimga qadar siz bilan bo‘laman”,— deb qasam ichishmoqda». Odamlar nikohga nisbatan shunday nuqtai nazarda bo‘lgani uchun oilalar buzilib ketmoqda va ko‘plar hissan jarohatlanmoqda. Shubhasizki, nikoh borasidagi bu dunyoning nuqtai nazari nodonlikdir!

13. Yahova kekkayganlardan jirkanishining sabablaridan biri qanday?

13 Hikmatlar 16:5 da: «Kekkaygan har kimsa Yahova uchun jirkanchdir»,— deyilgan. Qiziq, nega kekkayganlar Yahova uchun jirkanchli? Buning sabablaridan biri shundaki, faqat o‘zini sevganlar bu fikrni rivojlantirib va uni boshqalarga uqtirib Shayton kabi mag‘rurlanib ketadi. Shayton Xudo barcha narsani yaratish uchun foydalangan Iso unga tiz cho‘kib sajda qiladi degan fikrga borib, takabbur ekanini ko‘rsatgan. (Mat. 4:8, 9; Kolos. 1:15, 16) O‘zining muhimligi haqida yuqori fikrda bo‘lganlar bu dunyoning donoligi Xudoning oldida nodonlik ekanini tasdiqlamoqda.

QADR-QIMMATIMIZ HAQIDA MUQADDAS KITOBDA NIMA DEYILGAN?

14. Qanday qilib Rimliklarga 12:3 o‘zimizga nisbatan muvozanatli nuqtai nazarda bo‘lishga yordam beryapti?

14 Muqaddas Kitob o‘zimizga nisbatan muvozanatli nuqtai nazarda bo‘lishga yordam beryapti. Unga ko‘ra, o‘zimizni sevishning yomon joyi yo‘q. Iso: «Yaqiningizni o‘zingizni sevgandek seving»,— deb aytgan so‘zlaridan ehtiyojlarimizga o‘rinli tarzda e’tibor berishimiz kerakligini bilib olyapmiz. (Mat. 19:19) Muqaddas Kitob o‘zimizni boshqalardan muhimroq deb bilish kerakligiga o‘rgatmayapti. Aksincha, u yerda quyidagicha maslahat bor: «Hech narsani izzattalablik yoki manmanlik bilan qilmay, aksincha, kamtar bo‘lib, boshqalarni o‘zingizdan ustun qo‘yinglar». (Filip. 2:3; Rimliklarga 12:3 ni o‘qing.)

15. Qadr-qimmatimiz borasida Muqaddas Kitobdagi maslahatni nega amaliy deb bilasiz?

15 Hozirda, ko‘pgina insonlar, hatto o‘qimishli kishilar ham Muqaddas Kitobda yozilganlarni nodonlik deb biladi. Ularning aytishicha, odam boshqalarni o‘zidan ustun qo‘ysa, ahamiyatsiz bo‘lib ko‘rinadi va o‘zgalar undan foydalanadi. Ammo Shaytonning dunyosi o‘zini sevish borasidagi olg‘a surayotgan nuqtai nazarning oqibatlari haqida nima desa bo‘ladi? Siz nimalarga e’tibor berdingiz? Xudbin kishilar baxtlimi? Ularning oilalari baxtiyormi? Samimiy do‘stlari bormi? Alloh bilan yaqin munosabatlarga egami? Nimaning guvohi bo‘lyapsiz? Qay biri eng a’lo natija keltiryapti: bu dunyoning donoligiga ergashishmi yoki Xudoning Kalomidagi donolikka amal qilishmi?

16–17. Nima uchun minnatdormiz va nega?

16 Bu dunyoning donoligini yuksak deb, maslahatiga rioya qilayotgan kishini adashib qolgan sayohatchilardan to‘g‘ri yo‘lni surishtirayotgan adashgan sayohatchiga o‘xshatsa bo‘ladi. Iso qo‘shtirnoq ichidagi hozirgi dono kishilar haqida shunday degan: «Ular ko‘r yo‘lboshchilardir. Agar ko‘r ko‘rni yetaklasa, ikkalasi ham chuqurga qulaydi». (Mat. 15:14) Darhaqiqat, bu dunyoning donoligi Xudoning oldida nodonlikdir.

Xudoning xalqi Unga xizmat qilgan vaqtni mamnuniyat ila eslaydi (17-xatboshiga qarang.) *

17 Muqaddas Kitobdagi dono maslahatlar «o‘rgatish, tanbeh berish, tuzatish, adolat yo‘lida tarbiyalash uchun» doim foydalidir. (2 Tim. 3:16) Yahova O‘z tashkiloti orqali bizni bu dunyoning donoligidan himoya qilayotgani uchun ming qatla shukr! (Efes. 4:14) U taqdim etayotgan ma’naviy ozuqa yordamida Muqaddas Kitobdagi me’yorlarga amal qilishimiz uchun kuch baxsh etmoqda. Ha, Yahovadan Kalomidagi eng ishonchli donolik va yo‘l-yo‘riqni olayotganimiz katta sharaf!

54-QO‘SHIQ «Mana yo‘l»

^ 5- x.b. Ushbu maqola faqat Yahova ishonchli yo‘l-yo‘riq Manbai ekaniga bo‘lgan ishonchimizni mustahkamlashga ko‘maklashadi. Shuningdek, undan bu dunyoning donoligiga ergashish asoratsiz qolmasligini, Xudoning Kalomidagi donolikka amal qilish esa foydali ekanini bilib olamiz.

^ 9- x.b. Masalan, «Yoshlarning savollari. Amaliy maslahatlar» (rus) nomli kitobning 1 jild, 24–26 sahifalari va 2 jild, 4–5 sahifalari; «Yoshlarning 10 ta savoliga javoblar», 7 savol, 21–23 sahifalariga qarang.

^ 50- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Bir juftlikning hayotida yuz bergan ba’zi voqealar keltirilgan. Er-xotin 1960-yillarning oxirida va’zgo‘ylik qilmoqda.

^ 52- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. 1980-yillarda, er kasal xotiniga g‘amxo‘rlik qilyapti, ularning qizi ham ular bilan birga.

^ 54- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Bugungi kunda, er-xotin Yahovaga xizmat qilgan baxtli xotiralarni yodga olmoqda. Ularning ulg‘aygan qizi ham o‘z oilasi bilan birga ota-onasining quvonchiga sherik bo‘lyapti.