Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

19-TADQIQ MAQOLASI

Yomonlikka duch kelganda, sevgi va haqqoniyat

Yomonlikka duch kelganda, sevgi va haqqoniyat

Sen yovuzlikdan zavq oladigan Xudo emassan-ku! Hech bir yomon inson Sening mehmoning bo‘la olmaydi. ZAB. 5:4

142-QO‘SHIQ Umidni mustahkam ushlaylik

BU MAQOLADA *

1–3. a) Zabur 5:4–6 ga ko‘ra, Yahova yovuzlikka nisbatan nimani his etadi? b) Nega bolaning nomusiga tegish «Masihning qonuniga» zid deb ayta olamiz?

TANGRI YAHOVA yovuzlikning barcha turidan nafratlanadi. (Zabur 5:4–6 ni o‘qing.) U o‘taketgan yovuzlikdan, ya’ni bolalar nomusiga tajovuz qilinishdan nihoyatda jirkanadi. Yahovaning Shohidlari sifatida U kabi bu yovuzlikdan nafratlanamiz va masihiylar jamoatida bunga ko‘z yummaymiz. (Rim. 12:9; Ibron. 12:15, 16)

2 Bolaning nomusiga tegish «Masihning qonuniga» zid ekanligi turgan gap! (Galat. 6:2) Nega bunday fikrdamiz? Oldingi maqoladan bilib olganimizday, Masihning qonuni, ya’ni Iso ham so‘z, ham amalda o‘rgatgan hamma narsa sevgiga asoslangan va doim haqqoniyatni olg‘a suradi. Masihiylar ushbu qonunga bo‘ysungani uchun, farzandlariga nisbatan shunday munosabatda bo‘lishadiki, ular o‘zini himoya va chinakam sevgi ostida his etishadi. Ammo bolalarni jinsiy tahqirlash xudbinlik va o‘taketgan yovuzlikdir. Uning dastidan bola o‘zini himoyasiz his qiladi va unga uni hech kim yaxshi ko‘rmaydiganday tuyuladi.

3 Ming afsuski, bolalarni zo‘rlash butun dunyo bo‘ylab o‘latga aylanmoqda, bu muammo masihiylarga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda. Nima sababli? «Yomon insonlar va yolg‘onchilar» tobora ko‘payib ketmoqda va jamoatga ham ularning ba’zilari kirib kelishi hech gap emas. (2 Tim. 3:13) Qolaversa, o‘zini jamoat a’zosi deb hisoblaydigan ba’zilar buzuq istaklariga berilib, bolaning nomusiga tekkan. Keling, bu nima uchun shu qadar og‘ir gunoh deb hisoblanishini bilib olaylik. Bundan tashqari, jiddiy gunoh sodir etilganda oqsoqollar qanday choralar ko‘rishi va ota-onalar o‘z farzandlarini qay yo‘sin himoya qilishi borasida so‘z yuritamiz *.

OG‘IR GUNOH

4–5. Nima uchun bola tahqirlansa, bu unga qarshi gunoh deb hisoblanadi?

4 Bola jinsiy tahqirlansa ancha vaqt ta’sir qiladigan oqibatlar yuzaga keladi. Buning qurboniga aylangan inson va uni yaxshi ko‘radigan kishilari, masalan, oila a’zolari va imondoshlari ham buning asoratini his qilishadi. Bolaning nomusiga tegish juda og‘ir gunoh.

5 Bu, qilmishning qurboniga * aylangan bolaga qarshi gunoh. Ushbu gunoh boshqalarga ozor yetkazib, azob chekishiga sabab bo‘ladi. Kelasi maqoladan bolaning nomusiga tekkan kishi unga jismoniy va hissiy tomonlama jarohat yetkazishi haqida bilib olamiz. U bolaning ishonchini poymol qilib, uni xavfsizlikdan mahrum qiladi. Bolalarni bunday zo‘ravon qilmishdan himoyalash kerak. Bunga duch kelgan farzandlarga tasalli va yordam berish lozim. (1 Salon. 5:14)

6–7. Nega bolaning nomusiga tegish jamoatga va hukumatga qarshi gunoh hisoblanadi?

6 Bu, jamoatga qarshi gunoh. Jamoat a’zosi bolaning nomusiga tekkanlikda aybdor deb topilsa, bu jamoat nomini bulg‘aydi. (Mat. 5:16; 1 Butr. 2:12) Bu «imon uchun zo‘r berib kurashayotgan» millionlab sadoqatli masihiylarga isnod keltiradi. (Yahd. 3) Bunday yovuz ishlarga qo‘l urib, tavba qilmayotgan kishi oramizda bo‘lishiga va jamoatning yaxshi nomini bulg‘ashiga yo‘l qo‘ymaymiz.

7 Bu, hukumatga qarshi gunoh. Muqaddas Kitobda masihiylar haqida: «Hukmron hokimiyatga bo‘ysunsin»,— deb yozilgan. (Rim. 13:1) Hukumat qonunlariga bo‘ysunib, hurmat qilayotganimizni itoatkorligimiz orqali ko‘rsatamiz. Agar jamoat a’zosi qonunni buzsa, masalan, bolaning nomusiga tegsa, bu hukumatga ham qarshi gunohdir. (Havoriylar 25:8 ni solishtiring.) Qonunni buzgan odamni jazoga tortish oqsoqollarning zimmasida bo‘lmasa-da, bolani tahqirlagan kishi hukumat tomonidan jazoga tortilishiga ular qarshilik ko‘rsatmaydi. (Rim. 13:4) Gunohga qo‘l urgan inson nima eksa, shuni o‘radi. (Galat. 6:7)

8. Insonga qarshi qilingan gunohlarga Yahova qanday munosabatda?

8 Eng muhimi, bu Xudoga qarshi gunoh. (Zab. 51:4) Boshqa insonga qarshi gunoh qilgan kishi Yahovaga ham qarshi gunoh qilgan bo‘ladi. Keling, Alloh Isroil xalqiga bergan qonunga diqqat qarataylik. Unga ko‘ra, yaqiniga yolg‘on gapirgan yoki uni aldagan kishi «Yahovaga nisbatan bevafolik qilgan» bo‘ladi. (Lev. 6:2–4) Shunday ekan, jamoat a’zosi bolani zo‘rlasa, Xudoga bevafolik qilgan bo‘ladi, chunki u kishi bolani aldadi. Negaki, bola unga ishongan, u esa undan foydalangan. Endi bola o‘zini himoya ostida his qilmaydi. Uni zo‘rlagan kishi Yahovaning ismini badnom qildi. Shu bois, bu qilmishni Xudoga qarshi jirkanch gunoh deb bilamiz. Bu og‘ir gunohga biz qarshimiz.

9. Yillar davomida tashkilotimiz Muqaddas Kitob asosida qanday ma’lumotni taqdim etib kelyapti va nima uchun?

9 Yillar davomida Yahovaning tashkiloti bolani jinsiy zo‘rlash mavzusida Muqaddas Kitobga asoslangan ko‘pdan-ko‘p ma’lumotni taqdim etib kelgan. Masalan, «Qo‘riqchi minorasi» va «Uyg‘oning!» jurnallaridagi maqolalarda bu yovuz qilmishning qurboniga aylanganlar qay yo‘sin hissiy jarohatni yengib kelayotgani, boshqalar ularga qanday qilib yordam va dalda bera olishi hamda ota-onalar farzandlarini qanday himoya qila olishi to‘g‘risida yozilgan. Bolaning nomusiga tegish vaziyatlari paydo bo‘lsa, oqsoqollar qanday chora ko‘rish borasida Muqaddas Kitob asosida batafsil yo‘l-yo‘riqlar olishadi. Shu kabi vaziyatda oqsoqollar qanday yo‘l tutishi masalasi tashkilotimiz tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi davom etmoqda. Nima sababli? Chunki bu masalani hal qilish yo‘li Masihning qonuniga muvofiq bo‘layotganiga amin bo‘lishni istaymiz.

JIDDIY GUNOH SODIR ETILGANDA QANDAY CHORALAR KO‘RILADI?

10–12. a) Oqsoqollar jiddiy gunoh sodir etilgan vaziyat bilan bog‘liq har qanday masalani ko‘rib chiqayotganda, nimani yodda tutadi va qanday maqsadga ega? b) Yoqub 5:14, 15 ga binoan, oqsoqollar nima qilishga intiladi?

10 Oqsoqollar jiddiy gunoh sodir etilgan vaziyat bilan bog‘liq har qanday masalani ko‘rib chiqayotganda, Masihning qonunini yodda tutishadi. Unga binoan, ular Xudoning suruviga nisbatan mehr ila munosabat qilib, Uning nazarida to‘g‘ri deb hisoblangan ishni qilishadi. Shuning uchun, ular kimdir gunohga qo‘l urgani haqida xabar topishsa, bir nechta narsa ustida yaxshilab o‘ylab ko‘rishi kerak. Ayniqsa, oqsoqollar Xudoning ismi muqaddas tutilishiga mas’uldir. (Lev. 22:31, 32; Mat. 6:9) Ular birodar-u opa-singillarning ma’naviy sog‘ligi borasida ham juda qayg‘urishadi va og‘ir gunoh qurboniga aylangan har bir kishiga yordam berishni istashadi.

11 Oqsoqollar shuningdek, gunohga qo‘l urgan kishi tavba qilayotganini aniqlashga harakat qilishadi va u tavba qilayotgan bo‘lsa, Yahova bilan bo‘lgan munosabatlarini tiklashiga yordam berishadi. (Yoqub 5:14, 15 ni o‘qing.) Ehtirosiga berilib jiddiy gunoh qilayotgan masihiy ma’nan kasal hisoblanadi. Bu degani, uning Yahova bilan bo‘lgan yaqin munosabatlariga darz ketgan *. Bu vaziyatda oqsoqollarni ma’naviy shifokorlar deb ayta olamiz. Ular «kasalga [bu vaziyatda, gunoh qilganga] shifo berishga» harakat qilishadi. Ammo bu kishi chin dildan tavba qilsagina, Muqaddas Kitob asosida berilgan maslahat yordamida Xudo bilan munosabatlarini yaxshilay oladi. (Havor. 3:19; 2 Kor. 2:5–10)

12 Shunisi aniqki, oqsoqollar jiddiy mas’uliyatga ega. Oqsoqollar Alloh ularga ishonib topshirgan suruviga juda g‘amxo‘rlik qilishadi. (1 Butr. 5:1–3) Ular imondoshlari jamoatda o‘zlarini bexatar his etishlarini istashadi. Shu bois, ular jiddiy gunoh, jumladan, bolani tahqirlash haqida xabar topganda, zudlik bilan chora ko‘rishadi. Qiziq, ular nima qilishadi? Keling, bu maqoladagi  13-,  15- va  17- xatboshilarida keltirilgan birinchi savollarning javoblarini ko‘rib chiqaylik.

13–14. Bola tahqirlangani haqida xabar topgan oqsoqollar bu masalada hukumat a’zolarini xabardor qilish borasidagi qonunlarga amal qiladimi? Tushuntiring.

 13 Bola tahqirlangani haqida xabar topgan oqsoqollar bu masalada hukumat a’zolarini xabardor qilish borasidagi qonunlarga amal qiladimi? Ha. Bunday qonunlar bor bo‘lgan mamlakatlarda, oqsoqollar bu qonunlarga amal qilib, bola zo‘rlash qurboniga aylangani haqida hukumat a’zolarini xabardor qiladi. (Rim. 13:1) Shu kabi qonunlar Xudoning qonuniga zid emas. (Havor. 5:28, 29) Shu bois, ular bola tahqirlangani haqida bilgan zahotiyoq, bu masaladagi qonunlarga qay yo‘sin amal qilish borasida yo‘l-yo‘riq olish uchun filial bilan bog‘lanishadi.

14 Oqsoqollar bu qilmishning qurboni va uning ota-onasi yoki buning guvohlari bo‘lgan boshqa kishilarga ular bu haqda hukumat a’zolarini xabardor qilishga haqli ekanini xushmuomalalik ila eslatishadi. Lekin bu masaladagi xabar jamoat a’zosi to‘g‘risida bo‘lsa, va u keyinchalik hammaga oshkor bo‘lsa-chi? Bu haqida xabar bergan masihiy, Xudoning ismiga dog‘ tushirdim, deb o‘ylashi kerakmi? Yo‘q. Aslida, u emas, bolani tahqirlagan kishi Allohning ismiga dog‘ tushiryapti.

15–16. a) 1 Timo‘tiyga 5:19 ga ko‘ra, nega huquqiy chora ko‘rish uchun kamida ikkita guvoh bo‘lishi kerak? b) Oqsoqollar jamoat a’zosi bolani zo‘rlaganlikda ayblanayotganini bilganda, qanday yo‘l tutadi?

 15 Nega oqsoqollar huquqiy chora ko‘rishidan avval kamida ikkita guvoh kerak? Bu talab Muqaddas Kitobdagi haqqoniyat borasidagi yuksak me’yorga asoslanadi. Jiddiy gunoh qilganlikda ayblanayotgan kishi, aybini tan olmasa, oqsoqollar tomonidan huquqiy chora ko‘rish uchun ikkita kishining guvohligi talab etiladi. (Qonun. 19:15; Mat. 18:16; 1 Timo‘tiyga 5:19 ni o‘qing.) Bu, hukumat a’zolarini bola zo‘rlash qurboniga aylangani borasida xabardor qilish uchun ham ikkita guvoh bo‘lishi kerakligini anglatadimi? Yo‘q. Bu talab, oqsoqollar yoki boshqalar jinoyat haqidagi ayblovlardan hukumat a’zolarini xabardor qilish borasidagi vaziyatlarga tegishli emas.

16 Oqsoqollar jamoat a’zosi bolani zo‘rlaganlikda ayblanayotganini bilishsa, ular bu borada hukumat a’zolarini xabardor qilish haqidagi qonunlarga amal qilishga intilishadi. Keyin esa Muqaddas Kitob asosida yo‘l tutib, hakamlar qo‘mitasini tuzish-tuzmaslik kerakligi borasida qaror chiqarishadi. Oqsoqollar birinchi navbatda gunohga qo‘l urganlikda ayblanayotgan kishidan qilmish haqida so‘rashadi. Agar u qilmishini tan olmayotgan bo‘lsa, ular bundan, ehtimol, xabari bor bo‘lganlarni tinglashadi. Kamida ikki kishi — ayblovchi va boshqa ikkinchi kishi, ya’ni o‘sha kishi bu bolani yoki muayyan vaqt avval u boshqa bolani tahqirlaganini tasdiqlasa, oqsoqollar hakamlar qo‘mitasini tuzadi *. Ikkinchi guvoh bo‘lmagan taqdirda birinchi guvohning ayblovlarini yolg‘on deb bo‘lmaydi. Hatto qilmishni tasdiqlash uchun ikkita guvoh bo‘lmasa ham, oqsoqollar ayblanayotgan kishi boshqalarni jarohatlaydigan gunohga qo‘l urgan bo‘lishi mumkin deb tan olishadi. Oqsoqollar ozor yetkazilgan kishilarga tasalli berib, ularni qo‘llab-quvvatlashda davom etishadi. Qolaversa, bolani zo‘rlashda taxmin qilinayotgan ayblanuvchidan bolalarni himoya qilish maqsadida o‘sha kishi oqsoqollarning diqqat markazida bo‘ladi. (Havor. 20:28)

17–18. Hakamlar qo‘mitasi qay maqsadda tuziladi? Tushuntiring.

 17 Hakamlar qo‘mitasining o‘rni qanday? Bu ibora, oqsoqollar hakamlik qilishga yoki ayblanayotgan kishi qonunni buzgani uchun jazoga tortilish-tortilmaslikni hal qilishga mas’ul ekanini anglatmaydi. Oqsoqollar emas, hukumat a’zolari jinoyat masalalarida hukm chiqarishadi. (Rim. 13:2–4; Titus. 3:1) Oqsoqollar o‘sha kishi jamoat a’zosi bo‘lishi yoki bo‘la olmasligi borasida qaror chiqarishadi.

18 Oqsoqollar hakamlar qo‘mitasida qatnashganda, insonning Xudo va imondoshlari bilan bo‘lgan munosabatlariga tegishli masalalarga nisbatan hakamlik qilishadi. Ular Muqaddas Kitob yordamida kishi tavba qilayotganini yoki qilmayotganini aniqlashadi. Agar u tavba qilmayotgan bo‘lsa, oqsoqollar u jamoatdan chetlatilgani va endi u Yahovaning Shohidi emasligi haqida e’lon qilishadi. (1 Kor. 5:11–13) Bordi-yu, u tavba qilayotgan bo‘lsa, jamoatdan chetlatilmasligi mumkin. Lekin ular endi u ko‘p yillar yoki hatto butun umri davomida jamoatda hech qanday mas’uliyatli va sharafli vazifalarga ega bo‘la olmasligini unga aytishadi. Bolalarning manfaatini ko‘zlab oqsoqollar jamoatdagi ota-onalarni farzandlari o‘sha kishi bilan muloqot qilayotganida ularni kuzatish zarurligi borasida alohida ogohlantirishi mumkin. Ular bunday choralar ko‘rganda, jarohat yetkazilgan insonlarning ismlarini aytishmaydi.

BOLANGIZNI QAY YO‘SIN HIMOYA QILA OLASIZ?

Parents protect their children from sexual abuse by sharing with them appropriate information about sex. To do so, parents use the information that God’s organization has provided. (19–22-xatboshilariga qarang.)

19–22. Ota-onalar bolalarini himoya qilish uchun nimalar qila oladi? (Muqovadagi rasmga qarang.)

19 Bolaning xavfsizligi asosan kimning zimmasida? Ota-onasining zimmasida *. Aziz ota-onalar, farzandingiz «Yahovadan merosdir», Uning sizga bergan hadyasi. (Zab. 127:3) Bolalaringizni himoya qilish mas’uliyatini U sizga topshirgan. Xo‘sh, ularni tahqirlanishdan qay yo‘sin himoya qila olasiz?

20 Birinchidan, tahqirlanish haqida o‘zingiz bilib oling. Bolalarning nomusiga tegadigan kishilar va ularning aldash usullari haqida ma’lumotga ega bo‘ling. Xavfli bo‘lishi mumkin bo‘lgan vaziyatlardan boxabar bo‘ling. (Hik. 22:3; 24:3) Ko‘p hollarda bunday gunohga qo‘l uradiganlar bolangiz biladigan va ishonadigan kishilar bo‘lishini yodda tuting.

21 Ikkinchidan, bolangiz bilan ochiq muloqot bo‘lishiga intiling. (Qonun. 6:6, 7) Buning uchun uni diqqat bilan tinglang. (Yoqb. 1:19) Unutmangki, bola tahqirlansa, ko‘pincha u bu haqida kimgadir aytishga botina olmaydi. U boshqalar unga ishonmasligidan hayiqishi yoki uni tahqirlagan kishi u bu haqida boshqalar bilan bo‘lishsa, adabini berishi haqida aytib qo‘rqitib qo‘ygan bo‘lishi mumkin. Agar bolangiz o‘zini g‘alati tutayotganini payqab qolsangiz, muloyimlik ila savollar berib, javoblarini sabr bilan tinglang.

22 Uchinchidan, bolangizni o‘rgating.  Jinsiy munosabatlar haqida ularning yoshiga to‘g‘ri keladigan tarzda ta’lim bering. Agar kimdir bolangizga nomunosib ravishda tegishga harakat qilsa, u qanday javob berishi va nima qilishi kerakligini o‘rgating. Xudoning tashkiloti farzandingizni himoya qilishingiz uchun berayotgan ma’lumotdan foydalaning. (« O‘zingiz o‘rganib, bolangizni ham o‘rgating» nomli ramkaga qarang.)

23. Bolani jinsiy zo‘rlashga nisbatan qanday nuqtai nazardamiz va navbatdagi maqolada qaysi savolni ko‘rib chiqamiz?

23 Yahovaning Shohidlari sifatida bolani jinsiy zo‘rlash og‘ir gunoh va dahshatli jinoyat deb bilamiz. Masihning qonuniga bo‘ysungan holda Yahova Shohidlarining jamoatlari bunday gunohga qo‘l urgan kishilarni qilmishining oqibatlaridan himoya qilmaydi. Imondoshimizdan kimdir tahqirlangan bo‘lsa, unga yordam berish uchun nima qila olamiz? Navbatdagi maqolada mazkur savolning javobini bilib olamiz.

103-QO‘SHIQ Cho‘ponlar — Alloh bergan hadyalar

^ 5- x.b. Ushbu maqoladan bolalarni jinsiy zo‘rlashdan qay yo‘sin himoya qila olishimiz mumkinligini bilib olamiz. Shuningdek, oqsoqollar bu borada jamoatdagilarni va ota-ona o‘z farzandini qanday qilib himoya qila olishi mumkinligini ko‘rib chiqamiz.

^ 3- x.b. IBORALAR MA’NOSI. Biron erkak yoki ayol jinsiy xohish-istaklarini qondirish uchun boladan foydalansa, bu bolani jinsiy zo‘rlash hisoblanadi. Bunga jinsiy aloqada bo‘lish, bolalar bilan oral yoki anal jinsiy aloqa qilish, jinsiy a’zolarini, ko‘krak yoki dumbalarini silash yoxud boshqa axloqsiz xatti-harakatlar kiradi. Ko‘pincha qiz bolalar zo‘rlash qurboniga aylansa-da, anchagina o‘g‘il bolalar ham bunga duch keladi. Bunday zo‘ravonlarning aksariyati erkaklar bo‘lsa-da, ba’zi ayollar ham bunga qo‘l uradi.

^ 5- x.b. IBORA MA’NOSI. Bu va keyingi maqolada «qurbon» degan so‘z bolalikda jinsiy tahqirlanishga duch kelgan kishiga nisbatan qo‘llaniladi. Bu so‘zni qo‘llashimizdan maqsad, boladan foydalanilganini, unga jismoniy va hissiy jihatdan jarohat yetkazilganini va u beayb ekanini ko‘rsatishdan iborat.

^ 11- x.b. Odam ma’nan kasal bo‘lgani uchun jiddiy gunohga qo‘l ursa, bu qilmishi uchun javobgarlikka tortilmaydi degani emas. Gunoh qilgan kishi noto‘g‘ri tanlovi va qilmishi uchun mas’ul bo‘lib, Yahovaga hisobot beradi. (Rim. 14:12)

^ 16- x.b. Oqsoqollar zo‘rlashda taxmin qilinayotgan ayblanuvchi bilan gaplashayotganda, jabr ko‘rgan bola ham ular bilan bo‘lishini talab etishmaydi. U battar hissiy azob chekmasligi uchun, ota-ona yoki bola ishongan boshqa kishi u bilan nima yuz bergani haqida oqsoqollarga aytib berishi mumkin.

^ 19- x.b. Bu ma’lumot shuningdek, vasiylarga yoki o‘zining farzandi bo‘lmagan bolaga g‘amxo‘rlik qiladigan insonlarga ham tegishli.