Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

48-TADQIQ MAQOLASI

«Boshlab qo‘ygan bu ishingizni... bitirishga harakat qilinglar»

«Boshlab qo‘ygan bu ishingizni... bitirishga harakat qilinglar»

Boshlab qo‘ygan bu ishingizni... bitirishga harakat qilinglar. 2 KOR. 8:11

35-QO‘SHIQ «Qaysi narsalar muhimroq ekanini farqlanglar»

BU MAQOLADA *

1. Yahova nima qilishimizga yo‘l qo‘yadi?

YAHOVA hayot yo‘lida har birimiz shaxsan tanlov qilishimizga yo‘l qo‘yadi. U bizga to‘g‘ri qaror chiqarishni o‘rgatadi va Unga ma’qul keladigan tanlov qilganimizda, muvaffaqiyatli bo‘lishimizga ko‘maklashadi. (Zab. 119:173) Xudoning Kalomidagi donolikni amalda qo‘llaganimiz sayin, yanada to‘g‘ri qarorlar chiqara olamiz. (Ibron. 5:14)

2. Qaror chiqargach qanday qiyinchilikka duch kelishimiz mumkin?

2 Dono qaror chiqarsak-da, boshlagan ishimizni oxiriga yetkazishga qiynalishimiz mumkin. Ba’zi misollarga e’tibor bering: yosh birodar Muqaddas Kitobni butunlayin o‘qib chiqishga qaror qiladi. U bir necha hafta davomida buni yaxshi uddalaydi, ammo keyin nimagadir to‘xtab qoladi. Imondoshimiz doimiy kashshoflikni boshlamoqchi-yu, buni qilishni orqaga suraveradi. Oqsoqollar jamoat a’zolariga ko‘proq daldali tashriflar qilishga birgalikda qaror qiladi, biroq bir necha oydirki, bunga hali kirishishmadi. Yuqorida turli vaziyatlar keltirilgan bo‘lsa-da, ularni bir narsa birlashtirib turadi. Qaror chiqarilgan, lekin unga amal qilinmayapti. Birinchi asrda Korinfdagi masihiylar xuddi shunday qiyinchilikka duch kelgan. Keling, ulardan qanday saboq olishimiz mumkinligini ko‘rib chiqaylik.

3. Korinfliklar qanday qaror chiqarishadi, ammo nima yuz beradi?

3 Taxminan milodiy 55-yili korinfliklar muhim qaror chiqardi. Ular Quddus va Yahudiyadagi imondoshlari muhtojlik va kambag‘allikdan azob chekayotganidan hamda boshqa jamoatlar ularga yordam berish maqsadida pul yig‘ayotganidan xabar topishadi. Korinfliklar mehribon va saxiy edi. Shuningdek, ular muhtojlikdagi imondoshlariga yordam berishni istaydi va havoriy Pavlusdan buni qanday qila olishlari haqida so‘raydi. U jamoatga yo‘l-yo‘riqlar yuboradi va ehson qilingan pullarni yig‘ish uchun Titusni tayinlaydi. (1 Kor. 16:1; 2 Kor. 8:6) Bir necha oy o‘tgach esa, Pavlus korinfliklar yo‘l-yo‘riqqa amal qilishmaganidan xabar topadi. Natijada, ularning ehsonlari o‘z vaqtida tayyor emasdi va boshqa jamoatlarning xayr-ehsonlari bilan birga Quddusga olib ketila olmasdi. (2 Kor. 9:4, 5)

4. Korinfliklarga ikkinchi maktub 8:7, 10, 11 da keltirilganidek, Pavlus korinfliklarni nima qilishga undagan?

4 Korinfliklar to‘g‘ri qaror chiqarishgan edi. Mustahkam imoni va saxiy bo‘lishni juda istashgani uchun Pavlus ularni maqtagan. Lekin u ularni boshlagan ishini oxiriga yetkazishga ham undagan. (2 Korinfliklarga 8:7, 10, 11 ni o‘qing.) Ularning misolidan shuni ko‘ryapmizki, ba’zida hatto sadoqatli masihiylar ham to‘g‘ri qaroriga muvofiq yo‘l tutishga qiynaladi.

5. Qaysi savollarga javob topamiz?

5 Korinfliklar singari, biz ham vaqti-vaqti bilan chiqargan qarorlarimizga muvofiq yo‘l tutmasligimiz mumkin. Nima uchun? Nomukammalligimiz tufayli shunchaki keyinga qoldirishimiz turgan gap. Yoki kutilmagan vaziyatlar tufayli qarorimizga amal qilish oson bo‘lmasligi mumkin. (Voiz 9:11; Rim. 7:18) Xo‘sh, boshlagan ishimizni oxiriga yetkazishda qay yo‘sin samarali bo‘la olamiz?

QAROR CHIQARISHDAN AVVAL

6. Qachon qarorlarimizni o‘zgartirishga to‘g‘ri kelishi mumkin?

6 Chiqargan ayrim muhim qarorlarimizni aslo o‘zgartirmaymiz. Misol uchun, Tangri Yahovaga xizmat qilish qarorimizdan qaytmaymiz. (Mat. 16:24; 19:6) Ammo ba’zi qarorlarni o‘zgartirishga to‘g‘ri kelishi mumkin. Nega deganda, vaziyat o‘zgaradi. Xo‘sh, eng yaxshi qarorlarni chiqarishimizga qaysi qadamlar yordam berishi mumkin?

7. Nima haqida ibodat qilishimiz kerak va nega?

7 Donolik so‘rab ibodat qiling. Yahova Yoqubni quyidagi so‘zlarni yozishga ilhomlantirgan: «Agar orangizdagi biror kishiga donolik yetishmayotgan bo‘lsa, hammaga saxovat bilan... beradigan Xudodan so‘rab tursin». (Yoqb. 1:5) Ba’zi masalalarda barchamizga «donolik yetishmaydi». Shu bois, ham qaror chiqarganda, ham uni qayta ko‘rib chiqayotganda, Yahovaga tayaning. Shunda Yahova dono qarorlar chiqarishingizga yordam beradi.

8. Qaror chiqarishdan avval qanday izlanish o‘tkazish kerak?

8 Chuqur izlanish o‘tkazing. Xudoning Kalomidan yo‘l-yo‘riq izlang, Uning tashkiloti taqdim etayotgan adabiyotlarni o‘qing va ishongan insoningiz bilan gaplashing. (Hik. 20:18) Ishni o‘zgartirish, boshqa joyga ko‘chish va xizmatda o‘zingizni ta’minlay olishingiz uchun munosib ta’lim olish masalalarida qaror chiqarishdan avval bu kabi tadqiq o‘tkazish muhimdir.

9. O‘zimiz bilan rostgo‘y bo‘lsak qanday foyda olamiz?

9 Niyatlaringizni tekshiring. Niyatlarimiz Tangri Yahova uchun muhim ahamiyat kasb etadi. (Hik. 16:2) U barcha narsada rostgo‘y bo‘lishimizni istaydi. Shu sababli, niyatlarimiz borasida ham o‘zimiz, ham boshqalar bilan rostgo‘y bo‘lishni istaymiz. Bordi-yu, rostgo‘y bo‘lmasak, chiqargan qarorimizga muvofiq yo‘l tutish qiyin bo‘lishi mumkin. Deylik, yosh birodar doimiy kashshof bo‘lmoqchi. Lekin bir oz vaqt o‘tgach, u soat normasini bajarishga qiynalib, xizmatdan kam quvonch topadi. Balki u kashshof bo‘layotganining asosiy sababi Yahovani mamnun qilish, deb o‘ylagandir. Lekin, ehtimol, u kashshoflikni olganining asl sababi ota-onasi yoki boshqa bir insonni mamnun qilishni xohlaganidir.

10. O‘zgarishlar qilish uchun nimaga ega bo‘lishimiz kerak?

10 Muqaddas Kitobni o‘rganayotgan kishini tasavvur qiling. U chekishni tashlashga qaror qildi. Qiyin bo‘lsa ham, u bir yo ikki hafta chekmaydi, biroq keyin yana chekadi. Ammo oxiri u muvaffaqiyatga erishadi. Uning Yahovaga bo‘lgan sevgisi va Uni mamnun qilish istagi o‘sha odatining ustidan g‘alaba qozonishga yordam berdi. (Kolos. 1:10; 3:23)

11. Nima sababdan aniq maqsadlaringiz bo‘lishi kerak?

11 Aniq maqsadlarni ko‘zlang. Maqsadlaringiz qancha aniq bo‘lsa, ularga erishish shuncha osonroq bo‘ladi. Masalan, Muqaddas Kitobni ko‘proq o‘qishga qaror qilgandirsiz. Ammo aniq rejangiz bo‘lmasa, maqsadingizga erisha olishingiz amrimahol *. Yoki bo‘lmasa, jamoat oqsoqollari ko‘proq daldali tashriflar qilishga qaror qilishi mumkin. Vaqt o‘tgach esa, qarorlariga muvofiq yo‘l tutishmaydi. Muvaffaqiyatga erishish uchun ular o‘zlariga quyidagi savollarni berishlari mumkin: «Daldali tashrifga ko‘proq muhtoj bo‘lgan birodar-u opa-singillarning ro‘yxatini qanday tuza olamiz? Ularga tashrif buyurish uchun aniq vaqtni belgiladikmi?»

12. Nima qilishimizga to‘g‘ri kelishi mumkin va nega?

12 Muvozanatli bo‘ling. Istagan barcha narsani qilish uchun hech birimizning vaqti, mablag‘i yoki kuchi yetmaydi. Shu bois, muvozanatli va mulohazakor bo‘ling. Maqsadingizga erishish qo‘lingizdan kelmayotgan bo‘lsa, qaroringizni o‘zgartirishga to‘g‘ri kelar. (Voiz 3:6) Aytaylik, qaroringizni qayta ko‘rib chiqdingiz, kerakli o‘zgarishlar qildingiz va endi uni uddalayman, deb o‘ylayapsiz. Boshlagan ishingizni nihoyasiga yetkazishingizga yordam beradigan beshta qadamga diqqat qarataylik.

QARORINGIZGA MUVOFIQ YO‘L TUTISH UCHUN QADAMLAR

13. Qaroringizga muvofiq yo‘l tutish uchun, siz muhtoj bo‘lgan kuchni qayerdan olishingiz mumkin?

13 Harakat qilishingiz uchun kuch so‘rab, ibodat qiling. Xudo harakatga kirishishingiz va qaroringizga muvofiq yo‘l tutishingiz uchun «kuch ato eta» oladi. (Filip. 2:13) Shuning uchun, Yahovadan sizga muqaddas ruh berishini so‘rang. Hatto iltijolaringiz javobsiz qolayotganday tuyulsa ham, ibodat qilishda davom eting. Iso: «So‘rab turinglar va sizlarga [muqaddas ruh] beriladi»,— deb aytgan. (Luqo 11:9, 13)

14. Hikmatlar 21:5 dagi prinsip qaroringizga muvofiq yo‘l tutishingizga qay yo‘sin yordam beradi?

14 Reja tuzing. (Hikmatlar 21:5 ni o‘qing.) Boshlagan har qanday loyihani tugatishingiz uchun reja tuzishingiz zarur. So‘ng o‘sha rejaga amal qilishingiz kutiladi. Shu singari, qaror chiqargach, unga muvofiq yo‘l tutish maqsadida, qanday qadamlar qo‘yishingiz kerakligining ro‘yxatini tuzing. Kattaroq ishlarni kichikroq ishlarga bo‘lib chiqsangiz, maqsadingizga erishish osonroq bo‘lishi mumkin. Pavlus korinfliklarni u kelganida ehson yig‘masliklari uchun, bu xayrli ishga atagan narsalarini «haftaning birinchi kunida» ajratib qo‘yishga undagan. (1 Kor. 16:2) Qolaversa, kattaroq ishlarni kichikroq ishlarga bo‘lib chiqish, buni uddalay olmayman, degan fikrdan qochishingizga yordam beradi.

15. Reja tuzgach nimalarga erishish mumkin?

15 Aniq rejangizni yozib olish chiqargan qarorlaringizni amalda qo‘llashga ko‘maklashadi. (1 Kor. 14:40) Misol uchun, oqsoqollar kengashi chiqargan qarorlarini, jumladan, ularni bajarishga kim mas’ul ekanini va qaysi sanada tugatilishi lozimligini yozib boradigan oqsoqolni tayinlaydi. Oqsoqollar bunday yo‘l tutganida, qarorlariga muvofiq yo‘l tutish osonroq bo‘ladi. (1 Kor. 9:26) Kundalik hayotingizda ham, xuddi shunday yo‘l tutishga urinib ko‘rsangiz bo‘ladi. Masalan, kundalik ishlaringizning ro‘yxatini va ularni bajarish tartibi bo‘yicha rejalashtirishingiz mumkin. Bu tufayli nafaqat boshlagan ishingizni oxiriga yetkaza olasiz, balki qisqa vaqt ichida ko‘proq ishni bajarishingiz mumkin.

16. Qaroringizga muvofiq yo‘l tutishda nima muhim va qay yo‘sin Rimliklarga 12:11 buni tasdiqlayapti?

16 Tinmay harakat qiling. Rejangizga amal qilish va boshlagan ishingizni yakunlash uchun jon kuydirishingiz kerak. (Rimliklarga 12:11 ni o‘qing.) Pavlus Timo‘tiyni yaxshi ta’lim berish uchun «davom etishga» va «bunday yo‘l tutaverishga» undagan. Bu maslahatlar boshqa ma’naviy maqsadlarga ham taalluqli. (1 Tim. 4:13, 16)

17. Qarorimizga muvofiq yo‘l tutishda Efesliklarga 5:15, 16 ni qay yo‘sin amalda qo‘llay olamiz?

17 Vaqtdan donolik ila foydalaning. (Efesliklarga 5:15, 16 ni o‘qing.) Chiqargan qaroringizni bajarish uchun vaqt belgilang va bu vaqtni o‘zgartirmang. Ishga kirishish uchun qulay vaqtni kutmang; bunday payt kelmasligi mumkin. (Voiz 11:4) Uncha muhim bo‘lmagan ishlarga vaqt sarflashdan ehtiyot bo‘ling. Bundan tashqari, muhimroq bo‘lgan ishlarni qilish uchun kuchingizni o‘g‘irlaydigan ishlardan qoching. (Filip. 1:10) Imkon bo‘lsa, biron nima bilan band bo‘lganingizda, boshqalar sizni chalg‘itmasligi uchun muayyan vaqt belgilang. Fikringizni bir joyga jamlash uchun sizga vaqt kerakligini boshqalarga ayting. Telefoningizni o‘chirib, elektron pochtangizni tekshirishni keyinroqqa qoldirish to‘g‘risida o‘ylab ko‘ring *.

18–19. To‘siqlarga duch kelganda, to‘g‘ri qarorlaringizdan voz kechmaslikka nima yordam berishi mumkin?

18 Natijasi haqida o‘ylang. Qaroringizning natijasi sayohatdagi manzilga o‘xshaydi. Chindan ham manzilga yetib borishni istasangiz, hatto yo‘l yopiq bo‘lsa ham va yo‘nalishni o‘zgartirishga to‘g‘ri kelsa ham, yurishni davom ettirasiz. Shunga o‘xshab, diqqatimizni qarorimizning natijasiga qaratsak, to‘siqlarga duch kelganda yoki yo‘nalishni o‘zgartirishga to‘g‘ri kelganda ham, osonlikcha taslim bo‘lmaymiz. (Galat. 6:9)

19 To‘g‘ri qarorlar chiqarish oson emas. Ularga muvofiq yo‘l tutish ham qiyin kechishi mumkin. Lekin boshlagan ishingizni oxiriga yetkazish uchun Yahovaning yordami bilan siz muhtoj bo‘lgan donolik va kuchga ega bo‘la olasiz.

65-QO‘SHIQ Olg‘a bos!

^ 5- x.b. Chiqargan ba’zi qarorlaringizdan afsuslanasizmi? Yoki gohida yaxshi qaror chiqarish va unga muvofiq yashash qiyin kechadimi? Ushbu maqola yordamida bunday qiyinchiliklarni yengishingiz va boshlagan ishingizni oxiriga yetkazishingiz mumkin.

^ 11- x.b. Muqaddas Kitobni shaxsan o‘qishni reja qilish uchun jw.org® saytidagi «Muqaddas Kitobni o‘qish jadvali»dan foydalanishingiz mumkin.

^ 17- x.b. Vaqtni taqsimlash borasida «Uyg‘oning» jurnalining 2010-yil aprel (rus) sonidagi «Bo‘sh vaqtga ega bo‘lishning 20 ta usuli» nomli maqolaga qarang.