Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

36-TADQIQ MAQOLASI

Armageddonni intiqib kutyapmiz!

Armageddonni intiqib kutyapmiz!

Ular shohlarni... Armageddon deb atalmish joyga to‘pladilar. VAH. 16:16

150-QO‘SHIQ Rabni izlab, najot toping

BU MAQOLADA *

1–2. a) Qaysi ma’noda Armageddon yaxshi xabarni o‘z ichiga oladi? b) Ushbu maqolada qaysi savollarga nazar solamiz?

ODAMLAR «Armageddon» yadro urushi yoki mudhish musibat deb aytganini eshitganmisiz? Lekin Muqaddas Kitobga ko‘ra, Armageddon xushxabarni ham o‘z ichiga olib, baxtiyor bo‘lish uchun sababdir! (Vah. 1:3) Armageddon jangida odamlar yakson bo‘lib ketmaydi, aksincha, qutqarilib qoladi. Qiziq, qanaqasiga?

2 Muqaddas Kitobdan shuni bilib olyapmizki, Armageddon jangida odamlar boshqaruviga chek qo‘yilib, insonlar qutqarib qolinadi. Bu jangda yovuz kishilar yo‘q qilinadi, odil insonlar esa omon qoladi. Qolaversa, yer yuzi xarob etilishdan saqlanadi, bu tufayli esa insoniyat qutqarib qolinadi. (Vah. 11:18) Ushbu haqiqatlarni yaxshiroq tushunishimiz uchun, keling, quyidagi to‘rtta savolga nazar solaylik: «Armageddon o‘zi nima? Undan oldin qanday hodisalar bo‘ladi? Armageddonda omon qoladigan kishilar orasida bo‘lish uchun nima qilishimiz kerak? Ushbu jang yaqinlashgani sayin qay yo‘sin sodiq bo‘lib qolishimiz mumkin?»

ARMAGEDDON O‘ZI NIMA?

3. a) «Armageddon» so‘zi qanday ma’noga ega? b) Vahiy 16:14, 16 ga ko‘ra, nega Armageddon yer yuzidagi tom ma’nodagi joy emas deb ayta olamiz?

3 Vahiy 16:14, 16 ni o‘qing. «Armageddon» so‘zi Muqaddas Yozuvlarda faqat bir marta uchraydi, u «Maxido‘ tog‘i» degan ma’noga ega bo‘lgan ibroniycha iboradan kelib chiqqan. (Vah. 16:16, izoh) Maxido‘ qadimgi Isroilning shaharlaridan biri edi. (Yoshua 17:11) Lekin Armageddon yer yuzida tom ma’noda bor bo‘lgan joyning nomi emas. Anig‘ini aytadigan bo‘lsak, bu «barcha jahon shohlari» Yahovaga qarshi chiqish uchun to‘planadigan vaziyatni bildiradi. (Vah. 16:14) Lekin ushbu maqolada «Armageddon» so‘zi shuningdek, barcha jahon shohlari yig‘ilgani bilanoq yuz beradigan jangga ishora qilish maqsadida ishlatiladi. Xo‘sh, Armageddon tom ma’nodagi joyga ishora qilmayotganini qayerdan bilamiz? Birinchidan, tom ma’nodagi Maxido‘ tog‘i mavjud emas. Ikkinchidan, Maxido‘ atrofidagi hudud «barcha jahon shohlari» va ularning qo‘shinlarini-yu qurol-aslahalarini to‘plash uchun juda kichik. Uchinchidan, Armageddon jangi «jahon shohlari» butun dunyo bo‘ylab yashayotgan Xudoning xalqiga hujum qilganda boshlanadi. Ushbu maqolada buni ko‘rib chiqamiz.

4. Nega Yahova yakuniy ulug‘ jangni Maxido‘ bilan bog‘lagan?

4 Nega Yahova yakuniy ulug‘ jangni Maxido‘ bilan bog‘lagan? O‘tmishda Maxido‘ va uning yaqinidagi Yizril vodiysida ko‘pgina janglar bo‘lib o‘tgan. Ba’zida Yahova O‘z xalqiga o‘sha janglarda g‘alaba qozonishga ko‘maklashgan. Masalan, «Maxido‘ suvlari yonida» Xudo Baraq ismli isroillik hakamga Sisaro boshqargan kan’onliklar qo‘shini ustidan g‘alaba qozonishiga yordam bergan. Baraq va Dobira ismli payg‘ambar ayol mo‘jizaviy g‘alabasi uchun Yahovaga minnatdorlik bildirib, shunday kuylashgan: «Samodan yulduzlar jang qildi,.. Xishon soyi dushmanlarni oqizib ketdi». (Hak. 5:19–21)

5. Armageddon Baraqning jangidan nimasi bilan farq qiladi?

5 Baraq va Dobira yana shunday deb kuylashdi: «Ey Yahova, barcha dushmanlaring shunga o‘xshab yo‘q bo‘lsin, Seni sevadiganlar esa chiqayotgan quyoshday porlasin!» (Hak. 5:31) Armageddon paytida Xudoning dushmanlari yakson qilinadi, Uni sevganlar esa omon qoladi. Lekin boshqa janglardan farq qiladigan bitta muhim narsa bor. Armageddonda Xudoning xalqi jang qilmaydi. Ularning hatto qurol-aslahalari ham bo‘lmaydi. Ular xotirjam bo‘lib Yahovaga hamda Uning samoviy qo‘shiniga tayanadi va kuchli bo‘ladi. (Ishayo 30:15; Vah. 19:11–15)

6. Qanday qilib Alloh Armageddonda dushmanlarini yengishi mumkin?

6 Qanday qilib Alloh Armageddonda dushmanlarini yengadi? U turli yo‘llardan foydalanadi. Misol uchun, U zilzila, do‘l va chaqmoqlardan foydalana oladi. (Ayub 38:22, 23; Hiz. 38:19–22) Xudo dushmanlarni bir-biriga qarshi qilishi mumkin. (2 Sol. 20:17, 22, 23) Shuningdek, Xudo farishtalari orqali yovuzlarni bartaraf etishi mumkin. (Ishayo 37:36) Alloh nimani qo‘llashidan qat’i nazar, g‘alabani qo‘lga kiritadi. Hamma dushmanlari yo‘q qilinadi. Odil insonlar esa omon qoladi. (Hik. 3:25, 26)

ARMAGEDDONDAN OLDIN QANDAY HODISALAR BO‘LADI?

7–8. a) Salonikaliklarga birinchi maktub 5:1–6 ga ko‘ra, dunyo rahbarlari nima deb e’lon qilishadi? b) Nima uchun buni xavfli yolg‘on deb ayta olamiz?

7 «Yahovaning kunidan» oldin «tinchlik va xavfsizlik» e’lon qilinadi. (1 Salonikaliklarga 5:1–6 ni o‘qing.) 1 Salonikaliklarga 5:2 da aytilgan «Yahovaning kuni» «buyuk musibatni» bildiradi. (Vah. 7:14) Buyuk musibat boshlanganini qayerdan bilib olamiz? Muqaddas Kitobda aytilganiday, o‘zgacha e’lon bo‘ladi. O‘sha e’lon buyuk musibat boshlanganining belgisi bo‘ladi.

8 Ushbu e’lon bashorat qilingan «tinchlik va xavfsizlik» e’loni bo‘ladi. Nega bu dunyo rahbarlari buni e’lon qiladi? Din rahbarlari ham ularga qo‘shiladimi? Ehtimol. Nima bo‘lganda ham, bu e’lon jinlardan keladigan yolg‘ondir. Ammo bu yolg‘on juda xavfli, negaki odamlar uni eshitgach, himoya ostidamiz deb o‘ylashadi. Aslida esa, o‘shanda buyuk musibat boshlanish arafasida bo‘ladi. Ha, «homilador ayolni to‘lg‘oq tutib qolganidek, ular nogahon halokatga duchor bo‘lishadi». Xudoning sadoqatli xizmatchilari haqida nima desa bo‘ladi? To‘g‘ri, ular uchun ham Yahovaning kuni nogahon boshlanadi, biroq ular bu kun uchun tayyor turgan bo‘lishadi.

9. Yahova Shaytonning dunyosini birdaniga yo‘q qilib tashlaydimi? Tushuntiring.

9 Yahova Nuh payg‘ambarning davridagiday, Shaytonning butun dunyosini birdaniga yo‘q qilib tashlamaydi. Aksincha, Xudo avval Shayton dunyosining bir qismini, so‘ng ikkinchi qismini yo‘q qiladi. Birinchidan, U Buyuk Bobil bo‘lmish soxta din imperiyasini vayron qiladi. Keyin esa, Armageddon paytida Shayton dunyosining qolgan qismini, jumladan, siyosiy, harbiy va tijorat tizimlarini yakson qiladi. Keling, mana shu ikkita narsani chuqurroq ko‘rib chiqaylik.

10. Vahiy 17:1, 6 va 18:24 ga binoan, nega Yahova Buyuk Bobilni yakson qiladi?

10 «Buyuk fohishaga chiqarilgan hukm». (Vahiy 17:1, 6; 18:24 ni o‘qing.) Buyuk Bobil Xudoning ismiga dog‘ tushirib kelmoqda. Odamlarga Tangri haqida yolg‘onni uqtirmoqda. Fohisha ayol singari, soxta din bu dunyoning boshqaruvchilarini qo‘llab-quvvatlash orqali Yahovaga sadoqatsizlik qilmoqda. U kuchi va ta’sirini ko‘rsatib, unga ishonganlardan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanmoqda. U shuningdek, xunrezlikda, jumladan, Xudo xizmatchilarining qoni to‘kilishida ham aybdor. (Vah. 19:2) Yahova Buyuk Bobilni qanday qilib yakson qiladi?

11. «O‘nta shoxli to‘q qizil yirtqich hayvon» nimani bildiradi va Xudo undan Buyuk Bobilga qarshi qay yo‘sin foydalanadi?

11 Yahova «buyuk fohishani» «o‘nta shoxli to‘q qizil yirtqich hayvon» orqali yo‘q qiladi. Bu hayvon Birlashgan Millatlar Tashkilotini anglatadi. O‘nta shox esa bu tashkilotni qo‘llab-quvvatlayotgan siyosiy kuchlarni bildiradi. Xudo belgilagan vaqtda o‘sha kuchlar Buyuk Bobilga hujum qiladi. Ular «uni yalang‘ochlab, talon-toroj qilishadi», ya’ni boyligidan mahrum qilib, u qanchalar zo‘ravon ekanini ayon etadi. (Vah. 17:3, 16) Bu hodisa tezda, xuddi bir kunning o‘zida bo‘lganday o‘tib ketadi va uni qo‘llab-quvvatlaganlar sarosimada qoladi. Chunki u ko‘pincha maqtanib: «Men tul emas, malikaman va hech qachon qayg‘u chekmayman»,— derdi. (Vah. 18:7, 8)

12. Yahova nimaga yo‘l qo‘ymaydi va nima sababli?

12 Xudo xalqlar Uning xizmatchilarini yo‘q qilishiga yo‘l qo‘ymaydi. Ular Uning ismi bilan atalganidan faxrlanishyapti va Buyuk Bobildan chiqib ketish buyrug‘iga bo‘ysunishyapti. (Havor. 15:16, 17; Vah. 18:4) Ular boshqalarga ham undan chiqib ketishga yordam berishyapti. Shuning uchun Yahovaning xizmatchilari fohishaning «o‘latlariga yo‘liqmaydi». Bo‘lajak sinovda bardoshli bo‘la olish uchun ular imonini tirik saqlashi lozim.

Xudoning butun dunyodagi xizmatchilari ularga hujum qilinayotganda, Unga tayanishadi(13-xatboshiga qarang.) *

13. a) Go‘g bu nima? b) Hizqiyo 38:2, 8, 9 ga ko‘ra, Go‘g Xudoning xalqiga nima sababli hujum qiladi?

13 Go‘gning hujumi. (Hizqiyo 38:2, 8, 9 ni o‘qing.) Barcha soxta din tashkilotlari vayron bo‘lgach, Xudoning xalqi shiddatli bo‘ronda omon qolgan bir daraxtday bo‘ladi. Shayton esa, g‘azabga minadi. U qahrini jinlarning targ‘iboti, ya’ni «nopok vahiy» orqali sochadi. Bu tufayli xalqlar ittifoqi Yahovaning xalqiga hujum qiladi. (Vah. 16:13, 14) Bu ittifoq «Mago‘g yurtidagi Go‘g» deb ataladi. Xalqlar ittifoqi Yahovaning xalqiga hujum qilganda, Armageddon jangi boshlanadi. (Vah. 16:16)

14. Go‘g nimani tushunib qoladi?

14 Go‘g «inson kuchiga», ya’ni harbiy kuchlarga tayanadi. (2 Sol. 32:8) Biz esa Xudovandimiz Yahovaga tayanamiz. Bu xalqlar nazarida nodonlik bo‘ladi. Axir qachonlardir kuchli bo‘lgan Buyuk Bobilning xudolari uni «yirtqich hayvon» va uning «o‘nta shoxi»dan qutqarib qola olmagan. (Vah. 17:16) Shu bois, Go‘g g‘alabaga osonlikcha erishaman deb hisoblaydi. U «yer yuzini bulut qoplagani kabi» Yahovaning xalqiga hujum qiladi. (Hiz. 38:16) Ammo Go‘g tez orada tuzoqqa tushib qolganini tushunadi. Qizil dengiz oldidagi fir’avn kabi Go‘g ham Yahovaga qarshi kurashayotganini anglaydi. (Chiq. 14:1–4; Hiz. 38:3, 4, 18, 21–23)

15. Armageddon jangida Iso Masih nima qiladi?

15 Iso Masih va uning samoviy qo‘shini Xudoning xalqini himoya qilib, Go‘gning lashkarini nobud qilishadi. (Vah. 19:11, 14, 15) Qiziq, Xudoning asosiy dushmani bo‘lmish Shayton bilan nima bo‘ladi? Axir u xalqlarni aldab, Xudoning xalqiga qarshi qayraydi va bu Armageddon jangiga olib keladi. Iso Masih uni va uning jinlarini tubsizlikka tashlab, ming yilga kishanlab qo‘yadi. (Vah. 20:1–3)

ARMAGEDDONDA QAY YO‘SIN OMON QOLISHINGIZ MUMKIN?

16. a) «Xudoni tanishimizni» qanday ko‘rsata olamiz? b) Yahovani taniydigan kishilar bilan Armageddonda nima bo‘ladi?

16 Haqiqatni yaqinda bilib oldikmi yoki yo‘qmi, Armageddonda omon qolish uchun «Xudoni tanib», «Hazratimiz Iso haqidagi xushxabarga itoat etishimiz» darkor. (2 Salon. 1:7–9) Allohga nima yoqish-yoqmasligini va me’yorlarini bilganimizda, Uni taniy boshlaymiz. Qolaversa, Xudoni yaxshi ko‘rganimizda, Unga bo‘ysunganimizda va mutlaq sodiq bo‘lib qolganimizda, Uni bilishimizni ko‘rsatamiz. (1 Yuhan. 2:3–5; 5:3) Tangrini tanishimizni namoyon etsak, U bizni biladi. Bu esa katta sharaf va Armageddonda omon qolishimizga hissa qo‘shadi. (1 Kor. 8:3) Qanday qilib? Xudo bizni biladi va shu yo‘sin marhamatiga ega bo‘lamiz.

17. «Hazratimiz Iso haqidagi xushxabar»ga itoatli bo‘lish nimani anglatadi?

17 «Hazratimiz Iso haqidagi xushxabar» u o‘rgatgan barcha haqiqatlardan iborat bo‘lib, ularni Xudoning Kalomidan topishimiz mumkin. Xushxabarga hayotimizda amal qilsak, unga itoatli ekanimizni ko‘rsatamiz. Buni shuningdek, Shohlik manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yish, Xudoning adolatli me’yorlariga muvofiq yashash va Samoviy Shohlik haqida va’z qilish orqali namoyon etamiz. (Mat. 6:33; 24:14) Masihning moylangan birodarlarini ham qo‘llab-quvvatlaymiz, zero ular muhim faoliyat olib borilishiga g‘amxo‘rlik qilishyapti. (Mat. 25:31–40)

18. Masihning moylangan birodarlari ularga ko‘rsatilgan yordamni qay yo‘sin qaytarishadi?

18 Yaqinda Xudoning moylangan xizmatchilariga ko‘rsatgan yordami uchun «boshqa qo‘ylar» mukofotlanadi. (Yuhan. 10:16) Qanaqasiga? Armageddon jangi boshlanishidan oldin barcha 144 000 kishi osmondagi hayot uchun tiriltiriladi va ruhiy o‘lmas mavjudotlarga aylanadi. Ular Go‘gni nobud qiladigan samoviy qo‘shin orasida bo‘lib, «ulkan olomon» bo‘lmish Yahovaning xalqini himoya qiladi. (Vah. 2:26, 27; 7:9, 10) Ha, ulkan olomon Yahovaning moylangan xizmatchilari yer yuzida bo‘lishganda, ularni qo‘llab-quvvatlaganidan baxtiyor bo‘ladi!

YAHOVANING KUNI YAQIN EKAN, QANDAY QILIB SODIQ BO‘LIB QOLAMIZ?

19–20. Duch kelayotgan qiyinchiliklarga qaramay, Armageddongacha qay yo‘sin sadoqatli bo‘lib qolishimiz mumkin?

19 Ushbu mushkul oxirzamonda Yahova Shohidlarining ko‘pi qiyinchiliklarda bardoshli bo‘lib kelmoqda. Ha, quvonch ila sabr-bardoshli bo‘lishimiz mumkin. (Yoqb. 1:2–4) Bizga yordam beradigan muhim bir narsa, sidqidildan ibodat qilishdir. (Luqo 21:36) Bundan tashqari, Xudoning Kalomini kunda tadqiq qilib, uning ustida, jumladan, bizning davrimizga tegishli ajoyib bashoratlar haqida mulohaza yuritishimiz kerak. (Zab. 77:12) Bunday yo‘l tutib, xizmatda to‘la ravishda qatnashsak, imonimiz kuchli va umidimiz tirik bo‘ladi!

20 Buyuk Bobil vayron bo‘lib, Armageddon o‘z yakuniga yetganda qanchalar quvonishingizni tasavvur qiling. Shuningdek, har bir kishi Xudoning ismi va hukmdorligini hurmat qilishdan zavq olayotganini ko‘z oldingizga keltiring. (Hiz. 38:23) Mana shu sababli, Xudoni tanigan, O‘g‘liga bo‘ysungan va oxirigacha sodiq bo‘lib qolayotganlar Armageddonni intiqib kutishmoqda. (Mat. 24:13)

143-QO‘SHIQ Xizmat-la band bo‘l va umid-la Yahovaga boq

^ 5- x.b. Yahovaning xalqi Armageddonni anchadan beri kutyapti. Bu maqoladan Armageddon nimaligini, undan oldin qanday hodisalar yuz berishini va uning kelishigacha qay yo‘sin sodiq bo‘lib qolishimiz mumkinligini bilib olamiz.

^ 71- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Hayajonli hodisalar tasvirlangan. Biz 1) imkon boricha xizmat qilamiz, 2) tadqiq o‘tkazish jadvalimizga amal qilamiz va 3) Xudoning himoyasiga tayanamiz.

^ 85- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Iso va farishtalar vaziyatdan to‘liq xabardor ekaniga ishonayotgan Xudo xizmatchilarining uyiga politsiya xodimlari hujum qilishga tayyor turishibdi.